Islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan imom, faqih, kalom ilmining moturidiylik aqidaviy mazhabi asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandning Moturid qishlogʻida tavallud topgan.
Abu Mansur Moturidiy oʻzining yuksak ilmiy salohiyati bilan islom dunyosida alohida eʼtiborga sazovordir. Alloma umri davomida islomning asl mohiyatini hamda uning oʻzgarmas aqidaviy taʼlimotini buzgʻunchi firqalarning turli botil gʻoyalari va daʼvolaridan himoya qilib keldi. Shu sababli qoldirgan katta ilmiy merosi islom ilm-fanida yuksak eʼtibor topdi va hozirgi kunda ham moturidiya aqidaviy mazhabi ahli sunna va jamoa yoʻnalishidagi asosiy mazhab boʻlib kelmoqda.
Imom Abu Mansur Moturidiy dastlabki taʼlimni oʻz qishlogʻida olib, keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi diniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandda davom ettiradi. Ustozlari oʻz davrining taniqli olimlari Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy boʻlgan. Baʼzi manbalarda uning Samarqanddagi “Iyoziy” madrasasida taʼlim olgani qayd etilgan.
Imom Moturidiy yashagan davr islom olamida oʻzgarishlar avj olgan, ayniqsa, turli firqalar tomonidan aqidaviy buzilishlar yuzaga kelgan paytga toʻgʻri keldi. Shunday sharoitda u ahli sunna va jamoa eʼtiqodini himoya qilib chiqdi. Bu yoʻlda boshqa botil aqidalarning daʼvolariga raddiyalar berdi hamda moturidiya aqidaviy taʼlimotiga asos soldi.
Bu bilan u islom ilm-fanida, taʼlimotida eng asosiy hisoblangan kalom ilmini turli notoʻgʻri daʼvolar va gʻoyalardan tozaladi.
Imom Moturidiyning islom olamida juda nozik hisoblangan, bizning davrimizgacha yetib kelgan “Kitob ut-tavhid” asari 1970 yilda Fathulloh Xulayf tomonidan Bayrutda nashr etilgan. Moturidiy bu asarida sunniy aqidadagi (taʼvilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan
holda ish koʻradi. Mazkur asarning ilmiy va amaliy ahamiyati juda katta boʻlib, u ahli sunna ulamolari tomonidan Qurʼoni karimni sharhlash (taʼvil) boʻyicha qilingan dastlabki jiddiy urinish hisoblanadi.
Alloma umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda boʻlgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va oʻzidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga katta hissa qoʻshdi.
Imom Moturidiy oʻz zamonasidayoq “Imomul huda”, yaʼni hidoyatga boshlovchi imom nomiga sazovor boʻlgan. Moturidiy taʼlimotini batafsil oʻrgangan va bu taʼlimotning mohiyatini chuqur bilgan Abul Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi olimlar Moturidiy taʼlimotini rivojlantirish orqali bu maktabni davom ettirdilar.
Imom Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni oʻn beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda uning koʻplab asarlari haqida maʼlumotlar yetib kelgan. Ularda taʼkidlanishicha, uch yoʻnalish-kalom, tafsir va fiqh boʻyicha asarlar yozgan. Alloma tafsirga oid “Taʼvilotu ahlis-sunna”, kalomga oid “Kitob at-tavhid” (Tavhid kitobi),
“Rad usul al-xamsa” (Besh usulga raddiya) va “Al-jadal fiy usul al-fiqh” (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar) kabi asarlari maʼlum va ulardan baʼzilari bizgacha yetib kelgan.
Imom Moturidiyning ilmiy merosi islom olamida avval ham, hozirgi kunda ham ahamiyatli boʻlib, ilmiy tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilmoqda.