Movarounnahrda yashab ijod qilgan buyuk mutafakkir va allomalarning boy ilmiy merosi hamda ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish, har tomonlama teran oʻrganish va keng targʻib qilish uchun xorijiy davlatlardagi kutubxona va arxiv fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarini aniqlash va elektron nusxalarini toʻplash dolzarb masalaga aylanmoqda.
Bu borada xalqimizning bebaho mulki hisoblangan noyob qoʻlyozma manbalarni saqlash va tadqiq qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga binoan mamlakatimiz hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvali ishlab chiqilib, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etiladi.
Muhaddislar sultoni deb eʼtirof etilgan buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning hayoti va boy maʼnaviy merosini keng tadqiq etish yuzasidan nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Imom Buxoriy 40 yil mobaynida koʻplab mamlakatlarda boʻlib, 24 ta asar yozgani manbalarda qayd etilgan. Shulardan biri “Kitobuz zuafois sagʻir” boʻlib, u “Kitobuz zuafo” nomi bilan ham zikr qilingan. Muallif unda 418 nafar zaif darajali roviyning ismlarini alifbo tartibida keltirib oʻtgan.
Manbalarda qayd etilishicha, mazkur kitobni Imom Buxoriydan 3 hofiz – Abu Bashar Muhammad ibn Ahmad ibn Ahmad ibn Hammod Davlaviy, Abu Jaʼfar Misboh ibn Said va Adam ibn Muso Xavoriy rivoyat qilgan[1].
Muhaddislarning ayrimlari darajasi zaif hadislarni jamlab, zaiflik sabablarini keltirgan. Zaif roviylarni har jihatdan tanitadigan, ular haqida keng maʼlumot beradigan “rijol”, yaʼni roviylarni bilish haqidagi kitoblar ham anchagina. Imom Nasoiyning (v. 303/915) “Kitobuz zuafo val matrukin”, Uqaymiyning (v. 322/934) “Kitobuz zuafoil kabir”, Ibn Hibbonning (v. 354/965) “Kitobul majruhin”, Ibn Adiyning (v. 365/975) “Komil fiy zuafoir rijol”, Imom Doraqutniyning (v. 385/995) “Kitobuz zuafo val matrukin”, Ibn Hajarning (v. 852/1449) “Lisonul mezon” va Ibn Javziyning (v, 597/ 1200) “Kitobuz zuafo val matrukin” kitoblari shular jumlasidandir.
Imom Buxoriy “Kitobuz zuafois sagʻir” asarida aksar hollarda zaiflikning sabablari roviyning ustozlari zikri bilan birga bayon qilinadi. Roviylarning nuqson va qusurlari oʻta aniqlik bilan koʻrsatiladi. Imom Buxoriy ular rivoyatining zaiflik negizlarini aniqlashga juda ehtiyotkorlik va zoʻr masʼuliyat bilan yondashgan.
Hozirgi kunda xorijiy davlatlarning koʻplab kutubxona va arxiv fondlarida mazkur asarning nodir qoʻlyozmalari saqlanmoqda. Jumladan:
- Misr Arab Respublikasining Qohira shahridagi Al-Azhar universiteti markaziy kutubxonasida inv. № 446;
- Saudiya Arabistonining Makka shahridagi “Makkatul mukarrama” kutubxonasida inv. № 2/122;
- Turkiyaning Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasiga qarashli Laleli kolleksiyasida inv. № 2089;
- Yaman Respublikasining Sano shahridgi “Jomiʼul kabiril gʻarbiy” kutubxonasining tarix boʻlimida inv. № 193 va № 0599;
- Kuvayt davlatining Kuvayt shahridagi “Kulliyotul odob val maxtutot” kutubxonasida inv. № 3 مج 148 ب ;
- Hindiston Respublikasining Patna shahridagi “Xudobaxsh” kutubxonasida inv. № 1/557 2932-2937 va № 1/558 2897, 12/690 raqamlar ostida saqlanmoqda.
“Kitobuz zuafois sagʻir”ning Laleli kolleksiyasidagi qoʻlyozma nusxasi 19 varaqdan iborat boʻlib, 12b-varaqdan basmala bilan boshlangan. Varaqlarining oʻlchami 22×15.5 sm. boʻlib, matn satrlari 19 qatorni tashkil etadi. Mazkur qoʻlyozma 731/1331 yilda xattot Umar ibn Ibrohim ibn Abdulloh ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Aʼjamiy Shofiiy Halabiy tomonidan nasx xatida koʻchirilgan. Asarning 17b va 28b-varaqlarida poygir bor. Baʼzi bob nomlari qizil siyohda yozilgan.
Asar 12b-varaqdan boshlanganiga qaraganda, u majmua tarkibida boʻlgan. 12a-varagʻida asar nomi va muallif ismi quyidagicha keltirilgan:
كتاب الضعفاء لابى عبدالله محمد بن اسمعيل البخارى[2].
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Kitobuz Zuafo” asari.
12b-varaqdan basmaladan keyin ushbu asarni ijoza yoʻli bilan yetkizgan roviylar silsilasi keltirilgan:
بسم الله الرحمن الرحيم أخبرنا الشيخ الإمام العالم أبو عبد الله محمد بن عمر بن عبد الغالب العثماني قراءة عليه، وأنا اسمع في ليلة العشرين من شهر رمضان سنة أربع عشرة وستمائة قدم علينا حلب قال: أخبرنا الشيخ أبو عبد الله محمد بن أحمد بن عبد الله بن الحسين الفاراني، أنبأ أبو علي الحسن بن أحمد الحسن الحداد إجازة، أنبأ أبو نعيم أحمد بن عبد الله بن أحمد الحافظ، ثنا أبو أحمد محمد بن أحمد بن الغطريف العبدي الدهستاني بجرجان بسنة إحدى وسبعين وثلاثمائة قرأت عليه في أصله، فأقر به، قال قرأت على آدم بن موسى الخواري ثنا أبو عبد الله محمد بن إسماعيل قال:
Bismillahir rohmanir rohim. Dunyo imomi, shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Abdulgʻolib Usmoniy bizga oʻqib berdi. Men olti yuz oʻn toʻrtinchi yili Ramazon oyining yigirmanchi kechasida Halabga kelganimda tinglagan edim. Bizga Shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Husayn Faroniy xabar qildi. Bizga Abu Ali Hasan ibn Ahmad Haddod ijoza (ruxsat) bergan holda xabar qildi. Bizga Abu Nuaym Ahmad ibn Abdulloh ibn Ahmad Hofiz xabar qildi. Bizga uch yuz yetmish birinchi yili Jurjonda Abu Ahmad Muhammad ibn Ahmad ibn Gʻitrif Abdi Dahstoniy hadis aytdi. “Unga aslidan oʻqib berdim, u shunga iqror boʻldi”, dedi. Men Adam ibn Muso Xavoriyga oʻqib berdim, dedi. Bizga Abu Abdulloh Muhammad bin Ismoil aytdi:
Yuqorida taʼkidlanganidek, mazkur qoʻlyozma Adam ibn Muso Xavoriy tomonidan rivoyat qilingan nusxadir.
Asarning 1a, 22a va 30b-varaqlarida yumaloq muhr boʻlib, ularda quyidagi yozuv bor:
هذا وقف سلطان الزمان الغازي سلطان سليم خان ابن السلطان مصطفى خان عفى عنهما الرحمن ١۲١۷.
Bu Sulotonuz zamon Sulton Mustafoxon oʻgʻli Gʻoziy Sulton Salimxonning vaqfidir. Rahmon (Alloh) u ikkisini afv etsin, 1217.
Mazkur muhr Usmoniylar imperiyasining 1789-1807 yillardagi hukmdori Sulton Salim III (1761-1808 y.) ga tegishli boʻlgan. Demak, bu qoʻlyozma hijriy 1217 (milodiy 1803) yili Sulton Salimxon tomonidan vaqf qilingan.
Asar oxiri va kalafoni 30a-varaqda boʻlib, unda quyidagi jumlalar qayd etilgan:
آخر كتاب الضفاء فرغ من تعليفه الفقرالي الله عمر بن ابرهيم بن عبدالله بن عبدالله بن محمد بن العجمي الشافعى الحلبي عفا الله عنهم فى … نهار الاحد رابع عشر جمادى الاول من سنة احدى ثلثين سبعماء من هجرة سيدنا محمد صلى الله عليه وعلى آله و صحبه و سلم تسلما كثيرا[3].
Faqiru ilallohi (Allohga muhtoj) Umar ibn Ibrohim ibn Abdulloh ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Aʼjamiy Shofiiy Halabiy “Kitobuz zuafo”ning oxirini yozishdan forigʻ boʻldi. Alloh ularni afv etsin … Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijratlarining 731 yili jumodul avval oyining oʻn toʻrtinchi kuni yakshanba (milodiy 1331 yil 17 fevral).
Hozirgi kunda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining elektron bazasida mazkur qoʻlyozmaning elektron nusxasi saqlanmoqda.
“Kitobuz zuafois sagʻir” zaif roviylarni har jihatdan tanib olish va ular haqida keng maʼlumotlarga ega boʻlishda muhim manba hisoblanadi. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va hadisi shariflarini oʻrganishni niyat qilgan tadqiqotchilar hamda hadis va sunnat borasida maʼruza qiladigan imom-xatiblar zaif roviylarni har jihatdan yaxshi bilishi kerak. Imom Buxoriyning mazkur asari ana shu maqsadga xizmat qiluvchi oʻta noyob manbadir. Zero, hadis rivoyat qilishda uning sahih yo zaifligini aniq bilish, qaysi roviyga ergashish va qaysisini tark etishni aniq bilish adashishdan saqlaydi.