Home / ALLOMALAR / IMOM NASOIY – BUYUK MUHADDIS

IMOM NASOIY – BUYUK MUHADDIS

Tarix sahifalaridan maʼlumki, Markaziy Osiyo hududidan islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan koʻplab allomalar yetishib chiqqan. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari Qurʼoni karim oyatlarining maʼno-mohiyatini toʻgʻri anglashda, islom taʼlimotini toʻgʻri tushunish borasida asosiy manba hisoblanadi. Hadis ilmi borasida oltita mashhur sahih toʻplam mavjud boʻlib ular ilm ahli orasida mashhur va katta ahamiyatga ega. Imom Nasoiy toʻplagan hadislar ana shu olti sahih toʻplamning biri sanaladi. Ulamolar uni uchinchi muhaddis sifatida eʼtirof etadi.

Imom Nasoiy 215/830 yilda Naso shahrida dunyoga kelgan. Toʻliq ismi Abu Abdurahmon Ahmad ibn Shuayb ibn Ali ibn Sinon ibn Bahr Nasoiydir. “Oʻz asrining imomi”, “Qozi” va “Hofiz” unvonlariga ega boʻlgan.

Manbalarda Naso shahri tarixi haqida turli xil maʼlumotlar mavjud. U hozirgi Turkmanistonning Ashxobod shahri yaqinida boʻlgan. Endilikda Nisa nomi bilan tarixiy obidaning xarobalari sifatida saqlanib qolgan joy mavjud. Yoqut Hamaviy “Moʻjamul buldon”[1] asarida bu shaharning oʻsha davrda Naso deb nomlanishiga bir necha sabablarni koʻrsatgan. Musulmonlar Xurosonga yurishni maqsad qilganida, bu shahar aholisi faqat ayollardan iborat edi. Buni koʻrgan musulmonlar: “Bular faqat ayollar ekan, ular bilan to erkaklari qaytmagunicha bahs-munozaraga kirishmaymiz. Bu masalani hozircha unutib turamiz, bu yer “Madinatun naso” (“Unutilgan shahar”)”, degan. Ikkinchi taxmin ham eʼtiborli boʻlib, shahar aholisi faqat ayollardan iborat boʻlgani uchun “Madinatun niso” (“Ayollar shahri”) deb atalgan.

Xuroson hududida joylashgan Niso bilan Saraxs oraligʻi ikki kunlik, Marv bilan – besh kunlik, Nishopur bilan – yetti kunlik masofani tashkil etgan. Bu yerda koʻplab mashhur olimlar yetishib chiqqan. “Sunan” muallifi Imomi Nasoiy ham shular jumlasidandir.

Imom Nasoiy haybatli, qizil yuzli, ochiq chehrali kishi boʻlgan. Uzoq vaqt Misrning kitob va daftarlar bozori joylashgan “Zuqoqul qanodil” nomi bilan mashhur mahallasida yashagan. Xulqi goʻzal, katta-kichikka iltifotli boʻlgan. Ilm oʻrganish maqsadida koʻplab shaharlarga safar qilgan.

Imom Zahabiy “Siyar aʼlomin Nubalo” asarida Imom Nasoiyning 70 dan ortiq mashhur ustozini sanab oʻtgan[2]. Muhaddis dastlabki tahsilini oʻz yurtining ulamolaridan olgan. Manbalarda keltirilishicha, Nasoiy 230/845 yili Balxda Qutayba ibn Said Bagʻloniydan taʼlim olayotganda 15 yosh boʻlgan.

Alloma uchun Nishopur safari ham muvaffaqiyatli kechgan. U Ibn Rohavayh deb tanilgan Isʼhoq ibn Ibrohim Xanzaliy Abu Husayn ibn Mansur va Muhammad ibn Rofeʼ kabi olimlar bilan uchrashib, ulardan hadis ilmini oʻrgangan va koʻplab yangi hadislar yozib olgan.

Bagʻdod shahrida adib, faqih, muhaddis, muarrix olim Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdulmajid ibn Muslim ibn Qutayba Daynuriy (213/828-276/889)dan koʻplab hadislar tinglagan. 235/850 yilda Ibn Qutayba huzurida hadis ilmiga oid ilmlarini boyitgan. Soʻng Marvga borib, Ali ibn Hajar va boshqa muhaddislardan hadis yozib olgan. Soʻng Iroqqa borib, oʻz davrining mashhur muhaddislaridan Abu Qurayb nomi bilan mashhur Muhammad ibn Aʼlo ibn Qurayb yoki Kariyb Hamadoniy Kufiy (161/778-248/862) bilan uchrashgan. Abu Qurayb siqa (ishonchli) hofiz (100 000 dan ortiq hadisni yoddan bilgan) boʻlib, 9 ta sahih hadis toʻplamining mashoyixlaridan biridir. Nasoiydan keyin uning shogirdlari va ayrim muhaddislar oʻz toʻplamlarida u rivoyat qilgan hadislardan foydalangan.

Nasoiyning Imom Buxoriy bilan uchrashgani haqida tadqiqotchilar turlicha fikr yuritadi. Ularning baʼzilari: “Imom Nasoiy Imom Buxoriy bilan uchrashgan va undan hadis tinglagan” deb, “Sunan”dagi “Muhammad ibn Ismoildan” deb rivoyat qilingan hadislarni dalil sifatida keltiradi. Boshqalar esa “Muhammad ibn Ismoil” aynan Imom Buxoriy emas, balki Muhammad ibn Ismoil Abu Bakr Tabaroniy kabi bu nom bilan sanadlarda uchraydigan boshqa muhaddis boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi. Tadqiqotlar jarayonida “Sunan”da “Muhammad ibn Ismoil” sanadi bilan beshta hadis rivoyat qilingani aniqlandi. Ularning toʻrttasida “Muhammad ibn Ismoil” nomining oʻzi keltirilgan (627, 2203, 5029 va 5671 hadislar)[3]. Bu ismlar Imom Buxoriyga tegishli emas, deb boʻlmaydi. Chunki beshinchisida aynan “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy” nomi nisbasi bilan aniq keltirilgan. Bu hadis 295 betda 3098 raqam bilan yozilgan. Bu dalilga asosan Imom Nasoiy Imom Buxoriy bilan uchrashgan, deb xulosa qilish mumkin[4]. Demak, Imom Nasoiy Muhaddislar sultonidan hadis tinglab, uning suhbatlarida ishtirok etgan. Bu fikrni “Sunan”ni boblarga ajratishda muallif aynan Imom Buxoriy uslubini qoʻllagani ham tasdiqlaydi.

Imom Nasoiy Shom va Misrga ham safar qilgan. Hishom ibn Ammor, Iso ibn Zugʻba, Muhammad ibn Nasr Marvaziy, Isʼhoq ibn Muso Ansoriy, Ibrohim ibn Saʼd Javhariy, Ibrohim ibn Yaʼqub Javzajoniy, Ahmad ibn Bakkor, Hasan ibn Muhammad ibn Zaʼfaroniy, Amr ibn Zurora, Abu Yazid Jurmiy, Yunus ibn Abdulaʼlo, Homid ibn Masʼada, Ali ibn Hishrom, Muhammad ibn Abdulaʼlo, Horis ibn Miskin, Hannod ibn Sufiy, Muhammad ibn Bashshor, Muhammad ibn Gʻiyxon, Abu Dovud Sulaymon ibn Ashʼas Sijistoniy kabi allomalardan taʼlim olgan. Shuningdek, Xuroson, Hijoz, Iroq va Arabiston yarimorolining hadis hofizlaridan ham hadis tinglab, ularni saralab jamlagan, natijada “iyqon ilmi” (hadislarning ishonchliligini saralash ilmi), “uluvvul isnod” (hadis roviylari isnodining bir-biriga bogʻlanishi, sanadlar salomatligini aniqlash) kabi ilmlarda mashhur muhaddis darajasiga yetgan. Imom Nasoiydan hadis rivoyat qilgan Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal[5] va Ibn Hallikonning taʼkidlashicha, uning otasi mashhur faqih boʻlgan. Ahmad ibn Hanbal va Ibn Xajar Asqaloniyning bildirishicha, Imom Buxoriy ham uning ustozlaridan hisoblanadi[6].

Ibn Adiy: “Faqih Mansur va Ahmad ibn Muhammad ibn Salloma Tahoviyning: “Abu Abdurrahmon Imom Nasoiy musulmonlarning mashhur imomlaridan biridir” degan taʼrifini eshitdim”, degan.

Abu Ali Naysoburiy: “Imom Nasoiyning hadis ilmi borasida imom ekaniga shubha yoʻq”, deb aytgan. Undan keltirilgan boshqa bir rivoyatda bunday deyilgan: “Yurtimda va xorijda hadis ilmining toʻrt buyuk imomiga guvoh boʻlganman, ular Nishopurda Muhammad ibn Isʼhoq va Ibrohim ibn Abu Tolib, Misrda Imom Nasoiy va Ahvazda[7] Abdan ismli muhaddislardir”.

Imom Hokim deydi: “Hofiz Ali ibn Umar Doroqutniydan bir emas, bir necha marta: “Abu Abdurrahmon hadis ilmi borasida oʻz asrining koʻzga koʻringan imomlarining eng mashhuridir, u Misr shayxlarining bilimdoni, hadislarning sahih yoki zaiflarini ajratish borasida ilmlirogʻi, shuningdek, “Jarh va taʼdil”, “Rijol”, yaʼni hadis roviylarining ishonchli yoki ishonchsizligi haqidagi ilmlarda ham bilimdondir”, deganini eshitdim”. U shu darajaga yetgandan keyin unga hasad qiladiganlar ham boʻlgan. Maʼmun Misriy: “Tarsus[8]ga birga bordik, u yerda mashhur hofizlardan Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal, Murabbaʼa, Abul Avzon va boshqalar toʻplangan edi. Ular hadis ilmi borasida oʻziga kimni shayx qilib tanlash masalasini bahs qilayotgan edi. Barchasi bir ovozdan Imom Nasoiyni saylab oldi[9]”, deb hikoya qiladi.

Hofiz Abu Husayn Muhammad ibn Muzaffar: “Men Misrdagi shayxlarimizdan Imom Nasoiyni hadis ilmi borasida peshqadam, omonatdor deb eʼtirof etib, uni tunu kun ibodatda tirishqoq, haj va ijtihodda bardavom deb taʼriflaganlarini eshitdim”, degan.

Tojuddin Subkiy esa bunday taʼrif bergan: “Imom Nasoiy hadis ilmida dunyo imomlarining biri, uning ismi bu ilm sohasida mashhurdir”.

Ibn Kasir: “Imom Nasoiy oʻz asrining imomi, zamonasining oʻzi kabi hadis ilmi olimlarining peshqadami va fozillaridan”, degan.

Ibn Asir: “Imom Nasoiy hofiz, shayxulislom va mashhur imomlarning biri”, degan.

Ulamolarning eʼtiroflari orasida Tojuddin Subkiyning quyidagi soʻzlari alohida eʼtiborga sazovor: “Men shayximiz Hofiz Abu Abdulloh Zahabiydan soʻradim: “Sahih” sohibi Imom Muslim hofizroqmi yoki Imom Nasoiymi?” U: “Imom Nasoiy”, dedi. Soʻng shayx Imom Voliddan soʻradim, u ham shayximizning fikrini tasdiqladi”[10].

Imom Nasoiy koʻp shogird tarbiyalagan. Ulardan 277/890 yilda Misrda tugʻilgan oʻgʻli Abdukarim, “Aqidaut Tahoviya” va “Sharhi maʼoniyal osor” asarlari muallifi Imom Tahoviy, “Maojim” (“Moʻjamul kabir avsatus sagʻir”) Tabaroniy, “Asmo val kuna” muallifi Abu Bishr Dulabiy, “Sahih” toʻplami muallifi Ibn Hibbon, Abu Ali Naysoburiy va “Amalul yavm val layla” muallifi Muhammad ibn Sunniy kabi koʻplab mashhur allomalarni keltirish mumkin.

Nasoiy tafsir, hadis, qiroat, ilmi jadal (bahs-munozara ilmi), mustalahul hadis (hadis ilmi atamalari), fiqh, nahv, usul, bayon, tarix, adabiyot, tabobat va boshqa sohalarga tegishli besh yuzdan ortiq asar yozgan[11]. Ayniqsa “Sunan” asari bilan hadis ilmi rivojiga juda katta hissa qoʻshgan. Ulamolar “Sunan”da ikki buyuk muhaddis Imom Buxoriy va Imom Muslimning yoʻllari jam qilinganini taʼkidlaydi. Asarda mavzularni boblarga ajratish va tartiblashda Imom Buxoriy, hadislarni rivoyat qilishda “haddasana” (“bizga aytishlaricha”), “haddasaniy” (“menga aytishlaricha”), “axbarana” (“bizga xabar berishlaricha”), “axbaraniy” (“menga xabar berishlaricha”), “quria alayhi va ana asmaʼ” (“unga oʻqildi va men eshitdim”) kabi lafzlarda Imom Muslim uslubi qoʻllangan. Muallif hadislarning sanad yoki roviylarida illat boʻlsa, ularni koʻrsatib ketgan.

Muhaddis hayotida koʻp sinovlarga uchradi, uning qayerda vafot etgani haqida manbalarda turli xil maʼlumotlar bor. Shulardan haqiqatga yaqinrogʻi bunday: u 303/915 yili 88 yoshida Makka shahrida vafot etib, Safo va Marva yaqinidagi qabristonga dafn qilingan.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Imom Nasoiy hadis ilmi rivojlangan davrda yashab ijod etgan shaxs sifatida bu ilmga katta hissa qoʻshgan muhaddislardan hisoblanadi. Oʻsha zamonlarda koʻplab toʻqima hadislardan sahihlarini ajratib olish va toʻplam holiga keltirish oʻta mushkul va sharafli ish boʻlgan. Imom Nasoiy hadis yigʻish maqsadida koʻplab yurtlarga borib, olti sahih toʻplamdan birini yozishga muvaffaq boʻlgan. Islom olamida mashhur oʻnlab shogirdlarni tarbiyalagan. Imom Nasoiy kabi buyuk allomalarning hayot yoʻli, qoldirgan bebaho merosini oʻrganish, kun sayin muammo boʻlib borayotgan diniy bahs-munozaralarning ijobiy yechimida katta ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Imom Nasoiy. “Sunanun Nasoiy” muqqaddimasi. Muhaqqiq Shayx Solih ibn Ablulaziz. Ar-Riyod. Dorus salom. 1999.
 2.Jaloliddin Suyutiy. “Sunanun Nasoiy” sharhi. Bayrut.Dorul kutubil mlmiya. 1995.
3.Ali ibn Odam Vallaviy. “Zaxiratul uqbo fi sharhil Mujtabo” (Imom Nasoiyning “Mujtabo”asariga sharh). J:1. Makka sh. Dor ibn Javziy. 2015.
4.Yoqut Hamaviy. “Moʻjamul buldon”. J: 5. Bayrut. Dorul kutubil ilmiya.
5.Shamsiddin Muhammad Zahabiy. “Siyar aʼlomun nubalo”. J:11. Qohira. Dorul hadis. 2006.
[1]Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. J: 5. – B. 279, 280.
[2] Shamsiddin Muhammad Zahabiy. “Siyar aʼlomin nubalo”. J:11. B-79. 2006.
[3]Sunanun Nasoiy. B.295. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999.
[4]Sunanun Nasoiy. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999.
[5] Sunanun Nasoiy. B.672. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999.
[6] Sunanun Nasoiy. Muqaddima. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999
[7]Eronning janubi-gʻarbiy qismlariga toʻgʻri keladigan qadimiy shahar.
[8]“Hozirgi Turkiyaning janubida joylashgan qadimiy shahar.
[9]Sunanun Nasoiy. Muqqaddima. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999.
[10] Sunanun Nasoiy. Muqqaddima. Dorus salom. Ar-Riyod. 1999.
[11]Sunanun Nasoiy. Jaloliddin Suyutiy sharhi. – Bayrut. 1995.
Mahammadsidiq USMANOV,
Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi,
Manbalar xazinasi mudiri

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …