Oʻrta asr Sharq mutafakkirlari jamiyat, uning vujudga kelishi, shakllanishi va vazifalari haqida koʻpgina asarlar yozib qoldirgan. Shu jumladan, Abu Rayhon Beruniyning (973-1048) ilmiy merosida ham jamiyatning vujudga kelishi va evolyutsiyasining tahlil etilganini koʻrishimiz mumkin.
Beruniy jamiyat tuzilishining unsurlari orasidagi munosabat va aloqalarni koʻrsatib, ularni ijtimoiy hayotdagi rolini aniqlagan. Mutafakkir kishilik jamiyatining vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini chuqur oʻrgangan va oʻz davri uchun ham, bugungi davr uchun ham ahamiyatli boʻlgan ijtimoiy-falsafiy fikrlarni bildirgan olimdir. Beruniyning fikricha, odamlar jamoaga ikki sababga koʻra, yaʼni yashash uchun kurashda xavfni bartaraf etish va birgalikda ishlash uchun birlashgan.
Beruniy oʻz davrining farzandi sifatida davlat tuzumining qonun-qoidalarini yoqladi. Ammo shu bilan birga hukmdorga aql va adolat xos boʻlishi kerak, degan fikrga keladi. Shuningdek, axloqiy meʼyorlarga zid xatti-harakatlarni qoralaydi. U hukmdorlar boʻlishi zarurligini ham, hokimiyatning merosiylik tamoyilini ham, xususiy mulkning, shu jumladan, yer mulkchiligining muqarrarligini ham tan olgan. Biroq Beruniyning fikricha, hukmdor zarur sifatlarga, yaʼni adolatga va aqlga ega boʻlishi zarur. Beruniy har qanday zoʻravonlik, zolimlik, shafqatsizlik, milliy, irqiy va diniy tengsizlikning dushmani edi.
Beruniyning jamiyat haqidagi qarashlari mahalliy va xorijiy adabiyotlarda maxsus oʻrganilmagan. Olimning jamiyat haqidagi fikrlari oʻzining originalligi bilan katta qiziqish uygʻotadi. Beruniyning ijtimoiy qarashlarining qiziqarli tomoni shundaki, u dastavval qomusiy olim sifatida ilmiy-tadqiqot metodini ishlab chiqishga intildi. Bu metodning asosiy xususiyati oʻrganilayotgan hodisalarga tajribaviy, ratsional yondashish boʻlib, uning eng muhim talabi – ogʻishmay haqiqatga intilishdan iborat.
Abu Nasr Forobiy ijtimoiy masalalar boʻyicha yaxlit taʼlimot yaratgan boʻlsa, Beruniy oʻzining asarlarida oʻzi yashagan davrning oʻziga xos xususiyatlarini, tarixiy voqealarni mantiqiy tahlil qilgan.
Alloma “Osor al-boqiya” asarida jamiyatning vujudga kelishi sabablarini bashariyat tarixi bilan bogʻlaydi. “Qadimgi tarixlarning eng avvalgisi va eng mashhuri bashariyatning boshlanishidir. Kitob ahllari boʻlmish yahudiylar, xristianlar, otashparastlar va bularning barcha sinfida bashariyatning boshlanishi va uning tarix boshi qilib olinishi xususida shunday ixtiloflar mavjudki, tarixlar haqida bu kabi xilma-xillik boʻlishi mumkin emas” [1:50], deb koʻpgina tarixiy voqealarning notoʻgʻri talqin etilganini isbotlashga harakat qilib, ularni qiyosiy tahlil etgan.
Beruniy muqaddas kitoblardagi bashariyatning vujudga kelishi haqidagi xabarlarni chuqur tahlil qilgan holda, “Biz avvalo, mana shu bashariyatning boshlanish tarixiga nazar solsak, bu haqda u millatlarning orasida koʻpgina ixtiloflarni uchratamiz. Ixtiloflar shularki, eroniylar va otashparastlar olamning umri burjlar va oylar soniga muvofiq oʻn ikki ming yil deb daʼvo qilgan. Ular shariatining asoschisi Zardusht esa olam paydo boʻlishidan to oʻzi yuzaga chiqqunicha chorak kunlar qoʻshilib uch ming yil oʻtdi” [1:51], deydi. Yaʼni Beruniy bu masalani ilmiy-falsafiy jihatdan oʻrganib, paygʻambarlar va muqaddas kitoblardagi ixtiloflarni koʻrsatishga harakat qiladi.
