Home / MAQOLALAR / TASAVVUF TAʼLIMOTIDA KAROMAT MASALASI: FALSAFIY-IRFONIY TALQIN

TASAVVUF TAʼLIMOTIDA KAROMAT MASALASI: FALSAFIY-IRFONIY TALQIN

Irfoniy bilimlar valiy va orifga qalb (koʻngil), farosat, basirat (botiniy nigoh), ilhom, kashf orqali toʻgʻridan-toʻgʻri Allohning dargohidan berilgan. Orif va valiy xushxulqligi va goʻzal axloqi, yuzidan nur yogʻilib turishi, nafsi ustidan hokim boʻlib, boshqalarning ozorini eʼtirozsiz qabul qilishi, barchaga mehr-shafqat koʻrsatishi bilan ajralib turgan. Kashf-karomat, gʻayritabiiy odatlar koʻrsatish tasavvuf shayxlarining muhim jihati hisoblangan.

Abdulloh Ansoriy kashf va mukoshafani “hech bir vositasiz ilohiy nurlanish debochasi” deb atagan. Orif kashf orqali “yaqin” ilmiga sazovor boʻladi va borliq haqiqatini biladi. Tajalli orqali orifga har qanday aqliy va diskursiv dalildan xoli boʻlgan haqiqat yoʻli quyosh kabi nur sochadi. Boyazid Bistomiyning nazarida orif maʼrifat yukini sofligicha saqlay oladigan banda boʻlib “Alloh orif qalbiga ilm nurini sochadi” [1:29]. Hakim Termiziy “Ilm al-avliyo” asarida “Alloh taolo valiyni Oʻziga tomon koʻtargan va ummatlaridan unga yashirin karomat ato etgan. Ular oʻzlarini yomon ishlardan uzoq tutgan va yomon xayollardan oʻzlarini tiygan. Valiylar Alloh taoloning yerdagi xos kishilaridir. Qiyomat kuni paygʻambarlar va shahidlar ularning Alloh huzuridagi maqomlarini koʻrib havas qiladi” [2:50] deb valiylik darajasiga yuqori baho bergan.

Alloh oʻzining xos kishilari, doʻstlarini mahfuz (sir tutadi) etadi, shuningdek, ularni lutf va marhamati bilan siylaydi. Alloh valiylarning har biriga “Ismi Aʼzam”dan nasib etgan. Ular ana shu ism bilan duo qiladi, duosi Alloh huzurida ijobat boʻladi. Zero, Allohdan rozi bandalar (valiylar) yerdagi amin bandalardir, ular boshqalar uchun hujjatdir, oʻshalar tufayli Alloh xalqni balolardan asraydi [1:85], yaʼni Alloh valiylarni xalqning orasida omonat qoʻygan va xalq balo-ofatdan salomatdir. Valiylar ilohiy dargohning xizmatkorlaridir va ular bir-birini biladi [3:213].

Orif aql va mantiqiy tafakkur “parda”laridan xalos boʻlgach, kashfga yoʻl ochiladi. Bu holatda aqliy (ratsional) va mantiqiy (diskursiv) dalillar rad etib boʻlmaydigan “bayon”ga yoʻl beradi. Orif endi “Sanʼatkor” (Alloh)ning “sanʼat”ini emas, “Sanʼatkor” (Alloh)ning Oʻzini koʻra oladi.

Ilohiy bilimlar orifning qalbiga nur kabi oqib kiradi. Abu Homid Gʻazzoliyning qirqta kitobdan iborat “Ihyou ulum ad-din”, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy”, Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz”, Fariduddin Attorning “Asrornoma”, “Ilohiynoma” kabi asarlarining mazmun-mohiyati mukoshafa hosilasidir.

Qodiriya tariqatining asoschisi, fors ilohiyotchisi va mutasavvif olimi Muhiddin Abdulqodir ibn Abu Solih Jangiydoʻst Giyloniy (vaf. 1166 y.) valiylarni “din ilmlarini tarqatuvchi va Alloh Rasulining dinini mahkam ushlagan yordamchi, unga ergashgan, Nabiyning taom va sharobidan nasibador boʻlgani tufayli ortidagi narsalarni xuddi oldida koʻrgandek koʻra oladi” [4:98] deb taʼriflagan. Yamanlik Shayx Uvays Qaraniy (vaf. 657 y.) Alloh Rasulini koʻrmagan, shuningdek, Allohning Rasuli ham Uvays Qaraniyni zohir koʻzi bilan koʻrmagan boʻlsalarda, uni “maʼnoyu ruhoniyat yuzidin tarbiyat” qilganlar va bu rishta uvaysiy [5:24]lik deyiladi.

Ilmiy bilishni mantiqiylik, tarixiylik, obyektivlik (xolislik), germenevtika, qiyosiy tahlil, interpretatsiya, vorisiylik, sistemalilik, usullari tashkil etadi.

Tasavvuf adabiyotlari, xususan, manoqiblarda pir­mashoyixda zohir boʻladigan favqulod (gʻayritabiiy)dagi odat va karomatlar, valiy va oriflarning martabasi taʼriflangan. Unga koʻra, valiy va oriflar tush koʻrish, boʻlajak voqealarni oldindan qalb koʻzi orqali koʻrish, uzoq shaharlardagi yaqin kishisi bilan aloqa bogʻlab (robita) soʻzlashish, ruhning jismdan ajralib sayr etishi va qaytib jismga kirishi, oʻzgalar fikrini uqib olish va fikran oʻzgalarga taʼsir oʻtkazish, nafas quvvati, nazar quvvati, dil quvvati, koʻngildan oʻtkazish, holatga kirib vujuddan nur taratish kabi xislatlarga ega boʻlgan [5:14]. Abdulloh Muborak duosining ijobat boʻlishi, Xoja Ahmad Yassaviyning ruhiy madadi, Shayx Najmiddin Kubroning “valiytarosh”ligi, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning kashf-karomati shular jumlasidan.

Kashf chaqmoq kabidir, chaqmoq chaqqanida borliq yorishib ketganidek, kashf orqali orif qalbi ilohiy haqiqat nuri bilan yorishadi. Kashf va mukoshafa orifning ilohiy sirlardan ogohlik darajasiga koʻra farqlanadi, yaʼni Jabarut olamiga borgan orif, malakut olamiga ham yetib borishi uning holiga koʻra belgilanadi. Oddiy odam dunyo va uning rang-barang jilosiga aldanib, intellekti darajasida idrok eta olgan narsalar bilan cheklanadi va mulk olamida qolishni afzal biladi. Haqiqatda esa borliqning haqiqatini bila olmaydi. Moʻjiza paygʻambarlarga va u nabiylik daʼvosi bilan mushtarak, nabiylik sharti karomatda mavjud emas [6:4], yaʼni Alloh paygʻambarlarning har birining darajasiga koʻra, istagancha moʻjiza beradi. Muso paygʻambarning hassasining ajdarga aylanishi, Iso paygʻambarning bir nafas bilan kasallarni tuzatishi, murdalarni tiriltira olishi, Alloh Rasulining Isro va Meʼroj qilganliklari paygʻambarlarning moʻjizalariga misoldir. Alloh Rasulining eng ulugʻ moʻjizasi “ummiy” boʻlsada, Qurʼon oyatlarini yoddan tilovat etishi va nazm va mazmun jihatidan bashariyat imkonida yoʻq oliy darajada aytilgan ilohiy vahiy ekanidir. Bu jarayonda qadimgi tasavvurlarning qayta ishlanib, islomiy aqidalarga muvofiqlashtirilishini kuzatish mumkin. Alloh valiylarining qalbida ilohiy sirlar mazhari kashf-karomatga yoʻl ochgan. Alloh Rasulining moʻjizasi va avliyoning karomati ham Allohning xazinasi boʻlgan koʻngilning ajoyiboti va saxovatidir [7:64]. Zero, tasavvuf butun olamni Karam (Alloh ismlaridan biri) ichida koʻrishdir.

Karomat (akrom, sharaf, karam, lutf va ehson) ruhiy-maʼnaviy kamolotga erishgan insonda fenomen (favqulodda gʻayritabiiy holat) zuhuri va hayratlanarli voqea-hodisalar boʻlib, valiy va orif zotlarda sodir boʻlgan karomatning ayrimlari Qurʼonning “Maryam” [8:306-307], “Asʼhobi Kahf” [8:259-262] surasida keltirilgan.

Valiy va orif zotlar karomatni talab qiluvchi emas, istiqomat (toʻgʻrilik, toʻgʻri harakat etish, rost yoʻlga yetish)ni talab qiluvchi boʻlgan. Buning sababi istiqomatning karomatdan ustunligi bilan izohlanadi.

Valiy va orif zotlar kishilarni ubudiyatga, yaʼni bandalik qilishga daʼvat etib, “Alloh Sendan istiqomatni talab etsa, nafsing karomatni xohlaydi” [9:76] degan. Ular faqat istiqomat, yaʼni faqat yashash darajasinigina tasarruf eta olgan. Zero, kashf-karomatga ishonch yoʻq. Buning sababi shunday izohlanadi, Alloh bilan inson orasidagi “parda”larni ocha oladigan karomat ilohiy karomatdir. Aks holda karomat xurofot va bidʼatga oʻralib qoladi.

Bilim manbai kashf boʻlib, har bir orifning bilimi betakrorligi, yangicha interpretatsiyasi, originalligi (aslligi), oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Borliq va Alllohning birligini qalban koʻrish, dunyoning Xudoga immanentligi (uning faol tabiatidan kelib chiqishi) ularning botiniy mohiyatga asoslangan munosabatida anglashiladi, yaʼni sabab (Alloh) va oqibatning (olam) birgalikda mavjudligi masalasini mantiqiy tafakkur bilan hal etish mumkin emas, aksincha, kauzallik (sabab va oqibat mushtarakligi) botiniy bilish orqali bilinadi. Bir valiyning kamida ming maqomi boʻlsa, avvali karomatdir. Karomat avliyo zotlar tomonidan sodir boʻladigan “xoriqul odat”dagi hodisa sifatida ikki jihatga ega.

Birinchisi, kavniy (dunyo) karomat – qisqa vaqtda roʻy beradigan fenomenal odatdan tashqari hodisalar. Ikkinchisi, ilmiy karomatlar – bu ilm, irfon, maʼrifat, axloqdagi ustunlikdir. Valiylarning talqinicha, asl karomat ilmiy karomat boʻlsa ham haqiqat karomat bilan durust boʻlmaydi [5:143].

Karomatning zohir boʻlishidagi hikmat – bu karomat sodir boʻlganidan soʻng valiyning ishonchi yana ham ziyoda boʻlib, dunyodagi zuhdu taqvosi kuchayishi va havoyi nafs daʼvosining yoʻqolishidir [10: 403]. Daʼvo nafsning oʻziga mansub boʻlmagan biror-bir narsani oʻziga nisbat berishidirki, banda bilan Alloh orasidagi eng katta toʻsiq daʼvogarlik, yaʼni iddaodir.

Abu Homid Gʻazzoliy ilmni taqlidiy (oʻtmishdan meros qolgan, ota-ona va ustozlardan olinadigan bilim) va kashf etilgan ilmga ajratib, har ikki ilmning mohiyatini tahlil qilgan. Taqlidiy ilmga koʻr-koʻrona ergashish orqali erishiladi. Kashf etilgan ilm har bir insonning oʻziga xos qobiliyati, isteʼdodi, shuuriy izlanishi orqali qoʻlga kiritiladi. Abu Homid Gʻazzoliy deydi: “Maqsadim amrlar haqiqatini kashf etish edi”. Hayotda juda koʻp odamlar taqlidiy bilimlar bilan qanoatlanadilarki, yangilik yaratmay, tayyor hunar, ilmni oʻrganib, koʻp qatori yashaydi. Muammo shundaki, har doim kelajak avlod, taraqqiyot, insoniyat fikratini olgʻa siljitish uchun ilohiy va dunyoviy haqiqat, kreatsional mohiyatni izlash, kashf etish ehtiyoji boʻlgan. Bu vazifa bashariyat “buyuk siymo” deb tan olgan orif va valiy zotlarga nasib etgan.

Bitta valiyning mingta maqomi boʻlsa, uning avvali karomat deyilgan. Karomat birinchisi boʻlsa, qolgani undanda baland darajadadir. Aksariyat valiylar karomatni yashirgan bu bilan ular oʻzi va Alloh oʻrtasidagi sirni muhofaza qilgan. Tasavvufga kirish, shayx boʻlishdan maqsad karomat koʻrsatish emas, balki maʼnaviy-ruhiy yuksalish va boshqalarni ham saodatli yoʻlga yetaklash boʻlgan. Endi xalqning valiyga ehtiromi karomat tufayli deyilgan masalaga eʼtibor qaratsak. Idealga intilish har bir insonning ichki ehtiyojidan kelib chiqadi. Inson ideal uchun namunani kelajakdan topa olmaydi, kelajakka bormagan, bilmaydi, kelajak mavhum, u haqda tasavvur yoʻq. Chunki namuna tarixiylikni, tajribaviylikni talab etadi. Axloqiy idealga aylangan inson tajribadagina mavjud boʻlar ekan, muayyan zamonga kelib, maʼlum maʼnoda mubolagʻaviy va afsonaviy manoqiblar bilan boyitiladi, yaʼni ideallashtiriladi. Valiylar oddiy odamlar emas, ularning hayot tarzi kelajak avlodlar uchun ideal boʻlib xizmat qiladi. Manoqiblarda valiyning karomatlari koʻproq keltirilganining sababi ham oddiy xalqning ehtiyoj va talabidan kelib chiqqanini nazardan qochirmaslik kerak. Aksariyat valiylarga xos karomatlarga, masalan, duoning ijobati, suv ustida yurish, suv ustida namoz oʻqish, boshqalarning koʻnglidagi fikrlarni uqish, uzoq masofani tez fursatda bosib oʻtish kabilarga xalqning ishonchi baland, ixlosi katta.

Karomatning mohiyatini tajribali orif toʻgʻri izohlay oladi. Bu degani, karomat har doim boʻlgan va uzluksiz ravishda roʻy bergan, lekin odamlar karomatni sezmagan yoki his eta olmagan. Bunga insonning barcha xohishlariga zid ravishda axloqiy sifat yoki moddiy narsalarni yoʻqotishi misol boʻla oladiki, bu fan tilida tasodif deyiladi. Aslida har bir karomat bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq hodisalarning izchilligini namoyon etadi.

Karomatning funksiyasi shundan iboratki, karomat insonda reaksiya (faollik) uygʻotadi va insonni oʻziga xos maʼnaviy ozuqa (ishonch, umid, qoʻrquv, yupanch, muvozanat, joʻshqinlik) bilan taʼminlaydi. Karomat uning taʼsiriga tushgan insonga bogʻliq holda oʻzgaradi. Barcha holatlarda karomat ayni vaqtda oʻz taʼsiridagi insonni baholash quroli boʻladi. Karomat kishilarga turlicha taʼsir koʻrsatadi:

a) Karomatlarni tasodifiy hodisa sifatida eng zarur holatlarda koʻrsatish mumkin;

b) ular gʻoyat murakkab boʻlgani uchun ularni tushunib, aniqlab boʻlmaydi. Karomatning mohiyatini uning taʼsiridan ajratib boʻlmaydi, agar inson u bilan bogʻliq boʻlmasa, karomat oʻz maʼnosini yoʻqotadi;

g) har bir harakat fizik hodisadir, uning taʼsirining turlicha namoyon boʻlishi esa konkret obyektning taʼsiriga bogʻliq. Bu sabab-oqibat kategoriyasi orqali teran anglashiladi. Karomat sababiylik tamoyili bilan bogʻliq boʻlib, oʻz navbatida sababiylik makon va zamon bilan aloqador. Voqea-hodisalar goʻyo zamon va makon qonuniga boʻysunmagani uchun odamlarga karomat boʻlib tuyuladi. Oliy oʻlchamlar olami (gʻayb)ga yetib borgan orif  uchun karomat oddiy hodisa sifatida qabul qilinadi.

Karomat masalasiga yondashishda Abu Ali ibn Sino: “Gʻayritabiiy hodisa koʻrsang, uni inkor qilishga urinma. Zero, har bir hodisaning sir-sinoati vaqt-soati kelganida oshkor boʻladi”, degan edi. Chunki umrida qor koʻrmagan odamni qorning muzdek, sof, tuzsiz ekaniga ishontirish qanchalik mushkul boʻlsa, ishonch-eʼtiqodi sust, hayotni moddiy ashyolar bilan oʻlchaydigan inson uchun karomatni anglash shunchalik qiyin kechadi. Oʻzgalarning koʻnglidagini bilib olish koʻzi ochiqlik va anglash farosat nuri orqali roʻy beradi.

Karomat har doim boʻlgan va keyinchalik ham boʻladi. Bahouddin Naqshbanddan karomat talab qilganida: “Barcha karomatlar “kalimai tavhid” bilan yoʻq boʻlguvchidir. Karomat sohiblarining barchasi parda ostida, yaʼni “hijob”dadir, oriflar esa koʻzdan uzoqdadir. Bizning karomatimiz zohirdur. Bovujudi bu navʼ gunah yuki yer yuzida yura olurbiz. Bizga xalqning koʻnglidagi fikridan, ishidan va ahvolidan nimaiki zohir boʻlsa, biz oʻrtada boʻlmaymiz. Yo bizga ilhom orqali bildiradi yoki biror kishi orqali yetkazib turadi” [9:93], deydi.

Shuni taʼkidlash kerakki, tasavvufga kirish, shayx boʻlishdan maqsad karomat koʻrsatish emas, balki ruhiy tarbiya bilan shugʻullanish va boshqalarni ham saodatli yoʻlga yetaklash boʻlgan. Valiylar Alloh bildirganicha bilgan, Alloh behojat qilganicha behojat boʻlgan, Alloh qodir qilgan narsaga qodir boʻlgan. Bu qarashlar mazmunida buyuk haqiqat mujassam, yaʼni paygʻambarlik Alloh Rasulining vafoti bilan oxiriga yetgan boʻlsa ham, ammo Muhammad (S.A.V.)ning holatlari, ruhoniyatiga xos xislatlar uning alohida ummatlari siymosida davom etishi kerak.

Islomda bunga zarurat boʻlgan va ichki ehtiyoj sezilgan. Buning sababini quyidagicha izohlash mumkin. Avvalo, shariat ahli (mufassirlar, muhaddislar, mullalar) islom manbalarini germenevtik interpretatsiyalash, iyerarxik talqin etish bilan chegaralanar edi. Bu “ilmi qol” boʻlib, “qol ilmi”ning egalari soʻzlarning asl maʼno va haqiqatini bilmasdan, oʻz hayoti, qismati va tajribasi bilan bogʻlanmaydigan soʻzlarni takrorlaydi.

Odamlarning tuygʻu – kayfiyati Oliy soflik va Mutlaq muqaddaslik, Alloh bilan robita (bogʻlanish), undan qoniqish va ruhiy suyanchiq, bardamlik topish kabi intilishini shariat ahli qanoatlantira olmas edi. Oddiy kishilar Alloh qudratining davomiyligini, zuhurini oʻzlariga oʻxshash, ammo ayricha xislatli kishilarda koʻrishni xohlar edi. Inson abstrakt (mavhum)likni konkret (aniq-ravshan)likda koʻrishni xohlaydi. Bunda islomdan avvalgi diniy tasavvurlarning taʼsiri boʻlganini inkor etmaslik kerak. Xudodan tashqari, yordamchi iloh va ilohalar, kohinlar, shomonlarga sigʻinish, ilohiy kuchlarga ishonish, ularga tayanish, madad olish jahon dinlari qaror topguncha mavjud edi. Islomdagi tavhid gʻoyasi bularning barini rad etadi.

Valiylik va oriflikni aynan “tavhid gʻoyasini chuqurlashtiruvchi, nihoyasiga yetkazuvchi hodisa” deb germenevtik talqin etish toʻgʻri boʻladi. Ilm berish, adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solish, miskinlarga saxovat koʻrsatish, beva-bechoralarga himmat qilish, yetimlarning boshini silash, gʻariblarning koʻnglini shod qilish, jamiki maxluqotga mehr-shafqat nazari bilan qarash avliyoullohga (Allohning valiysi, doʻstiga) xos fazilatlar boʻlgan. Valiy va orif zotlarning botiniy olami zohiriy qiyofasidan sofroq, taraqqiy etganroq boʻlsa, “orifi billoh” (fano martabasiga erishgan valiy, hikmat va maʼrifat asroriga oshno, komil maʼrifat va irfon egasi) darajasiga erishadi.

Bilim va ishonch, fan va dinning munosabatlari turli aspektdagi muhokama doirasida yakdil boʻlsa, ilm-fan taraqqiyotida butunlay oʻzgacha manzara vujudga kelib aql bovar qilmas yangilik va kashfiyotga yoʻl ochilishi muqarrar. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Imom Abu Abdurahmon Sullami. Tabaqoti sufiyya / Tarjima, nashrga tayyorlovchi va muqad. mual. M.Nuriddinov. – T.: Fan, 2004.
  2. Somiy Nasr. Hakim Termiziy “Ilm al-avliyo” asari nashrining kirish qismi. – Qohira.: Ayn ash-shams universiteti: Maktabat al-hurriya al-hadisa, 1981.
  3. Ali ibn Usman al-Djullabi al-Xudjviri. Raskrыtiye skrыtogo za zavesoy dlya sveduщix v taynax serdes. (Kashf al-maxjub li arbab al-kulub) / Per. s angliyskogo A.Orlova. Izdaniye pervoye. – M.: Yedinstvo, 2004.
  4. Abdulqodir Giyloniy (Gʻavsul Aʼzam). Rabboniylikni anglash va rahmoniy fayzni qozonish. Birinchi kitob / Tarjimonlar: Muhammadjon Nuriddin, Olimxon Yusuf, Abror Abdulazim, Abdulboqi Azim. – T.: Movarounnahr, 2004.
  5. Alisher Navoiy. Nasoyimul muhabbat min shamoyimul futuvvat. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma jildlik. 17-jild / Nashrga tayyorlovchilar: S.Gʻaniyeva, M.Mirzaahmedova. Arabcha va forscha matnlarni tarjima qilib, nashrga tayyorlovchi va masʼul muh. S.Rafiddinov. – T.: Fan, 2001. 14, 24.
  6. Toʻlqin Iyso oʻgʻli. Valiylik va Gʻavsul Aʼzam haqida // Abdulqodir Giyloniy (Gʻavsul Aʼzam). Rabboniylikni anglash va rahmoniy fayzni qozonish. Birinchi kitob / Tarjimonlar: Muhammadjon Nuriddin, Olimxon Yusuf, Abror Abdulazim, Abdulboqi Azim. –T.: Movarounnahr, 2004.
  7. N.Komilov. Tasavvuf yoxud komil inson axloqi. I kitob.
  8. Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va tafsir muallifi A.Mansur. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2004. Maryam surasi, 24-35-oyatlar. 306-307­betlar; Asʼhobi Qahf – “Gʻor birodarlari”. Podshoh zulmidan qochib, iymonlarini saqlash maqsadida gʻorga yashirinib, Allohdan panoh soʻragan taqvodor yigitlar. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. “Qahf” surasi, 9-26-oyatlar.
  9. Muhammad Boqir. Bahouddin Balogardon / Forsiydan tarjima, soʻzboshi va lugʻat muallifi Mahmudxon Maxdum Hasanxon Maxdum oʻgʻli. – T.: Yozuvchi, 1993.
  10. Muhammad Anvar Badaxshoniy. Aqidatut tahoviya sharhining talxiysi / Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi. –T.: Hilol-nashr, 2014.
Zamiraxon ISAQOVA,
Namangan davlat universiteti
falsafa fanlari nomzodi, dotsent

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …