Maʼlumki, oʻlim – yoʻqotish, judolik munosabati bilan xalq ogʻzaki ijodida yigʻi, Sharq yozma adabiyotida marsiya, firoqiya, yodnoma, Gʻarb adabiyotida esa elegiya, epitafiya singari qator janrlar shakllangan [1:410]. “Marsiya” arabcha “risa” soʻzidan olingan boʻlib, yigʻlamoq, aza tutmoq, qaygʻurmoq maʼnolarini bildiradi. Sheʼriy terminologiyada esa vafot etgan shaxsni taʼriflovchi, sharaflovchi, unga munosabat bildiruvchi, lirik qahramonning qaygʻu-hasratlarini ifodalovchi asardir [2:69].
Alisher Navoiyning Abdurahmon Jomiyga bagʻishlab yozgan marsiyalari, nazm ahlining aytganlari fikrimizga dalildir [3:141].
Marsiyalar biror kishining vafoti munosabati bilan yozilsa-da, ularda tiriklik maʼnosi, hayot mohiyati, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik toʻgʻrisida fikrlar va ijtimoiy masalalar yuzasidan mulohaza va mushohadalar boʻladi [4:199]. Alloma Sayyid Kamolxon toʻraning vafotiga bagʻishlab, uning shogird va zamondoshlari tomonidan ham shunday marsiyalar yozilgan [5:130].
Sayyid Kamolxon ibn Sayyid Jamol Kosoniy (1847-1910) Fargʻona vodiysida yashab oʻtgan mashhur olimlardan biridir. Qabri Kosonsoyning Shayx Zunnun qabristonida boʻlib, aytishlaricha, alloma uning avlodlaridan boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, Sayyid Kamolxon 63 yoshida olamdan oʻtgan. Toʻngʻich farzandi Turkiston Muxtoriyatining maorif vaziri, Turkiston ozodligi yoʻlida halok boʻlgan Sayyid Nosirxon toʻradir (1873-1930). Ikkinchi oʻgʻli Muhyiddin toʻra ham otasi va akasi singari ilmli kishilardan boʻlib, Kosonsoy madrasasida mudarrislik qilgan. Shoʻrolar hukumati boshlagan qatagʻon sababli 1920 yilning oxirida oilasini qoldirib, Afgʻonistonga ketishga majbur boʻlgan va 1956 yilda Hilmand viloyatida vafot etgan.
Rojiy Margʻinoniy Mavlaviy Namangoniy madrasasi mudarrisi Sayyid Kamoliddinxoja Kosoniyga katta marsiya yozgan. XX asr Namangan maʼnaviy muhitining yirik vakillaridan Mulla Yoʻldoshxoʻja Otaxoʻja oʻgʻli Dogʻiy koʻplab namanganlik shoirlar qatori Rojiy Margʻinoniy gʻazaliga murabbaʼ bogʻlagan [6:93]. Uning nasriy shakli quyidagicha:
“Mavlaviy Namangoniy madrasasi mudarrisi Sayyid Kamoliddinxoja Kosoniy haqida Rojiy tarixi.
Bu koʻhna ayvoni gʻamxonadan qanday yaxshi koʻngil egalari – donolar ketdi. Bu besh kunlik dunyoda xeshu aqrabolardan “begona” boʻldi. Yuragim uning gʻamidan xasta boʻlsa sazoki, zero, dillarga tasalli beruvchi hakim Masihodek ketdi. Uning gʻami dilimni egallagan edi, ammo oʻsha gʻamning hakimi boʻlmish u zot masihona ketdi.
Musibat oʻtdi, uning gʻam-anduhiga quloq solsam hanuz, u afsona kabi ketdi.
“Sayyid Kamol vafotidan qanday toʻfon yuz berdi?” deysizmi, buni bilmoqchi boʻlsangiz, u hushi bor kimsani ham hushsiz qilib ketdi. Jonlar uning tobuti ustida, maʼnolar arbobi boʻlmish uning vidolashuviga ketma-ket boʻlib ketdi. Lekin bilmadim, nedirki, uning gʻami bizning dilimiz eshigidan na kechasi va na kunduzi ketyapti. U oʻzi Haq nashʼasidan mast boʻlib, shodlik yeriga ketdi, ammo bu tufayli bizning paymonamizni zaharga toʻldirib ketdi.
Haqiqat sharobini Haq yoʻlida ichuvchilardan sharob durdini ichdiyu, mastona ketdi. Dilim bu musibatdan kuyib-yonishda bu gʻam majmaridan (isiriqdon) isiriqdek ketdi. Sayyid Kamol uchun yurak nega oʻrtanmasinki, goʻyo Fargʻona ahlidan kamol ketdi.
Botinda qanoat xazinasi bilan boy boʻlgan u zot zohirparastlar uchun faqirona ketdi. Peshonasi doim ajzu-niyoz tufrogʻida, oʻzi esa odob bisoti boʻlib, boʻriyodek ketdi. Bu yoʻlda taalluq yuki uning kaftida edi, shu tufayli (dunyo molidan) yengil yurib, yengil boʻlib, mardona ketdi.
U sharafli sayyidlarning oʻrinbosari boʻlib, oʻzi ham sayyid nasablik edi, pok ketdi. Afsus, unda ilm xazinasi yashiringan edi. Bu vayronadan bir umr obod boʻlmaydigan vayronaga ketdi. Maʼno qushlari undan hurkmas, fikrining panjasi goʻyo sher edi, lekin ajal sheriga oʻlja boʻldi.
Rojiy uning vafoti tarixini bunday topdi: “Tafakkur yoqasidan qarilardek piyrona ketdi”. Ammo ilmu kamolda odob sohibi boʻlmish u zot Fargʻonaning maʼno ahllaridan ediyu, ketdi” [7:559].
Sayyid Kamoliddin vafoti munosabati bilan uning toʻngʻich farzandi Nosirxon toʻra ham marsiya bitgan.
Bu haqda “Tazkirai Qayumiy”da quyidagi maʼlumot mavjud: “Nosir – bu kishi Fargʻona vodiysining shoirlaridan va olimlaridan boʻlub, Namangan viloyatidagi Koson shahridandur. Mulla Nasriddin Kosoniy deyishadur. Fozil, xushsuhbatdur. Yortefa nomli qasabaning mashhur shayxi Kamoliddinxon vafot etganda, bu kishi unga bir marsiya yozmish edi. Shoir Vasliy buni qisqartirib muxammas etmishdur. Biz bundan gʻazal qismini shunda qoʻydik. Boshqa sheʼrlarini hozircha topolmadik… Abjad hisobi bila bu tarix 1329 boʻladurki, milodiy ila 1910 yilga toʻgʻri keladur. Demak, shoir nashʼu namo etkani, hayot ekani aniqlanadur” [8:348].
“Tazkirai Qayumiy”da Vasliyning muxammasi qisqartirilgan holda berilgan. Biz esa ilk marta uning toʻliq variantini oʻquvchilar eʼtiboriga havola etmoqdamiz:
Muxammas bar gʻazali Mullo Nasriddinxon Kosoniy dar sano Eshon Kamoliddinxon afandi Yortepagiy rahimahulloh
Nosirxon toʻra nomi bilan bogʻliq irshodnomani oʻrganish chogʻida uning “Nasriddin ibn Kamol”, deb yozilganini koʻrib, “Tazkirai Qayumiy”da nomi zikr qilingan Nosir taxallusli shoir aslida Nosirxon toʻraning oʻzi boʻlsa kerak, degan xulosaga keldik.
Sayyid Kamolxon Kosoniyga bagʻishlab yozilgan marsiyalarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, ularda faqat zamondoshlarining iztirobigina ifodalanmasdan oʻsha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ham koʻrsatib oʻtilgan.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Namangan madaniy muhitida yaratilgan marsiyalarni nafaqat adabiy janr, balki tarixiy manba sifatida ham oʻrganish yanada koʻproq maʼlumotlarni beradi. Chunki, bu marsiyalarda oʻsha davrdagi ijtimoiy-madaniy jarayonlar, aholining diniy-axloqiy, maʼnaviy-intelektual saviyasi aks etibgina qolmay, balki koʻplab tarixiy shaxslarning hayotiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgani bilan ham manbashunoslikda muhim ahamiyat kasb etadi.
- N.Abdulakhatov, Sh.Koraboev. 2021. Some Characteristics of Marcia (Based on materials from the literary environment of Margilan in the 19th – early 20th centuries). International Journal on Integrated Education. 4, 3 (Apr. 2021), 410-415. DOI:https://doi.org/10.31149/ijie.v4i3.1520.
- M.Rahimjonov. Marsiya termini va tavsifiga doir // Oʻzbek tili va adabiyoti. Toshkent. 2001. № 5.
- M.Alaviya. Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari. Toshkent. “Fan”, 1974.
- N.Abdulahatov. “Marsiya” adabiy-tarixiy manbalariga oid ayrim mulohazalar (XIX oxiri-XX asr boshida Margʻilon madaniy muhiti manbalari asosida) // Meros.№ 1/2020.
- N.Abdulahatov. Rojiy Margʻinoniy tarixlari tarixiy manba sifatida // “Islom ziyosi”, 2019. №4.
- Mulla Yoʻldoshxoʻja Otaxoʻja oʻgʻli Dogʻiy. Dilim izhor aylayin derman. Nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi: Haydarxon Yoʻldoshxoʻjayev, Irodaxon Qayumova. T:. “Movarounnahr” 2006.
- M.Madgʻoziyev., R.Fayzullayev., N.Abdulahatov. Xojagon Xoja Rojiy Margʻinoniy. III. – T.: “NOSHIR”, 2016.
- P.Qayyumiy. Tazkirai Qayyumiy / Nashrga tayyorlovchi: Akad. A.Qayumov. –T.: “OʻzRFA Qoʻlyozmalar instituti tahririy nashriyot boʻlimi”, 1998.
- Vasliy. Turkiy armugʻon. Sheʼrlar. Toshkent. Porsev litografiyasi. 1331/1912 yil.