Beruniy jamiyat haqidagi qarashlarida oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy vaziyatidan kelib chiqib, davlatni boshqarishda vorisiylik masalasini oldingi oʻringa qoʻyganini quyidagi fikrlaridan bilib olish mumkin. “Tabiat jihatidan boshqarish va siyosat ishiga qiziquvchi, boshliq boʻlishga fazilati va kuchi bilan haqli, fikrda sabotli, davlatni oʻzidan keyingilarga qoldirib, ularning oʻz ota-bobolariga qarshi boʻlmasligini maqsad qilib olgan kishi bergan har bir buyruq, buyurilgan kishi oldida, turgʻun togʻlar singari mahkam boʻlib, bu buyruq koʻp vaqtlar va uzun zamonlar oʻtsa ham, keyingilar ham boʻysunadi [2:88]. Yaʼni Beruniyning davlatni boshqarishda sobitqadamlik, adolatli boʻlish, qonun ustuvorligi haqidagi gʻoyalari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Shu bilan birga “agar podshoh buyruqni berishda milliy va diniy biron tomonga asoslansa, bir qorindan bir vaqtda ikki bola tugʻilganidek, podshohlik va din ishi birlashib buyruq toʻliq va tugal boʻladi, toʻliqlikning narigi tomonida koʻzda tutiladigan gʻoya va maqsad yoʻq” [2:88]. Bundan koʻrinadiki, davlatni boshqarishda din va dunyoviy ishlar qonun asosida mutanosib boʻlishi kerakligi aytilmoqda.
Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, Beruniyning ijtimoiy borliq haqidagi qarashlari hanuzgacha chuqur tadqiq etilmagan. Olimning ijtimoiy borliq haqidagi qarashlarining ahamiyatli tomoni shundaki, u qomusiy olim sifatida jamiyat hayotini oʻrganish metodini ishlab chiqishga intilgan.
Mutafakkir jamiyatni shunchaki kishilarning yigʻindisi deb emas, balki oʻzaro bir-biri bilan ijtimoiy-maʼnaviy, axloqiy aloqada boʻlgan kishilarning birligini ifodalovchi tushuncha deb hisoblaydi. U insonning yolgʻiz oʻzi hal qiluvchi qudratga molik emas, unga kuch-qudratni faqat jamiyat bera oladi, degan ilgʻor konstruktiv gʻoyani ilgari suradi.
Mutafakkir: “Jamiyatning har bir ongli aʼzosi oʻz kasb-kori va ixtisosidan qatʼiy nazar, jamiyat toʻgʻrisidagi bilimlarni chuqur egallash orqaligina tevarak-atrofda roʻy berayotgan ijtimoiy hodisa va jarayonlarning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini bilish, ularni boshqarish qobiliyatiga ega boʻladi”, degan xulosaga keladi. Shuningdek, u: “Jamiyat toʻgʻrisidagi bilimlargina barcha xalqlarga xos ijtimoiy-siyosiy va axloqiy hodisalarning umumiy asosini aniqlashga, yaʼni ijtimoiy-siyosiy hayot barqarorligining fundamental asoslarini belgilashga, jamiyatni yaxlit holda saqlab qolishga imkon beradi”, deb taʼkidlaydi. Beruniyning bu qarashlari Abu Nasr Forobiyning jamiyat toʻgʻrisidagi gʻoyalariga toʻgʻri keladi.
Forobiy oʻzining jamiyat haqidagi qarashlarida odamlarni turli belgilarga qarab guruhlarga boʻladi. U insonning millatiga, diniy mazhabiga, irqiga qarab emas, balki tabiiy xususiyatiga, qobiliyatiga, avvalo aqliy iqtidoriga va ilmni oʻrganish, hayotiy tajriba toʻplash jarayonida orttirgan bilim va koʻnikmasiga qarab baholaydi. U itoatkorlikka daʼvat etuvchi taʼlimotlarni keskin tanqid ostiga oladi [3:39].
Beruniy esa, Forobiyning gʻoyalariga qoʻshilib, “Zoʻrlik va yollash yoʻli bilan amalga oshiriladigan majburiy mehnat nomaʼqul va beqarordir” [4:11], deb, har bir inson oʻz mehnatiga yarasha haq olishi kerak degan fikrni ilgari suradi.
Insonning ehtiyojlari turli-tuman va son-sanoqsizdir. Bu ehtiyojlarni qondirish zarurati ularni birlashishga, birga yashashga daʼvat etadi. Bu esa, oʻz navbatida, insonlar hayot kechiruvchi qishloq va shahar kabi ijtimoiy markazlarning paydo boʻlishiga olib keldi.
Beruniy jamiyatning yuzaga kelishida insonning sharafli motivlarini – oʻzaro yordamning zarurligini, oʻzaro foyda, birgalikda ehtiyojlarni qondirish zaruratini tushunib yetgan va odamlarning umumiy manfaatini koʻrgan. U jamiyat kishilarning hamkorlikda faoliyat yuritishlariga boʻlgan zaruratdan kelib chiqqan deydi.
Beruniy insonning jamiyatda tutgan oʻrni naslning qadimiyligi, ajdodlarning xizmatlari bilan belgilanishiga qarshi chiqadi. “Inson bunday yuqori mansabga oʻzining kelib chiqishi bilan taalluqli boʻlmasa ham, uning urugʻining qadimiyligiga qarab emas, balki koʻrsatgan xizmatlari evaziga koʻtariladi” [4:11].
Beruniy jamiyat haqidagi nazariy mulohazalarida doimo juda keng maʼnodagi ikki iboradan foydalanadi: Xossa (koʻpligi havoss) – saralanganlar, ayonlar, zodagonlar, aristokratlar, oliyjanoblar, yaxshilar, maʼrifatlilar; omma (koʻpligi avomm) – qora xalqni nazarda tutadi. Lekin Beruniy bu iboralarni qoʻllashda ularga moddiy va moliyaviy maʼno bermay, koʻproq kishilarning intellektual, aqliy, maʼnaviy jihatdan erishgan pogʻonalariga urgʻu beradi.
Mutafakkir inson tabiatining va mijozining turlicha boʻlishiga geografik omillarning taʼsirini koʻrsatib bunday deydi: “Odamlarning tuzilishi – rang, surat, tabiat va axloqda turlicha boʻlishi faqatgina nasablarining turlicha boʻlishidan emas, balki tuproq, suv, havo va yerning, (odam) yashaydigan joylarning turlichaligidan hamdir. Tillarning turlicha boʻlganiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli xohishlarni ifodalash uchun (zarur) boʻlgan soʻzlarga ehtiyoj tugʻilishidir. Uzoq zamonlar oʻtishi bilan haligi iboralar koʻpayib yodda saqlangan va takrorlanish natijasida tarkib topib, tartibga tushgan” [1.16].
Beruniy jamiyatda uzluksiz ravishda boʻlib turadigan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida muhim ijtimoiy-falsafiy gʻoyalarni ilgari suradi va isbotlab beradi. U jamiyatda boʻlib turadigan oʻzgarishlar, yaʼni tuzilish va buzilishlarning paydo boʻlishi va yoʻqolishining oʻziga xos sabablari borligi haqida falsafiy mulohazalarni oʻrtaga tashlaydi.
Abu Nasr Forobiy ham davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati haqida qimmatli maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Forobiy “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola”, “Baxt saodatga erishuv haqida risola” nomli asarlarida “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi” [3:39], deb yozadi. Yaʼni davlatni boshqarishni monarxiya, aristokratiya, demokratiya kabi shakllari haqida gapirib, uni yetuk xislatga ega boʻlgan shaxslar boshqarishi kerakligini taʼkidlaydi.
Beruniy jamiyatda odamlarning tabaqalanishi va martabalarga ajratilishiga ham eʼtibor qaratadi. U bunga oʻz munosabatini bildirib: “Qadimgi podshohlar odamlarni tabaqa va martabalarga ajratishga koʻproq eʼtibor berib, ularni bir-biriga qoʻshilish va ishiga qotishishdan saqlar, tabaqasi sababli podshohlarga aralashishdan man qilar va har bir tabaqaning oʻziga tegishli ish yoki sanʼat va hunar bilan hamisha mashgʻul boʻlishga buyurar, hech bir kishining oʻz martaba va darajasidan oʻtishga ruxsat bermas va oʻz tabaqasi bilan kifoyalanmagan kishiga azob va uqubat berar edi”, deydi. Va bu holni Eron podshohlari misolida keltiradi: “Hatto Bobak oʻgʻli Ardasher Eron podshohligini yangidan “oyoqqa” turgʻazganida odamlarni ham yangidan tabaqalarga ajratib, askar boshliqlari va podshohlarning bolalarini birinchi tabaqaga; obidlar, olov ibodatxonalarida xizmat qiluvchilar va din arboblarini esa ikkinchi tabaqaga; tabiblar, munajjimlar va turli ilm egalarini uchinchi tabaqaga; dehqon va hunarmandlarni toʻrtinchi tabaqaga qoʻygan”. Yana hind jamiyati misolida ham keltirib quyidagicha yozadi: “Hindlar shu kunlarda bu xususga juda koʻp eʼtibor beradi. Hatto biz musulmonlarning hindlarga teskari boʻlishimiz, hamma xalqni bir tekisda koʻrib faqatgina taqvodor kishilarga ortiq daraja berishimiz ular bilan musulmonlarning orasidagi ayirmalarning eng kattasidir. Ular tabaqalarni Varna, yaʼni ranglar deb atab nasab jihatidan ularga Jotaka deyiladi, bu esa nasllar demakdir. Shu tabaqalar toʻrtga boʻlinadi” [2:88-89]. Yaʼni, mutafakkir hind jamiyatini qiyosiy tahlil etib kuchli tabaqalanish mavjudligini koʻrsatishga harakat qilgan. Qadimgi hind odatiga koʻra, inson qaysidir tabaqada boʻlsa, u hech qachon boshqa tabaqaga oʻta olmaydi.
Sharq xalqlarining madaniyati tarixida muhim oʻrin tutgan buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning ham ijtimoiy-falsafiy qarashlari beqiyos ahamiyatga ega. Uning dunyoqarashi Forobiy asarlarining taʼsirida shakllandi. U ijtimoiy-falsafiy masalada Forobiyning qarashlarini davom ettirib yangi tabiiy-ilmiy fikrlar bilan boyitdi. Ibn Sino: “Insonlar haqiqiy axloqiy fazilatlarga va ideal jamoaga shu mavjud dunyoda erishishi mumkin, ular jamiyatda oʻzaro yordam asosida yashashlari kerak”, deb taʼkidlaydi. Alloma jamiyat kishilarning oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini taʼkidlaydi. Uning fikricha jamiyat aʼzolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari lozim. Basharti hokim, podshoning oʻzi adolatsizlikka yoʻl qoʻysa, xalqning unga qarshi qoʻzgʻoloni toʻgʻri va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmogʻi lozim. Bu qarashlarda Forobiy, Ibn Sino, Beruniyning fikrlari hamohang boʻlib, jamiyatni boshqarishda qonun ustuvorligini taʼminlash zarurligini koʻrsatadi.
Akademik I.M.Moʻminov Beruniyning ijtimoiy-falsafiy, jamiyat va davlat haqidagi qarashlariga alohida eʼtibor qaratib, uning “Mineralogiya” asaridagi quyidagi fikrlarini keltirgan edi: “Olis Magʻribdagi shaharlardan birining aholisi haqida naql qiladilarkim, zodagonlar va yer egalari mazkur shaharni navbatma-navbat boshqarar ekan. Kimga navbat kelsa, oʻsha uch oy davomida hokimlik vazifasini ado etarkan. Muddat tugagach, oʻz ixtiyori bilan hokimlikdan voz kechib, ogʻir vazifadan qutulgani uchun el-yurtga xayr-sadaqa ulashar ekan. Buning boisi shundaki, boshqarish va boshchilik qilish bu zoʻravonlar tomonidan jabrlangan kishilarning haq-huquqlarini tiklash yoʻli bilan fuqaro halovatini taʼminlash niyatida oʻz halovatidan mahrum boʻlish demakdir” [5:42]. Yaʼni Beruniy davlatni demokratiya asosida boshqarish mumkinligini koʻrsatishga harakat qilgan.
Beruniy jamiyatdagi iqtisodiy masalalarga ham eʼtibor qaratgan. U pulning kelib chiqishini dastavval mehnat taqsimoti bilan bogʻliq ekanini uqtirib, pulning mohiyati va tabiati haqida oʻz davriga nisbatan chuqur tasavvurga ega boʻlgan.
Pul faqat ayirboshlash tufayli qiymatga ega boʻladi. Pul jamiyatda faqat umumiy oʻlchov sifatida, umumiy ekvivalent sifatida ahamiyatga ega, chunki bular pulning asosiy vazifalari hisoblanadi. “Lekin bu ularning tabiati hamda maʼlum tabiiy qonun asosida boʻlmay, balki shartli kelishuv tufayli sodir boʻlgan. Chunki oltin va kumushlar dastavval oʻz mazmuni bilan insonni na toʻydiradi, na chanqogʻini bosadi, na zoʻrlik yoki zulm xavfidan qutqaza oladi. Inson hayotini saqlay oladigan, uning urugʻini davom ettiradigan, isteʼmol qiladigan mol boʻlmasa, yoki yomonlikdan, yoxud issiq va sovuq azobidan qoʻriqlaydigan kiyim-bosh boʻlmasa, yoki oʻzi uchun boshpana, yoki zulmdan qutulish chorasi boʻlmasa, oʻz tabiati jihatidan tahsinga sazovor boʻlmaydi” [4:13]. Pulning notoʻgʻri ishlatilishi tufayli yovuzlik keltiruvchi boylik yuzaga keldi. Bu oʻz navbatida, majburiy mehnat va zulmni keltirib chiqardi.
Beruniyning fikricha, pul tufayli faqat turli tovarlar ayirbosh qilinmay, balki begona kuch ham yollandi. “Biri ikkinchisini yollaydi, yaʼni bir kishi ikkinchisiga adolatli shartnoma tufayli doimo ishlashi kerak, buning evaziga u mukofotlanadi” [4.12]. Biroq alloma yollanma mehnatni tushunishda yanada chuqurlashib faqat odil shartnomani koʻribgina qolmaydi, balki har qanday majburiy mehnatga qarshi chiqadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Beruniyning jamiyat haqidagi qarashlarida insonning qiyofasi tabiat taʼsirining natijasi ekani, uning ichki qiyofasida cheksiz saʼy-harakatlar natijasida tub oʻzgarishlar boʻlishi mumkinligi aytiladi. Har bir inson oʻz xulq-atvorining egasidir. Jamiyat bosqichma-bosqich oʻzgarishlar orqali rivojlanib boradi. Beruniyning jamiyatda adolatli boʻlish, inson uchun qaygʻurish, jamiyatni aql, ilm, adolat, qonunlar, oʻrnatilgan tartiblar bilan boshqarish kerakligi haqidagi falsafiy tahlili oʻsha davrda fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanganidan dalolat beradi.
-
Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. I tom. / Tarjimon A.Rasulov. Izohlarni I.Abdullayev va A.Rasulov tuzgan. Masʼul muharrirlar: I.Abdullayev va O.Fayzullayev. –T.: Fan, 1968.
-
Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar. Tom Hindiston. Arabchadan A.Rasulov, Yu.Hakimjonov, Gʻ.Jalolov tarjimasi. Soʻz boshi va izohlar A.Irisov. – T.: Fan, 1965.
-
Buyuk siymolar, allomalar: (Oʻrta Osiyolik mashhur mutafakkir va donishmandlar). K.1. – /Nashrga tayyorlovchi M.M.Xayrullayev. – T.: Maʼnaviyat, 1995.
-
Abu Rayhon Beruniy. “Kitob al-jamohir fi-maʼrifat al-javohir” (Mineralogiya). – T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2017.
-
I.M.Muminov. Oʻzbekistondagi tabiiy-ilmiy va ijtimoiy-falsafiy tafakkur tarixidan lavhalar (ΙΧ-ΧΧ asrning boshlarigacha). – T.: Fan, 1999.