Bu maqolada Sharqni, xususan, Oʻrta Osiyoni Gʻarb bilan tutashtirishda ilmiy, madaniy, maʼrifiy va maʼnaviy sohada oʻzining ilmiy kashfiyotlari bilan katta hissa qoʻshgan barcha allomalar haqida emas, balki faqat Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy haqida fikr yuritdik. XI-XII asrlarda Oʻrta Osiyoda fanning turli sohalarida samarali faoliyat koʻrsatib bu zaminda sivilizatsiyani yuzaga kelishiga oʻzining hissasini qoʻshgan olimlarning soni, ayrim maʼlumotlarda keltirilishicha 300 dan ortiq boʻlgan. Ularning barchasini oʻz yoʻnalishida fundamental tarzda oʻrganish talab etiladi.
Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat olib borgan va uni Mahmud Gʻaznaviy tarqatib yuborganidan keyin boshqa mamlakatlarga tarqalib ketgan xorazmlik mutafakkirlarning ilmiy merosini Gʻarblik va Rossiyalik olimlar fundamental tarzda oʻrgangan. Ular ham tarqoq holda, u yoki bu hududda, bir markaz doirasida tadqiqot olib borgan.
Ayni paytda nomlari u yoki bu manbalarda keltirilgan, ammo ularning ilmiy, madaniy, maʼrifiy va maʼnaviy sohada qoʻlga kiritgan ilmiy yutuqlari umuman oʻrganilmay qolayotgan allomalarimiz ham koʻpchilikni tashkil qiladi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda ana shu allomalarning merosini oʻrganish talab darajasida emas desak adolatli boʻladi. Oʻrta Osiyoda shakllangan birinchi Renessans va uning yuzaga kelishi, unda amalga oshirilgan kashfiyotlarni fundamental tarzda oʻrganish hamon oʻlda-joʻlda qolayotgani achinarlidir. Bugun biz ularni faqat tilga olish va faxrlanish bilan chegaralanib qolayapmiz. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar esa, okeandan tomchi xolos.
Zamon shiddat bilan oʻzgarmoqda, insoniyatning ehtiyojini qondiradigan texnika va texnologiyalar yuksak darajada rivojlandi, shunday sharoitda meroslarni oʻrganishga vaqt va mablagʻ sarflash kerakmi? degan fikrdagi insonlar ham uchrab turadi. Shuni esdan chiqarmasligimiz kerakki, bugun ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat sohasida qoʻlga kiritilgan va kiritilayotgan barcha yutugʻimizning zaminida ajdodlarimizning bizga qoldirgan merosi bor. Biz bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini saqlab qolayotgan koʻpgina manbalardan bexabar qolmoqdamiz. Ularni oʻrganish, tahlil qilish, tegishli ilmiy xulosalar ishlab chiqish va ommalashtirish ilm-fanimiz, madaniyatimiz, maʼrifatimiz, maʼnaviyatimizning buguni va istiqboli uchun nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
Oʻrta Osiyoda yuzaga kelgan Ikkinchi Renessans boʻsh joyda emas, balki Birinchi Renessansning taʼsiri katta boʻlgan hududda yuzaga keldi. Birinchi Renessans IX-XII asrlar oraligʻida sodir boʻlgan boʻlsa, undan 2-2,5 asrdan keyin, yaʼni XIV-XVI asrlarda Ikkinchi Renessans yuzaga keldi. Lekin oradagi vaqtga qaramasdan ularning oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik borligini koʻrish mumkin. Birinchi Renessans davrida matematika, astronomiya, meditsina, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarda qoʻlga kiritilgan kashfiyotlar Ikkinchi Renessansning yuzaga kelishiga asos boʻlgan boʻlsa, ularni Ikkinchi Renessansni yuzaga keltirgan mutafakkirlar ijodiy rivojlantirdi. Unda ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat sohasida juda katta yutuqlar qoʻlga kiritildi. Ularning barchasi uchun Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek (1394-1449 yy.) tashkil etgan akademiya ilmiy markaz boʻlgan edi.
