Shu mavzudagi avvalgi maqolada aytilganidek, Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari hadis ilmidagi taʼlim jarayoniga bagʻishlangan muhim manba hisoblanadi.
Allomaning ushbu kitobdagi uslubi quyidagilardan iborat:
Birinchidan, asar qismlarga: muqaddima, kirish va uch faslga taqsim qilingan.
- muqaddimada kitobni taʼlif qilish sabablari keltirilgan;
- kirish qismida tolibi ilm odoblarining ahamiyati bayon qilingan;
- birinchi faslda “mumliy” (hadis rivoyat qiluvchi)ning odoblari bayon etilgan;
- ikkinchi faslda “mustamliy” (rivoyatni yozuvchi)ning hadisni qanday qabul qilib olishi yoritilgan;
- uchinchi faslda kitob yozuvchining odobi bayon etilgan. Ushbu faslning xotimasida yozish va uning predmetlari (qalam, siyoh kabilar) bilan ishlash odoblari keltirilgan.
Ikkinchidan, muqaddimada aytilganidek, talabalarga oʻqish va yodlashi oson boʻlishi uchun asar muxtasar (qisqaroq) qilingan.
Uchinchidan, koʻp oʻrinlarda Qurʼoni karim oyatlaridan dalillar keltirilgan.
Oyatlarga aloqador odoblar kelganda, tegishli oyatlardan dalillar keltirilgan. Masalan, biror joyga bormoqchi boʻlgan kishi yoʻlga chiqqan paytda nimalarga amal qilishi lozimligi quyidagicha yozilgan:
“Kishi majlisga borayotgan boʻlsa, ohista yursin. Alloh taolo: “Rahmonning (suyukli) bandalari yerda ohista yuradigan, johil kimsalar (bemaʼni) soʻz qotganda, “Salomatlik boʻlsin!” deb javob qiladigan kishilardir”[1], deydi”.
Toʻrtinchidan, koʻp oʻrinlarda dalil sifatida hadislardan ham foydalanilgan.
Beshinchidan, mos oyat yoki hadis topilmagan oʻrinlarda salafi solihlarning soʻzlari keltirilgan.
Oltinchidan, ilmga daʼvat qilishni nazarda tutuvchi sheʼrlar keltirilgan.
Yettinchidan, hadislar, xabarlar va sheʼrlarni sanadlari bilan keltirishni oʻziga lozim tutgan.
Sakkizinchidan, isnoddagi illatlar sababini bayon qilgan.
Toʻqqizinchidan, hadisning foydasini oshirish uchun uni har xil isnodlar bilan keltirgan. Yaʼni, hadisni mustahkamlash uchun takror yozgan.
Masalan, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan “Umar ibn Xattob Abu Bakrga: “Biz senga bayʼat qildik. Sen bizning sayyidimizsan”, dedi” hadisini quvvatlash uchun quyidagi sanadlarni keltirgan:
“Bizga Abu Mansur Muzaffar ibn Ahmad Irbiliy va Abu Bakr Muhammad ibn Qosim xabar qildi: “Bizga Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Hoshimiy xabar qildi: “Bizga Abu Bakr Muhammad ibn Varroq xabar qildi: “Bizga Abu Bakr ibn Sirriy Tammor soʻzlab berdi: “Bizga Abu Abdulloh Gʻulom Xallol soʻzlab berdi: “Bizga Muhammad ibn Ismoil ibn Abdulloh hadisni Sulaymon ibn Biloldan rivoyat qildi, u Hishom ibn Urvadan, u otasidan, u Oisha roziyallohu anhodan soʻzlab berdi”.
Bu yerda Abu Abdulloh Xallol zaifdir. Shu sababli quyidagi boshqa isnodni keltirgan:
“Bizga Abulkarim Nasrulloh ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muxlid Azdiy xabar qildi: “Bizga Qozi Abu Timom Ali ibn Muhammad Vositiy xabar qildi: “Bizga Abul Fazl Ubaydulloh ibn Abdurahmon Zuhriy xabar qildi: “Bizga Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdulaziz Bagʻaviy soʻzlab berdi: “Bizga Ibrohim ibn Said Tabariy soʻzlab berdi: Ismoil ibn Abu Uvays bizga Sulaymon ibn Biloldan rivoyat qildi, u Hishom ibn Urvadan rivoyat qildi”.
Shu tariqa Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadis toʻgʻrilangan va quvvatlantirilgan.
Kitobning manbalari:
Abdulkarim Samʼoniy “Adabul imlo val istimlo” asarini tasnif etishda koʻplab manbalardan foydalangan. Ulardan baʼzilarini keltirib oʻtamiz:
- Ahmad ibn Husayn ibn Aliy Bayhaqiy – “Al-odob”, “As-sunanul kubro” va “Al-madxalus sunanul kubro”.
- Ahmad ibn Shuayb Nasoiy – “Sunani Nasoiy” va “Amalul yavm val layl”.
- Ahmad ibn Abdulloh Asbahoniy – “Hilyatul avliyo”.
- Ahmad ibn Ali ibn Sobit Abu Bakr Xatib Bagʻdodiy – “Tarixi Bagʻdod”, “Sharafi asʼhobul hadis” va “Al-jomiʼ liy axloqir roviy va adabus somiʼ”.
- Ahmad ibn Ali ibn Musanno Abu Yaʼlo Mavsiliy – “Al-musnad”.
- Ahmad ibn Ali Murhibiyning “Al-ilm” asari;
- Ahmad ibn Muhammad ibn Ziyod Aʼrobiy – “Moʻjamush shuyux”.
- Ahmad ibn Marvon Molikiy Diynavariy – “Al-mujalisa”.
- Ahmad ibn Muso Abu Bakr ibn Marduya – “Tarixi Asbahon”.
- Muhammad ibn Idris Shofiʼiy – “Ar-risola” va “Musnadi Shofiʼiy”.
- Muhammad ibn Ismoil Buxoriy – “Al-jomiʼus sahih”.
- Ibn Hibbon – “Ravzatul uqalo va nazhatul fuzalo”.
- Muhammad ibn Iso Termiziy – “Al-jomiʼus sahih” asari va boshqalar.
Kitobning ahamiyati:
- kitobning saqlanib qolgan. Asar muallifi taniqli imom boʻlib, butun hayotini ilm va uning tahsiliga bagʻishlagan. Koʻplab asarlari yoʻqolib ketgan boʻlib, juda kam qismi saqlanib qolgan. Ushbu biz oʻrganayotgan kitob oʻshalardan biridir.
- kitob zikr qilingan har bir marfuʼ hadisni barcha sanadlari bilan qamrab olgan. Bu esa hadis maʼnolarining quvvatli ekanini tasdiqlab, foydalarining koʻpligini taʼminlab beradi;
- muallif asardagi mavzularga xos xabar va sheʼrlar ham rivoyat qilingan. Bu tolibi ilmlarga tushunishi qiyin boʻlgan oʻrinlarni oʻzlashtirishda yengillik beradi;
- kitob tolibi ilm va uning ustozi oʻrtasidagi munosabatlarni bayon qiladi. Bu munosabatlar Alloh taoloning nazari asosiga quriladi va musulmonni oʻz birodariga munosabati, ustoziga hurmati islomiy odobga koʻra qaror toptiriladi;
- ushbu asar Samʼoniy davrida kitobat ishlari kamolga yetganining tasdigʻi boʻlib, boʻlimlarga boʻlib tartibga solishning yuksak namunasi hisoblanadi;
- asardan Samʼoniy davrida taʼlim berish odoblari haqida maʼlumot olish mumkin. Unda talaba va ustozning huquqlari, oʻqitish predmetlari (anjomlari), savollarga javob berish jarayonlari batafsil bayon qilingan;
- kitob sunnati nabaviyadagi shubhalarga barham beradi va hadisni bayon qilish yoʻllarini ochib beradi;
- asar hozirgi kungacha yetib kelmagan kitoblar haqida maʼlumot beradi. Masalan, Samʼoniyning “Tirozuz zahab”, Abu Umar Muhammad Navqoniyning “Kitob”, Abu Bakr Ahmad ibn Muso ibn Marduyaning “Al-ilm”, Ahmad ibn Muhammad Bashoriyning “Qolʼul osor minas siyob”, Abdurahmon ibn Usmon Tamimiyning “Musnadi Ali ibn Abu Tolib” kabi asarlari haqida koʻpgina foydali gaplar aytib oʻtilgan.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, Samʼoniy bu kitobni muayyan bir sohaga xoslanmagan turli asarlardagi maʼlumotlardan jamlagan. Masalan, hadis, lugʻat, tarix, rijol, odob va boshqa yoʻnalishlarda yozilgan kitoblardan tuzgan. Asarini faqat bitta mavzuga bagʻishlangan, yaʼni, muhaddis bilan tolibning odobi va yozish uchun kerak boʻlgan predmetlarni bayon qilgan.