Gʻarbiy Sibirda Buxoro amirligidan borib yashab qolgan xalqlar talaygina boʻlib ular “Sibir Buxoriylari” nomi bilan tarixda mashhur boʻlgan [1:77-85]. Sibirda yashagan Oʻrta Osiyoliklar xonliklar davridan oldin ham u yerda umrguzaronlik qilgan. Asrlar davomida Gʻarbiy Sibir deyarli Buxoro amirligining koloniyasiga aylanib qolayozgandi. Sibir Buxoriylari bu yerda yashayotgan tatarlar (aslida turkiy xalqlar) bilan soʻzlashib asta-sekin oʻz tillarini maʼlum maʼnoda oʻzgartirib borgan.
U yerlarga koʻchib borgan savdogarlar, harbiy askar va diniy ulamolar oʻz missiyalarini bajarish maqsadida turli qishloq va mahallalarga asos solgan. Aynan buxoroliklar birinchi marta Sibirga mushukni olib borgan. Dunyoga mashhur “Sibir mushugi” aslida Turkistonliklar tomonidan u yerga olib borilgan va tarqatilgan. Sibirdagi Uchmir togʻi avvaldan turkiylarning uch din qoʻshilgan muqaddas makoni hisoblangan. Bu yerlar biz keltirayotgan davrdan ham bir necha ming yil oldin turkiy qavmlarning ona yeri boʻlgan. Uch boshli togʻni qadim turkiylar muqaddas hisoblagan va unda bir xosiyat bor deb bilgan. Ancha koʻp sonli va turli tarmoqli turkiy qabilalar Sibir, Oltoy, Oʻrta Osiyo, Sharqiy Turkiston va boshqa joylarda qadim zamonlardan beri yashab kelgani hammaga maʼlum. Bizning ajdodlarimiz ham bugungi Oʻzbekiston chegarasidagina emas, balki migratsion jarayonlar toʻlqinida bemalol u yerda, bu yerda yashagan. Shuning uchun ham “Dashti Qipchoq, Gʻarbiy Sibir hududida va qadimgi Qrim yerlarida ular yashamagan, u yerdan kelganlar bizga begona” degan fikr notoʻgʻri boʻladi. Biz oʻzbeklar tarixini oʻrganishda oʻsha davrdagi erkin migratsion toʻlqinlar va sharoitlarni inobatga olishimiz lozim.
Turkiylarning asl vatani Oltoy, Sibir, Oʻrta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Xurosonning katta qismi va boshqa yerlardir. Navbatdagi migratsiya toʻlqinlari natijasida umumiy nom ostida Gʻarbiy Sibirda Buxoro qishloqlari paydo boʻlgan [2:69]. U yerda Oʻzbekistonning hamma yeridan koʻchib borgan xalqlarni uchratish mumkin edi [3]. Hatto Toshkentdan borgan insonlarning ham oʻz mavzesi boʻlgan. Tarixiy evirilishlar sabab rus mustamlakachilarining qadami u yerga ham yetib borgan va Oʻrta Osiyoliklardan tashkil topgan Gʻarbiy Sibirdagi koʻplab qishloqlarni ular oʻz tasarrufiga kiritgan.
Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Bahovuddin Naqshbandiy tariqatining vakillari ham islom dinini tarqatish va mustahkamlash maqsadida bu yerlarga kelib joylashgan. Buxoro aholisining Sibirda koʻpayishiga bu tariqat taʼsiridagi migratsion toʻlqinlar ham taʼsir koʻrsatgan.
Maʼlumotlarga koʻra, XIV asrning oxirida Irtish daryosi boʻyiga 366 nafar shayx islomni tarqatish maqsadida kirib kelgan [4]. XX asrning boshida Tyumen (turkiyda Tuman), Tobolsk va Tar uyezdida Buxoro volosti mavjud boʻlgan. U yerda asosan buxorolik savdogarlar va islom ulamolari istiqomat qilgan.
Ular hozirgi Tyumen, Tobolsk, Tara, Tomsk hududlari boʻylab joylashgan va Oʻrta Osiyo hududlari bilan doimiy savdo-sotiq ishlarini olib borgan.
Bundan tashqari ular hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik bilan ham shugʻullangan.
Tyumenda Buxoro nomli rasmiy shahar-posyolkalar boʻlgan. U yerdan uncha uzoq boʻlmagan Emboyevlar, Toʻrayevlar, Madyarovlar, Merimovlar kabi qishloqlarda ham asosan Buxoro va uning atrofidan kelgan aholi istiqomat qilgan. Shuningdek, bugungi Omsk viloyati hududida ham XV-XVII asarlarda Buxorodan koʻchib kelgan xalqlarning Yalankoʻl, Ulan koʻl, Kazatovo, Aybatkan, Tuzqazgan va boshqa joy nomlari mavjud.
Rus hukumati ham Buxoro savdogarlarini qoʻllab-quvvatlagan. Mahalliy hukumatga ularni soliqlardan batamom ozod qilish, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish vazifasi yuklatilgan.
Rus hukumatiga sibir yerlarini oʻzlashtirishda buxorolik savdogarlarga ehtiyoj tugʻilgan. Ular ming yillardan beri savdogarlik ilmi va anʼanalarini asrab kelayotgani uchun ham, bu tadbirkorlarning malaka va tajribalarini puxta oʻrganishga rus jamiyati va davlatida zarurat va ehtiyoj tugʻilgan.
XVI asrning oxiridan boshlab Buxoro savdogarlari Sibir shaharlari bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarda muhim rol oʻynagan. Ular Sibirga Xitoydan shohi matolar, uy-roʻzgʻor buyumlari, chinni idishlar, choy va qullar olib kelgan. Sibirdan esa asosan moʻyna olib ketilgan.
XVII asrdan boshlab Buxoro savdogarlari Sharqiy Sibirdagi rus shaharlariga savdo-iqtisodiy xizmatlar koʻrsata boshlagan. Irkutskka 1684 yilda buxoroliklarning birinchi savdo karvoni oyrot elchiligi bilan birga 170 tuyada tovar olib kelgani haqida maʼlumotlar mavjud [5].
Bu mol va tovarlar asosan choy va tamakidan iborat edi. Ular qul bozorlariga qullar ham keltirib turgan.
Shuningdek, 1672 yilda Krasnoyarsk shahriga 12 nafar tadbirkor-savdogar kelgani haqida ham maʼlumotlar saqlanib qolgan. Buxoro savdogarlari Sibir aholisining orasida katta nufuz va obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan. 1795 yildagi 5-roʻyxatga olish taftishida 1370 nafar tatarlar nomi ostidagi aholining 1218 nafari buxorolik edi.
XVIII asrda Buxoroda jami 20000 nafar buxoroliklar istiqomat qilar edi. 1897 yilgi aholini roʻyxatga olish daftarida ularning soni 11000, 1926 yilda esa 26000 nafar deb koʻrsatilgan [6]. Tar uyezdida ularning soni 11715 nafarni tashkil etgani qayd etilgan. Aslini olganda ular XVIII asrda 20000 nafarni tashkil etgan boʻlsa, ajdodlarimizning bolajonligi va serfarzandligini inobatga olsak, ularning soni undan bir necha barobar koʻp boʻlishi kerak edi.
Sibir Buxoriylari keyinchalik “Sibir tatarlari” nomi ostidagi milliy nufuzni paydo boʻlishida katta rol oʻynagan. “Buxorolik” degan milliy-hududiy anʼana 1930 yillardagi hujjatlarda ham uchrab turadi.
Ular oxirgi marta 1926 yilda roʻyxatga olingan. Keyinchalik Sovet davlatining yagona xalq yaratish gʻoyasi tufayli alohida qayd etilmasdan aralashtirib yuborilgan. Turkiston qishloqlaridan borgan aholi uzoq yillik tarixiy aralashishlar davrida oʻzlarining asl tillarini unutishgan, lekin qaysidir maʼnoda urf-odatlarini saqlab qolgan va ularning orasida hali hanuzgacha turkistonliklarni eslatadigan shaxslar uchrab turadi.
Sibir xalqlarining maʼnaviy-maʼrifiy hayotini shakllantirishda Sibir Buxoriylarining oʻrni va roli katta boʻlgan.
Aynan ular Sibirda birinchi boʻlib oʻquv muassasasi – madrasa va kutubxona tashkil etgan [7].
-
V.P.Klyuyeva. Buxarskiye obщinы v Sibiri (kones XVI — nachalo XIX vv.) //Problemы ekonomicheskoy i sotsialno-politicheskoy istorii dorevolyutsionnoy Rossii. Tyumen, 2001.
-
G.L.Fayzraxmanov. Buxarsы v Zapadnoy Sibiri v XVII – nachale XX vekov // Vestnik Bashkirskogo universiteta. 2005. №3.
-
Shohista Oʻljayeva. Gʻarbiy Sibirdagi oʻzbeklar tarixi va taqdiriga yana bir qisqa nazar… http://e-tarix.uz/vatan-tarixi/1082-garbiy-sibirdagi.html
-
Tayga.info: Kogda buxarsы vpervыye poyavilis v Sibiri? // https://tayga.info/162043
-
Sibirskiye buxarsы. Istoriya ischeznuvshego naroda // https://nuz.uz/intervyu/1181189-sibirskie-buharczy-istoriya-ischeznuvshego-naroda.html