Biz globallashuv jarayonlari shiddat bilan rivojlanib borayotgan XXI asrda, sivilizatsiyalar, madaniyatlar, qadriyatlar bir-biriga yaqinlashayotgan, bir-birini anglayotgan, bir-biri bilan musobaqalashayotgan bir davrda yashamoqdamiz.
Masalaning asl mohiyatini oʻz manfaatlari doirasida tushunuvchi ayrim siyosatchilar “sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” roʻy bermoqda, deb vahima solishga urinmoqda. Aslida dunyo sivilizatsiyalari endi-endi biri-birini tushuna boshlamoqda. Bu jarayonga qarshilik koʻrsatayotgan hukmdor kuchlar manfaat talashib, dunyo ustidan hukmronlik qilish ilinji bilan yashamoqda. Bu kurash oqibatida begunoh insonlar jabr koʻrmoqda, boshpanasidan, yaqinlaridan, vatanidan judo boʻlmoqda. Bunday kuchlar tufayli inson huquqlari, adolat va haqiqat poymol boʻlmoqda. Zoʻravonlik, mushtumzoʻrlik, odamlarni sarosimaga solish, oʻzgalarning mustaqilligiga, erkinligiga tahdid qilish avj olmoqda. Bunday toifadagi kishilar insof va diyonat degan insoniy tuygʻulardan, andisha va sharmu-hayodan begona kimsalardir.
Sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, madaniyatlar va urf-odatlarni bir-biriga yaqinlashtirish, uygʻunlashtirish insoniyat kelajagi uchun muhim ahamiyatga egadir. Chunki, tarixdan maʼlumki, koʻpgina mojarolarning ildizida bir-birini yaxshi anglay olmaslik yotadi. Bu borada sivilizatsiyalararo toʻgʻri muloqotni shakllantirish zarur boʻladi.
Insoniyat turli sivilizatsiyalar toʻplamidan tashkil topgan. Ularni mazmunan, makon va zamon jihatidan har xil guruhlarga ajratish mumkin. Zamonaviy sivilizatsiyalar, antik sivilizatsiyalar, oʻrta asrlar va yangi davr sivilizatsiyalari bir-biridan – vaqt boʻyicha farq qilsa, sharq va gʻarb, shimol va janub xalqlari sivilizatsiyalari jugʻrofiy joylashishi bilan ajralib turadi. Mazmunan esa ular milliy va diniy sivilizatsiyalarga boʻlinadi. Diniy konfessiyalarga va turli xil millat, elat va xalqlarga mansub insonlarning oʻziga xosligini ifodalovchi sivilizatsiyalar vakillari ham turlichadir. Masalan, turkiy sivilizatsiya xalqlari buddizmga, islomga, xristianlikka, shomonizmga va hatto yahudolikka ham eʼtiqod qilgan.
Yevropa qitʼasida yashovchi xalqlarning koʻpchiligi nasroniydir. Osiyo qitʼasida asosan musulmon sivilizatsiyasi, hinduizm, konfutsiylik, sintoizm sivilizatsiyalari vakillari istiqomat qiladi. Yahudiylikka mansub insonlar barcha qitʼalarda bor.
Xristian sivilizatsiyasi katoliklar, pravoslavlar va protestantlarga ajraladi. Shuningdek, arman-apostol cherkovi va gruzin-antioxiya cherkovi vakillari xristian sivilizatsiyasi tarkibiga kiradi. Ammo ular oʻziga xos milliy xususiyatga egadir. Arman-apostol cherkovi vakillari ham butun yer yuzasi boʻylab tarqalgan.
Dunyoda buddistlar, shomonga eʼtiqod qiluvchilar ham ibtidoiy totemizm, urugʻchilik, animizm va boshqa turli-tuman diniy konfessiyalar vakillari ham hayot kechirmoqda. Ular bir-birini anglashi uchun, avvalo, bir-birini hurmat qilishi va bir-birini tushunishga intilishi lozim boʻladi. Qadimda ularning oʻzaro munosabatlarida bir-birini kamsitish, bir-birini haqoratlash ustuvorlik qilgan boʻlsa, endilikda sivilizatsiyalar asta-sekin bir-birini anglashga, eʼtiqodini hurmat qilishga va bir-birini tushunishga intila boshladi.
Yuqorida sivilizatsiyalararo munosabatlar nihoyatda chigal va murakkab ekanini taʼkidlagan edik. Ular bir-biri bilan tarixiy kelib chiqishi, buyuk shaxslari va moddiy boyliklari bilan musobaqalashgan, shu asosda bir-birini kamsitgan va oʻzlarini oliy martabali xalq deb bir-biriga maqtangan. Keyingi asrlarda harbiy qudrati bilan bir-biriga poʻpisa qilish odati ham vujudga keldi. Bu munosabat ayniqsa hozirgi zamon geosiyosiy jarayonlariga xos xususiyatga aylangan.
Biz bu maqolada hozirgi murakkab dunyo va undagi aloqadorliklarni falsafiy-sinergetik yondashuv orqali anglab olish va tizimga solish mumkinligini asoslashga harakat qilamiz.
Geosiyosiy jarayonlardagi sivilizatsiyalararo muloqotlarning murakkab jihatlarini faqat nochiziqli – sinergetik tafakkur bilangina anglab yetish, ularning oqibat yo istiqboli haqida toʻgʻri xulosalar chiqarish mumkin.
Nochiziqli tafakkur – chiziqli tafakkurning qurbi yetmaydigan murakkab jarayon, hodisa va obyektlarni yanada chuqurroq, aniqroq koʻrish imkonini beradi[1]. Dunyo murakkab va nochiziqli jarayonlar bilan limmo-limdir. Bu dunyoni toʻlaroq anglash uchun sinergetik yondashuvga tayanish zarur boʻladi. Bunday yondashuv keskin, katastrofik hodisalarni, kutilmagan portlash jarayonlarini, tasodifiy fuluktuatsion oʻzgarishlar sabablarini ham tahlil etish imkonini beradi.
Bugungi dunyo ham, unda roʻy berayotgan keskin, katastrofik oʻzgarishlar ham uning nihoyatda murakkabligidan, nochiziqli tabiatga egaligidan, koʻp tarmoqli, chigal aloqadorliklar bilan bogʻlanganidan dalolat beradi. Bunday reallikning asl mohiyatini sinergetik metodologiya vositasiga tayanib ochish mumkin.
Sivilizatsiyalararo muloqotning falsafiy-sinergetik mohiyati nimada? Bu, eng avvalo, shu davrda parallel mavjud boʻlgan sivilizatsiyalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning nihoyatda murakkabligida, bir-biri bilan qavatma-qavat birlashib ketganligida. Diniy konfessiyalar, milliy va siyosiy guruhlar oʻrtasidagi gegemonlik uchun kurash hamon davom etmoqda. Ularning liderlari bir-birini anglashga, tushunishga intilmaydi. Ayrim hollarda esa bir konfessiya ichida ham boʻlinish, tarmoqlanish vujudga kelishi, ular oʻrtasida yechilmas ziddiyatlar vujudga kelishi mumkin. Masalan, islomda soxta salafiylik vakillari oʻzidan boshqa musulmonlarni kofirlikda, musulmonlik qoidalarini ado etmaslikda ayblaydi. Ular:
Ularning asosiy maqsadi – diniy eʼtiqod tartibini salaflar yashagan davrdagi holatga koʻchirishdan iboratdir. Bunday musulmonlarga hukmronlik qiluvchi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi kuchlar islomning konservativlashishi, parchalanib, bir-biriga qarama-qarshi kuchlarga boʻlinib ketishidan manfaatdordir.
Xristianlarning uch oqimga ajralib ketishi zamirida ham hokimiyatda mavqe talashish sabab boʻlgan. Pravoslavlar bilan katoliklar, katoliklar bilan protestantlar hozirgacha pinhona jang olib boradi. Islomdagi hanafiylar va shialar oʻrtasidagi ziddiyat siyosiy hokimiyat talashish oqibatida yuzaga kelgan. Shayx Muhammad Yusufning yozishicha: ““Shiyʼa” soʻzi lugʻatda, “tarafkash” maʼnosini anglatadi. Islom olamida, hazrati Ali (r.a.)ga tarafkashlik oqibatida koʻpchilik musulmonlardan ajralib, alohida yoʻl tutgan toifaga shiyʼa deb aytiladi. Aslida, shiyʼa mazhabining kelib chiqishiga siyosiy ixtiloflar sabab boʻlgan. Uchinchi xalifa hazrati Usmon (r.a.)ning vafotidan soʻng kelib chiqqan qarama-qarshiliklarning bir tomonida hazrati Ali ibn Abi Tolib (karamullohu vajhahu) boʻldi. Uning tarafdorlari keyinchalik shiyʼa mazhabini keltirib chiqardi. Hazrati Ali (r.a.)ning oʻzi bu gaplardan bexabar oʻtgan. Xulosa shuki, shiyʼalik avvaldan oʻylab, rejalashtirib tuzilgan harakat yoki mazhab emas, balki siyosiy tarafkashlik oqibatida muxolif tomonga zid oʻlaroq, asta-sekin shakllangan bir mazhabdir”[3].
Bu misollar sivilizatsiyalararo muloqotning oʻta nozikligidan, serqirraligidan, koʻp yoʻnalishga, tarmoqlanishga egaligidan dalolat beradi. Bu reallik sinergetika obyektidir. Sinergetik tahlil asosida islom va xristianlik, islom va buddizm, xristianlik va yahudolik, buddizm va konfutsiylik, hinduizm va sintoizm oʻrtasidagi ziddiyatlar mohiyatini, ularni bir-biri bilan kelishtirish yoʻllarini ham topish mumkin.
Hozirgi zamon konfliktologiyasi vakillari[4] sinergetik tamoyillarga tayangan holda bular qatoriga quyidagi usullarni kiritadi:
Hozirgi paytda ayrim davlatlar gegemonlik daʼvosi bilan butun dunyoni majburan oʻz taʼsir doirasiga kiritishga intilmoqda. Bu borada boʻysunmaydigan davlatlar “jazolanyapti”, ularning hududida qurolli mojarolar yuzaga kelyapti. Bunday kuchlar xalqaro huquq normalarini pisand qilmaydi, kerak boʻlsa, noqonuniy, jinoiy yoʻllar bilan dunyoga tahdid solishdan qaytmaydi.[5] Bu holat, yaʼni xalqaro etiket normalariga bepisandlik, endigina taraqqiyot yoʻli sari qadam tashlagan mamlakatlarni mensimaslik bunday xalqlarning aynan sivilizatsion taraqqiyot darajasi hali oʻta pastligidan, dunyoqarashining primitivligidan dalolat beradi.
Sivilizatsiyalararo munosabatlar, xoh siyosiy yoʻnalishda, xoh diniy-konfessional yoʻnalishda boʻlsin, oxir-oqibatda bir-birini anglashga, bir-birining haq-huquq va qadriyatlarini hurmat qilishga olib borishi lozim. Bunga erishish uchun oʻzaro muloqotlar intensivlashishi va oqilona tamoyillarga tayanishi, madaniy saviya koʻtarilishi, bagʻrikenglik gʻoyalariga rioya qilinishi lozim boʻladi.
Insoniyat taraqqiyotining “inson bir-biriga boʻri” degan tamoyilga tayanish davri oʻtgan asrlarda tugadi. Pulning, oltinning hukmronligi oʻz oʻrnini axborot (informatsiya) hukmronligiga boʻshatib berdi. Insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotining hozirgi bosqichida na jismoniy, na harbiy kuch bilan dunyoni egallab boʻladi. Hozirgi paytda axborot, axborot texnologiyalarining oʻrni nihoyatda oshib ketdi. Kim bu bilan yaxshi qurollangan boʻlsa, uni inson manfaati, mamlakat farovonligi uchun mohirona yoʻnaltira olsa – oʻsha kuchlidir, degan tamoyil amal qilmoqda. Informatsion texnologiya faqat aql-idrok, intellekt bilan boshqariladi. Bu intellekt gumanistik maqsadga yoʻnaltirilishi, inson manfaatlari va jamiyat farovonligi uchun xizmat qilishi lozim.
Intellektning mohiyatida ikki xil dilemma mavjud: bunyodkorlik va vayronkorlik.
Agar aql-idrok, intellekt oliy, gumanistik, insonparvarlikka yoʻnaltirilmasa, vayronkorlikka, buzgʻunchilik, zoʻravonlik maqsadlariga xizmat qilishi mumkin. Shu sababli sinergetik tamoyil boʻyicha bugungi kunning oliy maqsadi intellektual kuchlarni insoniyat farovonligi uchun yer yuzini gullatib-yashnatish sari yoʻnaltirishdan iboratdir. Bu aql-idrokni gumanistik yoʻlga boshlash yoʻlidir. Bu maʼnaviyat yoʻlidir. Qachonki aql-idrok, intellektni maʼnaviyat yetaklasa, aql bunyodkor kuchga aylanadi. Shundagina qonunlar oyoqosti boʻlmaydi, adolat toptalmaydi, qadriyatlar haqorat qilinmaydi, zaiflar ezilmaydi, zoʻravonlar haddidan oshmaydi!