Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari mezbonligida oʻtkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchilari 18 may kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan anjuman qatnashchilari – Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslar, huquqshunoslar va boshqa rasmiy vakillar Samarqand temiryoʻl vokzalida tantanali kutib olindi.
Mehmonlar buyuk allomalarga beshik boʻlgan, qadimiy sivilizatsiyalar markazi hisoblangan Samarqanddagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi, tarixiy-madaniy yodgorliklar bilan tanishdi. Yuzdan ortiq millat, turli din va konfessiyalar vakillari hamjihatlikda yashayotgan qadimiy kentda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Diniy eʼtiqod erkinligi, har bir bir millatning oʻz urf-odat va anʼanalari, qadriyatlarini asrab-avaylashi uchun keng imkoniyat mavjudligi taʼkidlandi.
– Yoshligimizda bu tabarruk zamindan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar, muhaddislar kitoblarini oʻqib, ular mangu orom topgan maskanlarni ziyorat qilish baxti nasib etarmikan, deb orzu qilardik, – deydi Butunjahon musulmonlari ligasi bosh kotibining maxsus maslahatchisi Abdulaziz Sarxan. – Allohga shukr, bugun shu baxt nasib etganidan baxtiyormiz. Beruniylar, Xorazmiylar, Buxoriy va Termiziy yurti hamisha jahon ahlini oʻziga chorlab kelgan. Ayniqsa, Samarqand – dunyoga mashhur qadimiy shahar, dunyo sivilizatsiyasida oʻz munosib oʻrniga ega. Shu bilan birga bugun bu yurt turli millatlar, dinlar vakillari ahil-inoq yashayotgan maskan sifatida eʼtiborimizni tortdi.
– Samarqanddagi eng katta taassurot qoldirgan jihat, albatta, koʻpchilik taʼkidlaydigan xalqingizning mehmondoʻstligi, – deydi Nigeriyaning Argungu shtati amiri Ismoil Muhammad Mera. – Oʻzim ham koʻp eʼtibor berganman, koʻpchilik oʻzbek xalqining ushbu jihatini alohida tilga oladi. Bu bejiz emas ekan. Samarqandning diqqatga sazovor joylarida boʻlganimizda odamlar ham bizga katta iltifot koʻrsatayapti. Bunday eʼtiborni har qancha eʼtirof etsang arziydi. Koʻrsatilgan eʼtibor, mehmondoʻstlik uchun rahmat.
Mehmonlar ayni paytda shaharda amalga oshirilayotgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.