Home / ALLOMALAR / BUYUK FAQIH, BЕNAZIR OLIM VA MASHHUR MUFASSIR

BUYUK FAQIH, BЕNAZIR OLIM VA MASHHUR MUFASSIR

Oʻzbekiston qadimdan ulugʻ allomalari, buyuk mutafakkirlari bilan butun jahonga mashhur boʻlgan. Yurtimizda har bir sohada yetishib chiqqan olimlar dunyo tamadduniga benazir hissa qoʻshishgan. Buning natijasida oʻrta asrlarda uygʻonish davri, yaʼni Sharq renassansi vujudga kelgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, deya taʼkidladi.[1]

Haqiqatan, koʻhna Sharq, xususan, bizning zamin buyuk mutafakkirlari, allomalari amalga oshirgan ulkan kashfiyotlar tufayli katta shuhrat qozongan. Ularning ilm va kashfiyotlari, maʼnaviy va madaniy merosi hozirga qadar oʻz ahamiyatini saqlab qolgan.

Ana shunday allomalardan biri Abu Lays Samarqandiydir. Mashhur faqih va mutakallim olimning toʻliq ismi – Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy boʻlib, “Abu Lays” kunyasi bilan mashhur boʻlgan. “Abu Lays”, yaʼni sherning otasi[2] kunyasi bilan mashhur boʻlishiga sabab sifatida sherdek bahodir, jasur, dovyurak, shijoatli boʻlgan.[3]

Allomaning tugʻilgan yili aniq emas. Shu bois uning “Uyun al-masoil” asarini tahqiq qilgan Sayyid Muhammad Muhanniy olimning tavallud sanasi haqida aniq maʼlumot keltirmagan.[4]  Turkiyada chop etilgan islom ensiklopediyasida ham Abu Lays Samarqandiyning tavallud sanasi keltirilmagan.[5]  Internet saytlarida ham olimning tugʻilgan yili aniq koʻrsatilmasdan,[6] balki X asrda tavallud topgani keltiriladi.[7]

Lekin ayrim tadqiqotchilar Abu Lays Samarqandiyning 298/911 yili Samarqandda tugʻilib, 375/985 yil shu yerda vafot etgani, olim umri davomida tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, zuhd boʻyicha ilmiy faoliyat yuritib, koʻplab asarlar yozganini keltiradi.[8]

Boshqa tarixchilar esa u kishi, taxminan, 301–310 hijriy yillar oraligʻida tavallud topganini aytishadi. Abu Lays Samarqandiyning tavallud sanasi aniq emasligiga asosiy sabab sifatida oʻsha paytda odamlarning dunyoga kelish sanasini aniq qayd etish urf boʻlmaganini aytish mumkin.

Allomaning tugʻilgan sanasi aniq boʻlmagani kabi, vafoti toʻgʻrisida ham turli maʼlumotlar bor. Dovudiy oʻzining “Tobaqot al-mufassiriyn” asarida u kishi 393 hijriy sananing 11 Jumadul avval tunida vafot etgan degan.[9]  “Tobaqot as-saniyya fi tarojim al-hanafiyya” asarida 383 yilning 3-sanasida deyilgan. “Toj at-tarojim”da esa 375 hijriy yil qayd etilgan boʻlsa,[10] “Javahir al-maziyya”da 373 yilning 3-kuni deyilgan.[11]

“Kashf az-zunun”da Hoji Xalifa Abu Lays 376 yoki 383 yoki 393 hijriy yillarning birida vafot etganini aytadi.[12] “Tarix at-turos al-arobiy”da uning vafoti 373 yil ekani, 375 va 393 degan soʻzlar ham borligi keltiriladi.[13]

