Jadidlar harakatida taʼlim-tarbiya masalasining boshlanishi avvalo milliy ozodlik gʻoyalarining ildizi edi. Jamiyatda biror bir gʻoya oʻzining namoyon boʻlishini oʻsha jamiyatda boʻlayotgan ijtimoiy tuzumning mahsuli sifatida oʻzining taʼsirini koʻrsatib boradi. Jadidlar harakati ham mana shunday oʻz davrining reaksion gʻoyasi edi. Bu esa jamiyatdagi ijtimoiy muhitning bir tasodifiy hodisasi boʻlmay, balki ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlarning natijasi boʻldi. Jadidlik oʻzi nima edi? Uning namoyon boʻlishi qanday sodir boʻldi? Jadidlar harakatining koʻrinishlari nimalarda koʻzga tashlandi? Bu harakatning rivojlanishi natijasida jadidlik taʼlimoti darajasiga chiqishining oʻziga xosligi nimada? [4:61]. Umuman olganda jadidlar harakatini oʻrganish jarayonida tadqiqotchilar ilmiy-falsafiy, ijtimoiy-siyosiy masalalarni chuqur oʻrgandi.
Jadidlar jamiyatni bir bosqichdan yangi bosqichga olib chiqishning eng qulay yoʻli bu taʼlim va tarbiya masalasi ekanini toʻlaqonli anglab yetdi [5:52]. Xususan, XIX asrda Chor Rossiyasining Turkistonni bosib olishi natijasida butun ijtimoiy masalalar (pul birligi, ishlab chiqarish, bozor masalasi, himoya tizimi va boshqaruv prinsipi –X.A.) ketma-ketlikda uning tasarrufiga oʻtishi oqibatida xonliklarning mustaqilligi qoʻldan boy berildi. Natijada mazlum xalqning turmush tarzi tanazzul yoqasiga keldi. Bunday holatga tushgan xalqning ziyolilari bu vaziyatdan faqatgina xalqning farzandlarini tarbiyalash orqali chiqish mumkin degan xulosaga keldi va milliy jadidlik harakatiga tamal toshini qoʻydi. Aynan ularning olib borgan saʼy-harakatlari natijasida Turkistonda jadidlik harakati vujudga keldi. Bu haqda professor Begali Qosimov oʻz tadqiqotida jadidlik oqimini ijtimoiy-siyosiy va maʼrifiy tomonlarini batafsil bayon etgan [6:17]. XIX asrda jadidlar Buxorodagi ilm ahli va maʼrifatparvarlarining orasida dastlab Turkistondagi madrasa va maktablar tizimida yangi koʻrinishdagi taʼlim-tarbiyani joriy qilish uchun tubdan islohotlar lozimligi masalasini oʻrtaga tashladi. Biz mana shu islohotlar tarafdorlarini jadidlar, yaʼni yangilik yoki innovatsion gʻoyalarning tarafdorlari deb atadik. Jadidlik arabcha «jadid» soʻzidan olingan boʻlib «yangi» maʼnosini beradi.
Bu davrda jadidlar harakatiga qarama-qarshi boʻlgan oqim bu feodallar edi. Biz ularni diniy fanatizmga berilgan qadimchilar edi deb, nomlaymiz [7:56]. Oʻz davrida vujudga kelgan yangi gʻoyalarning tarafdorlarini jadidlar deb nomladik. XIX asr boshida jadidlar Buxorodagi 200ga yaqin madrasalarning taʼlimini isloh qilish gʻoyasini ishlab chiqdi. Albatta bu gʻoyalarning boshida madrasa mudarrisi Abu Nasr Kursaviy turgan edi.
Ammo mana shu davrda qarama-qarshi gʻoya sifatida vujudga kelgan yana bir harakat qadimchilikning tarafdorlari islohotchi mudarrislarni kofirlik va xudosizlikda aybladi. Qadimchilar taʼsirida Buxoro amiri Haydar yangilik tarafdori boʻlgan mudarris Abu Nasr Kursaviyni zindonga tashlatadi va oʻlim jazosiga hukm qiladi. Lekin Abu Nasr Kursaviyning tarafdorlari uni zindondan qochiradi. Abu Nasr Kursaviy bir muddat Samarqandda jon saqlab keyin Qozon shahriga ketadi va oʻzining ilgʻor gʻoyalarini Qozonda davom ettiradi. U 1813-yilda vafot etadi.
Bundan koʻrinadiki, jadidlar harakatining boshlanish oʻchogʻi Turkiston zamini ekan, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Tatar maʼrifatparvari Ismoil Gʻaspiralining ilgari surgan jadidlik gʻoyalarini dastlab bizning vatandoshimiz Abu Nasr Kursaviy yaratgan edi [8:17].
XIX asrning 50-60-yillarida Turkistonda diniy fanatizmga berilish islohotchilik harakati yanada keng tarqala boshladi. Natijada, bu harakatning boshida buxorolik olim, tarixchi va mudarris Marjoniy (1818-1889), Gʻijduvon madrasasi domlalari Fozil, Moʻminjon Vobkandiy, mulla Xudoyberdi Boysuniy va boshqa mudarrislar turdi. Ular dastlab maktab va madrasalarning islohotini Abu Nasr Kursaviy kabi yangilashni emas, balki taʼlimda diniy darslarning ortiqchasini olib tashlash tarafdori boʻlib chiqdi. Maktab va madrasalar islohotchilarining rahnamosi Marjoniy dastlab oʻzining dasturida quyidagi asosiy masalalarni oʻrtaga qoʻyadi:
- Qurʼondagi diniy ilmlarni bilgan holda dinda oʻzlari erkin fikr yuritsin.
- Har bir kishining birovga koʻr-koʻrona ergashishi qatʼiyan man qilinsin.
- Madrasalarda oʻqitiladigan oʻquvchilarning 8-10 daqiqa vaqtini oluvchi va ular uchun foydasiz boʻlgan darslar jadvaldan olib tashlansin.
- Mavjud madrasalarda islom dinini toʻliq oʻrganish uchun aynan Qurʼoni karim, Hadisi sʼharif ularning tarjimalari va islom tarixi kabi darslar oʻtilsin.
- Dunyoviy ilmlar boʻlgan falsafa, arifmetika, mantiq, tarix, joʻgʻrofiya, xandasa, tabobat va boshqa kerakli fanlarni oʻqishga qarshilik koʻrsatilmasin.
- Har bir ishda musulmonlikni Paygʻambar Muhammad alayhissalom davrlaridagi qadimiy islom madaniyatiga qaytarish koʻzda tutilsin.
Demak, Marjoniy va uning gʻoyaviy tarafdorlari – oʻz davirning jadidlari, Turkiston musulmon taraqqiyparvarlari edi. Ular madrasalarda taʼlimning islohoti uchun olib borgan saʼy-harakatlari davomida diniy darslar bilan bir qatorda qadimiy islom madaniyati davridagidek dunyoviy darslarni oʻqitishni shart ekanini qatʼiy talab qildi [9:970-972]. Lekin amirlikning reaksion siyosati va qadimchilarning taʼsiri natijasida taʼqibga uchragan Marjoniy va uning tarafdorlari Buxoro amirligidan chiqib ketishga majbur boʻladi. Uning tarafdorlaridan koʻpi amirning zindoniga tashlanib, 75 darradan urilgach tavba qilib, qaytib bunday ishlarni qilmaslikka vaʼda beradi [10:159].
XIX asrning uchinchi choragi va XX asrning birinchi choragida Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati taʼsirida Turkistonda jadidlar harakati yana keskin kuchayib ketdi. Ammo bu harakat mavjud jamiyatning ijtimoiy-siyosiy va madaniy asoslarini qayta qurishga qaratilgani sabab eski tuzum, eski turmush, eski maktab tarafdorlarining kuchli qarshiligiga duch keldi. Bu qarshi kuch vakillari esa qadimchilar deb atalgan [2:49]
Oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy hayotini oʻzgartirishga kirishgan va yangi hayot shabadasini kiritishga harakat qilganlar esa jadidlar degan nom oldi. Shu tariqa XIX asrning oxiri va XX asrning boshida jadidlar harakati yuzaga kelgan edi. Jadidlar yangi asrning boshlanishi bilan jamiyat avvalgidek ijtimoiy-siyosiy xorlik, iqtisodiy va madaniy qoloqlik holatida yashay olmasligini ravshan anglagan edi. Jadidlik harakatining namoyandalari nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Chor Rossiyasi hukumati tarkibidagi boshqa hududlarning aholisi orasida ham oʻzlarining taqdirlarini oʻzgartiribgina qolmay, feodalizm tuzumining negizini parchalab yangi bir jamiyatga qadam qoʻyishi mumkin ekanini angladi [11:64-65].
Chor Rossiyasining hukmronligi natijasida mamlakatdagi ogʻir vaziyat tufayli 1905 yilda birinchi davlat toʻntarishi sodir boʻldi. Aynan bu toʻntarishdan xalqning maqsadi ijtimoiy hayotni demokratlashtirish, dvoryanlar ixtiyoridagi yer-mulkni olib, dehqonlarga boʻlib berish, sakkiz soatlik ish kunini joriy etish edi. Bu toʻntarishning dasturi bilan tanishgan Oʻrta Osiyo taraqqiyparvar ziyolilari tatar qardoshlari ortidan, jadidlar harakatiga kelib qoʻshildi [12:2887]. Shuningdek, boshqa davlatlarda boʻlgan toʻntarishlar, xususan, 1907 yildagi Eron burjua toʻntarishi, 1908 yildagi Turkiya burjua toʻntarishi Turkistonda jadidlar harakatining rasmiylashib kuchga kirishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ular xalq va jamiyat hayotini yaxshilashga, madaniy yuksaklikka olib chiqishga qaratilgan dasturni bajarishga kirishdi [3:36].
Turkistondagi jadidlik harakatining namoyandalari jamiyatni toʻntarish yoʻli bilan emas, balki ijtimoiy oʻzgarishlar, taʼlim va tarbiya usulidagi islohotlar yoʻli bilan rivojlantirishni oʻzlarining asosiy vazifasi deb bilgan. Ular oʻzlarining bu vazifasini ado etishda, faqat bir sinfga – yaʼni proletariatgagina tayanmagan. Umuman olganda, jadidlik jamiyat ahlini turli sinflarga boʻlib tashlash tarafdori boʻlmagan. Jadidlik harakati oʻzining faoliyatida, hatto qadimchilar bilan ham bitimli ittifoq tuzib, xalq va kelajak avlod manfaati yoʻlida kelishib ishlash lozimligini, yaʼni zamonaviy til bilan aytganda turli siyosiy qarashlarga ega boʻlgan xalqning tinch-totuvlikda yashashi va ishlashi gʻoyasini oʻrtaga tashlagan edi [13:1112].
Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining “muttahid” front tuzish gʻoyasini ilgari surar ekan: “Ulamo yoki ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz boy va avomimiz birlashib din, millat va Vatanning rivoji uchun xizmat etsak”, deb yozgan. Aynan jadidlarning muttahid front tuzishga intilganining boisi turli sharoitlar bilan izohlangan. Birinchidan avom ham, boylar ham, ulamo ham, ziyolilar ham chor hukumati tasarrufidagi mustamlakada siquvda boʻlgan kishilar edi. Shuningdek, Turkiston bozorlarida rus savdo va sanoat burjuaziyasi hukmron boʻlishi bilan mahalliy ishlab chiqaruvchi hunarmandlarning turli vakillari iqtisodiy jihatdan sina boshlagan edi. Boshqacharoq aytadigan boʻlsak, qaramlik va mustamlaka holatining azobini Turkistonning mahalliy boylari va savdogarlari ham seza boshladi. Bunday tarixiy sharoitda jadidlarning fikr-mulohazasiga koʻra, oddiy xalqning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-madaniy hayotini qanchalik yaxshilash zarur boʻlsa, chet el kapitalining iskanjasidan, mustamlakachilikning kishanlaridan ozod boʻlishning muhimligi ham shunchalik kechiktirib boʻlmas vazifalardan edi [3:37].
Turkistonda jadidlarning saʼy-harakati bilan 1906 yilda “Taraqqiy” deb nomlangan gazeta nashr ettirdi. Ular oʻzlarining ilgʻor gʻoyalarini shu gazeta orqali xalqqa tarqata boshladi. Buning natijasida esa oradan koʻp oʻtmay “Xurshid”, “Shuhrat” singari yangi gazetalar dunyo yuzini koʻrdi. Bu davrga kelib Turkistonning koʻplab shahar va qishloqlarida jadid maktablari bodroqdek ochildi va ularda diniy ilmlar bilan birgalikda dunyoviy ilmlar ham keng targʻib qilindi [14:92-97]. Dunyoviy ilmlarning taʼlimga kirib kelishi natijasida jadidlarning mavqeyida sezilarli oʻzgarishlar sodir boʻla boshladi. Ular nima haqida gapirishmasin hammasi yangi nafas, yangi gʻoya edi, bu vaqtda ishchilar sinfi ham, proletar mafkurasi ham yoʻq edi. Tabiatning birlamchi gʻoyasini ilgari suruvchi mafkurani deyarli hech kim tushunmas va bilmas edi, biladiganlar esa juda ozchilikni tashkil qilar edi [1:35].
Shuning uchun ham jadidlar harakatining yangi gʻoyalar bilan maydonga chiqishi oʻsha davrning ruhoniylariga, hukmron sinflariga qarshi tura oladigan madaniyatni yaratish, bir soʻz bilan aytganda, innovatsiya edi. Jadidlarning oʻz harakat dasturi boʻlgan va ular jamiyatning quyidagi masalalarini hal qilishga eʼtibor qaratgan edi:
- Diniy mutaassiblik iskanjasidan qutulish va fanatizmga qarshi kurash.
- Diniy aqidalarga asoslangan Oʻrta asr maktablarining oʻrniga dunyoviy fanlarni oʻrgatuvchi zamonaviy maktablarni ochish.
- Ona tilida zamonaviy ilmlarni oʻqitishga moslangan yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, feodal davrining maorif tizimini isloh qilish va kadrlar tizimini yangilash.
- Milliy ozodlik gʻoyalarini keng xalq ommasiga yetkazishda yangi oʻzbek adabiy tilini ishlab chiqish, matbuot erkinligi uchun kurashish, xalqqa tushunarli boʻlgan adabiyot va teatrni rivojlantirish.
- Xotin-qizlarni paranjidan chiqarish va jadid maktablariga qatnashlarini taʼminlash yoʻli bilan ularning taqdirini oʻzgartirish kabi islohotlar oʻtkazish.
- Ijtimoiy hayotda siyosiy va iqtisodiy jihatdan Turkiston xalqining boylari va savdogarlari bilan rus burjuaziyasining orasidagi tafovutni bartaraf etishga erishish.
Shu yoʻllar bilan Turkistonda mustamlakachilikka qarshi kurashish jarayoni bilan birgalikda innovatsion taʼlim-tarbiya masalalarini ham kiritish orqali dasturni amalga oshirish [3:55].
Jadidlarning bosh maqsadlaridan biri millat yoshlarini zamonaviy ilmdan bahramand etish boʻlgan. Jadidlar uchun ilm va maʼrifat yagona qurol edi. Jadidlar shu qurol yordami bilan oʻlkada ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyot uchun kurashmoqchi boʻlgan.
-
Shoira Kubayeva. Oʻyin biosotsial taraqqiyot fenomeni sifatida (ijtimoiy-falsafiy tahlil). Falsafa va hayot Filosofiya I JIZN. Philosophy and life. http://dx.doi.org/10.26739/2181-9505-2020-SI-5.
-
X.S.Ashurova. Political views of Behbudi and Turkestan jadids. International conference: “Mahmudkhodja Behbudiy and press of jadids” Published by Research Support Center Section 1: Journalistic legacy of Mahmudkhoja Behbudiy. https://doi.org/10.47100/conferences.v1i1.901. 49-54.
-
3. X.S.Ashurova. Jadidchilik gʻoyalarining vujudga kelish tarixiga oid falsafiy qarashlar. SamDU. Ilmiy axborotnoma. 2020. № 6.
-
Herman Vamberi. Maʼrifat yoʻlidagi uygʻonish.Tafakkur. 2000. 2-son.
-
D.Alimova. Jadidchilik harakatining ijtimoiy-siyosiy mohiyati va jadidlar tafakkuri. Jadidchilik: Islohat, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. –T.: Universitet. 1999.
-
B.Qosimov. Jadidchilik. Oʻzbek tili va adabiyoti. 1990. № 4.
-
R.Shamsutdinov. Jadidchilik: Haqiqat va uydirma. Muloqot. 1991. № 11.
-
Sh.M.Mirziyoyev. Zamon bilan hamnafas diyor. (Andijon viloyati saylovchilari vakillari bilan uchrashuvdagi nutq). Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. –T., Oʻzbekiston. 2017.
-
Mahmudxoʻja Behbudiy. Muhtaram yoshlargʻa murojaat. “Oyina”. 1914. 41-son.
-
Istiqlol qahramonlari: Ibrat, Siddiqiy Ajziy, Soʻfizoda tanlangan asarlar. –T., Maʼnaviyat, 1999. www.ziyouz.com kutubxonasi.
-
A.Shakuriy. “Jameul hikoyat”, – Samarqand, 1911.
-
1 M.Bozorov. Ideas Of Humanity In Central Asian Sufis. International Journal of Psychosocial Rehabilitation, Vol. 24, Issue 10, 2020, ISSN: 1475-7192/ 2887- 2892.
-
Martaba Melikova. Towards A Philosophical Analysis Of Alisher Navoiʻs Heritage. Jour of Adv Research in Dynamical & Control Systems, Vol. 12, Issue-06, 2020.
-
Sh.T.Kubaeva. Innovative mentality and thought in civilization development: as the driving force for economic growth// European Journal of Research. Vienna, Austria, №7-8 2018. – P. 92-97. (IMPACT FACTOR: 5.088 IFS 3,8/ UIF 2,7).