Ikkinchi Renessans davrida qoʻlga kiritilgan yutuqlar Oʻrta Osiyoni Gʻarb bilan tutashtirishda muhim omil boʻlgan edi. Xususan, Ikkinchi Renessans Amir Temur va Temuriylar nomi bilan bogʻliq. Amir Temur (1336-1405)ning xizmatlari faqat Oʻrta Osiyoda Markazlashgan davlat barpo etishi, kuchli sarkardaligi, yirik davlatni barpo etishi va uni yuksak mahorat bilan boshqarishigina emas, shular bilan bir qatorda ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyatni rivojlantirishida, Samarqandni oʻz davlatining markaziga aylantirib, uni dunyo sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida rivojlantirganida ham namoyon boʻlgan edi. U asos solgan saltanatda ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyatni rivojlantirish ustuvor maqsadlardan biri boʻlgan.
Amir Temurning Oʻrta Osiyoni gʻarb bilan tutashtirishdagi xizmatlarini taxminan uch sohaga ajratib oʻrganish mumkin:
Birinchisi, uning kuchli markazlashgan davlatni tashkil qilishi va uni mahorat bilan boshqarishi. Moʻgʻillar bosqinida ezilgan xalqning dardiga darmon boʻlib, uning qaddini koʻtarib, ruh bagʻishlashi. Davlatni boshqarishda adolatni oʻrnatishi. Oʻz mamlakati va xalqining manfaati yoʻlida toʻsiq boʻlgan dushmanlarga qarshi olib borgan janglarda koʻrsatgan qahramonlik va mahorati. Gʻarbda uning bunday faoliyatini tajriba maktabi sifatida eʼtirof etilgani.
Ikkinchisi, Samarqandni ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat gullab yashnagan shahar darajasida rivojlantirishi. Gʻarb mamlakatlari jumladan, Ispaniya, Fransiya, Angliya va boshqa mamlakatlar bilan turli sohada aloqa oʻrnatib, oʻz mamlakatini Gʻarb mamlakatlari bilan hamkorlikda rivojlanishidagi ulkan xizmatlari.
Uchinchisi, Sharqning madaniyat va maʼrifat sohasida koʻzga koʻringan allomalarini Samarqandga toʻplashi. Oʻrta Osiyolik olimlarga oʻz faoliyatini olib borishida va bu zaminda dunyo sivilizatsiyasiga katta xizmat qiladigan allomalarning yetishib chiqishiga xomiylik qilgani. Dunyo ilm-fani, madaniyati, maʼrifati va maʼnaviyati sohasida Temuriylar nomini olgan sivilizatsiyaning shakllanishida qilgan xizmatlari.
Amir Temurning ishtiroki va koʻrsatmasi asosida dunyo madaniyatining durdonasiga aylangan Samarqand 600 yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa ham xalqimizning, qolaversa butun dunyo xalqlarining maʼnan boyishiga xizmat qilib kelmoqda. 1996 yilda Amir Temur tavalludining 600 yilligi munosabati bilan Toshkentning “Turkiston” saroyida uning faoliyati va xizmatlariga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada (bu konferensiyada kamina ham ishtirok etgan edi) Erondan kelgan professorning Amir Temurga bagʻishlab Gʻarbda 1,5 mingta, Sharqda mingdan ortiq turli yoʻnalishdagi asarlar yaratilgani haqida bergan maʼlumotining oʻzi uning qanchalik buyukligidan dalolat beradi. Afsuski, Oʻzbekistonda buyuk bobomiz haqida toʻliq maʼlumot haligacha toʻplanmagan.
Amir Temur oʻz davrida yaratgan va bizga qoldirgan madaniy va maʼrifiy meros bugun ham Oʻzbekistonning dunyodagi nufuzini mustahkamlanishiga Gʻarb va Sharq xalqlarining oʻzaro hamkorligining rivojlanishiga va maʼnan boyishiga xizmat qilib kelmoqda. Amir Temurning nevarasi astronom, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek va uning safdoshi, ulugʻ shoir Alisher Navoiy (1441-1501), Sharq miniatyura maktabining koʻzga koʻringan vakili Kamoliddin Behzod (1455-1535) va boshqa allomalar Markaziy Osiyoni Gʻarb bilan tutashtirishga katta hissa qoʻshgan. Xususan, Ulugʻbek yaratgan astronomik jadval 1646 yildan boshlab Angliya, Fransiya, Belgiya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida chop etildi. Bu jadval 1917 yilda AQSHda ham nashr etildi [3.413 b.]. Mirzo Ulugʻbek Gʻarb va Sharq xalqlarining fan, madaniyat va maʼrifatini hamkorlikda rivojlanishiga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshgan.
Sharqni, xususan, Oʻrta Osiyoni Gʻarb bilan tutashtirishda katta hissa qoʻshgan allomalardan yana biri Alisher Navoiydir. U oʻzining sheʼriyati va dostonlarida xalqlarning doʻstligini kuylaydi va ezgulik, insoniylik va baxtli hayotga erishish orzularini tarannum etadi. “Uning dostonlarining qahramonlari turli mamlakat, turli xalqning vakillaridir: Shirin – arman qizi, Farhod – Chin oʻgʻloni, eronlik Shopur, hind Maʼsud, Layli va Majnun arab eliga mansub, Iskandar va uning maslahatchilari boʻlmish Aristotel, Buqrot, Suqrot kabilar yunonlardir” [3.19 b.]. Buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy yashagan davr juda murakkab boʻlib, taxt uchun kurashlar, davlatlararo munosabatlar chigallashgan, dunyoning turli hududlarida katta-kichik urushlar davom etayotgan davr edi. Alisher Navoiy ana shunday murakkab vaziyatni yumshatish, xalqlar va davlatlarning hamkorlikda rivojlanishi uchun oʻz sheʼr va dostonlarida doʻstlik, hamkorlik gʻoyalarini ilgari surdi. Yaʼni u ilm-fan, madaniyat va maʼrifat orqali dunyo hududlarini oʻzaro tutashtirishga salmoqli hissa qoʻshgan alloma darajasida faoliyat olib bordi.
Sharqni Gʻarb bilan tutashtirishga katta hissa qoʻshgan mutafakkirlardan yana biri Kamoliddin Behzod edi. U Alisher Navoiyning asarlaridan bahra olib, oʻz asarlari bilan Sharq miniatyura maktabining asoschisi sifatida eʼtirof etildi. Kamoliddin Behzod Sharq xalqlarining maʼnaviy dunyosi taʼsirida ulugʻ rassom darajasiga koʻtarildi. U oʻsha davrda dunyoda eʼtirof etilgan Gʻarbning koʻzga koʻringan rassomlarining asarlarini ham sinchiklab oʻrgandi va ulardan oʻz ijodida foydalandi. U Sharq va Gʻarb sanʼatini uygʻunlikda oʻzlashtirib, ularni oʻz asarlarida aks ettirdi va dunyoda “Sharq Rafaeli” degan eʼtirofga sazovor boʻldi. Yaʼni u bu bilan dunyoning eng yirik rassomi deb eʼtirof etilgan Rafael darajasida Gʻarb va Sharqning tutashishiga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshdi.
Oʻlkamizda Sharqni, xususan, Oʻrta Osiyoni Gʻarb bilan tutashtirishga katta hissa qoʻshgan fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat arboblari koʻplab yetishib chiqqan. Ularning har birining xizmatlarini alohida oʻrganib chiqish, fikr yuritish va ahamiyatini koʻrsatish uchun kompleks va fundamental tarzda oʻrganish talab etiladi. Chunki ular dunyo xalqlarining oʻzligidan va bir-biridan begonalashishi kuchayayotgan bugungi kunda amaliy ahamiyatga ega. Dunyo bepoyon va ayni paytda nihoyatda “tor”, ana shu ikki holatni aniq tasavvur etib mazmun-mohiyatiga tushunib yetsak bugun yuzaga kelgan global muammolarning yechimini topish, yagona kuch sifatida harakat qilish imkoniyati yuzaga keladi.
Oʻrta Osiyoda IX-XII va XIV-XVI asrlarda yuzaga kelgan ikki uygʻonish davrida fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlarning oʻsha davrdagi taraqqiyotdan orqada qolib kelayotgan Gʻarbga, uning uygʻonish davriga oʻtkazgan taʼsiri fanda aniq maʼlumotlar asosida oʻzining isbotini topgan. Jumladan, XX asrning boshida yashab ijod qilgan rus sharqshunos faylasuf olimi Oldenburgning quyidagi fikri buning isbotidir: “Yevropaning maʼnaviyat sohasida shu kungacha qoʻlga kiritgan yutuqlari oʻtmishda Sharq maʼnaviyatida koʻtarilgan kamolot choʻqqisiga nisbatan goʻdak bolaning “chugʻur-chugʻuri” darajasidadir” [10.34 b.]. Mashhur ingliz olimasi Xilda Xukxem esa Amir Temurning va Oʻrta Osiyoning Gʻarbning uygʻonishiga taʼsirini quyidagicha taʼriflaydi: “Amir Temurning beshigini tebratgan zaminda, X-XI asrlardayoq filosofiya, tibbiyot, matematika, astronomiya, geografiya, nazm va tarixnavislik borasida jahonshumul asarlar yaratilgan. Bu beqiyos ilmiy-maʼrifiy taraqqiyot Yevropa uygʻonish davriga turtki berdi va Yevropa ilm-fani kamol topishiga mustahkam asos boʻlib xizmat qildi” [10.34 b.]. Bunday eʼtiroflarni koʻplab keltirish mumkin. Gap ularda emas, balki ikkita uygʻonish davrini bosib oʻtgan va bu davrda ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va maʼnaviyat sohasida katta kashfiyotlar yarata olgan va ular bilan Yevropaning uygʻonishiga oʻzining taʼsirini oʻtkazgan Oʻrta Osiyoning Yevropadan orqada qolib ketishiga nimalar sabab boʻlganida.
Buning sababini tadqiqotchilar turlicha talqin qilmoqda. Ularning aksariyat koʻpchiligi Markaziy Osiyoning Yevropa taraqqiyot darajasidan orqada qolib ketishiga asosiy sabab qilib, Amir Temurning markazlashgan davlatining parchalanib ketishini koʻrsatmoqda. Bunday qarashlarga eʼtirozimiz yoʻq. Ammo nega qoloqlikning bugungi kungacha davom etayotgani haqidagi ilmiy asoslangan fundamental gʻoyalar haligacha yoʻq.
Shuning uchun ham biz bugun ajdodlarimizning bizga qoldirgan ilmiy merosidan faqat faxrlanish va gʻururlanish bilan cheklanib qolmoqdamiz. Shu maʼnoda oʻtmishda Oʻrta Osiyo sivilizatsiyasidan bahra olgan va XXI asr sivilizatsiyasining markaziga aylangan Yevropa tajribasining qaysi birini amaliyotda qoʻllashimiz mumkinligiga bagʻishlangan umumlashgan fundamental gʻoyalarni ishlab chiqishga ehtiyoj kuchayib bormoqda.
-
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 9-jild. T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. 2005. 548-b.
-
Ye.Abromyan. Sivilizatsiya v XXI veke. Globalnыye krizisы. Chetvertoye izdaniye. M.: 2009. str-24.
-
Falsafa qomusiy lugʻat. Toshkent, “Sharq”, 2004. 11-b.
-
H.Bobayev, T.Doʻstjonov, S.Hasanov. “Avesto” – Sharq xalqlarining bebaho yodgorligi. Toshkent, 2004, 14-b.
-
Avesto: Tarixiy-adabiy yodgorlik (N.Joʻrayev: tarjimon A.Mahkam). Toshkent, “Gʻofur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”, 2005, 32-b.
-
Tohir Karim Milliy tafakkur taraqqiyotidan. Toshkent, “Choʻlpon”, 2003, 33-b.
-
Sh.I.Xaitov. Oʻzbek filosofiya tarixining ideografik lugʻati. Toshkent, “Imom Buxoriy xalqaro markazi”, 2015, 34-b.
-
O.Fayzullayev. Muhammad Al-Xorazmiy va uning ilmiy merosi. Toshkent, “Fan”, 1983, 36-b.
-
A.Axmedov. Muhammad Al-Xorazmiy. Toshkent, “OʻZBEKISTON”, 2011, 12-13-b.
-
P.Shermuhammedov. Dahoning tugʻilishi yohud Abu Rayhon Beruniy qismati. Ilmiy-maʼrifiy qissa. Toshkent, 2009, 336-b.
-
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent, “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”, 9-jild, 2005, 288-b.