Home / MAQOLALAR / NAQSHBANDIYLIKNING SOʻFI OLLOHYOR TARMOGʻI
Мавлоно Муҳаммад Зоҳид мақбараси (Сурхондарё вилояти Олтинсой тумани Катта Вахшувор маҳалласи)

NAQSHBANDIYLIKNING SOʻFI OLLOHYOR TARMOGʻI

Keyingi paytlarda naqshbandiya tariqati namoyandalarining hayoti, faoliyati va silsilasi toʻgʻrisida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Oʻz navbatida har xil savollar yuzaga chiqmoqda. Bundan naqshbandiya va uning turli tarmoqlari hali ham mukammal oʻrganilmagani va tadqiqot uchun koʻplab muammolar borligi ayonlashadi.

Avvalo mazkur tariqatning silsila va nasl-nasab zanjiriga eʼtibor qaratsak. Odatda tariqat silsilasi choriyorlardan biri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga borib ulanadi. Turli manbalarda, silsila bilan bogʻliq hujjatlarda hamda shajara va nasabnomalarda ustoz-shogirdlik silsilasi, nasl-nasab zanjiri turlicha shaklda berilgan. Bu oʻz-oʻzidan savollar paydo boʻlishiga olib kelgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali orqali toʻrt silsila zanjiri musulmon dunyosi boʻylab yoyilgan. Bunday bogʻlanish tasavvuf tariqatlarining negizi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga borib taqalishidan dalolat beradi. Manbalarda tariqat silsilalari Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolibdan boshlanishi aytiladi [3: – 9b varaq]. Tariqat silsilasi muayyan sulukning eng ishonchli tomonlaridan biri sanaladi. Silsila – muayyan tariqatning oʻz shayxi yoki piri orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan hasabnomasi, yaʼni ustoz-shogirdlik shajarasidir. Silsilaga kiruvchi shayxlar uchun tariqat asoslarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan naql qilishda xizmat qilgan [9: – B. 20].

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning silsilai maʼnaviylari Abu Bakr Siddiq orqali shayx Yusuf Hamadoniygacha yetib kelgach, uni muarrixlar “silsilai siddiqiya”, deb yuritgan. Shayx Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha yetib kelgan silsila “xojagon-naqshbandiya” deyilgan, Xoja Ahror Valiydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya” nomini olgan.

Oʻzbekistonlik va xorijlik olimlar naqshbandiya tariqati murshidlari hayoti va faoliyatini oʻrganishda koʻplab tadqiqot olib borgan.

Bahouddin Naqshband asoslagan naqshbandiya tariqati, uning vafoti (791/1389 yil)dan keyin Alouddin Attor (vaf. 802/1400) orqali Surxondaryo hududiga yetib boradi. Alouddin Attorning ilmiy-maʼnaviy faoliyati sababli, tariqatning birinchi va yangi markazi vujudga keladi.

Undan keyin tariqat masnadiga oʻtirgan Yaʼqub Charxiy (vaf. 851/1447) 40 yildan koʻproq vaqt mobaynida naqshbandiya tariqatining murshidi boʻlib, silsilaning rivojlanishiga xizmat qiladi. Uning vafotidan soʻng irshod masnadiga Xoja Ubaydulloh keladi.

Xoja Ubaydulloh Mahmudxoja oʻgʻli – Ahror Valiy (806/1404-895/1490) naqshbandiya silsilasini Hisordan (Yaʼqub Charxiy orqali) Samarqandga olib keladi. Keyinchalik uning shogirdlaridan biri Mavlono Zohid Vaxshuvoriy silsilani hozirgi Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi Vaxshuvorga olib borib, tariqatni vafoti (936/1529 yil)ga qadar yuritadi. Odamlarni tariqat sir-sinoatlaridan bahramand etadi.

Mavlono Zohid Vaxshuvoriy haqida “Ilmiya” [Maxdumi Aʼzam Dahbediy], “Nasimatul quds” [Muhammad Hoshim Kishimiy], “Taʼrifi avliyo” [Xurshid Ahmad], “Silsilai sharif” [Muhammad Haydar], “Tuhfatuz zoyirin” [Nosiriddin Buxoriy], “Oltinsoyda Vaxshivor bor” [Xurram Hamdamov], “Vaxshuvor” [Abdusattor Jumanazarov], “Soʻfi Ollohyor va Islom shayx tarixi” [Muallif] kabi manba va risolalarda maʼlumotlar bor. Shuningdek, uning tarixi toʻgʻrisida shu vaqtgacha maʼlum boʻlmagan maʼlumotlarni ham uchratish mumkin.

 Naqshbandiya silsilasi nafaqat Movarounnahr hududi, balki Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, Rum va Misrgacha, boshqa tomondan Xitoy va Hindistongacha yetib borgan. Samarqand qozikaloni tarixchi Abu Tohir xoja “Samariya” kitobida: “Xoja Ahrorning oʻziga jalb qiluvchi ohanrabosi shu darajada kuchli ediki, uning shirinsuxan suhbatlari umrbod esga qolardi”, deb aytgani ham dunyo tasavvuf taʼlimotida uning maʼnaviy mavqei yuqori boʻlganidan dalolat beradi.

Xoja Ahror Valiydan shogirdi Mavlono Muhammad Qozi orqali Maxdumi Aʼzam Dahbediydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya-dahbediya” yoki shogirdi Mavlono Zohid Vaxshuvoriy orqali imom Ahmad Sirhindiydan (971/1564-1034/1624) boshlab “naqshbandiya-ahroriya-mujaddidiya” kabi turli tarmoqlar shakllangan.

Ahmad Sirhindiydan keyin masnadga oʻtirgan Muhammad Miyon Maʼsum (1007/1599-1078/1668) shogirdi Hoji Habibulloh Buxoriy (vaf. 1111/1699) orqali Hindistondan Buxoroga keladi. Natijada Buxoro shahri yana tariqat markazlaridan biriga aylanadi.

Hoji Habibulloh Buxoriyning shogirdi Soʻfi Navroʻz Shahrisabziy vositasida tariqat silsilasi Kitob (Qashqadaryo)ga olib boriladi. Endilikda silsilaning yangi markazi Katlos (Kitob) boʻladi.

Shu  tariqa dunyo boʻylab aylangan naqshbandiya silsilasida Soʻfi Navroʻz Shahrsabziydan soʻng tariqat masnadiga Soʻfi Ollohyor keladi. U silsilani dastlab Kitobdan Samarqand (hozirgi Nurobod tumanidagi Choʻnqaymish)ga olib borib, tariqatning yangi markaziga asos soladi.

Soʻfi Ollohyor faoliyati davomida toʻrt masjid, toʻrt xonaqoh [Kattaqoʻrgʻon, Onaziyorat, Choʻnqaymish va Vaxshuvorda joylashgan], ikki madrasa va bir necha hovuz qurdiradi. Taʼlim-tarbiya ishlariga homiylik qiladi, tasavvuf, fiqh va aqidaga oid darsliklar yozadi.

Bu davrda “qozi-rais” deb ataluvchi mansabdor shaxslar ota-onalarning farzandlarini maktabga berishini nazorat qilib turgan [8: – B. 33-34]. Oʻquvchilarning darslarga uzluksiz qatnashishini taʼminlash maqsadida davomat qattiq nazoratga olingan. Jumladan, oʻquvchi sababsiz dars qoldirsa, oʻqituvchi boshqa bir talabani yuborgan va shunda ham darsga kelmasa, otasini xabardor qilgan [8: – B. 54]. Soʻfi Ollohyorning Choʻnqaymish mavzesida tashkil etgan madrasasida taʼlim olgan talabalar sababsiz ikki oyu oʻn kun dars qoldirsa, madrasa mutavalliysi uning oʻrniga yangi talaba olishi mumkinligi alohida taʼkidlangan [11: – 4 varaq ].

Choʻnqaymishdagi Soʻfi Ollohyor avlodlari qabrtoshlaridan bitiklar oʻrganildi. Epigrafik maʼlumotlar tarjima qilindi [Bu maʼlumotni B.Karmыsheva, I.Suvonqulov va A.Jumanazarov taqdim etgan]. Toshlar oʻrnashgan joyiga koʻra raqamlab chiqildi.

Qabrtoshlardagi maʼlumotlarga koʻra, Eshon Soʻfi Ollohyorning oʻgʻli Muhammad Sodiq 1180/1766 yilda, qizi Bibi Oisha esa 1174/1760 yilda vafot etgan. Shuningdek, Ulugʻ Oy binti Muhammad [Sodiq] ismi ham aniqlandi.

Soʻfi Ollohyor dastlab ustozi shayx Soʻfi Navroʻz vafotiga qadar Katlosda, 1702 yilgacha Kattaqoʻrgʻonda, 1712 yil oxiriga dovur Choʻnqaymish-Onaziyoratda istiqomat qilgan. 1713 yildan keyingi umrini Hisorda, Mavlono Zohid Vaxshuvoriy ostonasida oʻtkazgan. Bu yerda u masjid, xonaqoh va goʻzal bir bogʻ barpo qiladi [6: – 158a varaq ]. 1724 yili shu yerda vafot etadi.

Xulosa oʻrnida Alouddin Attor, Mavlono Zohid va Soʻfi Ollohyor naqshbandiya tariqatining eng buyuk murshidlaridan ekani, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy jabhalarda katta iz qoldirib, oʻz davrida shuhrati dunyoga taralgan. Ularning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmatlaridan biri naqshbandiya silsilasini islom olamidagi eng ulugʻ silsilalardan biriga aylantirganidir. Shu tariqa Markaziy Osiyoda naqshbandiya silsilasi keng hudud boʻylab yoyilishi va yetakchi oʻringa chiqishida mazkur allomalar munosib oʻrin tutgani oydinlashdi.

Naqshbandiya silsilasining zabardast vakillari boʻlgan bu uch alloma:

Alouddin Attor 1389 yildan 1400 yilgacha;

Mavlono Zohid Vaxshuvoriy 1490 yildan 1529 yilgacha;

Soʻfi Ollohyor 1702-1712 yildan 1724 yilgacha tariqat masnadida silsilaning uzviy davom etishiga ulkan hissa qoʻshgan. Tariqatning yangidan-yangi markazlari shakllanishiga xizmat qilgan.

Tariqat silsilasi dastlab Buxorodan kelgani inobatga olinsa, zamonlar aylanib Kitob orqali Hindistonga, u yerdan movarounnahrlik mutasavviflar vositasida Buxoroga olib kelingani ayonlashadi. Keyin yana Kitob orqali Samarqand va Surxondaryoga borgan tariqat silsilasi taraqqiy etgani maʼlum boʻladi.

1389 yildan 1724 yilgacha, yaʼni 335 yil oraligʻida, taxminan 70 yildan koʻproq vaqt davomida tariqatning maʼnaviy markazi boʻlgan Surxondaryo va u yerdagi naqshbandiya silsilasi tarixi ilm ahlini yanada kengroq izlanish va tadqiqotlarga chorlamoqda.

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar roʻyxati
  1. Abu Tohir xoja. Samariya. Tahrir hayʼati: B. Ahmedov va boshq. – T.: Kamalak, 1991. – 81 b.
  2. Abd al-Qodir ibn Muhammad-Amin. Madjma al-ansob val-ashdjar. Arab, fors va turkchadan tarjimonlar Vohidova Sh.X., Muminova A.K., Aminova B.B. – Almatы. 2005. – 692 s.
  3. Anonim. Qoʻlyozma, fors tilida. IBXITM manbalar xazinasi, inv. №52.
  4. Karimov E. Xoʻja Ahror (hayoti va faoliyati). – T.: Maʼnaviyat, 2003. – 43 b.
  5. Kattayev K. Tasavvuf allomalari. – T.: Gʻafur Gʻulom, 2017. – 320 b.
  6. Mirzo Maqsud Dahbediy. Ravoyihul quds. Qoʻlyozma, fors tili, nastaʼliq. 215 varaq. 1850. Komilxon Kattayev shaxsiy kutubxonasi. №7.
  7. Mir Husayn. Mahozinut taqvo. Qoʻlyozma. OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi inv. № 51 (312 varaq); 2773 (409 varaq, 1215/1800).
  8. Solijonova G.F. Turkistonda oʻqitish-maʼrifatchilik oʻchoqlari, ularning ijtimoiy ahamiyati (XIX asr oxiri-XX asr boshlari). Tar. fan. nom. … dis. – Toshkent, 1998.
  9. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Naqshbandiya: vazifalar, zikrlar. – T.: Hilol-Nashr, 2019. 160 b.
  10. OʻzMA Samarqand viloyat boʻlimi (18), 1-roʻyxat, 9828-ish.

 

Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …