Home / ALLOMALAR / IMOM TЕRMIZIY FIQH IJTIHOD MAKTABLARINING NAMOYANDALARIDAN BIRIDIR

IMOM TЕRMIZIY FIQH IJTIHOD MAKTABLARINING NAMOYANDALARIDAN BIRIDIR

Maʼlumki, islom dini VII asrda yurtimizga kirib kela boshladi. Xalqimiz buni faqatgina diniy taʼlimot sifatida qabul qilibgina qolmay uni yangi pogʻonaga koʻtardi va islomni ilmiy jihatdan yuksalishida beqiyos xizmat qildi.

Allomalarimizning ilmiy va diniy-maʼrifiy merosida hadis toʻplamlarining ahamiyati beqiyos. Bu borada Movarounnahr muhaddislarining hadis ilmida tutgan oʻrnini alohida taʼkidlash joiz. Bu diyordan butun dunyoga dovrugʻi ketgan allomalar, muhaddislar yetishib chiqqan.

Hijriy ikkinchi asr islom dinida fiqhiy masalalarda uygʻonish davri boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunonchi, ayni bu paytda ijtihod degan masala paydo boʻlib, bu sohada turli mazhablarning yirik ulamolari yetishib chiqqan.

Ijtihod – bu Qurʼoni karim va Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislariga asoslangan holda davr taqozosini hisobga olib, jamiyatning taraqqiyoti va maʼnaviyatning ravnaqiga xizmat qiladigan foydali gʻoya va mafkuralarni yaratish, muammolarni hal etishning maqbul, yangi yoʻllarini topishdir [1:91-92].

Ijtihod fiqh ilmiga bogʻlangan omildir. Fiqh ilmi hijriy uchinchi asrda, Imom Termiziy yashagan davrda rivojlangan. Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va boshqa ulamolar Imom Ahmadning hadis ilmidagi shogirdlari boʻlgan. Lekin ular faqat hadis ilmiga koʻproq eʼtibor bergani bois fiqhda hanbaliy mazhabiga ergashmasdan oʻzlarining ijtihodiga suyanib ish koʻrgan.

Imom Buxoriy va Imom Termiziydek muhaddislar Qurʼoni karim, Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislari, sahobai kiromlarning asarlarini butun mazmun-mohiyati bilan tushunib yetgan.

Oʻsha vaqtda hadis rivoyat qilish va asarlar yozish koʻpaygan edi. Nusxa yozish shu darajaga yetdiki, roviylarning barchasi bu ish bilan shugʻullangan. Ular bu borada ilmni Hijoz, Shom, Iroq, Misr, Yaman va Xuroson shahridagi ulamolardan oʻrgangan. Ular kitob jamlagan, nusxalar qidirgan, gʻaribul hadis yaʼni, maʼnosi odamlarga begona boʻlgan ilm va nodir rivoyatlarga eʼtibor qaratgan. Avval hech kim toʻplamagan hadis va dalillarning muhimlarini toʻplagan. Shunday qilib hadis turuqlari (roviylarning rivoyat yoʻllari)dan ularga koʻp narsa aniqlangan. Hatto, ularning huzurida yuzdan ziyod hadislarning rivoyat yoʻllari boʻlgan.

Roviylar baʼzi ochilmagan hadis turuqlarini kashf qilib, har bir hadisning gʻariblik va hukm olish jihatlarini oʻrgangan. Avval fatvo ahliga maʼlum boʻlmagan koʻp hadislar ularga zohir boʻlgan. Ibn Humom hikoya qiladi: “Shofiʼiy rahimahulloh Ahmad rahimahullohga bunday dedi: “Sizlar sahih xabarlarni bizdan koʻra yaxshi bilasiz. Agar sahih xabar boʻlsa, menga ham bildirib qoʻyingki, uni kufalik yoki basralik yo shomlik ekanini bilib boraman” [2:385]. Bu sahih hadislarni rivoyat qilgan kishi bir shaharga xos boʻlishi, yaʼni shomliklardan, iroqliklardan yoki ahli baytlarga xos ekanini bilish eʼtiborli boʻlgan. Bu xabar yetkazuvchining “Abu Burdadan, u Abu Musodan” nusxasi kabi boʻladi. Bunday hadislardan fatvo ahli gʻofil qolishgan.

Ularning huzurida har bir shaharning sahoba va tobeʼin faqihlarining taʼsiri jam boʻlgan. Undan oldin kishi oʻz shahri va taniydigan birodarlaridangina hadis toʻplashi mumkin edi. Shuningdek, hadis roviylarining ismini, ularning adolat darajasini bilishiga tayanib ahvolidan xabardor boʻlardi va yaqinlariga ergashardi. Bu tabaqadagi olimlar hadislarni yozib qoʻyish va qidiruv olib borish bilan, bu fan borasida mustaqil yoʻl tutishga eʼtibor qaratgan. Muhaddislar hadisning hukmida sogʻlomligi va boshqa jihatlarida munozara qilishgan. Sufyon, Vakiʼ va ularga oʻxshagan muhaddislar qattiq ijtihod bilan hadislarni oʻrganishga intilgan. Shuning uchun Abu Dovud Sijistoniyning Makka ahliga yoʻllagan maktubida aytganidek, ular mingtadan kam hadis bilgan [3:312-313].

Hadis bilan fiqh ilmi bir biriga bogʻliq. Ulamolar bu ikki ilmni puxta egallashga harakat qilgan. Faqat hadisda katta muvaffaqiyatga erishgan hadis ilmi imomlari va fiqhda koʻproq shuhrat topgani fiqh imomi boʻlib tanilgan.

Imom Termiziyning turli mazhab va gʻoyalarga munosabat masalasida tutgan mavqei Paygʻambar (S.A.V.)ning hadislari va dalil-isbotlar bilangina xulosa chiqarishga asoslangan edi. Albatta, bunday hollarda faqat sahih hadislar va eng kuchli dalil asosiy mavqega ega edi. U oʻz ustozlari – eng avvalo Imom Buxoriyning va boshqa hadis ilmidagi ulamolarning taʼsirida ahli rayga emas, ahli hadis yoʻlida sobitqadamlik bilan fikr yuritdi, uni chuqur tahqiq va tadqiq etish orqali oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Alloma Abul Husayn Nadaviy bunday deydi: “Imom Termiziy bugungi kunda odamlarning qiyosiy fiqh nomli tushunchasi mavzusining eshigini qoqqan kishidir. Ummat unga “oʻz asrida fiqh ijtihod maktablarining namoyondalaridan boʻlgan”, deb taʼrif berishi lozim boʻlgan katta fazl egasi edi” [4:89].

Imom Termiziy ilm imomlarining barchasini hurmat qilar edi. U biror bir fiqhiy mazhabni lozim tutmagan. Uning fiqhiy masalada hukm chiqarib olishga ilmi va aqli yetarli boʻlgan.

Imom Termiziyning ijtihod yoʻlini tutgani uning “Sunan” asarida oʻz aksini topgan. U ahli ray haqida gapirar ekan, ularning mazhablarini bayon qilish uchun oʻz asarida “Koʻfa ahli” yoki “ayrim Koʻfa ahli” kabi iboralarni koʻp ishlatadi [5:173]. Baʼzilar: “Abu Hanifani aytishga xijolat boʻlganidan “Kufa ahli” degan”, deb oʻylashgan. Lekin Imom Termiziy faqat Abu Hanifani nazarda tutib, bunday deydigan kishi emas. U Kufadagi barcha olimlarni nazarda tutgan. Abu Hanifadan tashqari Vakiʼ, Sufyon Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Zufar va boshqalarni ham aytib oʻtgan. Shuningdek, Imom Termiziyning asarida koʻp uchraydigan iboralardan yana biri “bizning asʼhoblarimiz” iborasidir. Bu umumlashgan atama bilan Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idris Shofiʼiy, Ahmad ibn Hanbal, Isʼhoq ibn Rohavayh kabi fiqh ilmining mujtahidlari hisoblangan ahli hadisni nazarda tutgan.

Imom Termiziy fiqhiy isnodlarni Sufyon Savriy, Muhammad ibn Usmon Kufiy, Ubaydulloh ibn Muso Abasiy, Maktum ibn Abbos Termiziy, Muhammad ibn Yusuf Firyobiydan naql qilgan [6].

Imom Termiziy va oʻsha zamonda yashagan muhaddislar oʻz faoliyatida hadislardan sharʼiy hukmlarni olib fiqh ilmi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Barcha muhaddislar faqih boʻlib, ularning ayrimlari hadislardan sharʼiy hukmlarni olishda boshqalariga qaraganda ustunroq boʻlishgan.

Buyuk ajdodlarimizning qoldirgan ilmiy merosi hanuzgacha tadqiq qilinib yangi-yangi maʼlumotlar yuzaga chiqmoqda. Bu ilmiy tadqiqotlarning natijalari, ajdodlarimizning boy ilmiy merosining naqadar keng boʻlganidan dalolat beradi. Har bir allomaning asaridan hadis, fiqh va boshqa ilmlarga taalluqli maʼlumotlarni topish mumkin. Ularning qoldirgan ilmiy merosi xalqimizning maʼnaviy mulki hisoblanadi. Allomalarning bizga qoldirgan bunday boy merosini asrab-avaylab, oqilona foydalanib, oʻrganib, avlodlarga yetkazish bugungi kundagi muqaddas burchimizdir.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Islam (Ensiklopedicheskiy slovar). –M., 1991.
  2. Abul Qosim Ali ibn Hasan Shofeʼiy. Tarix madinatu Dimashq. J.51. –Bayrut. Dorul fikr, 1995.
  3. Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil boligʻa. –Qohira. Dorul kutubil hadisa.
  4. Iyod Xolid. Al-Imom at-Termiziy. –Damashq. Dorul qalam, 2001.
  5. Muhammad Muborakfuriy. Tuhfatul ahvaziy sharh jomiʼit Termiziy. J. 1. –Riyoz.
  6. Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomiʼut Termiziy (Sunan at-Termiziy). –Bayrut. Dor ihyoit turosil arabiy.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …