Maʼlumki, Qurʼoni karim arab tilida nozil boʻlgan. Boshqa tillar qatori uning ham oʻziga xos qonun-qoida va uslublari mavjud. Islom dini vujudga kelgan ilk davrdan boshlab, ulamolar bu tilni oʻrganishga qattiq eʼtibor berganlar. Chunki usiz islomning ikki asosiy manbasi boʻlmish Qurʼoni karim va hadisi shariflarning mazmun-mohiyati va maqsadini anglab yetish imkonsiz.
Imom Moturidiy bu dinning buyuk dargʻalaridan biri boʻlib, ilm-fanning turli sohasi, xususan, kalom va tafsir ilmi boʻyicha ijtihod olib borgan dastlabki olimlardan biridir. Imom Moturidiyning vafotidan soʻng moturidiylik mazhabi uning yoʻli va uslubi asosida harakatlandi. Zero, u oʻz qarashlarini isbotlash, bu dinni nazariy jihatdan himoya qilishda har xil dalillardan foydalandi. Imom Moturidiy kalom va tafsir ilmida yetuk olim boʻlishi bilan birga arab tilshunosiligida ham chuqur bilim egasi boʻlgan. Shuning uchun u oʻz asarlarida, xususan, “Taʼvilotul-Qurʼon”da maʼlum bir masalalarni isbotlash asnosida til bilan bogʻliq dalillardan keng miqyosda va turli koʻrinishlarda foydalanganini, arab tiliga tayangan holda ularni muvaffaqiyat bilan yoritib berganini koʻramiz.
Imom Moturidiy arab tili bilan bogʻliq dalillardan foydalanar ekan, tilshunos olimlar umumidan, ayniqsa, bu sohaning dongdor shaxslaridan ham dalillar keltiradi. Jumladan, u: قال أهل اللغة [qola ahlul lugʻati] – “lugʻat olimlari dedi”, قال أهل اللسان [qola ahlul lison] – “tilshunoslar dedi”, قال أهل المعاني [qola ahlul maʼoniy] – “ilmul maoniy (ritorika) olimlari dedi” kabi iboralarni ishlatadi. “Nabaʼ” surasining 9-oyatidagi “سباتا” [subaatan] leksik birligi borasida Imom Moturidiy tilshunos olimlarning turli xil fikrlarini zikr qilib bunday degan: “”السُّبَاتُ” [as-subaat] – choʻzilish, uzayish degan maʼnodadir, deyilgan[1]. Yana bir tafsirda “السُّبَاتُ” [as-subaat]ni mutlaq harakatsiz holatdagi uyqu, deyilgan. Shuning uchun ham oʻlik singari uxlab yotgan kishiga nisbatan (arab tilida) “مَسْبُوتٌ”– [masbuut][2] deb aytiladi. Yana bir taʼvilda shunday deyilgan: “السُّبَاتُ” [as-subaat] soʻzi rohat maʼnosida boʻlib, Bani Isroilda shanba kuni ishlamasdan dam olinadigan kun boʻlgani uchun ham uni “السَبْتُ” [as-sabtu] deb atadilar”[3].
Imom Moturidiy maʼnosini izohlab berayotgan oyatni davom ettirib, bunday deydi: “Bu oyatdagi “السَّجَّاجُ” [as-sajjaaj] bir-birining izidan ergashib keladigan yomgʻirdir. “السَّجُّ” [as-sajj] – quyish va oqizish maʼnosini ifodalaydi”[4].
“Naba” surasi, 23-oyatida kelgan “أحقابا” [ahqoba] leksik birligi ancha bahsli koʻrinadi. Zero, Imom Moturidiy bu xususda quyidagilarni yozadi: “Ayrim mufassirlarning zikr qilishlaricha, “(Ular) u joyda uzoq zamonlar qoluvchidirlar”ning maʼnosi shuki, ular doʻzaxda uch “أَحْقَابٌ” [ahqob] qolishadi. Har bir “أَحْقَابٌ” [ahqob] sakson yilga teng. Ular azobning bir koʻrinishi bilan azoblanadilar. Soʻngra, undan keyin azobning boshqa bir koʻrinishi bilan azoblanadilar. Oyatning maʼnosi “أَحْقَابٌ” [ahqob]lar oʻtganidan soʻng ularning azob chekishlari toʻxtatiladi, degani emas. “أَحْقَابٌ” [ahqob] – bu, vaqtlarning ichidagi eng soʻnggi nuqtadir[5]”.
Imom Moturidiy fikricha, shu suraning 25-oyatida kelgan “الْحَمِيْمُ” [al-hamiym] qaynashda eng oxirgi nuqtasiga yetgan suv va “الْغَسَّاقُ” [al-gʻassoq] esa, oʻta sovuq havodir. Uning qarashidan farqli oʻlaroq, boshqa tilshunoslar “الْغَسَّاقُ” [al-gʻassoq]ni badandan ajralib chiqadigan yiring va yogʻdir, degan. Bu qarashni Imom Moturidiy Ibn Jarirdan naql qilgan.
“Arab tilida “الْكِذَّابُ” [al-kizzab] va “التَّكْذِيْبُ” [at-takzib] bir maʼnoda keladi”, deb yozadi Imom Moturidiy. Yaʼni, uning fikricha, bu ikki leksik birliklarning maʼnosi yolgʻonga chiqarish, inkor etishdir. Oyatdagi “كِذَّابًا” – [kizzaaban] degan soʻz agar tashdidsiz (yaʼni, kizaaban) deb oʻqilsa, u “الكَذِبُ” [al-kizbu] dan olingan boʻladi va “yolgʻon gapirmaydilar” maʼnosini bildiradi. Agar mazkur soʻz tashdid bilan oʻqilsa, “التَّكْذِيْبُ” [at-takzibu] dan olingan boʻladi va “bir birlarini yolgʻonga chiqarmaydilar” maʼnosini beradi. Shu oʻrinda Imom Moturidiy bunday yozadi: “Kisoiyning: “Taxfif (yaʼni, tashdidsiz) oʻqish Muzor (qabilasidan boʻlgan odam)larning lugʻati va tashdid bilan oʻqish yamanliklarning lugʻatidir. Ular: “كَذَّبَهُ تَكْذِيْبًا وَكِذَّابًا” [kazzabahu takziban va kizzaban] – “uni butunlay yolgʻonga chiqardi” va “خَرَّبَهُ تَخْرِيْبًا وَخِرَّابًا” [xarrabahu taxriban va xirroban] – “uni butunlay xarob qildi” deb, aytadilar”, degani rivoyat qilingan”[6].
“Nabaʼ” surasining 30-oyatida Imom Moturidiy “فلن نزيدكم” [falan naziydakum] – “Endi sizlarga faqat azobnigina ziyoda qilurmiz” iborasiga maʼno berayotib, muhim bir aqidaviy masala – imon ziyoda boʻlish-boʻlmasligi ustida ham umumiy xulosa berib oʻtgan: “Azobni ziyoda qilish degani, uning doimiyligi va boqiyligidir. Ularga tayyorlab qoʻyilgan azobning miqdori ziyoda qilinadi degani emas. Chunki Alloh taolo ularga qilgan gunohlariga yarasha jazolanishlarining xabarini bergan[7]. Oʻsha qilgan amallarining barobariga olayotgan azoblari ular uchun jazo boʻladigan boʻlsa, ularning azoblari ziyoda qilinishi toʻgʻri boʻlmaydi. Demak, (oyatda kelgan “نَزِيْدُ” [naziydu] soʻzidagi) “زِيَادَةٌ” [ziyadatun] doimiylik va boqiylik maʼnosiga burib yuborilishi aniq boʻldi. Shuning uchun bizning mazhabdoshlarimiz Alloh taoloning: “Ammo imon keltirganlarning imonlarini bu (sura) ziyoda qildi”[8] degan soʻzi va “ziyoda qilish” iborasi zikr qilingan har bir oyatni “imonda sobitqadam hamda bardavom boʻlish” deb taʼvil qilganlar. Imon ziyoda boʻladi va kamayadi deb emas”[9].
Yana “Nabaʼ” surasining 38-oyatidagi “الروح” [ar-ruh] kalimasiga toʻxtalar ekan, Imom Moturidiy quyidagi maʼlumotlarni zikr qilib oʻtgan: “Bu oyatdagi “Ruh” xususida mufassirlar ixtilof qilganlar. Binobarin, ulardan baʼzilari u Jabroil alayhissalom, degan boʻlsa[10], ayrimlari u musulmonlarning ruhlaridir, deb taʼvil qilganlar[11]. Yana ayrimlari esa ular farishtalarning ustiga (nazorat uchun qoʻyilgan) “hafaza”[12]lardir, ular farishtalarni koʻradilar, farishtalar esa ularni koʻrmaydi, deganlar.
Bu yerdagi “Ruh” Alloh taolo: “(U Zot) Oʻz amri ila farishtalarni ruh-vahiy bilan nozil qilur”[13], deganidek, osmondan tushirilgan kitoblar boʻlishi ham mumkin. Binobarin, (nozil qilingan ana shu samoviy) kitoblar haqqini zoye qilgan yoki ularga amal qilmasdan orqasiga tashlab qoʻygan kishilar bilan xusumatlashuvchi, ularning haqlarini ado etgan va ichidagilarga amal qilganlarni shafoat qilguvchi boʻladi.
Yana baʼzi mufassirlar “Ruh sharhlanmaydigan, maʼnosi insonlardan sir tutilgan narsadir. Alloh taolo: “Va sendan ruh haqida soʻrarlar. Sen: “Ruh Rabbimning ishidir….”, deb ayt”[14] degan”, deydilar”[15].
Zajjoj: “الصَّاخَّةُ” [as-soxxotu] – “kar qiluvchi” maʼnosida boʻlib, qiyomat kunida quloqlar oʻzlari chaqirilgan ovozdan boshqa barcha narsadan kar boʻlib qoladi”, degan”[16].
Yuqorida oʻtganlardan ayon boʻladiki, Imom Moturidiy Zajjoj, Kisoiy, Abu Ubayd, Abu Bakr Asam, Abu Avsaja kabi arabshunos olimlarning leksik-semantik qarashlarini tahlil qilish, ular orasidan olganini olib, olmaganlarini ilmiy uslubda rad eta olishga layoqati yetadigan darajada buyuk tilshunos olim boʻlgan. Ayniqsa, ona yurti Samarqanddan tashqariga chiqmagan Imom Moturidiyning nafaqat buyuk mutakallim va mufassir, balki ulugʻ arabshunos olimlarning shu sohaga oid boy ilmiy merosidan yaxshigina boxabar shaxs boʻlgani ham uning “Taʼvilotul-Qurʼon” asarida yaqqol namoyon boʻladi.