Islom dini VII asrda Arabiston gʻarbida vujudga kelgan. Islom falsafasi va tafakkuri esa ana shu dinning negizida shakllangan. Islom dinining tarqalishi, keyinchalik jahon dinlaridan biriga aylanishi islom falsafasi va tafakkurini ilmiy dunyoqarash sifatida anglashga zamin yaratgan. Islom dini paydo boʻlgan davrdan keyin oʻtgan vaqt davomida islom falsafasi va tafakkurining turli ilmiy-nazariy oqimlari, maktablari paydo boʻldi. Lekin islomning barqaror dogmasi – tavhid, roʻza, zakot, namoz va haj bu oqimlarni faqat islom dini doirasida rivojlanishga yoʻnaltirib turdi.
Bugun jahonda qariyb 1,8 milliard kishi islomga eʼtiqod qiladi. Ularning 2/3 qismi Osiyoda, 30 foizi Afrikada istiqomat qiladi. Musulmon jamoalari mavjud boʻlgan 120dan ortiq mamlakatning 40dan ziyodida musulmonlar aholining koʻpchiligini tashkil etadi. Maʼlumotlarga koʻra, Indoneziyada 238 million, Hindiston va Pokistonda 200 milliondan, Bangladeshda 152 million, Nigeriyada 100 million, Eronda 83 million, Marokashda 36 million, Jazoirda 42 million, Rossiyada 14 million, Germaniyada 5,5 million, Fransiyada 5 million, AQSHda 3 million, Angliyada 3 million, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa 43 million musulmon yashaydi. XX asrda musulmonlar dunyo aholisining 15-16 foizini tashkil etgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 24 foizga yetgan [1:7-8].
Musulmonlar jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Ular yashayotgan mamlakatlarda aholi sonining jadal oshishi, etnoreproduktiv jarayonlarning faollashishi kuzatilmoqda. Rivojlangan Gʻarb davlatlarining tub aholisi farzand koʻrishni musulmonlarga topshirib qoʻygandek… [2:4-5]. Dunyo aholisining islomlashishi intensiv davom etayotganidan 2050 yilga borib Yevropa Ittifoqida musulmonlar soni deyarli ikki barobarga koʻpayishi, yaʼni hozirgi 43 milliondan 71 millionga yetishi bashorat qilinmoqda [1:8].
Bu jarayonlar xotin-qizlarning ishtirokisiz, reproduktiv salomatligisiz, faolligisiz amalga oshayotgani yoʻq, albatta. “Islom omili”ning pozitiv taʼsirida xotin-qizlarning roli va ishtiroki katta. Bu faollikka taʼsir etuvchi ijtimoiy, teologik, maʼnaviy, eʼtiqodiy va etnomadaniy omillar ham borki, ularni oʻrganish mavzumizni yanada qiziqarli, obyektiv va toʻlaroq ochib berishga yordam qiladi. Demak, xotin-qizlarning salomatligi tashkiliy-huquqiy, fiziologik va psixologik muammo emas, u teologik, etnomadaniy va aksiologik xususiyatlarga ham ega. Islom falsafasi va tafakkuri avvalo Qurʼoni karim va hadislarga, din dogmasi va shariat talablariga asoslanadi. Islom teologiyasi xotin-qizlarga past nazar bilan qaraydi, islomda gender tenglik masalasi yoʻq, degan fikrlar ham uchrab turadi. Bu islom falsafasi va tafakkuridan yaxshi xabardor boʻlmaganlarning fikridir. Islomda xotin-qizlar salomatligiga oid shunday falsafiy, ilmiy ahamiyatga ega yondashuvlar borki, ularni tadqiq etish va ochib berish yuqoridagi fikrning asossiz ekanini isbotlaydi.
Bugun ilm-fan bilan din oʻrtasida ijodiy dialog oʻrnatilmoqda, ziddiyatlar bartaraf etilib, diniy qadriyatlardan inson va jamiyat taraqqiyoti yoʻlida foydalanish anʼanaga aylanmoqda. Toʻgʻri, bu mutlaq uygʻunlashish emas, ilm-fan va dinning prinsiplari va maqsadlari turlicha ekanini unutib boʻlmaydi. Shunday boʻlsa-da, ular oʻrtasidagi ijodiy hamkorlikni konstruktiv dialog oʻrnatilyapti, desak, boʻladi.
Umumjahon gumanistik taraqqiyotining talablari ham shu paytgacha antagonistik sohalar va yondashishlar sifatida qaralgan ilmiy bilish va diniy bilishni uygʻunlashtirishni, konsensus asosida yaqinlashtirishni taqozo etmoqda.
Islom falsafasining asosi boʻlgan Qurʼoni karim va hadislar xotin-qizlar masalasini avvalo diniy gumanizm nuqtai nazaridan kun tartibiga qoʻyadi. “Din – axloqdir” degan hadis ana shu gumanizmning mohiyatini anglatadi va ifoda etadi. Shuning uchun xotin-qizlar masalasi axloq, gumanistik qadriyatlar tizimida qaralishi zarur. Qurʼoni karimda iymon masalasi birinchi oʻrinda turadi. Unda bunday deyiladi: “To iymonga kelmagunlaricha mushrika ayollarga uylanmangiz! Shubhasiz, ozod mushrika ayoldan, garchi u sizga yoqsa-da, iymonli choʻri yaxshiroqdir. To iymonga kelmagunlaricha mushrik erlarni er qilmangiz! Shubhasiz, ozod mushrikdan, garchi u yoqsa-da, iymonli qul yaxshidir… Xotinlaringiz ziroatgohingizdir” [3:32]. “Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor. Va erkaklar uchun (ayollar) ustida bir darajada (imtiyoz) bor” [3:33]. Demak, islom dini iymonni birinchi oʻringa qoʻysa-da, ayollarning ziroatgoh, yaʼni farzand dunyoga keltirib, kamolga yetkazuvchi inson ekanini alohida taʼkidlaydi. Ayol eri oldida qanchalik burchli boʻlsa, bu burchlari barobarida shunchalik huquqli ham. Axloq islom uchun eng muhim qadriyatdir.
Islom manbalarida axloqiylik, xushmuomalalik, yaxshilik, rahmdillik, sadoqat, vafodorlik, izzat-hurmat, itoat, hayo oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan, inson hayotini goʻzal va oliyjanob qiladigan gumanistik qadriyatlar sanaladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz – xushxulq, shirin suhbatlilaringizdir. Yomonlaringiz esa ogʻzini toʻldirib, ezmalik ila koʻp gapiruvchilaringizdir”. “Sizlarning eng yaxshilaringiz oʻz ahli ayoliga (yaʼni, oila aʼzolariga) xushmuomalada boʻladiganlaringizdir”. “Hayo doimo yaxshilik keltiradi, hayo imondadir” [4:66]. Imom Buxoriy toʻplagan hadislardan birida aytilishicha, Paygʻambar (S.A.V.) deganlar: “Oʻgʻlingga (qizingga) odob ber. Chunki, sen unga nimani odob berganing va nimani oʻrgatganing haqida soʻralasan. U esa, seni unga qilgan yaxshiliging va senga itoati xususida soʻraladi”. “Kimki, biror ayolga uning obroʻ va sharafi uchun uylansa, Alloh unga xorlikni koʻpaytirib qoʻyadi. Kimki, ayolning ota-bobolaridagi shon-sharaf tufayli unga uylansa, Alloh unga pastkashlikni koʻpaytirib beradi. Kimki, koʻzini haromdan tiyish uchun, zinodan saqlanish uchun uylansa, Alloh ayolni eriga, erni ayoliga barakali qilib qoʻyadi” [5:37].
Islom dogmatikasiga amal qilish erkak va ayol uchun shart qilib qoʻyilgan. Ayol hayz, nifos va farzand tuqqandagi vaqtdan tashqari qolgan kunlari besh karra namozni kanda qilmasligi kerak. Masjidlarga qatnash borasida turli fikrlar mavjud. Baʼzilar ayollar masjidga borishi mumkin, deb hisoblasa, boshqalar shart emas, degan fikrni bildiradi. Agar biz masjidni ijtimoiy-madaniy institut deb hisoblasak, ayollarning u yerga qatnashini taqiqlashimiz mumkin emas. Ha, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarga uyida, osoyishta xonada namoz oʻqishi mumkinligini aytganlar, ammo u kishi ayollarni masjidga qatnashini taqiqlamaganlar.
Islomning davlat va boshqarish tizimiga aralashishi, bu davlat va boshqarishning erkaklar qoʻlida boʻlishiga, yaʼni patriarxal munosabatlarning qaror topishiga olib kelgan.
Namozning oʻziga xos jismoniy mashq ekanini aytib oʻtish zarur. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning yozishicha, bunday mashqlar inson organizmiga ijobiy taʼsir etadi va egiluvchanlik, chaqqonlik, oʻz tanasini idora etish kabi odatlarni shakllantiradi. Shu bilan birga, namoz insonning fikrini Allohni anglashga qaratadi va odamlarni jamoa boʻlib yashashga oʻrgatadi [6:12-16].
Islom dinida Ramazon va Qurbon bayramlari alohida voqelik sifatida nishonlanadi. Bayramlar insonni nimagadir umid qilib yashashga undaydi. Kutilayotgan tantanada odamlar uchrashadi, maʼlum bir odatlarni takrorlaydi va hordiq oladi.
XX asrda paydo boʻlgan turli diniy ekstremistik oqimlar xotin-qizlardan foydalanayotgani sir emas. Aslida islom diniga koʻra shahidlik Allohning rizosi yoʻlida fidoiylik qilgan, iymonini, eʼtiqodini, nomusini, Vatan ozodligi va mustaqilligini saqlash yoʻlida halok boʻlgan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan daraja demakdir. Paygʻambarimiz (S.A.V.) ichki kasalliklar xuruji bilan vafot etgan, joni, moli, or-nomusi himoyasi yoʻlida oʻldirilgan va turli sabablar bilan fojiali halokatga uchragan kishilarga shahidlik maqomi berilishini bashorat qilganlar.
Demak, islomda boshqa savobli ishlar kabi shahidlik ham musulmon kishining ixlosu eʼtiqodi, amali va musibatlarga sabr-toqat qilishi evaziga beriladigan mukofot ekan. Ammo bizning asrimizda oʻzini portlatish, terror amaliyotini amalga oshirish yoʻli bilan begunoh kishilarning umriga zomin boʻlayotganlar jinoyat sodir etayotgan gunohkor bandalardir. Ularning shahidlik daʼvo qilishiga hech qanday sharʼiy asos yoʻq [1:93]. Ekstremistik oqimlar taʼsiriga tushib qolayotgan xotin-qizlarning koʻpi Qurʼoni karim va hadislardan bexabar, shu bois ular dindan gapiruvchi kishilarga, ularning daʼvatiga soʻqirona ergashadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha: “Qurʼon yoki hadisdan gapiruvchi kishi avvalo arab tilini puxta bilishi bilan birga, tafsir kitoblari, fiqhga doir asarlardan yetarli darajada xabardor boʻlishi shart. Zero, Qurʼoni karimda shunday oyatlar borki, ularning hukmi mansux, yaʼni bekor qilingan. Masalan, “Baqara” surasining 144 oyati bilan undan oldin vahiy boʻlgan shu suraning 115 oyati mansuxdir. Yaʼni, Mashriq ham, Magʻrib ham Allohniki, qaysi tomonga yuzlansangiz, oʻsha tomonda Allohni topasiz, deyilgani uchun namoz Quddus tomonga qarab oʻqilardi. Keyingi oyat bilan namozni Kaʼbaga qarab oʻqish buyurildi. Qurʼon matnining tarkibida saqlanib qolgan mansux (hukmi bekor qilingan) oyatlar ibodat vaqtida oʻqilsa-da, amalda tatbiq etilmaydi. Chunki baʼzi oyatlar Makka davrida nozil qilingan boʻlib, Madinaga hijrat qilingandan keyin boshqa oyatlar nozil boʻlgan va oldingi ayrim oyatlarning hukmi bekor qilingan. Shuningdek, hadisi shariflarning ham nosix va mansuxlari borki, ularni yaxshi oʻrganmay turib, tarjima yoki nashr qilish mumkin emas” [1:99-100].
Xotin-qizlarning “hayotda sabr-bardoshli va fidoyi boʻlishi bilan birga hamisha maʼnaviy-ruhiy koʻmakka, qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoj sezishi ekstremistlarga qoʻl keladi. Soʻnggi yillarda xotin-qizlardan “xudkush” terrorchilarni tayyorlash ham koʻpayib ketganini taʼkidlash zarur. Oʻrganish natijalari terrorchilar ayollarga nisbatan ong va xulqni modellashtirish, psixotexnik vositalar yordamida dasturlash, narkotik yoki psixotron moddalar bilan “ishlov berish”dek manfur usullardan foydalanayotganini koʻrsatmoqda. Natijada bunday xotin-qizlar irodasi zaif, ongiga singdirilgan buyruq va vazifani soʻzsiz bajaradigan, undan boshqa hech narsani koʻrmaydigan va hech narsadan tap-tortmaydigan mavjudotga aylanadi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, Shri-Lankada uzoq yillar davomida faoliyat koʻrsatib kelgan “Tamil Ilama ozodlik yoʻlbarslari” nomli terrorchi tashkilot oʻzining amalga oshirgan terrorchilik harakatlarining deyarli 70 foizida xotin-qizlardan foydalangani ham bunday xulosalarning oʻrinli ekanini koʻrsatadi” [1:102-103].
Eʼtiqod ertadan kechgacha namoz va Qurʼon oʻqish, faqat tavhid va uning haqligi haqida fikr yuritishdan iborat emas. Inson jinsidan qatʼi nazar, qotgan tasavvurlar, tushunchalar, hatto turgʻun hayot tarzi bilan yashay olmaydi, bugungi global oʻzgarishlar uni dinamik tarzda yangilanib, ijtimoiy hayot talablariga muvofiqlashib borishga undaydi. Dinamizm ijtimoiy munosabatlar ichida yashayotgan subyektlarga – davlatga, korporatsiyaga, taʼlim muassasalariga, tadbirkorlarga, fuqarolik jamiyati institutlariga, shu jumladan, dinga ham taalluqlidir. Xulosa qiladigan boʻlsak, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotga, oʻz salomatligini taʼminlashga intilishlarining islomdagi talqini chuqurroq oʻrganilishi kerak.
-
Diniy bagʻrikenglik va mutaassiblik (yuz savolga yuz javob). Toʻldirilgan va qayta ishlangan nashri. –T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot matbaa birlashmasi, 2020.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Baxtiyor oila. –T.: Sharq, 2017.
-
Qurʼoni karim. A.Mansur tarjimasi. –T.: Choʻlpon, 1992.
-
Shayx Nazrullohxon eshon oʻgʻli Oʻroqxon (Rafiʼiddin) hoji. Salomatlik sirlari. –T.: Qamar media nashriyoti, 2020.
-
Imom Buxoriy. Hadislar. –T.: Zilol buloq nashriyoti, 2021.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Namoz. –T.: Sharq, 2009.