Home / ALLOMALAR / TASAVVUF TAʼLIMOTI VA MIRZO ULUGʻBЕK

TASAVVUF TAʼLIMOTI VA MIRZO ULUGʻBЕK

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ilmiy, madaniy sohalardagi islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimizning maʼnaviy merosining va diniy-irfoniy, tasavvufiy taʼlimotlarining tadqiqiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Temuriylarning yirik vakili jahon ilm-fanida alohida oʻrin tutgan Mirzo Ulugʻbekning hukmronligi davrida jamiyatda tasavvuf taʼlimoti alohida ahamiyat kasb etgan. Manbalarda qayd etilishicha, temuriylardan Shohruh Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Abdusaid Mirzoning hukmronligi davrida oʻz davrining mashhur mutasavviflaridan Samarqandda Hasan Attor, Nizomiddan Xomush, Xoja Ahror, Buxoroda Muhammad Porso, Badaxshon va Chagʻoniyonda Yaqub Charxiy temuriy hukmdorlarning ishonchini qozongan maslahatchilaridan boʻlgan.

Mirzo Ulugʻbekning tariqat vakillariga boʻlgan ehtiromini uning otasi Shohruh Mirzo Hirotdan Samarqandga ayrim sabablar tufayli joʻnatib yuborgan yirik shayx Qosim Anvorga koʻrsatgan ijobiy munosabatidan bilishimiz mumkin. Mashhur muarrix Mirxondning taʼkidlashicha, Mirzo Ulugʻbek Qosim Anvor Samarqandga kelgach, uning donishmandligi va oliyjanobligini koʻrib unga murid boʻlgan va oliy darajada hurmat koʻrsatib xizmatkorlar bilan taʼminlagan va Shohmalik madrasasiga joylashtirgan [4:55].

Buxoroda, Samarqandda va Gʻijduvonda Mirzo Ulugʻbek bunyod etgan madrasalarda oʻz zamonasining yirik olimlari va mutasavviflari yetishib chiqqan. Bu holat oʻsha davrda dunyoviy va diniy fanlar yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi. Mirzo Ulugʻbek oʻz davrida yoshlarni bilim olishga chorlaganining belgisi sifatida Buxoro madrasasining peshtoqiga “Ilm olmoq har bir muslim va muslimaning burchidir” hadisini yozdirib qoʻygan. Mirzo Ulugʻbek madrasasida yirik shayxlardan Xoja Muayyadi Mehna ham mudarrislik qilgan va u Alisher Navoiyni [1:162] farzand sifatida qabul qilgan va unga tasavvuf ilmini oʻrgatgan. Shayx Muayyadi Mehnaning Mirzo Ulugʻbek madrasasida mudarrislik qilganini Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob” asarida qayd etgan. Nisoriyning taʼkidlashiga koʻra “Shayx Muayyadi Mehna Sulton Abusayid Abulxayr avlodidan va saidlik nisbati mashshad (hozirgi Mashhad) saidlariga taalluqlidir. Sultoni shahid Mirzo Ulugʻbek madrasasida mudarrislik qilardi” [1:163].

Tarixchi Davlatshoh Samarqandiy Mirzo Ulugʻbekning yoshligida birga ulgʻaygan shayx Orif Ozariyga iltifot koʻrsatganini qayd etgan [5:60-64]. Alisher Navoiyning qayd etishicha, Mirzo Ulugʻbek soʻfiylik va islom asoslarini chuqur egallagan: “Ulugʻbek Mirzo – donishmand podshoh erdi. Kamoloti bagʻoyat koʻp erdi. Yetti qiroat bila Qurʼoni majid yodida erdi. Hayʼat va riyoziyni xoʻb bilur erdi. Andoqkim, zij bitdi va rasad bogʻladi” [1:180]. Taniqli fransuz temurshunosi Lyusen Karenning taʼkidlashicha, Mirzo Ulugʻbek tufayli Samarqandda yana qirq yil tinchlik hukumronlik qildi. Bu davr sanʼat va ilm fanning ravnaqiga shu qadar katta hissa qoʻshdiki, uni “Samarqandning oltin asri” deb atay boshlashdi. Shu bilan birga oʻz zamonasining yetuk olimi sifatida Mirzo Ulugʻbek oʻz atrofida fikri-zikri faqat bosqinchilikdan iborat harbiylarga va Qurʼoni karimni mutolaa qilishdan oʻzga har qanday aqliy faoliyat gunohdan iborat, deguvchi mutaassibona diniy guruh aʼzolariga qarshi kurashdi [7:205]. Anglashimizcha, Mirzo Ulugʻbekni soʻfiy shayxlar emas, balki ayrim shariat peshvolari oʻzlariga dushman sanab uni xalq oldida obroʻsizlantirishga harakat qilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, ayrim mutasavviflar Mirzo Ulugʻbekka nisbatan dushmanlik munosabatida boʻlgan. Buxoro shayxlarining boshligʻi, dastlabki yillarda Mirzo Ulugʻbekning ittifoqchisi boʻlgan Muhammad Porso keyinchalik uning davlatida obroʻli joy olmadi, [9:1] deb taʼkidlovchi olimlarning fikrlariga qoʻshila olmaymiz. Chunki, bu davr mutasavviflarining hayoti va faoliyatini yoritgan Faxruddin Ali Safiy “Rashahotu aynil hayot” asarida Mirzo Ulugʻbek Samarqandga hadislarni talqin qilish masalasida hadisshunoslardan Shamsuddin Muhammad Jazariy va Muhammad Porsoni taklif qilib, u kishiga soʻz berganini qayd etgan [10: 89]. Demak, Mirzo Ulugʻbek diniy masalalar boʻyicha oʻz davrining yirik shayxlari bilan bahslasha olgan va ularni dunyoviy va diniy ilmlari bilan hayratga solgan, ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilgan odil hukmdor boʻlgan. Hozirgi kungacha ayrim olimlarni qiziqtirib kelgan Mirzo Ulugʻbek bilan diniy ulamolar va tariqatchilar orasidagi munosabatlarni yoritishda ayrim qarama-qarshi fikrlar mavjud. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek bilan Xoja Ahrorning munosabatlarini talqin qilishda akademik V.V.Bartold: “XV asrni Oʻrta Osiyoda ikki dunyoqarash, yaʼni bir tomondan Samarqandni qirq yil boshqargan Mirzo Ulugʻbek, ikkinchi tomondan uning yosh zamondoshi, naqshbandiya tariqatining vakili Xoja Ahror oʻrtasidagi kurashdan iborat davr boʻlgan” [3:47], deb qayd etgan. Ammo Xoja Ahror Valiy Mirzo Ulugʻbekning hukmronligi davrida hali yosh, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy hayotiga taʼsir eta oladigan nufuzli shaxs emas edi. Mustaqillik yillarida manbashunos olim K.Kattayev Xoja Ahror Valiy bilan Mirzo Ulugʻbek munosabatlarini chuqur tahlil qilib, Xoja Ahrorning Mirzo Ulugʻbek oʻlimiga aloqasi yoʻqligini oʻz tadqiqotlarida asoslashga harakat qildi [6:23-24]. XV asrning oxiri va XVI asrning boshida faoliyat koʻrsatgan  Xoja Ahror Valiyning xizmatida boʻlgan Safiyning “Rashahotu aynul hayot” asarida Mirzo Ulugʻbek bilan munosabati buzilgan diniy ulamo Mavlono Nizomiddin Xomush ekani taʼkidlangan. Mirzo Ulugʻbek bilan adovatda boʻlgan diniy ulamo Xoja Ahror Valiy emas, balki Mavlono Nizomiddin Xomush boʻlib, bu ikki diniy ulamoni harakatini yoritishda olimlar, voqealar rivojini chalkashtirib yuborgan. Manbalardan maʼlumki, Mirzo Ulugʻbek saltanat va xalq manfaatini koʻzlagan eʼtiqodli hukmdor boʻlgan. Mirzo Ulugʻbek oʻz saltanati va shohligini ham tangrining inʼomi deb tushungan [8:35]. Mirzo Ulugʻbek dunyoviy ilmlar bilan bir qatorda ilohiyotni ham oʻrgangan. Mirzo Ulugʻbek oʻzi bunyod qilgan mashhur yodgorlik “Zangi ota” peshtoqiga “Mening uylarim masjidlardir, kimki uyida tahorat qilib, mening uyimni ziyorat qilsa, hurmatimga sazovordir” [2:64], deb yozdirgan.

Mirzo Ulugʻbekning diniy ulamolarga, tariqat aʼzolariga boʻlgan ijobiy munosabatini mashhur Bibixonim masjidiga uning farmoni bilan yasatilib, oʻrnatilgan tosh “Lavh”dan (Qurʼon qoʻyiladigan kursi) ham bilib olishimiz mumkin.

Lavhga “Sultoni azim, oliy himmatli xoqon, din-diyonat homiysi, Hanafiya mazhabining posboni, amirul moʻminin Mirzo Ulugʻbek Koʻragon”, [8:120] degan yozuvlar bitilgan. Demak, Mirzo Ulugʻbekning fojiali taqdiriga diniy ulamolar yoki tariqatchilarni sababchi qilib koʻrsatmaslik kerak. Mirzo Ulugʻbek islom tarixi va uning rivojlanish bosqichlarini ilmiy asoslab bergan va islom dinining Dashti qipchoqda turk va moʻgʻul xalqlarining orasida yoyilishini “Tarixi arbaʼ ulus” asarida qayd etgan. Uning “Tarixi arbaʼ ulus” asarini sayyid, avliyo, shayxlarga boʻlgan ijobiy munosabatini ifodalovchi manba desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mirzo Ulugʻbek bu asarida shayx va soʻfiylarning ijtimoiy-siyosatda va hayotda tutgan oʻrni, xalq  orasidagi nufuzi haqida quyidagi maʼlumotlarni bergan: “Shayx, darvesh va sayyidlar Chingizxon avlodidan boʻlgan Abokaxon ibn Halokuxon ibn Tulixon zamonida davlat siyosatiga birlashish darajasiga yetgan: Abokaxon ibn Holokuxon ibn Tulixon zamonida mashoyixlar va sayyidlar uning ehsonu inʼomidan serob boʻlib toza hayot topgan edi. Ulamo va fuzalo esa uning ayyomida zulmu jafo zulmatidan xaloslik topib, farogʻat-farovonlik sarchashmasidan suv ichardi” [8:42]. Fransuz temurshunos olimlari Mirzo Ulugʻbek haqida “U ajoyib qalam sohibi edi. Aytishlaricha, u kattagina tarixiy asar ham bitgan ekan. Uning fors tilida soʻzlasha turib, osongina turk yo arab tilida gapirishini koʻrgan odamning havasi kelardi”, [7:205] deb oʻz ijobiy fikrlarini bildirgan.

Mirzo Ulugʻbekning tasavvuf taʼlimotiga ijobiy munosabati shunda ediki, u soʻfiylikni mardlik, shijoatlilik tariqati tarzida tushungan. Jumladan, “Tarixi arbaʼ ulus” asarida Shayx Mahmud Tarobiy harakatini insonparvarlik, xalq manfaatlari himoyachisi sifatida yoritib shayxning qudratini, xalqni ergashtira olish kuchini eʼtirof etgan boʻlsa, qoʻrqoq va layoqatsiz, subutsiz amirlarni qoralagan [8:299-300]. Shohrux Mirzo bilan Mirzo Ulugʻbekning eng buyuk xizmati ularning asrlar osha mashhur boʻlib “Temuriylar davri uygʻonish madaniyati” deb nom olgan madaniyatga asos solgani boʻldi. Uning taʼsiri va turtkisi oʻlaroq Markaziy Osiyoda yangidan yangi madaniyat oʻchoqlari paydo boʻldi va rivojlana bordi. Oʻz navbatida Mirzo Ulugʻbek ham Samarqandda akademiya tashkil qildi, ziyolilarni qoʻllab-quvvatladi va bir-biridan ajoyib imoratlar bunyod ettirdi [7:203-204].

Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, temuriylarning tasavvuf taʼlimotiga, shayxlar va pirlarga ijobiy munosabatda boʻlganiga asosiy sabab shahzodalarning oʻzlari yuksak tafakkurli, maʼrifatparvar boʻlganidir. Shuning uchun temuriylar hukmronligi davrida mamlakatda ilm-fan, falsafa, tasavvuf, madaniyat, sanʼat, adabiyot gullab yashnagan. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. 15 tom. –T.: Yangi asr avlodi, 2006.
  2. F.Ashrafxoʻjayev, Z.Joʻrayev. Hazrati Zangi Ota va Sohibqiron Amir Temur. –T.: Navroʻz, 2017.
  3. V.V.Bartold. Ulugbek i yego vremya. / V.V.Bartold. Soch., T.2, Ch.2. –M.: Nauka, 1964.
  4. B.Valixoʻjayev. Xoja Ahror Vali. –Samarqand.: SamDU, 1993.
  5. Davlatshoh Samarqandiy. Tazkirat ush-shuaro. –T.: Fan, 1982.
  6. K.Kattayev. Xoja Ahror Valiy va Mirzo Ulugʻbek muammolari talqini. –Samarqand.: SamDU, 2004.
  7. Lyusen Karen. Amir Temur saltanati. –T.: Oʻzbekiston, 2018.
  8. Mirzo Ulugʻbek. Toʻrt ulus tarixi. –T.: Choʻlpon, 2019.
  9. T.S.Saidqulov. Ocherki istoriografii i istorii narodov Sredney Azii. –T.: Oʻqituvchi, 1992.
  10. Faxruddin Ali as-Safiy. Rashahotu aynil-hayot. –T.: Abu Ali Ibn Sino, 2004.
Islom HAMDAMOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti v.v.b.,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …