Tobeinlar nafaqat sunnatni, balki butun dinni sahobai kiromlardan oʻrgandi. Ustozlaridan keyin risolatni butun insoniyatga yetkazishni oʻz zimmasiga oldi va bu vazifani nihoyatda ehtiyotkorligu omonatdorlik bilan bajardi. Chunki bu davrda fitnalar avj oldi, adashgan firqalar koʻpaydi va har xil bidʼatlar urchiy boshladi. Shu bilan birga, inson oʻz feʼli (xatti-harakati)ning yaratuvchisi deydigan qadariylar, aqlga tayanib Qurʼon va sunnatni “tanqid” qilgan jahmiylar, sunnatni inkor qilgan rofiziylar, aql-idrokni aqidaning asosi deb eʼtirof etgan, oʻzini tavhid va adolat tarafdori, deb bilgan moʻtaziliylar kabi buzgʻunchi oqimlar paydo boʻla boshladi.
Tobeinlar sahobalardan keyingi eng yaxshi avlod boʻlgan. Ular Qurʼon va sunnatni buzib talqin qilgan dushmanlardan asrab-avaylash, odamlarga omonatni toʻliq yetkazishga nihoyatda qattiq eʼtibor qaratgan. Sunnatni ishonchli va adolatli rivoyatlardan olishni, sunnati nabaviyaning pok, sof ekanini isbotlashni oʻz oldiga vazifa qilib qoʻygan.
Quyida tobeinlarning sunnatni muhofaza qilishi yoʻlidagi saʼy-harakatlaridan misollar manbalarga asoslangan holda qisqacha bayon etiladi.
Dastlabki tamoyil shuki, tobeinlar odamlarni sunnatga amal qilishga, yodlashga, yozib olishga, rivoyati va tinglanishida bardavom boʻlishga undagan. Bu vazifalar sunnatni yozib olishga ustuvor ahamiyat berilgan.
Imom Omir Shaʼbiy bunday degan: “Biror narsani eshitsangiz, devorga boʻlsa ham yozib qoʻying. Shu sizga sahifadagi holatidan koʻra yaxshiroqdir. Bir kun kelib oʻzingizga kerak boʻlishi muqarrar”.
Hasan Basriy yana ham aniqroq bayon qiladi: “Ilm kitob ichida qolib ketmasligi darkor. Biz uni oʻrganishimiz juda ham zarur. Bunda esa yozuv alohida ahamiyatga ega. Yozuv bilan ilm mustahkamlanadi”.
Tobeinlar bu tamoyilga katta qatʼiyat bilan amal qilardi. Said ibn Jubayr aytadi: “Ibn Abbosning huzurida sahifam toʻlgunicha yozardim. Soʻng poyabzalimning ustiga, keyin kaftimga yozardim”.
Solih ibn Kayson quyidagicha eslaydi: “Zuhriy ikkimiz ilm oʻrganayotgan payti uchrashdik. Shunda: “Sunnatni yozamiz”, deb Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan narsalarni yozishga kirishdik. Soʻng Zuhriy: “U zotning sahobalaridan rivoyat qilingan narsalarni ham yozamiz, chunki u ham sunnatdir”, dedi. Aytdimki: “Men bunday sunnat tarafdori emasman, uni yozmaymiz”. U yozdi, men yozmadim. Natijada u muvaffaqiyatga erishdi, men esa yoʻqotganlardan boʻlib qoldim”.
Ibn Shihob Zuhriydan rivoyat qilinadi: “Agar bizga hadislar mashriq tomondan kelmaganida edi, ularni eʼtirof etmagan boʻlardik. Butkul inkor qilardik. Menga qolsa, biror hadis yozmas va yozishga ruxsat ham bermas edim”.
Yozishning muhimligini Muoviya ibn Qurra bunday ifodalaydi: “Biz ilmini yozib bormagan kishining ilmini ilm deb hisoblamas edik”.
Keyingi tamoyil sunnatni bevosita sahifalarga yozishdir. Hadis yozish sahobalar davridagidan koʻra tobeinlar asrida kengroq miqyosda tarqalgan. Chunki kitobat oʻsha paytda islom shaharlarida koʻpayib, ilm halqalarining ajralmas qismiga aylangan.
Ilm yozilishining keng koʻlamda yoyilishiga quyidagilar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin: rivoyatlarning katta miqdorda tarqalishi, sanadlarning uzun boʻlib ketgani, roviylarning ism, kunya va nasl-nasablari nihoyatda koʻpligi.
Keyingi sabab sunnat hofizlari boʻlgan sahoba va katta tobeinlardan koʻpchiligining vafot etishidir. Ularning ketishi bilan sunnatning koʻpi yoʻqolishidan xavotirlar koʻpaygan.
Ayni paytda odamlar orasida yozish tarqalishi tufayli yodlash malakasining avvalgilardan koʻra zaiflashib bormoqda edi. Shu bilan birga fiqh, aqida kabi ilmlarda har xil yoʻnalishlar koʻpayib ketayotgandi.
Taʼkidlanganidek, turli bidʼatlar ham urchib boshlagan edi. Havoi nafs yoʻlida oʻzini olim deb daʼvo qiluvchilar safi kengaygandan kengaygandi. Tarqalayotgan son-sanoqsiz yolgʻonlarni jilovlab boʻlmay qolgandi.
Tobeinlar sunnatni yodda saqlash va gʻayri narsalarning unga kirishidan himoya qilish uchun ham yozishga kirishgan.
Oʻsha davrda bir qancha sahifalar yozilgan. Jumladan, quyidagilarni sanab oʻtish mumkin.
Ibn Abbosning shogirdi Said ibn Jubayrning sahifa yoki sahifalari.
Bashir ibn Nahikning Abu Hurayra va boshqalardan yozgan sahifasi.
Ibn Abbosning shogirdi Mujohid ibn Jabrning sahifalari. Abu Yahyo Kinosiy: “Mujohid meni xonasiga olib borib, yozganlarini chiqarardi. Men undan koʻchirib olardim”, degan.
Jobir ibn Abdullohning shogirdi Abu Zubayr Muhammad ibn Muslim Tadrus Makkiyning sahifasi.
Zayd ibn Abu Unaysa Ruhoviyning sahifasi.
Abu Qilobaning sahifasi.
Ayyub ibn Abu Tamiyma Sijistoniyning sahifasi.
Hishom ibn Urva ibn Zubayrning sahifasi.
Ikkinchi va uchinchi asrda yozilgan mana shunday sahifalar sahobalarning sahifalaridan keyingi asosiy manbaga aylangan.
Yana bir tamoyil Umar ibn Abdulaziz va Muhammad ibn Shihob Zuhriyning sunnatni yozishdagi saʼy-harakatlaridir. Ular sunnatni tarqatish va bidʼatni yoʻqotish borasida nazariy va amaliy faoliyat olib borgan. Hadislarni yozib, toʻplam tuzish rasmiy ravishda xalifa Umar ibn Abdulazizning amridan keyin keng tus olgan.
Imom Buxoriy oʻz “Sahihi”da Abdulloh ibn Dinordan bunday rivoyat qiladi: “Umar ibn Abdulaziz Abu Bakr ibn Hazmga maktub yozdi: “Qara, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan nima boʻlsa, shuni yoz. Chunki men ilmning yoʻqolib bitishidan, ulamolarning vafot etib ketishidan qoʻrqyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarinigina qabul qil. Ilmni keng yoyinglar, (ilmiy) majlislar quringlar, toki bilmaydiganlar bilimli qilinsin. Chunki ilm sir tutilmas ekan, yoʻq boʻlib ketmaydi”.
Ibn Shihob Zuhriy eslaydi: “Umar ibn Abdulaziz bizga sunnatlarni yigʻishni buyurdi, ularni daftarlarga yozdik. Soʻng oʻzi hukmronlik qilgan har bir hududga daftar yubordi”.
Dorimiy oʻz sanadi bilan rivoyat qiladi: “Umar ibn Abdulaziz Madina ahliga bunday deb yozdi: “Qaranglar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning (qancha) hadislari boʻlsa, shularni yozinglar. Chunki men ilmning yoʻqolib bitishidan va ilm ahlining ketishidan qoʻrqayapman”.
Imom Molik: “Ilmni birinchi boʻlib yozgan Ibn Shihob Zuhriydir”, degan.
Yuqoridagi omillar tufayli tobeinlar davrida sunnatni oʻrganishning, kitobatning oʻziga xos jihat va shartlari paydo boʻldi. Albatta, bunda hadis roviylarining holati, xabarlarning naql qilinishi va ishonchli boʻlmaganlarini muomalaga kiritmaslik kabi masalalar ustuvorlik kasb etgan.
Binobarin, tobeinlar davrida shu tariqa hadislar yozilib, hadis majmualari va toʻplamlari tuzilgan. Shu asrda hadislarni yozib olish, kitobat qilib tarqatishga davlat siyosati darajasida ahamiyat berila boshlagan.