Bugungi kunda Vatanimizning turli davrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini birlamchi manbalar asosida izchil va haqqoniy oʻrganish, chinakam tarixni ochib beruvchi manbalarga tayangan holda yoritish va zarur xulosalar chiqarishga eʼtibor kuchaydi. Shu bois, yurtimizning turli davrlardagi hayotini oʻrganishda arxivlarda saqlanayotgan jamgʻarma hujjatlarning oʻrni beqiyosdir. Oʻtmishda sodir boʻlgan ijtimoiy, siyosiy jarayonlarni, sodir boʻlgan voqea-hodisalarni arxiv materiallari asosida oʻrganish oʻsha davr hayotining haqiqiy mazmun-mohiyatini ochib berishda asosiy oʻrin tutadi. Bu murakkab va ayni paytda, oʻta muhim vazifani amalga oshirish uchun davlatimizning arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarga obyektiv yondashish, ularni haqqoniy tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar tarixiy taraqqiyot jarayonida jamiyat aʼzolari toʻplagan boy intellektual merosni jamlagan boʻlib, oʻtmishni kelajak avlod bilan bogʻlab turuvchi qimmatli manbadir. Har qanday davlatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy tarixini va bugungi kunini arxivsiz tasavvur qilish qiyin. Jamiyat va shaxsning tarixni bilishga qiziqishi ortib borayotgan bugungi kunda, zamonaviy hayotni arxivlashtirish zarurati kechayotgan hozirgi zamonda arxiv manbashunosligiga eʼtibor oldingi oʻringa chiqqanini taʼkidlash zarur.
Ayniqsa, 2019 yil 20 sentyabrda Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida arxivlar ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5834-son Farmoni [1] va “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4463-son Qarori [2]ning qabul qilinishi bu sohada chuqur islohotlarni boshlab berdi. Bu hujjatlarda ilmiy-tadqiqot, arxiv va ilmiy markazlarda ilmiy ishlar olib borish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarni tayyorlashda birlamchi manba sifatida arxiv materiallaridan keng foydalanish, ularni ilmiy muomalaga kiritish vazifasi qoʻyildi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat Arxivi koʻplab noyob hujjatlar jamlangani bilan bugungi kunda dunyo arxivlari orasida ajralib turadi. Bu arxivda saqlanayotgan hujjatlarning aksariyati sovet mustamlakachiligi davrining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, qishloq xoʻjaligi va madaniy-maʼrifiy sohalarni qamrab olgan. Arxiv fondida saqlanayotgan sovetlar hukmronligi davriga oid hujjatlarda sobiq “Markaz”ning ittifoqdosh respublikalarga yuborgan koʻrsatmalarida berilgan topshiriqlar va ularning soʻzsiz bajarilishi kerakligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uchratish mumkin.
Jumladan, OʻzRMDAning 90-fond [3] hujjatida Oʻzbekiston SSRda 1920-1930 yillarda paxtachilikni rivojlantirish, paxta yakkahokimligini kuchaytirish va sobiq SSSRning paxta mustaqilligini taʼminlash uchun chigit ekiladigan maydonlarini kengaytirish va suv inshootlarini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligida texnikadan unumli foydalanish va mutaxassis kadrlar hamda fan-texnika yutuqlarini paxtachilikka joriy qilish borasida Oʻzbekiston xalqiga maxsus topshiriqlar berilgan hujjatlar saqlanadi. Bu hujjatlarda 1925 yil 4 iyulda Oʻzbekiston KP MK qoshida yer-suv islohotini oʻtkazish markaziy komissiyasi barpo etilgani, bunday komissiyalar viloyatlar va tumanlarda ham tashkil etilib ularning tarkibiga yana 1200 nafar mahalliy qishloq xoʻjaligiga aloqasi boʻlmagan aholi ham aʼzo boʻlgani toʻgʻrisidagi roʻyxat keltirilgan. 1925-1930 yillarda bu komissiyaga paxtachilik sohasi boʻyicha rejalar va koʻrsatmalar berilgan. Koʻrsatmada berilgan topshiriqlarni soʻzsiz bajarish kerakligi alohida taʼkidlangan.
Yana bir muhim hujjatda, [4] Oʻzbekiston KP II syezdining sinfiy-mafkuraviy koʻrsatmalarini amalga oshirish uchun 1925 yil 2 dekabrda Oʻzbekiston SSR MIKning favqulodda sessiyasida ikkita “Yer va suvni milliylashtirish toʻgʻrisida” va “Ep-suv islohoti toʻgʻrisida”gi dekretlar qabul qilingani koʻrsatilgan. Bu hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston hududidagi barcha yer, oʻrmon, suv va yer osti boyliklari, kimning ixtiyorida boʻlishidan qatʼiy nazar davlat mulki etib, belgilab qoʻyilgani va uning qonuniylashtirilganiga urgʻu berilgan. Bu qarorda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, paxta maydonlarini kengaytirish koʻzda tutilgan boʻlsa-da, lekin mahalliy aholining oʻziga tegishli mol-mulklar, yerlar, daraxtlar va boshqa boyliklar davlat ixtiyoriga tortib olinganini koʻrishimiz mumkin. Bu qarorda mahalliy aholining xohish-istagi, orzu umidlari va imkoniyatlari hisobga olinmagan.
Yana bir hujjatda OʻzRMDAning 314-fond [3] hujjatida KPSS MK va SSSR Ministrlar Sovetining 1946 yil 2 fevralda qabul qilgan “Oʻzbekiston SSRda paxtachilikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi maxsus qarori va Oʻzbekistonda paxta yetishtirishni 4-besh yillikda 2,5 baravar koʻpaytirish vazifasi belgilab qoʻyilgan. Shu bilan birga bu hujjatda sovetlarning maʼmuriy buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimi davrida barcha mustamlakalardagi singari Oʻzbekistonda ham jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun sinovdan oʻtgan maqbul obyektiv qonuniyatlar eʼtiborga olinmasdan, ishlab chiqarishning ekstensiv usulidan keng foydalanilgani haqida koʻplab maʼlumotlar mavjud.
OʻzRMDAning 837-fond [4] hujjatida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi kadrlarining tanqisligi masalasiga barham berish maqsadida 1966 yil 22 yanvarda hukumat tomonidan “1966 yilda qishloq xoʻjaligi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish toʻgʻrisida” maxsus qaror qabul qilingani koʻrsatilgan. Unda quyi boʻgʻin uchun zarur boʻlgan ommaviy kasb mutaxassislarini tez va sifatli tayyorlashga eʼtibor qaratilishi koʻrsatib oʻtilgan. Hujjatda bu qaror boʻyicha 1966 yilda Mirzachoʻl hududi uchun 2135ta ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash belgilangani va shu asosda faqat sovxozlar uchun 1000ta mexanizator, paxta terish uchun 800 nafar mexanik-haydovchi, 100 nafar kombaynchi va boshqa mutaxassislar tayyorlangani qayd etilgan. Bundan koʻrish mumkinki, faqat qishloq xoʻjaligi uchun tor doiradagi mutaxassis kadrlar tayyorlashga harakatning kuchaytirilganiga guvoh boʻlishimiz mumkin.
Oʻzbekistonning kolxoz va sovxozlarida mutaxassis-kadrlar bilan taʼminlash masalasiga doir materiallar tahlili shuni koʻrsatadiki, ilgari murakkab texnika vositalari bilan tanish boʻlmagan, undan foydalanishni yaxshi bilmagan kishilardan malakali mutaxassislar tayyorlash, belgilangan vazifalarni talab darajasida bajarish uchun maʼlum vaqt kerak boʻlgan. Biroq paxta yetishtirishni koʻpaytirish uchun yangi yerlarni oʻzlashtirilishiga qarab, muntazam suratda toʻldirib borilayotgan mashina-traktor parklaridagi texnika vositalaridan yetarli darajada foydalanmaslik davlatga katta zarar keltirar edi. Shu bilan birga texnika vositalarining bekor turib qolishiga kadrlar yetishmasligidan tashqari, ularning maxsus tayyorgarlikdan oʻtmagan, malakasiz va tajribasiz kishilar qoʻliga topshirilishi ham sabab boʻlgan.
Sogʻliqni-saqlashga doir Oʻz MDAning 837-fond [5]idagi hujjatda 1969 yilda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yangi tashkil etilgan sovxozlarga joʻnatilgan 70 nafar xodimdan 30 nafari oliy maʼlumotli, qolganining esa 6 nafari feldsher, 4 nafari akusher, 3 nafari laborant, 30 nafari hamshira boʻlgani koʻrsatilgan.
Albatta, bu hol meditsina xodimlariga boʻlgan talab va ehtiyojni qondirish uchun yetarli emas edi. Buning ustiga choʻl sharoitiga koʻnika olmagan yosh mutaxassislardan koʻpining oʻz yurtiga qaytib ketishi kadrlar muammosining bartaraf etilishiga imkon bermagan. Choʻl sharoitiga koʻnika olmasdan ishdan boʻshab ketayotgan xodimlarning ortib borayotgani davlat, partiya tashkilotlari va kasaba uyushmalari oldida turgan dolzarb masalaga aylangan. Shu sababli, hukumat kadrlarning muqim qolishini taʼminlash maqsadida turli chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Meditsina sohasida kadrlarning qoʻnimsizligiga sabab ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sharoitning ogʻirligi va uning tashkil etilishi jarayonidan qoniqmasligi boʻlgan.
Aholini uy-joy bilan taʼminlanishi xususida yana bir hujjat, OʻzR MDAning 1619-fond [6]. Bu hujjatda hisobotlarga koʻra yangi tashkil etilgan sovxozlarda 1946-1947 yillarda uy-joy qurish rejasi atigi 38% bajarilgani qayd etilgan. Oʻzbekistonning sovxozlarida va yangi tashkil etilayotgan xoʻjaliklarida uy-joy taʼminotini yaxshilash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan, bu masaladagi qiyinchiliklar bartaraf etilmagan. Davlatdan biror narsa talab qilib olishga oʻrganmagan mahalliy aholi imkoniyatiga qarab, oʻzi uchun turar joy qurib olishga majbur boʻlgan. Shuning uchun ham sovxoz ishchilarining asosiy qismi taʼmirtalab boʻlib qolgan eski, tor va pastqam uylarda tigʻiz va nochor ahvolda uzoq yillar yashashga majbur boʻlgan. 1947 yilga kelib sovxozlarning ishchilari uy-joy maydoni bilan bor-yoʻgʻi 43 % taʼminlangan edi. Aholi yillar davomida bu muammolarni oʻz kuchi bilan bartaraf etishga majbur boʻlgan.
Aslini olganda, arxiv hujjatlarida davrning jonli nafasi ufurib turadi. Bu esa Vatanimizning tarixini oʻrganishda va zarur xulosalar chiqarishda birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan qimmatli va noyob hujjatlarni oʻrganish va ilmiy muomalaga kiritish, Oʻzbekiston tarixini haqqoniy va xolis yoritishga asos boʻladi.
-
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4463-son qarori. “Xalq soʻzi”. 2019 yil 21 sentyabr.
-
OʻzRMDA 90-fond, 155-roʻyxat, 38-ish, 3-varaq; 32- ish, 173-varaq.
-
OʻzR MDA, 837-fond, 41-roʻyxat, 360-ish, 243-varaq.
-
Oʻz MDA, 837-fond, 41-roʻyxat, 2144-ish, 163-varaq.
-
6. OʻzR MDA, 1619-fond, 1-roʻyxat, 366- ish, 22-varaq.