“Al-ansob” asari muallifi Abu Saʼid Abdulkarim Samʼoniy (1113–1167) alloma haqida birinchi boʻlib maʼlumot bergan. Uning yozishicha, “Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Tuziy Abu Hanifa mazhabidagi faqihlardan boʻlgan. Bahs-munozaralarda mashhur boʻlgan. Samarqandda yashagan va shu yerda vafot etgan. Ustozi Abu Ibrohim Termiziy boʻlib, undan hadis rivoyat qilgan. Shogirdi Muhammad ibn Muhammad ibn Said Samarqandiy Navoiy boʻlgan”.[14]

Allomaning hayoti va ilmiy faoliyati haqida koʻplab olimlar oʻz asarlarida maʼlumotlar keltirishgan.[15]

Abu Lays Samarqandiy yozgan asarlar Andalusiyadan Indoneziyagacha keng tarqalib,[16] asrlar davomida moʻmin-musulmonlarning tafsir, aqida, hadis, fiqh borasidagi ilmlari yanada yuksalishiga, eng muhimi, hanafiy mazhabining keng tarqalishiga xizmat qilgan.

Abu Lays Samarqandiy dastlabki bilimlarni otasi Muhammad ibn Ibrohim Tuziydan oʻrganadi. Muhammad ibn Ibrohim Tuziy zamonasining faqih ulamolaridan boʻlgan.[17]

Abu Lays Samarqandiyning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari boʻlib, ularning koʻpchilik silsilasi Imomi Aʼzam Noʻmon ibn Sobit Abu Hanifa (699–767), Abu Yusuf (731–798), Muhammad ibn Hasanga (749–805) borib taqaladi.

Alloma koʻplab asarlar yozgan. Xususan, tafsir borasida “Bahr al-ulum” (Ilmlar dengizi) nomli uch jildli kitob yozgan. Fiqh borasida “Xizonat al-fiqh” (Fiqh xazinasi) “Uyun al-masoil”, (Masalalarning sarchashmalari), “Muqaddima Abu Lays fis-solat”, (Namoz muqaddimasi), “An-navozil fil fatovo” (Fatvolar haqida kitob), “Taʼsis an-nazoir al-fiqhiyya”, “Al-Mabsut fi furuʼil fiqh al-Hanafiy”, “An-Navodirul muqayyida” (Fiqhning nozik masalalari haqida), “Sharh al-jomiʼul kabir” va “Sharh al-jomeʼus sagʻir”. (Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning kitoblariga sharh yozganlar), “Muqaddima fi bayoni al-kaboir vas-sagʻoir”, “Fatovo Abu Lays” asarlar yozgan.

Aqoid borasida ham “Kitob muxtalif ar-rivoya” (Turli rivoyatlar haqida kitob), “Kitob bayon aqoid al-usul” (Din asoslari qoidalari bayoni kitobi), “Kitob asror al-vahiy” (Vahiy sirlari kitobi) asarlar taʼlif etgan.

Olimning 30 ga yaqin asari bizgacha yetib kelgan.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan maʼlum boʻladiki, Abu Lays Samarqandiy tafsir, hadis, aqida, tibbiyot, falsafa va tarix sohalaridan koʻra koʻproq islom huquqshunosligiga oid asarlar yozgan.

Allomaning fiqhga oid 11 ta asari bor. Shu bois Abu Lays Samarqandiy nomiga “Al-faqih”, yaʼni tengi yoʻq faqih laqabi qoʻshib aytiladi. Laqabdagi “al” artikli uning fiqh borasida zamondoshlaridan hech kim tenglasha olmaydigan darajaga erishganiga dalolat qiladi.

Abu Lays Samarqandiyning biz oʻrganayotgan “Uyun al-masoil” asari islom huquqshunosligida hanafiy mazhabi asosida yozilgan muhim manba boʻlib, 230 sahifadan iborat. Asarda islom shariatining asosiy arkonlari, hukmlar, qoidalar, muomalalar bayon etilgan.

Barcha fiqh kitoblarida boʻlgani kabi alloma Abu Lays Samarqanday ham “Uyun al-masoil” asarini tahorat bobi bilan boshlab, namoz, roʻza, zakot, haj, nikoh, taloq, savdo, qasam, kafforat va muomalalar boblarini keltiradi.

Bu asarning ahamiyati shundaki, unda islom huquqshunosligiga oid mavzular aniq, loʻnda va tushunarli tarzda keltirilgan. Shu bilan birga, asarda har bir mavzu boʻyicha Movarounnahrga xos fatvolar ham bayon etilgani asarning qiymatini yanada oshirgan.

Ayni paytda ushbu asar oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. “Uyun al-masoil” asari oʻzbek tiliga tarjima qilingach, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun muhim qoʻllanma va darslik boʻladi, degan umiddamiz.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar
  1. Abu Lays Samarqandiy. Uyun al-masoil. – Dorul kutubil ilmiyya, Bayrut, 1998 y. – B. 7.
  2. Islam ansiklopedisi. – Istanbul, 1988 yil, Cilt 36, S 473.
  3. Brokkelman. K. GAL I, 196; Sezgin F. GAS, I. S – 445-450; Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiy. – T.: TIU. 2011. – B. 5; Zirikliy. Al-aʼlom. J. 8. – Bayrut: Doru-l-ilm li-l-malayin, 2002. – B. 27.
  4. Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiy. – T.: TIU, 2011. – B. 6-7.
  5. Samʼoniy. Al-ansob. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1998. – B. 515.
  6. Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiy. – T.: TIU. 2011. – B. 7-8.
  7. Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. Uvatov U. Abu-l-lays as-Samarqandiy. – T.: Maʼnaviyat, 2010 – B. 79-80.
  8. Luays Maʼluf. Al-Munjid fil lugʻa. – Bayrut, Dorul mashriq, 1986 y. – B. 741.
  9. An-Naʻym. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003 y. – B. 766.
[2] Luays Maʼluf. Al-Munjid fil lugʻa. – Bayrut, Dorul mashriq, 1986 y. – B. 741.
[3]An-Naʻym. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003 y. – B. 766.
[4]Abu Lays Samarqandiy. Uyun al-masoil. – Dorul kutubil ilmiyya, Bayrut, 1998 y. – B. 7.
[5]Islam ansiklopedisi. – Istanbul, 1988 yil, Cilt 36, S 473. 
[6] https://ru.wikipedia.org/wiki.
[7] https://ar.wikipedia.org/wiki.
[8] Brokkelman. K. GAL I, 196;  Sezgin F. GAS, I. S – 445-450; Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiy. – T.: TIU. 2011. – B. 5; Zirikliy. Al-aʼlom. J. 8. – Bayrut: Doru-l-ilm li-l-malayin, 2002. – B. 27.
[9]  Abdullayev A. Abu LaysSamarqandiy. – T.: TIU, 2011. – B. 6-7.
[10]Samʼoniy. Al-ansob. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1998. –B. 515. 
[11] Abdullayev A. Abu LaysSamarqandiy. – T.: TIU. 2011. – B. 7-8.
[12] Oʻsha asar. – B. 9–10.
[13] Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. Uvatov U. Abu-l-lays as-Samarqandiy. – T.:  Maʼnaviyat, 2010 – B. 79-80.
[14] Samʼoniy. Al-ansob. – Bayrut: Doru-l-fikr, 1998. – B. 515.
[15] AbdulqodirQurashiy. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. J:3 S:544;Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. An asom al-kutubva al-funun: – Istanbul: 1360-62/1941-43. J:2 S:1187;Dovudiy. Tobaqot al-mufassiriyn. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 1983. J:2 S:245;XayriddinZirikli. Al-Aʼlam. – Bayrut: Dar al-ilm lil-malayiyn, 2002. J:8 S:347.
[16] Islam ansiklopedisi. – Istanbul, 1988 yil, Cilt 36, S 473. 
[17] Samʼoniy. Al-ansob. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1998. –B. 515. 
Tolibjon NIZOMOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
 “Islomshunoslik va Islom sivilizatsiyasini oʻrganish – ICESCO”
 kafedrasi 2-bosqich tayanch doktoranti

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …