Birodar mamlakat xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan milliy darajadagi yutuqqa erisha olganida, biz ushbu yutuqni maqtashimiz va duo qilishimiz kerak, toki Vatan deb atalmish kema ezgulik, fuqarolarining farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan marralarga yetib borsin. Oʻzbekiston 2022 yil 14-16 sentabr kunlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlari, shuningdek, ushbu tashkilotga aʼzo, kuzatuvchi va barqaror rivojlanish yoʻlida ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishni istagan mamlakatlar rahbarlari va bosh vazirlarini toʻplab, yirik xalqaro tadbirni oʻtkazishda muvaffaqiyat qozondi. Bu voqea hozirgi davrimiz uchun zarur boʻlgan iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot boʻyicha yangi qarashlarni ilgʻor surishga imkoniyat yaratadi.
Iqlim oʻzgarishi natijada paydo boʻlayotgan choʻllashish, qurgʻoqchilik, global miqyosdagi oziq-ovqat inqirozi yohud “oziq-ovqat xavfsizligi” muammolari busiz ham turli gʻalayonlar, urushlar va beqarorlikni boshidan oʻtkazayotgan dunyo mamlakatlari eʼtiborini tortayotgan masalalardandir. Bularning barchasi xalqlarning barqarorligiga, mamlakatlar va ularning xalqlari farovonligi uchun barpo qilinayotgan vatan uchun tahdiddir.
Oʻzbekiston eʼtiborga loyiq va oʻrganilishi mumkin boʻlgan tajribaga ega. U qadimgi tarixga ega va boy islom merosini oʻz bagʻrida saqlovchi mamlakat oʻlaroq, bu meros va qadimiy sivilizatsiyani oʻzida namoyon etgan jomeʼlar, masjidu maqbaralar, meʼmoriy yodgorliklarni saqlab qolish bilan chegaralanmasdan, bu boylikni Qurʼoni karim, arab tili, hadis ilmi orqali yangi avlodga oʻz vatani oʻtmishini oʻrgatadigan markazlar, madrasalarni barpo qilish orqali hozirgi kunimizda ham tilga kiritib tirik holda muhofaza qilish uddasidan chiqqan. Shu bilan birga olimu ulamolar va hadis ilmi imomlariga koʻrsatilgan eʼtibor ham yuqori darajada. Mazkur ulamolar orasida peshqadami albatta paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarini jamlagan, “Sahih al-Buxoriy” toʻplami muallifi Imom Muhammad Ismoil al-Buxoriy (20 iyul 810 y. – 1 sentyabr 870 y.)dir. Oʻz tarixi va milliy hamda umumbashariy merosi bilan faxrlanadigan xalq, shubhasiz, hurmatga loyiqdir. Ushbu yurt farzandlari oʻz mehmonlarini ilm-fan va maʼrifatning yorqin tarixini tashkil etadigan va oʻz paytida yoʻlboshlovchi mayoq boʻlgan ushbu joylarga olib borishganda, mehmonlarni ushbu sivilizatsiyaning chuqurligi va ulugʻvorligi bilan tanishtiradigan mutaxassislarni ajratib berishadi. Hech shubha yoʻqki, tarix sharqu gʻarbga, shimolu janubga tarqalgan bizning sivilizatsiyamizning chuqurligiga guvohlik beradi.
Biz Toshkent va Samarqandda uchrashgan Oʻzbekiston farzandlari oʻz mamlakatining mehmonlarini qutlashga, qisqa vaqt ichida ularni oʻz mamlakatining boyliklari va umumbashariy merosi bilan tanishtirishga katta eʼtibor qaratishlari bilan eng ajoyib oʻrnakni koʻrsatdilar. Ular bergan maʼlumotlar faktlarga toʻla, ota-bobolarining umuminsoniy tajribalari bilan limmo-lim. Men Oʻzbekistonning Ar-Riyoddagi elchisi Ulugʻbek Maqsudovga, Oʻzbekiston Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari doktor Davronbek Maqsudov janoblariga minnatdorchilik izhor qilaman, shuningdek protokol xizmatidan janob Abdulhamid va janob Sherozga tashakkur bildiraman. Ikkovlari va ularning Toshkent va Samarqanddagi hamkasblari bizga mehmondoʻstlik koʻrsatish va bizga oʻz mamlakatlari haqida, u bosib oʻtgan tarixiy davrlar toʻgʻrisida foydali va boy maʼlumotlarni taqdim qilishda jonbozlik koʻrsatdilar. Shuningdek, Oʻzbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichev janoblari va u bilan birga elchixona xodimlari arab olami va dunyoning boshqa doʻst mamlakatlari, xususan, biz bilan umumiy tarix, madaniyat, dunyoviy va diniy ilmlar ega boʻlgan mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari boʻyicha koʻprikning bir boʻlagi boʻlmish ushbu tashrifning muvaffaqiyatli oʻtishini kuzatib borishdi. Men va doʻstim, vakolatga ega vazir, Osiyo, Avstraliya va Arab-Osiyo hamkorligi departamenti direktori doktor Muhammad bin Siddiq Arab Davlatlari Ligasi Bosh kotibi janob Ahmad Abul-Gʻaytning ushbu xalqaro forumda Arab Davlatlari Ligasi vakili boʻlish yuzasidan topshirigʻi va bildirgan ishonchiga musharraf boʻldik. Bu yirik xalqaro tadbir Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti boʻlib, Arab Davlatlari Ligasi ushbu tashkilot bilan hamkorlik oʻrnatish va mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi uchun xalqlararo anglashuv koʻpriklarini qurishni kutmoqda. Oʻzbekiston ushbu xalqaro sammitni bir qator davlat rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirokida muvaffaqiyatli oʻtkazishga muvaffaq boʻldi.
Oʻzbekistonda biz guvoh boʻlgan shaharsozlik va bunyodkorlik meros va yodgorliklarni saыlash bilan madaniy uygʻunlikda amalga oshirilmoqda. Bunyod qilingan joylar qadimiy sivilizatsiya binolariga oʻzaro hamohang tarzda va uygʻunlikda tutashib ketganligi insonni lol qoldiradi. Shu bilan birga daraxt ekish va koʻkalamzorlashtirish, Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarini daraxtlar va boshqa oʻsimliklar bilan yashil tusga burkash yashil maydonlarni kengaytirishga qaratilgan madaniy ongning yuqori ekanligiga dalildir. Bularning barchasi iqlimni saqlash va daraxt ekishga intilish, shuningdek barcha davlatlarning maqsadiga aylangan choʻllanishni oldini olish masalalari bilan uygʻunlikda olib boriladi. Zero barcha davlatlar yashillik va daryolar va yomgʻirdan iborat suv neʼmatidan yurtni koʻkalamzorlashtirish yoʻlida foydalanish Vatan va fuqarolarning farovonligi uchun ekanligini yaxshi anglaydilar.
Shu bilan birga Oʻzbekistonning eng muhim shaharlarini (Toshkent, Samarqand va Buxoroni) bogʻlaydigan tezyurar poyezd temir yoʻl loyihasi ushbu shaharlarning qadimiy tarixini ushbu mamlakatning istiqbolli rivojlanishi bilan bogʻlash muhimligiga yana bir dalilidir.
Darhaqiqat, tarix ilm-fan, adabiyot va madaniyat sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlarga, shuningdek, butun insoniyat farovonligi uchun xalqlarning yuksak marralarga yetishga qodir ekanligiga guvohdir. Arab va Musulmon mamlakatlaridagi masʼul idoralarning merosimizga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligi hurmat va eʼzozga loyiqdir. Biz esa kelajakka umid bilan qaraydigan har bir bunyodkor qoʻllarni faqat maqtashimiz kerak.
Yaxshilik va ezgulikda koʻrishguncha …