Abdulkarim Samʼoniyning “Adabul imlo val istimlo” asari hadis ilmidagi taʼlim jarayoniga bagʻishlangan muhim manba hisoblanadi.
Xorijlik va mahalliy tadqiqotchilarning Abdulkarim Samʼoniy hayoti va ijodi borasida qilgan izlanishlariga qaralganda, olimning tarixga oid “Al-ansob” nomli shoh asariga koʻproq eʼtibor qaratilgani guvohi boʻlinadi. Shu eʼtibordan olimning tarixchi va nasabshunos jihati oʻrganilgan. “Adabul imlo val istimlo” asari oʻrganib chiqilgandan soʻng, olimning mashhur muhaddis ekanligi, hadis ilmlarida mohir va moʻtabar boʻlgani namoyon boʻldi. Zamonasining Ibn Asokir, Abul Fath Boqilloniy kabi imomlari undan hadis rivoyat qilgani, imom Zahabiy, Ibn Xallikon, Tojiddin Subkiy, Ibn Kasirdek allomalarning olim haqidagi maqtovlari va eʼtiroflari Samʼoniyning ilmiy darajasi naqadar yuksak boʻlganini koʻrsatadi.
“Adabul imlo val istimlo” asari hadis ilmi taʼlim metodologiyasida yuksak ahamiyatga ega asar hisoblanadi. U muhaddislarning ilm talab qilish yoʻllarini batafsil izohlab beradi. Quyida asarning tarkibiy tuzilishi, uning ahamiyati, taʼlim metodologiyasida tutgan oʻrni boʻyicha maʼlumotlar bayon qilinadi.
Avval asar nomini Imom Zahabiy, Subkiy, Xoji Xalifa, Ismoil Posho Bagʻdodiy “Al-imlo val istimlo” deb ataydi. Imom Zarkashiy, Saxoviy va Imom Suyutiy esa “Adabul imlo” deydi.
Asar “Adabul imlo val istimlo” deb nomlanib, bu soʻzma-soʻz tarjima qilinganda, “hadis aytish va yozib olish odobi” degan maʼnoni anglatadi. Muhaddislar istilohida hadis rivoyat qilish jarayoni “imlo”, yozib olish jarayoni “istimlo” deb atalgan. Taʼrifdan kelib chiqib, hadis rivoyat qilayotgan shayxga “mumliy”, yozib olayotgan talabaga “mustamliy” deb aytilgan. Ushbu taʼrifdan kelib chiqib, alloma asarni “Adabul imlo val istimlo” deb nomlagan. Yaʼni, hadis rivoyati bilan shugʻullanuvchi ustoz-shogird odoblari, degan maʼnoni anglatadi.
Umuman olganda, “imlo val istimlo” mavzusida yozilgan kitoblar “Mustalahul hadis” (“Hadis ilmi istilohlari”) sohasining tarmoqlaridan biri hisoblanadi.
“Adabul imlo val istimlo”ning yozilish tarixini muallifning asarga yozgan muqaddimasi ifodalab beradi: “Birodarim, Alloh seni hifzi himoyasida saqlasin, mendan rivoyat qilish va eshitish odoblari, rivoyat qiluvchi va eshituvchi uchun zarur boʻlgan yuksak axloqlar bilan xulqlanish va nabaviy sunnatga ergashish masalalari haqida biror asar taʼlif qilishimni soʻradingiz. Shu bilan birga, asar muxtasar boʻlishini istadingiz. Zero, himmatlar ozaygan, siz soʻragan maʼlumotlar hadis ilmlari ichida keltirilgan. Ularni topib oʻqishga boʻlgan qiziqish esa soʻngandir. Siz soʻragan maʼlumotlarni oʻzida jamlagan asar yozish uchun Allohga istixora qilib, uni toʻplashga kirishdim. Asarda muhaddis va talaba uchun zarur boʻlgan odoblar, oʻqitish va oʻrganish uslublariga tegishli maʼlumotlarni keltirdim”.
Muqaddimaga nazar solinsa, “muxtasar asar” degan soʻzga guvoh boʻlinadi.
Dastlab Imom Samʼoniy bu mavzudagi kitobga ehtiyoj borligini koʻrib, “Tirozuz zahab fi adabit talab” asarini yozdi. Ammo uning hajmi katta boʻlgan va talabalar uchun uni oʻqish va yodlash qiyin boʻlgan. Soʻng baʼzi talabalar undan talaba va muallimning odob-axloqiga doir oson va qisqaroq bir kitob yozib berishni iltimos qildi. Shunda Samʼoniy ushbu kitobini tasnif etdi[1]. Shuning uchun alloma muxtasar asar yozishga qaror qilib, ushbu asarni taʼlif qildi.
“Adabul imlo val istimlo” asarida asosan ustoz-shogirdga tegishli odoblar, taʼlim berish va olish uslublari haqida maʼlumotlar berilgan. Keltirilgan har bir maʼlumot oyat, hadis, rivoyat yoki biror atoqli olimning gapi bilan tasdiqlab borilgan. Quyida asardan baʼzi namunalar keltiramiz:
- Hadis tolibi barcha ishlarda ajralib turishi lozim.
Ibrohim Harbiy aytadi:
“Kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning odoblari haqida biror narsani eshitib qolsa, uni mahkam tutishi lozim”.
- Imlo majlisida uxlamaslik.
Abu Sulaymon Doroniy aytadi:
“Agar hadis majlisida uxlayotgan kishini koʻrsam, uni (eshitishni) xohlamayapti deb bilaman. Agar xohlaganida, uyqusi oʻchib ketgan boʻlardi”.
- Imlo majlisida uyqu gʻolib kelsa, joyini oʻzgartirish.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar sizlardan biringiz masjidda mudrasa, joyini boshqasiga oʻzgartirsin”, dedilar”.
- Imlo vaqtida ehtirom bilan eshitish va diqqat qilish.
Muhammad ibn Nazr Horisiy aytadi:
“Ilmning avvali jim turish, soʻng unga quloq solish, soʻng unga amal qilish, soʻng uni saqlash, soʻngra uni tarqatishdir”.
- Shayxiga peshvoz chiqish.
Ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni minbarga koʻtarilar edilar. Shunda biz peshvoz chiqib, u zotni kutib olar edik”.
- Imlo qiluvchi shayxga tavozeli boʻlish.
Abdulloh ibn Moʻtazir aytadi:
“Ilm talabida mutavozeʼ boʻlish – past boʻlgan yerlarni suv bosgani kabi ilmni koʻpaytiradi”.
Yozish va yozish predmetlariga doir odoblar:
- Tolib avvalo hadisni qoralab yozib olishi, soʻng uni maxsus siyoh bilan koʻchirishi lozim.
Ahmad ibn Mahdiy aytadi:
“Abu Ubaydning “Amvol” kitobini koʻchirishni xohladim va tilla suvi sotib olish uchun chiqdim. Yoʻlda Abu Ubaydni uchratib qolib: “Ey Abu Ubayd! Alloh senga rahm qilsin. Tilla suvi bilan “Amvol” kitobini koʻchirmoqchiman”, dedim. Shunda u: “Uni siyoh bilan koʻchir. Albatta, u juda mustahkam va chidamlidir”, dedi”.
Ibn Muborak aytadi:
“Kiyimlardagi siyoh ulamolarning xushboʻy atirlaridir”.
- Kiyimni siyohdan va qora dogʻdan saqlash yaxshidir.
Abu Oliya aytadi:
“Kitob, Qurʼon va ahlim menga yetkazgan narsalarni oʻrgandim va hech qachon libosimda birorta siyoh koʻrinmagan”.
- Siyohdon haqida.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomatda, hadis sohiblari Alloh azza va jallaning huzuriga keladi. Ularda nurdan boʻlgan siyohdonlar boʻladi. Shunda Alloh azza va jalla ularga: “Sizlar hadis sohibisizlar, Nabiyingizga juda koʻp salavot aytardingiz. Endi jannat va rahmatimga kiringlar”, deydi”, dedilar”.
- Imlo majlisida siyohdonsiz hozir boʻlmaslik.
Zuhriydan rivoyat qilinadi:
“Kim uyidan siyohdonsiz chiqsa, faqat sadaqani niyat qilibdi”.
Shofeʼiy aytadi:
“Kim ilm majlisida siyohdonsiz hozir boʻlsa, goʻyoki tegirmonga bugʻdoysiz kelibdi”.
- Imlo majlisida hozir boʻlib, siyohdoni boʻlmasa, boshqaning siyohdonidan foydalansa boʻladi. Chunki salafi solihlar shunday qilgan.
Zakariyo ibn Adiydan rivoyat qilinadi:
“Bir kemada Ibn Muborak bilan birga edim. U ruxsat soʻramay yostigʻimga oʻtirdi va ruxsat soʻramay siyohdonimni oldi. Keyin menga iltifot koʻrsatib: “Alloh taolo: “doʻstingizning uyidan (izn soʻramasdan) taomlanishingizda sizlarga (gunoh yoʻqdir)”[2], deb aytadi”, dedi”.
- Qalam haqida;
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim. U zot bunday dedilar: “Albatta, Alloh birinchi boʻlib yaratgan narsa qalamdir. Soʻng Nun – U siyohdondir – ni yaratdi. Bu haqda Alloh azza va jallaning “Nun. Qalam va (u bilan) yozadigan narsalar (bitiklar) bilan qasamyod etaman”[3], degan soʻzi bor. Bas, unga: “Yoz!”, dedi. U: “Ey Robbim, nimani yozay?”, dedi. U zot taboraka va taolo: “Qiyomatgacha boʻladigan har bir narsaning taqdirini yoz”, dedi”.
Qatodadan rivoyat qilinadi:
“Qalam Alloh azza va jallaning ulugʻ neʼmatidir. Agar qalam boʻlmasa, din oʻz oʻrnida turmaydi va hayot ham toʻgʻri boʻlmaydi”.
Abu Sarh Hamdoniy aytdi:
“Abu Dalfning “Qalam ikki tilning (yaʼni, inson va qalam tilining) biridir”, deganini eshitdim”.
- Koʻpchilik qalamni qilichdan afzal koʻradi:
Muhammad ibn Jaʼfar Dinovariy aytadi:
“Baʼzi yunon podshohlari: “Dunyo va din ishlari ikki narsa ostidadir. Oʻsha ikki narsaning biri ikkinchisining ostidadir. Ular qilich va qalam boʻlib, qilich qalamning ostidadir”, degan”.
- asarni nafaqat hadis ilmlarini oʻrganish va oʻrgatishda, balki taʼlimning barcha sohalarida keng qoʻllash mumkin. Zero, taʼlim-tarbiyadan koʻzlangan maqsad jamiyatda komil insonni shakllantirish, taʼlim samaradorligini oshirish, ustoz va shogird oʻrtasidagi aloqani mustahkamlash, ustozning taʼlim berish mahoratini oshirish hamda shogirdning taʼlim olish saviyasini yuksaltirishdir.