Roviyda adolat mavjud boʻlishi uchun undagi toʻrt shartning boʻlishi talab etiladi:
- Islom;
- Balogʻat. Balogʻatga yetmaganning rivoyati qabul qilinmaydi;
- Aql, yaʼni sogʻlom aqlli boʻlishi kerak. Aqlida kamchiligi boʻlgan odamning rivoyati qabul qilinmaydi;
- Taqvodorlik. Gunoh qilgan, ruxsat berilgan boʻlsa-da insonning oliyjanoblik xususiyatiga putur yetkazadigan ishlarni qilganlarning rivoyati ham qabul qilinmaydi;[1]
Imom Buxoriy sanadning muttasil boʻlishida imom Muslim va boshqalarga nisbatan qattiq shart qoʻyganidek roviyning adolatli boʻlishida ham shartni qattiq qoʻyadilar. Imom Muslim kishilar orasida taʼna yetganlar imom Buxoriy kishilari orasidagi taʼna yetganlardan adadi koʻproq. Shu bilan birga imom Buxoriy bunday kishilardan koʻp hollarda rivoyat qilmagan, balki gʻolibo oʻzi ulardan hadis olgan shayxlardan hadis rivoyat qilgan. Imom Muslim esa koʻp hollarda mutaqoddimlardan taʼna yetganlardan koʻp rivoyat qilgan. Shubhasiz, kishi oʻzi rivoyat qilayotgan shayxining hadisini boshqalardan koʻra biluvchiroq boʻladi.
Imom Buxoriyda bunday kishilar 480 dan ziyod va shulardan 80 tasi zaif deb, taʼna qilingan. Imom Muslimda esa, bunday kishilar 620 ta boʻlib, shulardan 160 tasida taʼna qilingan.[2]
“Zobt” – soʻzi lugʻatda bir narsani mahkam ushlab qolishni ifoda etadi. Ulamolar istilohida esa: “Roviy oʻzi rivoyat qilgan hadisni gʻoyat mahkam ushlashini taʼminlovchi malaka zobtdir”.
“Shoz” degani, roviy sanadi va matnida ishonchli kishilarning aytganiga teskari ziyoda yoki nuqson kiritgan boʻlmasin, degani.
“Illat” degani, hadisga maxfiy, tushunarsiz narsa kirib qolmasin, degani. [3].
Imom Muslim hasan va sahih hadislar oʻrtasini ajratmasdan “Sahihi Muslim” asarida hasan hadislarni ham rivoyat qiladi. Ammo Imom Buxoriy oʻz asarida hasan hadislarni zikr qilmaydi, chunki Imom Buxoriy hadislarni hasan va sahihlarga ajratuvchilar jumlasidandir. Ammo imom At-Termiziy “Hasan” lafzini “hasan li gʻoyri”ga ham ishlatadi.[4]
Imom al-Buxoriyning illatli hadislarni bilishdagi benazir mahorati, mukammal ilmi va qobiliyati haqida uning zamondoshlari koʻp qimmatli fikrlarni bildirganlar. Illatli hadislarga atab maxsus asar yozgan imom at-Termiziy oʻz asari “Kitob al-Ilal”da: “Hadislar, roviylar, ular tarixlaridagi illatlar xususidagi fikrlarim imom al-Buxoriyning “Kitob at-Tarix” asaridan foydalanganlarim, ulardan yana koʻprogʻini Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bilan qilgan ilmiy munozaralarim paytida olganman, shuningdek Abdulloh ibn Abdurrahmon, Abu Zurʼadan ham foydalandim-u, lekin baribir koʻprogʻi Muhammad al-Buxoriydan, kamrogʻi esa Abdulloh bilan Abu Zurʼadandir”,-deb taʼkidlagan. Yana imom at-Termiziy, “Illatli hadislarni va isnodlarni aniq bilishda Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan koʻra ustun boʻlgan birorta olimni koʻrmadim”,-deb qayd qilgan. Imom Buxoriy mana ilmda mohir boʻlgan uchun muhaddislar imomi va “Al-Jomeʼ as- sahih” asari eng moʻtabar asar hisoblanadi.
Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as- sahih” asarida oʻzining shartiga toʻgʻri keladigan hadisni sanad bilan rivoyat qiladi. Lekin oʻzlarini shartlariga toʻgʻri kelmaydigan hadis boʻlsa muallaq qilib keltiradi. Ana shu muallaq keltirilgan hadislar ham boshqa hadis kitoblarida sanad bilan keltiriladi.
Musannif mutobaʼatlarni baʼzi hollarda qisqa va baʼzi hollarda toʻliq holatda keltiradi. Shu bilan birgalikda uning iboralarini turlicha keltiradi. Gohida “Tabaahu” (ergashdi) deb keltirsa, gohida “Rovahu” (rivoyat qiladi) deb keltiradi.
“Al-Jomeʼ as- sahih” asarida yana ahamiyatli va qimmatli boʻlgan narsa, “Tajumatul bob” imom Buxoriy tomonidan qoʻyilishidir. Ibn Adiy bir necha mashoyixlaridan rivoyat qilib: “Imom Buxoriy hadislarning tarjimatul boblarini, mavzularini Rasululloh sollallohu alayhi vasalam qabrlari va minbarlari oʻrtasida yozgan, va har bir tarjimai bob uchun ikki rakat namoz oʻqigan”,-deydi.
Tarjimatul boblarda fiqhni sof sunnatga muvofiq, bidʼatlardan xoli, hadislardagi yashirin foydalarni koʻrsatib beruvchi, zohirining ishoralaridan botining maʼnolarini yaqqol ochib beruvchi tarzda keltiradi. Bu kitob sunnat kitoblari ichida va fiqhiy masalalar ichida katta qadr-qimmatga ega.
Imom Muslim oʻz asarini boblarga boʻlib chiqqan, ammo ularga nom bermagan, hozirgi kunda imom Muslimning asaridagi boblarga imom Navaviyga oid hisoblanadi.
Imom Buxoriy oʻzlarining tarjimatul boblarida koʻpchilik ishlatmagan iboralarni saralab olishga koʻp harakat qilganlar. Bu borada boshqa musanniflardan ajralib turadi. Gohida bu tarjimatul boblarni Imom Buxoriy oʻzi tuzadi, gohida esa boshqadan iqtibos qilib keltiradi. Bu tarjimatul boblar u zotning fiqhlari, raylarini oʻz ichiga oladi, hamda Imom Buxoriyning qarashlari, oʻzlariga muvofiq boʻlgan va muxolif boʻlganlarga nisbatan tutgan yoʻllarini ochib beradi. Shuning uchun u zotning boblarni nomlashliklari koʻp ajablanishga sabab boʻladi va u zotning fiqhiy, aqidaviy, fikriy mazhablarini oʻzida aks ettiradi.
Bob yoki kitob bilan hadis orasidagi oʻzaro munosiblik asl qoidadir. Zero nabaviy hadisni oʻz ichiga olgan maʼno va lafziga munosib bayon qilish, nabaviy hadisdagi eʼjoz va balogʻatning ayni oʻzidir.
Musannifning bobni boshlayotgan vaqtdagi odati muqaddimani oʻz ichiga olgan hadisni keltirish boʻladi. Gohida bu sabab matniy boʻladi, yoki isnodiy boʻladi.
Baʼzida bob nomi bilan keltirilgan hadis boshqa – boshqa boʻlib qoladi. U yerda ehtimol Imom Buxoriy maxfiy bogʻliqlik boʻlgan hadislarni keltirgan, yoki bob nomiga mos boshqa hadislar Buxoriyning shartiga mos kelmagan. Mana shu oʻrinda imom Imom Buxoriyning mohirliklari va uslublarining qanchalik aniq ekanligi namoyon boʻladi.
U zotga hadislarning lafzlarida yoki maʼnosida xotimalikka ishora qiluvchi narsa bilinsa, shu hadisni bobni oxiriga qoldiradi.
Imom Buxoriy koʻp shayxlarining ismlarini zikr qilmagan. Buning sababi, kitobni choʻzib yubormaslik hamda, oʻquvchini izlanishga undash maqsadida boʻlgan. Ulamolar mana shu ismlarni aniqlashga koʻp eʼtibor berganlar. Misol uchun imom Hokim oʻzlarining “Al-Madxol ila Sahih” kitoblarida shu maqsadda alohida bir bob keltirgan.
Imom Buxoriy hadislarni faqat biror foyda uchun takrorlaydi. Albatta u zotning uslublari hadislarni qatʼiy suratda keltirish va foydalarni chiqarib olishga asoslanadi.
Baʼzida bir hadisni bir sahobadan rivoyat qilgan boʻlsa, soʻngra mazkur hadisni boshqa sahobadan rivoyat qilib keltirgan. Bundan koʻzlangan maqsad mazkur hadisni gʻariblik chegarasidan chiqarib yuborishdir. Shuning baʼzida ikkinchi va uchinchi tabaqadagi roviylar oʻzgargan boʻladi. Albatta, bu hollarda ham hadisni takror keltirish qoʻshimcha foydani oʻz ichiga oladi. Hadislarni takrorlashning yana bir sababi baʼzi rivoyatlarda hadisning matni toʻliq keltirsa, baʼzida uni qisqartirib keltirgan, bu holda ikki roviydan ham shubhani ketkazish uchun maqsad boʻlgan.[5]
Ibn Mulaqqin aytadi: “Hadislarni takrorlashning foydasi, hadisning daqiq va oʻta nozik joylarini, hamda hadis oʻz ichiga olgan turli foydalarni ochib berishdir. Imom Buxoriyning maqsadi ham shu boʻlgan”.
Imom Navaviy: “Imom Buxoriyni bu asardan maqsadi, hadislarni oʻzigagina cheklanish va matnlarni koʻpaytirish emas, balki oʻsha hadislardan hukm chiqarish va oʻzlari iroda qilgan boblari, usul, furuʼ , zuhd, odob va boshqa mavzulardagi hadislardan dalil olish boʻlgan», deydi.[6]
Imom Navaviy: “Imom Buxoriy turli ilmlarda mustahkam ilm sohibi boʻlganlar, ammo hadisni nozik qirralarini bilishlikda, hukm chiqarishda u zotga hech kim teng kelolmagan”, deb aytadi.
Imom Buxoriyning “Jomeʼus sahih”ida silsilai zahabiya degan sanadlar bor. Bu hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Imom Buxoriy oralaridagi roviylar uch kishidan iborat boʻladi. Yaʼni, Imom Buxoriy bilan Paygʻambarimiz alayhissolatu vasallamning oʻrtalarida uch kishi bor. Ana shunday rivoyat qilgan hadislarni toʻplab, “Sulosiyati Buxoriy” degan kitob ham qilingan.
Boshqa hadislarda roviylar soni toʻrt, besh, olti, yetti kishigacha yetgan holatlar bor. Lekin biz hozir aytmoqchi boʻlgan gapimiz Imom Buxoriydan buyogʻi – bizgacha yetib kelishi qandoq boʻlgan? Bu ulkan ilmiy ish daqiq ilmiy harakat asosida musulmon ummati uchun juda aniqlik bilan tutib kelingan uslub orqali yetkazilgan. U kishidan “Jomeʼ us-sahih” kitobini 90000 kishi eshitgan.
Hofiz ibn Hajar oʻzining “Hadyus-soriy” kitobida va “Sahih ul-Buxoriy” muqaddimasida aytadi: “Buxoriydan bizgacha yetib kelgan beshta ta toʻliq sanad bor.
Bizga “Sahih ul-Buxoriy” ning eng sahih yoʻl bilan yetib kelishi Buxoriyning shogirdi Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231-320 h.) Buxoriydan “Sahih”ini ikki marta eshitgan, birinchisi 248 – yilda Firabrda, ikkinchisi Buxoroda 252 – hijriy yilda.