Oʻlkamizda koʻklam shukuhi kezmoqda. Ona tabiat kundan-kun yashnab, yangilanmoqda. Islom olamining muqaddas – Ramazon oyi zamin evrilishga yuz tutgan mavsumda hayotimizga tashrif buyurishi har bir moʻmin-musulmonga huzur-halovat bagʻishlashi shubhasiz. Tabiatga hamohang qalblar qayta uygʻondi. Yashashga, yangilanishga, ezgu amallar qilishga ishtiyoq ortdi.
Davlatimiz rahbarining Ramazon oyida keksalar va bemorlar holidan xabar olishi, muqaddas qadamjolar qurilishiga eʼtibor qaratishi anʼana tusini olgan. Kechagidek esimizda: Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili Ramazon hayiti arafasida Respublikamizning ikki muhim tibbiy markazi — gematologiya hamda onkologiya markazlariga tashrif buyurib, u yerda muolaja olayotgan bemor bolalar holidan xabar olgan, ular bilan suhbatlashib, ota-onalarga dalda boʻlgan, mavjud muammolarga quloq tutgan edi. Qisqa fursatda bemor bolalarning orzulari ushaldi, muammolarga yechim topildi. Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ishonch bolalarga kuch berdi, xayrli ishlar ota-onalarning-da, hayotini quvonchga toʻldirdi.
Ulugʻ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi
Prezidentimizning Olmazor tumaniga navbatdagi tashrifi ham ana shunday ezgu ishlar, xayrli tashabbuslarning davomidir. Ilk manzil ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha — Islom sivilizatsiyasi markazi boʻldi. Davlatimiz rahbari bu yerga muborak Ramazon oyida, juma kunida tashrif buyurishi bejiz emasligini, bunday ulugʻ ayyom kunlarida qilingan niyatlar ijobat boʻlishini aytdi. “Oxirgi yillarda ogʻir-ogʻir sinovlardan oʻtdik. Lekin bu yerda ish toʻxtagani yoʻq. Nima uchun buni quryapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, gʻururini koʻtarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun”, deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Shoazim MINOVAROV, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori:
— Hamma narsa xalq manfaati uchun. Insonni ulugʻlash — oliy qadriyat. Shonli tarixdan — buyuk kelajak sari. Mahalla — zaminimiz, tayanchimiz. Yoshlar — Vatan kelajagi kabi ulugʻ va olijanob maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan xalqimiz oʻzi ishonch bildirgan rahbar yetakchiligida olgʻa intilmoqda. Maqsad — Oʻzbekiston Respublikasini rivojlangan, qonun ustuvorligi taʼminlangan, korrupsiya jilovlangan, ilm-fan taraqqiy topgan va jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallaydigan davlatga aylantirish.
Quyosh va gidroelektr stansiyalari, intensiv bogʻlar, paxta va boshqa xomashyolarimizning joyida chuqur qayta ishlash obyektlari, ogʻir va yengil sanoat sohalarida amalga oshirilgan ishlar va rejalar Oʻzbekistonni tobora mazkur maqsadga yaqinlashtiryapti. Ilgari biz faxr bilan tilga oladigan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi kabi yirik sanoat obyektlari endi “Oʻzbekiston GTL” zavodi timsolida oʻz alambardorlariga — yetakchilariga ega boʻldi.
“Oʻtgan yili Qashqadaryoda “Oʻzbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini koʻrsatdik. Bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli boʻlib qoladi”, dedi muborak Ramazon oyining birinchi jumasida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston rahbari.
Anʼanaga koʻra, Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazida soʻnggi oylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi va mutasaddilar hamda quruvchilarga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, tashqi va ichki bezak ishlarining mazmuni va shaklini maʼqulladi, ayni paytda qoʻllaniladigan barcha matnlar ilmiy asosga ega boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi tarkibida shakllantirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans” boʻlim taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Boʻlimda boy va uzoq asrlarga taqaladigan tariximiz, din va ilmda maktablar yaratgan bobolar merosi, maʼrifatchi ajdodlarimiz, muftiylar sulolasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilgan konsepsiya boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi binosida Xalqaro islom akademiyasining magistratura va doktorantura boʻlimlari joylashadi.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV, Toshkent shahar bosh imom-xatibi:
— Alloh taologa beadad shukronalarimiz boʻlsinki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz har jihatdan taraqqiy etib bormoqda. Barcha sohalar qatori muqaddas islom dini ham ravnaq topyapti, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganishga boʻlgan eʼtibor yanada kuchaymoqda. Zotan, qadimdan oʻzbek diyori, deyilganda, jahon afkor ommasining xayoliga dunyo tamadduniga benazir hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz, ulugʻ mutafakkirlarimiz, xususan, Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy singari buyuk zotlarning nomlari kelishi tabiiy.
Ilm-fan taraqqiy etgan bugungi davrda allomalarimiz qoldirib ketgan bebaho asarlarni tadqiq etishga, oʻrganishga talab har qachongidan ham ortib borayotgani hech kimga sir emas. Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosini qurish ishlari jadal davom etmoqda.
2018 yili davlatimiz rahbari Hazrati Imom majmuasi yonida tamal toshini qoʻyib bergan markaz bugun tobora chiroy ochib, hudud koʻrkiga goʻyo uzukka qoʻyilgan koʻzdek yarashib boryapti. Oʻtgan davr mobaynida Shavkat Mirziyoyev bu joyga bir necha marta tashrif buyurib, qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oʻtgan hafta davlatimiz rahbari yana Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi. Markazda yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha imom-xatiblar, noiblarning tizimli tarzda malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Demak, bu markaz imom domlalarimiz uchun ham maʼrifat maskaniga aylanadi.
Markazda diniy bilimlar bilan bir qatorda, arxitektura, fizika, kimyo, astronomiya, minerologiya, tibbiyot, farmakologiya kabi yoʻnalishlarda ham ilmiy izlanishlar olib borish koʻzda tutilgan. Chunki ajdodlarimiz asarlarining salmoqli qismini ushbu sohalar tashkil etadi.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 12-aprel, 72(594)-son