Home / MAQOLALAR / SOXTA MUJOHIDLAR

SOXTA MUJOHIDLAR

“Albatta, haqiqiy moʻminlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, soʻngra shubha qilmagan va Allohning yoʻlida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana oʻshalar, oʻshalargina (iymonida) sodiqlardir” (Hujurot surasi, 15-oyat).

Baʼzilari esa qandaydir obroʻ yoki mol-mulk orqasidan quvgan gumroh kimsalardir. Yana baʼzilari esa alamzada hayotda maqsadlariga erisholmagan odamlardir. Ular umuman ilm ham olishmaydi, olimni ham tinglashmaydi. Shunday ekstremistik oqimlar Allohning hukmi bilan hukm qilmagan musulmonlarni kufrda, johillikda va koʻpxudolikda ayblaydilar. Ularning fikricha islom yer yuzidan bundan necha yuzlab yillar ilgari yoʻq boʻlib ketgan va hozirgi qonunlar, konstitutsiyalar va hokimlar barchasi kufr hisoblanadi. Bularni toʻgʻrilash uchun esa barcha “adashgan” musulmonlarga qarshi jihod qilishimiz shart deb bilishadi. Haqiqat esa tamoman boshqachadir.

Alloh taolo jihodni aynan urushga bogʻlab qoʻymagan va bu soʻzning asli islom manfaatlari yoʻlidagi urinishlarni ifoda etadi. Endi qachonki jihod farz boʻlib qolsa ham unda daraxtlar kesilmasligi, chorvalar oʻldirilmasligi va boshqa din vakillari oʻz ibodatxonalarida qatl qilinmasligi kabi bir qancha shartlarni qoʻyadiki bundan islomning faqatgina oliy manfaatlarni koʻzlagani tushuniladi. Uni Alloh insonlar uchun rahmat, adolat va oʻzaro hurmat qilib joriy qilgan. Bundan boshqasi jihod emas zolimlik va nohaq urushlardan boshqa narsa emas. Endi bugungi kunga kelib bu razil maqsadli adashgan ekstremistlarning qilmishlari tufayli islomni dunyo bosqinchilik, zulm, nohaqlik va mutaassiblik sifatida koʻrmoqda. Ular esa “namoz oʻqishni bilmaydimi demak kofir”, “konstitutsiyaga amal qiladimi demak kofir” hatto “soqoli yoʻqmi demak adashgan” deb iddao qilishdan charchashmayaptilar. Bularning islomga keltirayotgan zararlarining chegarasi yoʻq, afsuski. Bir hadis misolida ularning yoʻllari naqadar xato va naqadar sunnatdan uzoqligini isbotlab beramiz insha Alloh.

Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahmatullohi alayh oʻzlarining mashhur sahihlarida Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan quyidagi sahih hadisni rivoyat qilganlar: “Bir kuni kechki payt bir kishi tuyada masjidga keldi va Muoz roziyallohu anhuning orqalarida turib u kishiga ergashgan holda namoz oʻqishni boshladi. Oʻshanda Muoz roziyallohu anhu jamoat bilan namozda Baqara yoki Niso surasini oʻqib turgandilar. Shunda haligi kishi jamoat namozidan chiqib yolgʻiz oʻzi namoz oʻqib oldi va ketib qoldi. Unga bu ishini Muoz roziyallohu anhu maʼqullamaganligini aytishganda u paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Muoz roziayalohu anhuning namozni uzun oʻqishlaridan shikoyat qildi. Shunda paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuga uch bora: “Ey Muoz, fitna qilyapsanmi?” deb turib yana shunday dedilar: “Nega namozingda “Sabbihisma Robbikal Aʼla”, “Vashshamsi va duhaha”, “Vallayli iza yagʻsha” kabi kichik suralarni oʻqimading?” – dedilar. “Sening orqangdan qari odamlar, kam quvvatlar va ishi borlar namoz oʻqishini unutma” – dedilar.”

Yuqoridagi nabaviy hadisdan koʻrinib turibdiki kimki islomni insonlar oʻrtasida yoymoqchi, joriy qilmoqchi boʻlsa bu ishida ularning qiyinchiligiga sabab boʻladigan ishlardan uzoq boʻlishi uqdirilmoqda. Bu ishning fitnaga, norozichilikka olib kelishi va xavfli ekani tushuntirilmoqda. Bunday ishni qiladigan hatto islomdagi eng yaxshi amal boʻlmish namoz oʻqiyotganligiga qaramay uni fitnachi deb atamoqdalar. Aslida paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning namozni qanchalar yaxshi koʻrishlari va koʻp oʻqiganliklari maʼlum va mashhur. Shunday boʻlsada jamoat namozlarini orqadagi ergashuvchilarning hollarini inobatga olib doim qisqa qilishga harakat qilganlar. Ushbu hadisda paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam kimki islom qonunlarini insonlarga singdirishni xohlasa aslo ularga qoʻpollik yoki qiyinchilik yetkazmasligi lozimligi va agar shunday qiladigan boʻlsa bu ishi bilan u fitnaning yoyilishiga sabab boʻlishi va islomdan odamlarni nafratlantirib qoʻyishi aytilmoqda.

Ekstremistik oqimlar hozirda butun dunyo musulmonlariga jihod farzi ayn boʻlgan deb hisoblab barcha musulmonlarni ularning nazdidagi kofirlarga qarshi jangga chorlamoqdalar va bu ishda qatnashmaganlarga hech qanday uzr yoʻq deb hisoblamoqdalar. Bu bilan ular haqiqiy olimlarning jihodga bergan taʼrifiga teskari ish qilmoqdalar. Islom ulamolari jihodga Allohning yoʻlida turli xil foydali maqsadlarda harakat qilish deb taʼrif berganlar va nafs jihodi, ilm bilan jihod qilish kabi maʼnolar berganlar. Shuningdek baʼzida holatdan kelib chiqib kuch ishlatish yoʻli bilan ham jihod qilinadi deganlar. (Bunday holatni ulamolar kengashlari hal qiladi)

Adashgan toifalarning jihod borasidagi katta adashuvlaridan biri ular jihodni islomning maqsadlaridan biri sifatida bilishidadir. Toxir ibn Ashur rohimahulloh oʻzlarining “Maqasidush Shariʼa” kitoblarida jihod islomning maqsadi boʻlmay balki asosiy maqsad uchun bir vosita deb aytganlar. Yaʼni baʼzida ekstremistik toifalar singari jihodni faqat urush deb bilib urush qilgandan teskari natija chiqadi va buni bugun hammamiz koʻrib turibmiz.

Bir ovozdan aytilgan gap shuki islomda jihodning asosi odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashdir. Zalolatdan hidoyatga, johiliyatdan ilmga va qorongʻulikdan nurga olib chiqishdir. Bunga misol paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Haybar gʻazotiga Ali roziyallohu anhuni yubora turib shunday degan edilar: “Alloh sen tufayli bir kishini toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilishi sen uchun eng qimmat tuyalardan koʻra yaxshiroqdir.” Mana shu hadisdan ham koʻrinib turibdiki gʻazotning asl maqsadi yoʻlda uchraganlarni qirishmas balki odamlar hidoyatiga sabab boʻlish ekanligi. Haqiqiy din ularni Allohga, toʻgʻri yoʻlga chaqirishda ekanligi maʼlum boʻlmoqda.

Alloh barchamizni Oʻzining mustaqim yoʻlida sobitqadam qilsin. Amin.

Haybatullo RASHIDOV – Shoʻrchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom-xatibi
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …