Joriy yil 28 sentyabr kuni Toshkent shahridagi “Simpoziumlar saroyi”da Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari ishtirokida oʻzaro muloqot boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joizki, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari soʻnggi yillarda ijobiy surʼat kasb etib, oʻzaro hamkorlik aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Muloqotda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyeving shu yil 17-18 avgust kunlari ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan Saudiya Arabistoniga borishi hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga koʻtarishga xizmat qilayotgani, eng muhimi, ikki xalq oʻrtasidagi koʻp yillik doʻstlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar koʻlamini yanada kengayganini alohida qayd etdi.
Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar–Rabia ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi muzokaralari qarashlarning mushtarakligini namoyon etganini qayd etdi. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-maʼrifiy va turizm kabi sohalardagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga katta urgʻu qaraganlariga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, Vazir janoblari muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning hadis borasida qilgan xizmatlarini yuksak qadrlanishini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari haj va umra qiluvchi kishilar Alloh taoloning mehmonlari ekani, ularga koʻmak bergan, ogʻirini yengil qilgan inson ulugʻ savobga noil boʻlishini bayon etdi. Haj ziyoratchilari soni joriy yilda 12 000 nafardan, umra qiluvchilar soni esa 40 ming nafardan oshganini alohida qaytdi.
Muftiy hazratlari haj va umra qiluvchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, ibodat qilishlari uchun Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida yanada qulay sharoitlarni hozirlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar oʻtkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolarini Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratlarini tashkil etish kabilar borasidagi bir qator amaliy taklif va fikr-mulohazalarni taqdim etdi.
Muzokaralarda Saudiya Arabistonida “Nigoh – 2030” davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ikki mamlakatning koʻp yondashuvlari oʻxshashligi va xalqaro doirada bir-birini doim qoʻllab-quvvatlab kelayotgani eʼtirof etildi.
Uchrashuvda mana shunday hamkorliklarga zamin hozirlagan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari, Ikki Muqaddas Masjid xodimi Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud hazrati oliylari va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon janobi oliylariga minnatdorlik bildirildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston diniy-maʼrifiy, tarixiy va madaniy aloqalarga ega boʻlgan Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyat va salohiyatga ega ekani qayd etildi.
Muloqotda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita oʻrtasida Memorandum tuzish masalasi koʻrib chiqildi.
Saudiya Arabistoni delegatsiyasi vakillari mamlakatimizga tashrifi davomida bir qator manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazish, taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizdagi muborak qadamjolarni ziyorat qilish reja qilingan.