Home / YANGILIKLAR / NAQSHBANDIYA TARIQATINING BUYUK MURSHIDI

NAQSHBANDIYA TARIQATINING BUYUK MURSHIDI

Xoja Ubaydulloh Mahmudxoja oʻgʻli Ahror Valiy nomi bilan mashhur boʻlib, 1404 yil Toshkentda dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va bobolari maʼrifatli kishilar boʻlgan, dehqonchilik va tijorat ishlari bilan shugʻullangan. U ona tarafidan mashhur shayx Xovandi Tohurga borib ulanadi.

22 yoshida togʻasi Xoja Ibrohim Shoshiy uni tahsil olish uchun Samarqandga olib keladi. U bu yerda Mavlono Qutbiddin Sadr madrasasida tahsil oladi. 1428 yilda Hirot shahrida Sayid Qosim Tabriziyda tahsilni davom ettiradi. Chagʻoniyon mavzeida yashovchi naqshbandiya tariqati murshidlaridan biri Mavlono Yaqub Charxiydan tasavvufni qunt bilan oʻrganadi.

29 yoshida Toshkentga qaytib, toat-ibodat va dehqonchilik bilan mashgʻul boʻladi. Manbalarda koʻrsatilishicha, Xoja Ahrorning xoʻjalik faoliyati tez orada juda keng rivoj topadi. “Rashahot” asari muallifi Faxriddin Ali uning yerlari Toshkent viloyatidan Amudaryo sohillarigacha boʻlgan hududda 1300 dan ortiq ekinzorlarni tashkil etganini eslatadi. Mayda mulk egalari soliqlardan qutulish uchun oʻz yerlarini Xoja Ahror ixtiyoriga oʻtkazishgan. Uning hukmdorlar oldidagi nufuzi favqulodda soliqlarni mehnatkashlar gardaniga yuklashdan ularni himoya qilardi.

U xalq orasida ancha tanilib, 1450 yildan keyin yana Samarqandga keladi.

Xoja Ubaydullohning hayot yoʻli va fazilatini bayon qiluvchi koʻpgina tarixiy asarlar orasida eng birinchilardan boʻlib yozilgan “Masmuot” (Eshitilgan) asari kuyovi va izdoshi Mir Abdulavval Nishopuriy tomonidan XV asr oxirlarida bitilgan. Unda Xoja Ahrorning fazilati, soʻfiylik dunyoqarashi haqida soʻz borgan.

Naqshbandiya tariqatining Xoja Ahror Valiy orqali tarqalgan silsilasi nafaqat Movarounnahr hududi, balki Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, Misr, Xitoy va Hindistongacha yetib borgan. Samarqand qozi kaloni, tarixchi Abu Tohirxoja “Samariya” kitobida “Xoja Ahrorning oʻziga jalb qiluvchi ohanrabosi shu darajada kuchli ediki, uning shirinsuhan suhbatlari umrbod esda qolardi”, degan soʻzlari ham tasavvuf taʼlimotida uning maʼnaviy mavqei yuqori boʻlganidan dalolat beradi.

Xoja Ahrori Valiydan shogirdi Mavlono Muhammad Qozi orqali Maxdumi Aʼzam Dahbediydan boshlab “naqshbandiya-ahroriya-dahbediya” tarmogʻi shakllangan. Uning avlodlaridan Naqibxon Toʻgʻral, Sultonxon Toʻra Ado kabi ulugʻ kishilar yetishib chiqqan.

Xoja Ahror qalamiga mansub bir nechta risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri “Faqarot ul-orifin” (Oriflar soʻzlaridan parchalar) nomi bilan mashhur boʻlib, unda muallifning va baʼzi tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. “Volidiya” deb nomlangan ikkinchi risolasida tariqat yoʻliga kirgan kishining axloq-odobi, faqir va fano tushunchalari haqida soʻz boradi.

Xoja Ubaydulloh naqshbandiya tariqatining eng buyuk murshidlaridan biri edi va ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotda katta iz qoldirib, oʻz davrida shuhrati dunyo mamlakatlari boʻylab mashhur boʻlgan. Uning tasavvuf tarixidagi buyuk xizmatlaridan biri naqshbandiya silsilasi islom olamidagi eng ulugʻ silsilalardan biriga aylanishidir. U tasavvuf tarixida birinchi boʻlib xalq ravnaqi yoʻlida tariqatni siyosatga, podshohlarga taʼsir koʻrsatuvchi amaliyotga aylantirdi.

Xoja Ahror Valiy 1490 yilda Samarqandda vafot etgan.

Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “Zarafshon” gazetasi 2022 yil 28 aprel, 49-son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …