Home / MAQOLALAR / BAGʻRIKЕNGLIK VA TINCHLIK – TARAQQIYOT VA FAROVONLIK OMILI

BAGʻRIKЕNGLIK VA TINCHLIK – TARAQQIYOT VA FAROVONLIK OMILI

Maʼlumki, Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududi qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi, bir-biriga oʻxshash boʻlmagan koʻplab xalqlar yashab kelayotgan mintaqadir. Oʻzbekiston hududi jugʻrofiy nuqtai nazaridan muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, bu zamindagi saltanatlar koʻplab davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar qilgani mahalliy xalqlarning diniy va maʼnaviy hayotiga, Movarounnahrdagi urf-odatlar esa oʻzga yurtlar madaniyati rivojiga salmoqli taʼsir koʻrsatgan. Bu esa oʻziga xos millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishdagi asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.

Oʻzbekiston zaminida qadim zamonlardan islom bilan boshqa dinlar yonma-yon yashab, rivojlanib kelgan. Bu jamiyatning maʼnaviy yuksalishiga muayyan hissa qoʻshdi. Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Oʻzbekiston istiqlolga erishgan dastlabki kunlardan boshlab millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik va totuvlikni oʻz siyosatining ustuvor yunalishlaridan biri etib belgiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bunday degan edi: “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”[1].

Tinchlik va osoyishtalik ulugʻ neʼmat ekani islom manbalarida oʻzining yaqqol ifodasini topgan. Xususan, Hujurot surasining 13-oyatida bunday deyiladi: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”. Ushbu oyatda Alloh taolo “Ey odamlar” deya butun insoniyatga murojaat qilib, “ota-onangiz bir” demoqda. Yaʼni, barchangiz Odam Ato va Momo Havodan tarqalgansiz. Shunday boʻlsa-da, sizni turli millat, elat, xalq va qabilalarga ajratib qoʻydik. Bundan kelib chiqadiki, insonlarning turli millat, elat, xalq va qabilalarga boʻlinishi Allohning irodasi bilan boʻlgan.

Hadisi shariflarda ham “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulugʻ neʼmatdirki, bundan koʻp odamlar mahrumdir”“Kimki bizga qarshi tigʻ koʻtarsa, u ahli islomdan emas”, deya insonlar tinchlikning qadriga yetishga, oʻzaro ahil-inoq yashashga chaqirilgan.

Insoniyat oʻz taraqqiyotining barcha bosqichlarida, avvalo, tinchlik-totuvlikka intilgan. Chunki har qanday taraqqiyot shunga chambarchas bogʻliqdir. Shu bois ham yurt tinchligi – bebaho neʼmat, ulugʻ saodat, barqaror taraqqiyot garovidir. Tinchlik – Vatanimizning dunyo siyosiy maydonida tinimsiz ilgari surayotgan asosiy gʻoyalaridan biridir.

Albatta, tinchlikka oʻz-oʻzidan, yoki balandparvoz soʻzlar bilan erishib boʻlmaydi, uni izchil va qatʼiy harakatlar bilan taʼminlab borish kerak. Buning uchun ayni vaqtda dunyo siyosiy maydonida sodir boʻlayotgan jarayonlarni tafakkur qilish, uzoqni koʻra bilish ham zarur. Tinchlik atalmish neʼmatni tutib turuvchi omillaridan biri diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik sanalib, bu siyosat allaqachon milliy mafkuramizning bir boʻgʻiniga aylangandir.

Dunyodagi barcha dinlar ezgulik gʻoyalariga asoslangan boʻlib, odamzotni yaxshilik, tinchlik, oʻzaro hamkorlik va doʻstlikka daʼvat etib keladi. Islom bu borada eng yetakchi, desak, sira yanglishmaymiz. Dinimizning tinchlik va bagʻrikenglik masalalariga eʼtibori juda ham katta boʻlib, bu tamoyillar bu har bir musulmon kishi eʼtiqodining ajralmas boʻlagini tashkil qiladi.

“Aytingiz (ey moʻminlar), Allohga va bizga nozil qilingan kitobga va Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqubga va oʻsha urugʻ-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iysoga berilgan narsalarga va barcha paygʻambarlarga Parvardigorlari tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratib qoʻymaymiz va biz U zotga (Alloh taologa) boʻyinsunuvchilarmiz.”. (Baqara surasi, 136-oyat).

Ushbu oyati karimada kelgan buyruqqa binoan, har bir musulmon odam Alloh taolo tomonidan yuborilgan paygʻambarlarga Muhammad sollallohu alayhi vasallamga imon keltirgandek imon keltirishi, Alloh taolo nozil qilgan kitoblarga Qurʼoni karimga imon keltirgandek imon keltirishi lozim. Agar birortasiga imon keltirmasa yoki ularni behurmat qilsa, musulmonligi qolmaydi. Demak, bagʻrikenglik, avvalo, dinimiz asosi boʻlgan imonda oʻz ifodasini topadi.

Shuningdek, Alloh taolo Mumtahana surasining 8-oyatida: “Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi koʻradir” deb, moʻmin-musulmonlarga boshqa millat va diyonat vakillari bilan, agar ular diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib, oʻz diyoridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada boʻlishni buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli boʻlish zaruratini taʼkidlamoqda (norma). Ushbu hukm islomning naqadar insonparvar va tinchlikparvar din ekanining, musulmonlik bagʻrikenglik demakligining (norma) yorqin dalilidir. Bu din hech kimga boshqa dindagilarga yaxshilik va adolat qilishni man etmaydi.

Shuningdek, Alloh taolo Qurʼoni karimning boshqa oyatida: “…Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!” (Baqara surasi, 60-oyat) deb butun insoniyatni bir-biriga nisbatan bagʻrikenglik qilgan holda, buzgʻunchilik qilmasdan tinchlik va xotirjamlikda yashashga chaqiradi.

Darhaqiqat, oʻsib kelayotgan yosh avlodni millatlararo va dinlararo totuvlik va bagʻrikenglik gʻoyalariga mos tarzda mard, jasur, mentalitetimizga yot boʻlgan zararli taʼsir va gʻoyalarga qarshi tura oladigan qilib, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamiz uchun muqaddas burchdir. Oʻz hayotiy tajribasi, shaxsiy ibrati bilan namuna koʻrsatayotgan, el-yurtga mehnati singgan ustozlarimiz ishtirokida mahalla, umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy munosabatlar muhitini yanada yaxshilash, millatlararo va dinlararo totuvlik huquqiy targʻibotini kuchaytirish tinchlik, taraqqiyot va farovonlik omili ekanini anglatishimiz lozim.

Xalqimiz uchun azaliy muqaddas bu qadriyatlar jamiyatdagi turlicha fikr va qarashga ega boʻlgan barcha kuch va harakatlarni birlashtiradi, shu orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
________________________________________________________
[1] Mirziyoyev Sh.M. Mamlakat rivojidagi istiqbolli vazifalar (Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnoma). /https://kun.uz/99444746.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …