Home / MAQOLALAR / YoSHLARNING EKOLOGIK ONGI VA MADANIYATINI YUKSALTIRISHDA ISLOM DINIDA ILGARI SURILGAN GʻOYALARDAN OQILONA FOYDALANISH ZARURATI

YoSHLARNING EKOLOGIK ONGI VA MADANIYATINI YUKSALTIRISHDA ISLOM DINIDA ILGARI SURILGAN GʻOYALARDAN OQILONA FOYDALANISH ZARURATI

Butun dunyoda ilmiy jamoatchilikning oldida turgan dolzarb masalalardan biri – bu ekologik barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq tadqiqotlarni yanada keng koʻlamda olib borishdan iborat. Zero, bugungi kunda barqaror ekologik vaziyatni, atrof-muhit musaffoligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning muhim subyektiv omili boʻlgan ekologik ongni shakllantirish, rivojlantirish va yuksaltirish, shuningdek “ekologiya sohasidagi ishlarning ahvolini yaxshilash” [1:20-21] dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar ayniqsa, yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻliq masalalarni tadqiq qilish orqali ularning atrof muhit sofligini taʼminlashdagi masʼuliyatini yanada oshirib borish bugungi kunning asosiy vazifasiga aylandi.

Tarixiy taraqqiyotdan maʼlumki, inson tabiatning bir boʻlagi sifatida Alloh inʼom etgan neʼmatlardan oʻz ehtiyojini doimiy ravishda qondirib kelgan. Ammo bugungi kunda bu ehtiyojlarning oshib borishi va isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilishi koʻplab muammolarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, tabiat muvozanatining buzilishida antropogen taʼsirning oshib borayotganini alohida taʼkidlash joiz. Zero, insoniyat taraqqiyotining bugungi bosqichida ilm-fan, texnika shu darajada rivojlandiki, bu yadro energiyasi, quyosh energiyasi, kimyo sanoatining rivojlangani, ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgani, axborot texnologiyalarining rivojlantirilgani va fan-texnikaning boshqa yanada murakkab sohalarining oʻzlashtirilgani bilan xarakterlanadi. Shu bilan birga tabiatning yer osti va yer usti boyliklaridan sof iqtisodiy utilitar-merkantil manfaatlar yoʻlida foydalanish “tabiat-jamiyat-inson” tizimidagi munosabatlarning kun sayin buzilishiga, bu esa oʻz navbatida, aql bovar qilmas yangi ekologik muammolarning yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish bugungi kunda insoniyatning oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.

Bu borada Oʻzbekistonning birinchi prezidenti I.A.Karimov haqli ravishda: “Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos boʻlib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi koʻp jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bogʻliqdir” [2:110], deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, bugun barcha xalq, millat va elatlarning vazifasi – bu atrof-muhitga ziyon yetkazmagan holda tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishdan iborat. Bu vazifani bajarishda jamiyat aʼzolarining, ayniqsa oʻsib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasida tabiiyki, ezgulik gʻoyalari singdirilgan insonni tabiatga munosabatini barqarorlashuviga xizmat qiluvchi eng muhim qadriyatlarimizdan biri boʻlgan islom dining ahamiyati beqiyos.

Bizga maʼlumki, islom dini ezgulikka asoslangan boʻlib, insonlarni halollikka, poklikka, tabiatga nisbatan odilona, oqilona munosabatda boʻlishga daʼvat etadi. Hadislarda Paygʻambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Pok boʻlinglar, zero Islom pok dindir va faqat pok kishilar jannatga kirur” [3:3]. Islom dini odamlarni atrof-muhitni asrashga, hayvonot va oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazmaslikka, neʼmatlardan oʻz ehtiyoji uchun foydalanganda isrof etmaslikka, Alloh yaratgan tabiatdagi muvozanatni va jipslikni buzmasdan ulardan toʻgʻri foydalanishga, ona zaminga mehr-muhabbatli boʻlishga va tabiatdan oqilona foydalanishga chaqiradi.

Jumladan, “Baqara” surasining 205 oyatida oʻsimlik va hayvonot olami inson uchun eng zarur narsalar ekani taʼkidlangan. Kim bularga zarar yetkazsa, insoniyatga zarar yetkazgan boʻladi. Qurʼoni Karimda barcha jonzotlar insonlar kabi “ummat” ekani taʼkidlanadi. Aynan shu taʼkid insonni oʻzi kabi ummat boʻlgan barcha jonli mavjudotga nisbatan mehribon boʻlishga undaydi. Bu xususda Alloh taolo “Anʼom” surasida bunday deydi: “Yer yuzidagi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir” (38 oyat), yaʼni hayvonlarning har bir turi yoki oilasi alohida olingan ummat hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashashga, mavjudlik haqqiga egadir [4:257].

