Maʼlumki, III/IX asr Islom olamida hadis ilmining gullab yashnagan va rivoj topgan davri boʻldi. Bu asrda muhaddislar hadislarni yozish, ularni jamlash, tartibga solish va sahihlarini boshqalaridan ajratish va toʻplangan hadislarni ilmiy nuqtai nazardan muayyan qonun-qoidalarga tayangan holda tartibga tushirish ishlarini bajarishdi.
Muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 256/870) hadis jamlashda yangi bir yoʻnalishga asos soldi. U faqat sahih hadislarni oʻz ichiga olgan “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobini yozdi va hadislarni boblarga ajratib, tartibga soldi. Musulmonlar bu hadis toʻplamini Qurʼoni karimdan keyingi eng toʻgʻri va ishonchli manba deb eʼtirof etgan.
Bu ishonchli toʻplam yaratilguniga qadar I-II hijriy asrlarda sunnat va hadislarni muhaddislar maʼlum bir darajada jamlab, bir toʻplam shakliga keltirdi. Bu harakatlar keyingi hadis toʻplamlarini yaratilishida zamin boʻldi.
Imom Buxoriy hadis yoʻnalishida oldin yozilgan barcha janrdagi hadis toʻplamlaridan kelib chiqib, yangi yoʻnalishga asos solguniga qadar hadis ilmining shakllanishi va tadrijiy rivojlanish bosqichi ikki davrni oʻz ichiga olgan: I/VII asr yaʼni, Paygʻambar (S.A.V.), sahobalar va katta tobeinlar yashagan zamon, II/VIII asr, yaʼni tobeinlar va tabʼa tobeinlar yashagan davr.
Paygʻambar (S.A.V.) davrlarida Arabiston atrofidagi barcha hududlarga islom dini taʼlimoti kirib bordi. VII asrdan boshlab esa, Sahoba va tobeinlar orqali boshqa oʻlkalarga ham islom ilmi va sharʼiy ahkomlar yetkazildi. Natijada, Qurʼondan keyin islom ilmlarini ayniqsa, hadis ilmini oʻrganishga va maʼnosini tushunishga ehtiyoj kuchaydi va hadislarni “تدوين” “Tadvin”, yaʼni toʻplam sifatida jamlanishiga turtki boʻldi.
I/VII asrning oxiriga kelib, yaʼni sahobalar davri tugab, tobeinlar davrining oʻrtalarida, sahoba va tobeinlarning koʻpi vafot etgani va boshqa sabablarga koʻra hadislarning yoʻq boʻlib ketish xavfi paydo boʻldi. Shuningdek, Islom yetib borgan ajam diyorida musulmonlarning koʻpayishi va hadis ilmiga kuchli qiziqish natijasida, “Sahih” – ishonchli, haqiqiy hadislar bilan bir qatorda koʻplab soxta hadislar ham paydo boʻla boshladi. Natijada, Katta tobeinlar davrida hadislarni asl holicha saqlash, va uni tadvin etish ishlari siyosat darajasiga koʻtarildi. Bu holatni oʻz vaqtida anglab yetgan umaviylarning sakkizinchi xalifasi Umar ibn Abdulaziz (vaf.720) (xalifalik davri 717-719) hadislarni yozishga va jamlashga rasmiy ravishda buyruq beradi [10:76]. Tarixchilar nazdida, u hadislarni jamlashga birinchi boʻlib tashabbus qilgan shaxs sifatida eʼtirof etiladi.
“تدوين السنة” murod aslida sunnatni toʻplamga “kiritish”, “jam qilish”, “toʻplash” nazarda tutilgan sunnatni yozishni boshlash emas. Sunnat birinchi hijriy yilning nihoyasidan oldin sahifa shaklida yozilgan edi. Keyinchalik, Umar ibn Abdulaziz davrida uni toʻplamga kiritish, jamlash boshlandi [12:9,40]. Ana shu ishga Ibn Shihob Zuhriy birinchi boʻlib qoʻl urgani bois, mendan oldin bu ishni hech kim qilmagan, degan fikrni aytgan.
II/VIII asrda hadislarni yozma ravishda jamlash ishi boshlandi. Islom olamidagi hadis ilmining bilimdonlari bu ishga kirishdi. Dastavval, hadislarni yozishda asosan ularni qaydlash nazarda tutilgan edi. Shuning uchun ularda maʼlum tartibga amal qilinmas edi. Ilk bor bitilgan hadis kitoblari “Jomeʼ” (jamlovchi) va “Musannaf” (bitik) shaklida yozildi. Ularda turli mavzulardagi hadislar jamlandi.
II/VIII asr oxirida hadislarni tadvin etish (toʻplash) ishi jadal rivojlanib, taʼlif etilgan hadis toʻplamlari nafaqat Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislari balki, sahobalarning soʻzlari, qilgan ishlari va tobeinlarning fatvolarini ham qamrab olgan. Oʻsha davrning baʼzi muhaddislari asosan topilgan hadisni birin-ketin, chuqur oʻrganib, aniqlab tekshirish ishlarini olib bormasdan kitoblariga kiritavergan. Natijada, ularda sahih (ishonchli) hadislar bilan birga zaif (kuchsiz) hadislar ham yozilgan. Shunga qaramay, oʻsha davrdagi ulamolarning hadis yigʻishda koʻrsatgan jiddu-jahdi tahsinga loyiqdir [13:9].
A.B. Xalidovning qayd etishicha, VIII asrning oʻrtalaridan boshlab, rivojlanib borgan hadis ilmi bilan keyingi ikki-uch asr davomida toʻrt yuzdan ziyod olimlar shugʻullangan [14:61]. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha [4:4.7:19], bu davrda hadislarni ishonchli manbalarga asoslanib, maromiga yetkazib ilmiy ravishda tartibga solish olimlarning orasida eng sevimli, zaruriy mashgʻulotga aylangan. Hatto, hadislarni yozish, ularni jamlash, tartibga solish va sahihlarini boshqasidan ajratish ishlari oxiriga yetkazilgan. Shuningdek, bu asrda toʻplangan hadislar ilmiy nuqtai nazardan muayyan qonun-qoidalarga tayangan holda tartibga tushirilgan. Ikkinchi hijriy asrda hadis fiqh ilmining bir boʻlagi sifatida oʻrganilgan boʻlsa, uchinchi asrga kelib alohida soha boʻlib ajralib chiqqan va mustahkam asosga ega mustaqil ilm sifatida qaror topgan.
Shuningdek aynan shu asrda sahobalar va tobeinlarning fatvolarini aralashtirmay, faqat Rasululloh (S.A.V.)ning hadislarini yigʻib, ularni rivoyat qilgan sahobalarning nomi ostida bir bobda jamlash boshlandi. Natijada, “musnad” deb nomlangan hadis kitoblar vujudga keldi. Bu borada birinchi boʻlib, Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/855) “Musnad”ini, Abd ibn Humayd Keshiy (vaf. 249/863 y.) “Musnadi Abd” kitobini, Abu Dovud Tayolisiy (vaf. 304/917) “Musnad Tayolisiy” kitobini yozdi. Ibn Hanbalning “Musnad”i musnadlarning orasida eng mashhuri, eng kattasi va foydasi eng koʻpi hisoblanadi. Ammo musnadlarda sahih hadislar ham, sahih boʻlmaganlari ham bor edi [17:38,49].
Nihoyat III/IX asrda Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 256/870) hadis jamlashda yangi bir yoʻnalishga asos soldi. U faqat sahih hadislarni qamrab olgan “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobini yozdi va unda hadislarni boblarga ajratib tartibga soldi. Keyin Imom Buxoriyning shogirdi Imom Muslim (vaf. 261/875) ham ustozining yoʻlidan borib, “Sahihi Muslim”ni yozadi va bu kitob “Sahihul Buxoriy”dan keyingi maqomni egallaydi.
Keyinchalik hadislarni fiqhiy boblar asosida yozish natijasida “sunan” uslubidagi kitoblar yaratildi. Ularda hadislar tahorat, namoz, roʻza mavzusiga ajratiladi. Bunga imom Abu Dovud va Termiziylarning “Sunan”i misol boʻla oladi. Shunday qilib, islom olamida sahih hadislardan iborat kitoblar yozish keng yoyildi. Ularning orasida imom Abu Dovud, Nasoiy, Termiziy va Ibn Mojalarning toʻplamlari katta shuhrat va eʼtibor topdi va oldingi ikki sahih bilan qoʻshilib, “Olti sahih toʻplam” majmuasini tashkil etdi.
Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” hadislar toʻplami hadis tadvinining birinchi davridan Imom Buxoriy davrigacha yozilgan Sunan kitoblari silsilasining bir davomchi halqasi hisoblanadi. Bu halqa oldingilarini toʻldirib kamoliga yetkazdi. Imom Buxoriy oʻzidan oldingi imomlarning tasnif etgan asarlaridan istifoda qildi, ularni tahlil qilib oʻrgandi.
Imom Dehlaviy Imom Buxoriydan oldingi muhaddislar tasnif etgan hadis toʻplamlari va tasnif yoʻnalishi borasida shunday deydi: “Muhaddislar hadis ilmida yozgan ilk asarlarni quyidagi toʻrt fan(yoʻnalish)ga ajratdi: Imom Molikning “Muvatto” va Sufyonning “Jomeʼ” asarlari kabi Sunna – fiqhiy asarlar. “Kitab Ibn Jurayj” kabi tafsir faniga oid asarlar. “Kitab Muhammad ibn Ishoq” kabi Siyrat faniga oid asarlar. “Kitab Ibn Muborak” kabi Zuhd va Riqoq faniga oid asarlar [9:25,11:78].
Imom Buxoriy bu toʻrt yoʻnalishni jamlab oldingi va oʻz zamonasining olimlari sahih deb hukm qilganini oʻz kitobiga jamlashni iroda qilgan. Shuningdek, unda marfuʼ, musnad va boshqa hadislarni jamlagan. Shuning uchun u hadislar toʻplami kitobini “Al-Jomeʼ as-sahih al-musnad” deb nomlagan.
II/VIII‑III/IX asrlarda sunna yoʻnalishida taʼlif va tasnif ishi oʻta darajada faollashib ketib, hatto oʻnlab, balki yuzlab Sunna kitoblari yozildi. Bu asarlarning koʻpligidan ularni quyidagicha guruhlarga ajratish mumkin: Sunan asarlar, Musannafot asarlar, Jomeʼ asarlar, Musnad asarlar, Tafsir asarlar, Gʻazot va siyrat asarlar va maxsus boblarda keltirilgan alohida juzlar.
“Sunan” janridagi kitoblar: “Paygʻambar (S.A.V.)ning ibodatlarda tutgan yoʻllari” uslubiga koʻra tasnif etilgan hadis toʻplamlari. Bu uslubda yozilgan hadis toʻplamida hadislar fiqhiy tartibga koʻra boblarga ajratilib, maʼlum mazhab ahkomlarini dalillovchi hadislar ifoda etilgan. Bu uslubda tasnif etilgan hadis toʻplamlari “Jomeʼ” uslubida yozilganidan farq qilib unda aqida, odob-axloq, tarix, siyrat va shunga oʻxshash masalalarga oid hadislarni uchratmaysiz. Unda faqat fiqhiy masalaga oid va ahkom hadislar bilan chegaralangan. Quyida Imom Buxoriy asrigacha boʻlgan eng muhim va mashhur Sunanlar toʻgʻrisida maʼlumot keltiriladi:
- Abul Valid Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj Rumiy (vaf. 768/151)ning Sunani. Bu haqda Muhammad ibn Jaʼfar Kattoniy (vaf. 1345) “Ar-Risala al-Mustatrafa” kitobida aytib oʻtgan [3:22,15:169].
- Saʼid ibn Mansur (vaf. 227/842)ning “Sunan” hadislar toʻplami kitobi. Bu asar Shayx Habibur Rahmon Aʼzamiy tahqiqi bilan ikki jildda nashr qilingan, lekin toʻliq emas. Unda 2978 hadis boʻlib, ular Faroiz kitobi bilan boshlangan, soʻng nikoh va unga bogʻliq masalalar, taloq, jihod bilan davom etgan. Bu asar nashr qilingan [6:79,16:5].
- Muhammad ibn Sabboh (vaf. 227/842)ning “Sunan” hadislar toʻplami kitobi. Bu haqda Kattoniy “Ar-Risala al-Mustatrafa” kitobida aytib oʻtgan [3:23,9:25].
- Imom Dorimiy (vaf. 255/840)ning “Sunan” hadislar toʻplami kitobi. Bu kitobning isnodi oliy boʻlib, Uchlik (Sulosiyot) hadislari Buxoriynikidan koʻpligi aytilgan. U Buxoriyning shayxlaridan. Bu kitob ikki jildda nashr qilgan. Hofiz Aloiy u haqda shunday deydi: “Dorimiyning kitobi Ibn Mojaning Sunanining oʻrniga beshtaning oltinchisi boʻlishi lozim edi. Chunki unda mursal va mavquf hadislar mavjud boʻlsa-da, zaif roviylar kam va munkar shozz*[1] hadislar juda oz berilgan. Mana shu sababdan bu kitobdan ustundir” [8:100].
Hofiz ibn Hajar aytadi: “Agar beshtaning ichiga kiritilganda ham Ibn Mojanikidan yaxshi edi. Chunki uning sunani unikidan koʻp tomonlama ustun” [3:24].
“Musannafot” va “Jomeʼ” janridagi kitoblar: Bular fiqhiy boblarga koʻra tartib berilgan kitoblar boʻlib, oʻziga Sunan va unga taalluqli hadislarni qamrab olgan. Ular juda koʻp boʻlib, ularning eng mashhur va muhimlari keltirib oʻtiladi:
- Hadis hofizlaridan biri Abu Aruba Muammar ibn Roshid Azdiy (vaf. 153/770)ning “Jomeʼ” hadislar toʻplami kitobi [15:190]. Bu asarning qoʻlyozma nusxasi Fayzullo va Anqara kutubxonasida saqlanadi. Uni Turkiyalik Olim Fuad Sezgin tahqiq qilib nashrga tayyorlagan.
- Mujtahid imomlardan sanalgan Sufyon Savriy (vaf. 161/778)ning “Jomeʼ” hadislar toʻplami kitobi. Bu haqda Imom Buxoriy “Tarixul Kabir” asarida, Ibn Hajar Asqaloniy “Tahzibt tazhib” asarida zikr qilgan [6:111].
- Hammod ibn Salma (vaf. 167/784)ning “Musannaf” hadislar toʻplami kitobi. Hadis hofizi Hammoddan Muslim va barcha sunan sohiblari hadis rivoyat qilgan.
- Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 189/805)ning qalamiga mansub “al-Osor” hadislar toʻplami kitobi. Bu kitob fiqhiy masalalar boʻyicha 628ta marfuʼ, mavquf va mursal hadislarni qamrab olgan. Ustoz Abul Vafo Afgʻoniy izohi bilan ikki jildda nashr qilgan. Hofiz ibn Hajar bu asar roviylarining tarjimasi haqida kichkinagina juz ajratgan va uni “Al-Iysor li maʼrifat ruvotil osor” deb nomlangan va bu asar ham nashr qilingan [1:14,32].
- Vakiʼ ibn Jarroh (vaf. 197/813) “Musannaf” hadislar toʻplami kitobi. Imom va Hadis hofizlaridan Sufyon ibn Uyayna (vaf. 198/814)ning “Jomeʼ” hadislar toʻplami kitobi. Bu haqda Hofiz Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Bagʻdodiy va boshqalar oʻz asarlarida zikr qilgan [2:174].
- Abdurazzoq ibn Hammom Sanʼoniy (vaf. 211/826)ning “Musannaf” hadislar toʻplami kitobi. Habiburrahmon Aʼzamiy tahqiqi bilan oʻn bir jildda chop etilgan. 21033ta asar (hadis)dan iborat bu kitob Salaf olimlarning asarlari va tobeinlarning fiqhini qamrab olgan manbalarning eng sarasi deb tan olinadi. “Fathul Boriy” va “Tagʻliqut taʼliq” asarida yozilishicha Imom Buxoriy bu asardan oʻzi keltirgan hadislarda koʻp istifoda qilgan.
- Abu Bakr ibn Abu Shayba (vaf. 235/850)ning “Musannaf” hadislar toʻplami kitobi. Bu 15 juzda tasnif etilgan, 19789ta hadisdan iborat. Imom Buxoriy ulardan “Sahihul Buxoriy” kitobida koʻp foydalangan [3:25].
“Musnad” janridagi kitoblar: Bu kitoblarda hadislar sahih, hasan va zaif boʻlishidan qatʼiy nazar har bir sahobaning hadisi, ismi va undan rivoyat qilingan hamma hadislar keltiriladi. Bunda hadisni qaysi mavzuga taalluqli ekani inobatga olinmaydi. Bu janrda hadis toʻplaganlar koʻp boʻlib, baʼzilari qabilalariga yoki islomni qabul qilganiga yoki nasabining martabasiga qarab yoki boshqa sabablarga koʻra shunday tuzgan. Baʼzi musnadlarda birgina (masalan: Abu Bakrning musnadi) yoki bir guruh sahobiylarning (toʻrtlik yo oʻnlik musnad) hadislari yoki bir toifaga mansub sahobalarning hadislari bilan masalan, “Ozchilik musnadi” yoki “Misrga kelgan sahobalar musnadi” kabi nomlar bilan nomlangan.
Bu janrda yozilgan hadislarning toʻplami juda koʻp boʻlib, musnad asari boʻlmagan hadis imomi juda oz topiladi. Jumladan:
- Imom Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/856)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. U musnadlarning eng oliysi boʻlib, bu janrdagi kitoblar zikr qilinganda bu asar toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtiladi. Bu kitob bir necha martalab chop etilgan. Alloma Ahmad Shokir oʻz tahqiqining muqaddimasida u haqda koʻp maʼlumotlar bergan [3:26].
- Abu Dovud Tayolisiy Hofiz (tax.vaf. 203/819)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi [5:26,15:353]. Bu asar bir jildda chop etilgan. Unga roviy Yunus ibn Habib Abu Bishr Ijliy (vaf. 267/881) rivoyat qilgan hadislar kiritilgan.
- Abu Muhammad Ubaydulloh ibn Muso ibn Abul Muxtor Abasiy Kufiy (vaf. 213/828)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. U birinchi boʻlib “Musnad” janrida hadis toʻplagan muhaddis hisoblanadi [15:353].
- Abu Isʼhoq ibn Nasr ibn Ibrohim Matuʼiy (vaf. 213/828)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi [3:26].
- “Asadus Sunna” nomi bilan tanilgan Asad ibn Muso Ummaviy (vaf. 212/822)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. Abdulmalik ibn Marvonning avlodidan boʻlgan bu shaxsga Imom Buxoriy, Abu Dovud va Nasoiy hadislarini taʼliq **[2] qilgan holda rivoyat qilgan [5:26].
- Musaddad ibn Musarhad Asadiy Basriy (vaf. 221/836)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. U kishi Basrada birinchi boʻlib “Musnad” janrida hadis toʻplagan muhaddislardan hisoblanadi. Unga Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Nasoiylar hadis rivoyat qilib bergan.
- Isʼhoq ibn Ibrohim ibn Rohavayh (vaf. 238/853)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. Bu kishi Bagʻdodda Imom Ahmadning hamnishini va Buxoriyning ulugʻ shayxi sanaladi. Bu asarning 4 jild qoʻlyozma nusxasi hali ham “Darul kutubul misriyya”da saqlanmoqda [16:433].
- Abu Bakr ibn Muhammad ibn Abu Shayba (vaf. 235/850)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. Bu kishi siqa hadis hofizi, undan Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojalar hadis rivoyat qilgan.
- Usmon ibn Muhammad ibn Abu Shayba (vaf. 239/854)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. Bu muhaddis Buxoriyning katta ustozi hisoblanadi. Bu kishi ham mashhur siqa hadis hofizi, undan Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojalar hadis rivoyat qilgan [5:27].
- Abu Bakr Abdulloh ibn Zubayr Humaydiy (vaf. 219/834)ning “Musnad” hadislar toʻplami kitobi. Bu kishi ham mashhur siqa hadis hofizi, Buxoriyning ulugʻ shayxi hisoblanadi. Hokimning zikr qilishicha, Buxoriy Humaydiy huzurida biror hadis eshitsa, keyin oʻsha hadisni undan boshqadan soʻramagan [5:27]. Bu asar Shayx Habibur Rohman Aʼzamiy tahqiqi va taʼliqi bilan 2 jildda nashr etilgan. Bu hadislar toʻplami 1300 hadisni qamrab olgan [3:27].
- Abd ibn Humayd ibn Nasr Keshiy (vaf. 249/863 y.)ning “Musnadi Abd” hadislar toʻplami kitobi. Bu muhaddis Movarounnahrda hadis ilmining rivojiga oʻzining muhim asarlari, ilm-maʼrifati bilan katta hissa qoʻshgan. Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy, Imom Dorimiyning “Sunan Dorimiy”, Imom Muslimning “Sahih Muslim” va Imom Termiziyning “Sunan Termiziy” asarlarida Abdulhamid Keshiydan hadislar rivoyat qilingani aniqlangan. Tadqiqotchi Sh.Umarov Abd ibn Humayd ibn Nasr Keshiyning hayoti va ilmiy faoliyati boʻyicha ilmiy izlanish olib borgan.
Bulardan tashqari, Imom Buxoriyning oʻzi ham “Al-Musnad al-Kabir” nomli musnad tasnif etgan. Shuningdek, Imom Muslim ibn Hajjojning ham roviylar (rijol) haqida katta Musnad asari mavjud. Bu kabi koʻplab asarlarni keltirish mumkin. Manbalarda muhaddis olimlar Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari va boshqa asarlarida ulardan istifoda qilgani toʻgʻrisida fikrlar aytilgan [3:33].
Hijriy II-III-asrlarda hadis ilmi bilimdonlari “Sunnat”ni qayd qilish, ularni turli musannafot asarlar shaklida tadvin qilib saqlash va yozishda turli uslublarni qoʻllashga uringan.
Xulosa oʻrnida Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari Imom Molik, Ibn Jurayj, Avzoiy, Ibn Muborak va boshqa ilk musanniflarning asarlari asosida tasnif etilgan boʻlib, ularning davomchisi yoki jamlovchisi deyish mumkin.
Salaf Musanniflar hadislarni Imom Molikning “Muvatto”sida qanday boʻlsa, xuddi shunday shaklda fiqh bilan aralashtirib, keltirgan. Shuningdek, ular toʻplamlarida olimlar, faqihlar, tobeinlar va amsor(shaharlardagi)larning fikrini ham zikr qilgan. Imom Buxoriy salaflarning bu uslubini chetda qoldirmadi, balki hadisning fiqhiy jihatiga batafsil toʻxtalmay uni tarjimalar ichiga kiritib yuborish orqali qisqa yoʻlni tanladi. Hatto ulamolarning orasida “Imom Buxoriyning fiqhi uning tarjimalaridadir” degan soʻz tarqaldi. Buxoriy tutgan yoʻlini va tanlagan uslubini oyat va asarlar bilan qoʻllab-quvvatlaydi. Soʻng, bob haqidagi marfuʼ musnad hadislarni keltiradi. “Sahihul Buxoriy” mana shu taraflari bilan hadislar toʻplami kitoblarining orasida ajralib turadi.
Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” kitobi aqida, fiqh, tafsir, gʻazotlar, siyrat, zuhd, riqoq, fazilatlar va odoblar kabi turli ilmlarni oʻziga jamlagan. Undan oldingi ulamolar esa faqat bittagina ilmga bagʻishlab kitob yozgan. Masalan, “Sunan”, “Jomeʼ” va “Muvatto”lar faqat fiqhiy ahkomlarga bagʻishlangan. “Siyrat” va “Gʻazot” kitoblari ham shunday. Tafsir kitoblarida ham tafsirdan boshqa yaʼni, fiqh, siyrat va gʻazot ilmlari yoʻq. Hadis juzlariga keladigan boʻlsak, ular faqatgina ilm boblaridan biriga ajratilgan boʻladi xolos. “Al-Jomeʼ as-Sahih” esa bu ilmlarning barchasini oʻz ichiga olgan.
Buxoriydan oldingi ulamolar oʻz toʻplamida sahihligini lozim tutmay marfuʼ hadislarni ham kiratavergan. Unda sahih, hasan, zaif hatto mavzuʼ hadislarni ham jam qilgan. Imom Buxoriy esa hadislarning faqat sahihlari bilan cheklangan. Shuning uchun uning kitobi “Al-Jomeʼ as-Sahih” (barcha yoʻnalishdagi ishonchli hadislar toʻplami) deb nomlagan.
Undan oldingi olimlar kitobida marfuʼ hadis va mavquf asarlar, muttasil, va munqatiʼlarini birday jam qilavergan. Lekin Buxoriy kitobini Rasululloh (S.A.V)dan muttasil sanad bilan yetib kelgan hadislarga bagʻishlagan, lekin unda guvohlik uchun asar va mavquflarni ham zikr qilib oʻtgan. Unda koʻpgina mavquf, asarlarni keltiradi va odatda ularni taʼliq sifatida rivoyat qiladi. Aslida ular asl maqsad emas, balki oldingilarga ergashuv va suyanish yuzasidan keltirilgan. Shuning uchun uni “Al-Jomeʼ as-Sahih al-Musnad(suyangan)” deb nomlagan. Bu ishonchli hadislar toʻplamini islom dinining asosiy manbasi sifatida musulmon jamoatchiligi hamon oʻrganib, tadqiq etib turli tillarga tarjima qilmoqda.
- Abdulloh Muhammad Hasan. Juhudu ulamoul hadis fi tavsiqin nusus va zobtiha. –Kuvayt. Vizarutul avqof va shuʼunil islamiya. 2013.
- Abu Bakr Ahmad Ibn Ali Xatib Bagʻdodiy. Tarix Bagʻdad J.11. Darul kutubil ilmiya. 2011. J.9.
- Abu Bakr Kafi. Manhajul Imom Buxoriy fi tasʼhihil ahadis va taʼliliha (min xilal al-Jomeʼ as-Sahih). –Bayrut. Darul ibn Hazm. 2000.
- Abu Iso at-Termiziy. Ash-Shamoyil an-Nabaviya / Tarjimon Uvatov U. –T.: Choʻlpon, 1993.
- Ibn Hajar Asqaloniy. Taqribut tazhib. Tahqiq: Muhammad Avvama. –Halab. Durur Rashid. 1991.
- Ibn Hajar Asqaloniy. Tahzibut tahzib. –Bayrut. Darulfikr. J.6.1984. J.4.
- Muratov D. Abdulloh as-Subazmuniyning “Kashful-asror” asari hadis ilmiga oid manba. Tar.fan.nom….dissert. –T:. TIU, 2009.
- Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Muhammad. Shamsiddin Saxoviy.Fathul Mugʻis, bi sharh alfiyatil hadis. Tahqiq: Abdulkarim ibn Abdulloh Darul manahij. J.5. 2005. J.1.
- Muhammad Ibn Jaʼfar Kattaniy. Arrisalatil mustatrafa li bayan mashhur kutubis sunnatil musharrafa. –Bayrut. Maktabatil kulliyatil azhariya. 1993.
- Muhammad ibn Mator Zahroniy. Tadvin as-Sunna an-nabaviyya nashʼatuhu va tatovvuruhu. – Riyoz: Maktabat daril minhoj, 2005.
- Rifʼat Favziy Abdulmuttolib. Kutubu sunna dirosa tavsiqiya. –Misr. Maktabatul xanaji. 1979.
- Rifʼat Favziy Abdulmuttolib. Manahijul muhaddisin. –Qohira. Darus salom. 2008.
- U.Uvatov. Muslim ibn al-Hajjoj. –T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1995.
- A.B.Xalidov. Arabskiye rukopisi i arabskaya rukopisnaya traditsiya. –M.: Nauka, 1985.
- Shamsiddin Zahabiy. Tazkiratul Huffaz. Bayrut. Darul kutubil ilmiya. J.1.
- Shamsiddin Zahabiy. Tazkiratul Huffaz. Bayrut. Darul kutubil ilmiya. J.2.
- Ibrahim Fawzi. The documentation of sunnah and hadith. –London, United Kingdom. Riad El-Rayyes Books. 1995.