Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Malayziya xalqaro Islom universiteti bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston va Movarounnahr ulamolarining Malayziyada saqlanayotgan qoʻlyozmalari” mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi.
Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi mutasaddilari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etgan seminarda Malayziya Xalqaro islom universitetining pedagogika va islomshunoslik shoʻbasi rahbari, prof. dr. Muhammad Said maʼruza qildi.
Olim joriy yilda Markaz tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining ilk gʻoliblaridan sanaladi. Uning “Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida saqlanayotgan Oʻzbekiston va Movarounnahr ulamolari qalamiga mansub qoʻlyozmalar tadqiqi” mavzusida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida arab tilida shu nomdagi katalog yaratildi. Istiqbolda Markaz bilan hamkorlikda uni oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashr etish rejalashtirilgan.
Xalqaro stipendiya dasturi asosida arab tilida oʻtkazilgan seminarda professor Oʻzbekiston va Movarounnahr ulamolarining Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarini tadqiq etishning ahamiyatiga toʻxtalib, ularni kataloglashtirish va faksimile nusxalarini olish borasida erishilgan natijalarga oid maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Dr. Muhammadning taʼkidlashicha, yirik ilmiy loyihaning boshlanishi boʻlgan bu ilmiy ish Malayziyadagi Sayyid Muhammad Naqib Attos kutubxonasida saqlanayotgan qoʻlyozmalar ustida olib borilgan. Olim tayyorlagan mazkur katalogda Movarounnahr ulamolari qalamiga mansub hanafiy fiqhi, usulul fiqh, aqida, Qurʼon ilmlari, tafsir, siyrat, hadis, mantiq, balogʻat va arab tili grammatikasiga oid 20 ga yaqin yoʻnalishdagi salkam 150 ta qoʻlyozma asar toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilgan.
Kelgusida Malayziyadagi boshqa kutubxonalar hamda Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Indoneziya, Singapur, Bruney, Filippin, Vyetnam, Kambodja, Tailand kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarni ham oʻrganib, katalogini tayyorlash koʻzda tutilgan. Bu ilmiy ishlar mazkur mamlakatlar kutubxonalaridagi asarlar boʻyicha olib borilayotgan ilk tadqiqot boʻlib, yurtimizning maʼnaviy boyliklarini mufassal oʻrganish va izchil tadqiq etishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Seminar yakunida malayziyalik olim ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.