Islom dinida hayvonot olamiga alohida eʼtibor berilgani kabi nabotot olamiga ham juda katta urgʻu beriladi. Unga koʻra nabotot olami Allohning insonga ato qilgan ulugʻ neʼmatlaridan biri boʻlib, bu olam boʻlmasa, yer yuzida hayot boʻlmas edi. Jumladan, Zumar surasi, 21oyatda “Alloh osmondan suv tushirib, uni yerdagi manbalardan oqizib qoʻyganini koʻrmadingizmi! Soʻngra u ila turli rangdagi ekinlarni chiqaradi. Keyin u quriydi. Bas, uni sargʻaygan holida koʻrursan. Soʻngra uni quruq choʻpga aylantirur. Albatta, bunda aql egalari uchun eslatma bordir” [5:43], deb aytilgan. Shuning uchun ham Alloh bu olamni insonga hayot vositasi, unga va chorvasiga rizq qilib bergani haqida koʻp gʻoyalar ilgari surilgan. Koʻrinib turibdiki, atrof muhitni toza saqlash, tabiatni muhofaza qilish, Alloh inʼom etgan hayvonot va nabotot olami inson manfaatlariga xizmat qiladi. Xususan, “U quyosh va oyni muttasil harakatlantirib, sizga beminnat xizmatkor qilib qoʻydi. Shuningdek, sizga kecha ila kunduzni ham beminnat xizmatkor qilib qoʻydi. Va U sizga barcha soʻragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning neʼmatlarini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmassizlar. Albatta, inson oʻta zolim va oʻta noshukurdir” (Ibrohim surasi, 33-34-oyatlar). “Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini Oʻz tomonidan beminnat xizmatkor qilib qoʻydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat (belgi)lar bordir” (Josiya surasi, 13-oyat) [6:30-31], kabi misollarni ham keltirib oʻtish mumkin.

Yer yuzidagi barcha narsalar inson uchun yaratilgan, ularga oqilona yondashgan holda, toʻgʻri va yaxshi munosabatda boʻlish maqsadga muvofiqdir. Zero, Alloh taolo “Baqara” surasining “U yer yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratgan” deb boshlanadigan 29-oyatida inson uchun, uning tasarrufi va foydasi uchun yaratgan narsalarga, jumladan, yer osti boyliklari va konlarga ishora qiladi [7:48-49].

Biz buni toʻgʻri anglagan holda yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek masʼuliyatli vazifani ado etishda birinchi galda maʼnaviy qadriyatlarimizda ilgari surilgan gʻoyalarga tayanishimiz kerak. Bu gʻoyalar yoshlarning tabiatga va hayvonot dunyosiga boʻlgan ijobiy munosabatini shakllantirishda, umuman “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini uygʻunlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, islom dini xalqimizning tabiatga munosabatini toʻgʻri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. U ona Vatanimizning tabiatini asrab-avaylashga boʻlgan mehr-muhabbatni kuchaytiradi va uni asrash orqali oʻsib kelayotgan avlod uchun zarur hayotiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini muvozanatga keltirishda, Alloh inʼom etgan neʼmatlardan oqilona foydalanish, tabiatni asrab-avaylashga oid islom dinidagi gʻoyalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Zero, maʼnaviy qadriyatlarimiz asosida farzandlarimizning ongiga atrof-muhitni ozoda tutish, havoning ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, mamlakatimiz tabiatini, hayvonot va oʻsimlik dunyosini asrash kabi tushunchalarni singdirib borishimiz kerak.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Sh.M.Mirziyoyev. Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishi kerak. – T.: Oʻzbekiston, 2017.
  2. I.A.Karimov. Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari // Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlida. T.6. – T.: 1998.
  3. M.Noʻmonov. Islomda tabiatga munosabat. –T.: Movarounnahr, 2011.
  4. Sh.Otaboyev, S.Mirvaliyev va E.Tursunov – Ekologiyada madaniyat va maʼnaviyat muammolari. –T.: Nishon noshir nashriyoti, 2009 y.
  5. Sayyid Mubashshir Taroziy Sof tabiat dini / Tarj. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Hilol-nashr, 2019.

 

Xusan DJURAKULOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi
Malaka oshirish markazining Samarqand viloyati
mintaqaviy filiali, falsafa fanlari boʻyicha
 falsafa doktori (PhD), dotsent

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …