Oʻzbekiston tub oʻzgarish va islohotlar davrini boshdan kechirmoqda. “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida Oʻzbekistonning ravnaqi, gullab-yashnashi uchun avvalo fidoyi, intellektual rivojlangan, barkamol avlodni tarbiyalash dolzarb masalalardan biridir. Yoshlarning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tasavvuf taʼlimoti va unda aks etgan axloqiy-tarbiyaviy masalalar muhim ahamiyatga ega.
Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega bir taʼlimot hisoblanib, islom olamida VIII asr oʻrtalarida paydo boʻlgan. Dastlab zohidlik harakati koʻrinishida kurtak yoygan. Tasavvuf turli xalqlarning ijtimoiy, falsafiy, badiiy tafakkuridan keng oʻrin egallagan koʻp tarmoqli murakkab taʼlimot hisoblanadi.
Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”ida yozilishicha, shayx Abusaid Abulxayrdan “Tasavvuf nima?” deb soʻraganlarida, “Boshingda ne boʻlsa, chiqarib tashlash, qoʻlingda neki bor – qoʻldan chiqarish va boshqalardan senga nima ozor yetsa, ranjimaslik”, degan ekan. Haqiqiy soʻfiylar oʻz faoliyatida bu shartlarga qatʼiy rioya qilgan. Demak, tasavvuf taʼlimoti tarbiya va axloqiy munosabatlarga katta eʼtibor bergani bilan ham ahamiyatlidir.
Bundan tashqari, tasavvuf xolislik taʼlimi hisoblanib, soflik va poklik tuygʻularini ifoda etadi. Tasavvuf riyosizlikdir. U “Qullikka belni mahkam etish”ga chorlasa-da, Haq bandalarining aqliy, maʼnaviy, axloqiy imtiyozlarga ega ekanini amalda isbotlaydi.
Ayni paytda tasavvufni inson kamoloti, axloqiy poklanish haqidagi ilm, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Inson, uning maʼnaviy kamoloti uchun qaygʻurish tasavvufning doimiy eʼtiborida boʻlgan. Soʻfiylarni, ayniqsa, insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh bilan jism oʻrtasidagi kurash koʻproq qiziqtirgan. Ular insonda azaliy ikki qarama-qarshi kuch – rahmoniy va shaytoniy quvvatlar borligini, inson Allohning bandasi sifatida shayton qutqusini yengib, rahmoniy fazilatlarga ega boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi. Insonning hayotdagi oʻrni, jamiyatga birlashib yashash tartiblariga ham shu nuqtai nazardan qaralgan: Chunonchi, tasavvuf ijtimoiy nizolar, urush-janjallar, mulkiy tengsizlikning tub mohiyati, bosh sababini ham inson tabiati va siyratidan qidiradi, insonning axloqini tuzatishni uning tabiatidagi salbiy, hayvoniy kuchlarni mahv etishdan boshlash kerak, deb uqtiradi.
Tasavvufda muomala madaniyati ham shakllangan. U til va dil yumshoqligiga, oʻzgalardan keladigan ranju ozorlarni halimlik bilan, gʻazab va adovat pichogʻiga sira qoʻl choʻzmasdan bartaraf qilishga oʻrgatadi.
Tasavvuf ahli nodir fazilatlarga boy. Ular odamlarning soʻz va fikrlariga zugʻum oʻtkazish – ularning ongi, maslagi va koʻngliga tajovuz qilish, kishining feʼliga ozor berish – boʻrilik bilan barobar deb, muomala-munosabatda “el qavlu feʼligʻa” zoʻru zulm yetkazishni Haq tomonidan man etilgan amrlarga qarshi borish, deb hisoblaydi [1:4].
Alisher Navoiyning “Nasoyimul muhabbat” asaridagi hikoyatda haqiqiy mutasavvifga xos sanalgan uch xususiyat taʼkidlangan. Birinchisi, tor tushunchali nohaq zotlar ranjitganda, ranjimaslik; ikkinchisi, birovni ranjitish joiz boʻlganda ham unga ozor yetkazmaslik; uchinchi va eng muhimi, boshqa din yoki oʻzga mazhabdagi odamlarni asossiz kamsitmaslik.
Muxtasar aytganda, tasavvuf tom maʼnoda insonparvar, insonning kamoloti, odamlarning bir-biriga munosabatida, ruhiy-maʼnaviy yuksalishida munosib yoʻl tutishi uchun jon kuydirib, qaygʻurib kelgan gumanistik taʼlimot hisoblanadi.
Ye.E.Bertelsning fikricha, “Tasavvuf adabiyotini oʻrganmay turib, Oʻrta asrlar musulmon Sharqining madaniy hayoti haqida tasavvurga ega boʻlish mumkin emas. Bu taʼlimotdan xabardor boʻlmasdan Sharqni anglash ham qiyin” [2:54].
Jumladan, chishtiya tariqatining keng tarqalishi Hind diyori bilan bogʻliq. Uning shayxlari shogirdlarga oʻrnak boʻla olishini munosib tarzda isbotlab bergan. XIII-XIV asrlar – Hindistonda chishtiya gullab-yashnagan davri Fariduddinning suyukli shogirdlaridan biri – dehlilik shayx Nizomiddin Avliyo (1242-1325 yy) nomi bilan bogʻliq. U butun Hind diyorida tariqat mavqeini mustahkamladi, keyin uning koʻplab shogirdlari qitʼa boʻylab chishtiya markazlariga asos soldi.
Nizomiddin musulmon dunyosida katta bilim va tajribaga ega buyuk olim va arbob edi. Shu sababli uni nafaqat soʻfiylar, balki obroʻli ulamolar ham hurmat qilardi.
Olim sifatida Nizomiddinning ijtimoiy qarashlarida uning oʻziga xosligi alohida koʻrinib turardi. Masalan, u rasmiy ibodat yigʻinlarida qatnashish va diniy amallarni bajarishdan koʻra kambagʻal va muhtojlarga yordam koʻrsatishni afzal bilardi. Yoʻqsillarga pul tarqatar va shu tariqa oʻziga moddiy zarar yetkazardi. Bu xayrli va savobli ishlar uni qoʻshni oʻlkalarda ham mashhur qildi.
Nizomiddinning shogirdlari uning gʻoya va qarashlarini Hindistonning turli tumanlarida targʻib qildi: shayx Chirogʻ – Dehlida, shayx Munavvar – Panjobda, Burhoniddin Gʻarib – Dikanda, Mavlon Husomiddin – Gujaratda, mavlono Sirojiddin – Bengalda. U suhravardiya tariqatini Hindistonga olib kelgan shayx Bahouddin Zakariyo, shayx Ruknuddin Abul Fath va Sayyid Jaloliddin Mahmud Jahoniyon davrida mashhurlikning eng yuqori darajasiga erishdi.
Nizomiddin Avliyoning kamol topishiga ustozi Bobo Farid koʻp yordam berdi. Unga doʻstona oʻgitlar berib, kibr qilmaslikni, dimogʻdorlikdan qutulishni maslahat berdi, zohidlik bilan tarkidunyochilik qilish, roʻza tutish va doimo Allohga iltijo va munojot bilan yashashni oʻrgatdi. Nizomiddinning “kundalik dunyoviy hayotdan toʻliq voz kechsa?” degan savoliga shayx nafaqat zoʻr berib iltijoyu ibodat qilish, balki soʻfiylik yoʻlida asqotadigan ilmlarni oʻrganishni davom ettirishni maslahat berdi. Shundan soʻng Nizomiddin Dehliga ketgan va oʻsha yerda qolib, uzoq yillar davomida chishtiya tariqatini targʻib qilgan.
Shayx Muhammad Amin Kurdiyning fikricha, tasavvuf taʼlimotida solihlar mashoyix yoki avliyoning oʻzi bilan yuzlashishdan koʻra, maʼnaviy, ruhiy foydani ularning hayoti, axloqiy sifatlari va amallaridan oʻrganishni olishni afzal koʻradi. U tasavvufga doir asarlarni oʻqish insonni axloqiy va maʼnaviy jihatdan tarbiyalaydi, deb hisoblaydi [3].
Tasavvufda, jumladan, chishtiya tariqatida axloq va tarbiya masalalari, ayniqsa, tarbiya yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etgani bois uning qisqacha taʼrifini keltirsak: Tarbiya – avlodlararo ijtimoiy-tarixiy va hayotiy tajribani uzatishga xizmat qiluvchi, oila, taʼlim muassasalari, ijtimoiy, siyosiy tashkilotlar va OAV taʼsiri ostida jismonan sogʻlom, maʼnan barkamol insonni shakllantirish va takomillashtirish jarayonini anglatuvchi tushuncha [4:526-527].
Demak, tasavvufning tub mohiyatini, chishtiya tariqati olim, avliyo va shayxlarining faoliyatini bugungi kun yoshlariga ham axborot, ham maʼlumot sifatida tushuntirib, oʻrgatib borsak, yoshlarimiz dunyoqarashida Vatanni ardoqlash, shuningdek, bir-biri bilan munosabatlarida insoniylik va saxovatpeshalik tuygʻulari shakllanadi.
Prezident Sh.M.Mirziyoyev yoshlar tarbiyasi haqida soʻz yuritib, bu borada shoshilmaslik, yoshlar va ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta oʻylab ish tutish kerak, [5] bu esa mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik, jamiyatda tinchlik va ahillik, millatlararo totuvlikni saqlab qolish, mustaqillikning uzoq yillarga moʻljallangan ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot yoʻlini belgilab olish, istiqlolimizni ichki va tashqi xurujlardan asrab-avaylash, yangi jamiyatning yangi, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlashga qodir, ayni chogʻda mamlakat, millat tarixini yaxshi biluvchi, ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosdan bahramand yoshlarni tarbiyalash vazifasi turadi, deb taʼkidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda yoshlarni maʼnaviyatni izdan chiqarishga qaratilgan turli tahdidlar, buzgʻunchi gʻoyalar, diniy ekstremizm va fundamentalizm, terrorizm, missionerlik harakati va ommaviy madaniyat kabi mafkuraviy xurujlarga qarshi kurasha oladigan, vatanparvarlik va insonparvarlik, yon-atrofdagi voqealarga daxldorlik tuygʻulari bilan yashaydigan, mustaqil fikrga ega insonlar qilib tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega. Bu esa taʼlim-tarbiya jarayonini yanada samarali, sifatli, qatʼiylik va talabchanlik asosida tashkil etishning taʼsirchan usul va vositalarini joriy etishni taqozo etadi.
“Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi chishtiya tariqatining asl gumanistik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimizning ifodasi ekanini yoritishni nazarda tutadi.
Muxtasar aytganda, chishtiya tariqatining Hindiston boʻylab yoyilishida, odamlarning oʻzaro munosabatlarida saxovat, xushxulqlikni tarannum etishda Nizomiddin Avliyoning xizmatlari beqiyosdir.
Chishtiya vakillari Allohga tavakkul qilib, halol mehnat bilan tirikchilik qilishni targʻib etgan. Soʻfiy och kishining qornini toʻydirish, mazlumlarning iltimosini bajarish, kambagʻal-qashshoqlarga baholi qudrat koʻmak berish yoʻli bilan Allohning marhamatiga sazovor boʻlishga intilish shart, deb hisoblagan. Shuningdek, bu tariqat muridlar puliga mukkasidan ketish, gadoylik bilan shugʻullanish, xamr ichish, giyohvandlik qilish, tamaki chekish kabi illatlarni taʼqiqlagani bilan ham ahamiyatlidir [6:355]. Chishtiya shayxlari insonga muhabbat, boylik ortidan quvlamaslikni targʻib etgan.
Tariqat vakillari merosxoʻrlikni tan olmagan, murshidga vorisni oldingi shayx belgilar yoki u saylanar edi. Bu tariqat xonaqohi oddiyligi va soddaligi bilan ajralib turardi. Unda yigʻilib, diniy ilmlar oʻrganiladigan va Allohni zikr qiladigan jamoatxonalar va ustoz – shayx uchun hujra boʻlardi. Chishtiylar taklif etiladigan lavozim, martaba, amallarni rad etar va hukumat bilan biror aloqani yoqlamas, dunyoparastlikni inkor etar edi.
Ular inson Xudodan umid qilib, oʻz mehnati bilan kun kechirishi zarur, faqat oddiy insonlarning ixtiyoriy qurbonligini qabul qilishi mumkin, deb hisoblagan. Soʻfiyning Haq taolo oldidagi xizmati och kishini toʻydirish, qiynalgan, azob chekkan kishining iltimosini qondirish va kambagʻalga yordam berishdan iborat boʻlgan.
-
Ibrohim Haqqul “Tasavvuf va sheʼriyat” Gʻafur Gʻulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi. –T., 1991.
-
Bertels Ye.E.Sufizm i sufiyskaya literatura. –M.: Nauka.1995.
-
Kadirov, Davronbek (2020) “Al-mavahib us-sarmadia” and the sources given in it concerning the nakshbandi tarikah,” The Light of Islam: Vol. 2020 : Iss. 1 , Article.
-
Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar izohli lugʻati. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009.
-
Islom ensiklopediyasi, Zuhriddin Husniddinov tahriri ostida. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2004.