Navoiy falsafasining, uning inson haqidagi fikrlarini, estetik gʻoyalarini, borliq haqidagi fikrlarini anglash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Navoiyning mutlaq borliq mavjudligini tan olib, uni zamon va makon nuqtai nazaridan cheksiz deb izohlaydi. Borliqni avvali va oxiri yoʻq, deb hisoblaydi. “Hayrat ul-abror” asarida Navoiy mutlaq borliqqa shunday taʼrif beradi:
Ushbu asarda Navoiy azal va abadning nisbiyligini haqida mantiqiy xulosa chiqaradi. Makonning toʻliqlik va boʻshliqdan iborat, deb hisoblaydi. Mutlaq borliq esa ikki qismni ichiga oladi: “Ne anga zamonu makon ihtimoli, ne zamonu makon andin xoli. Ne xalo aning yeridur, ne malo, ammo ham xalo-vu ham malo andin toʻla” [1: 17].
Mutlaq borliqning asosiy xususiyatlaridan birini Navoiy nuqtai nazaridan zotning vojibligini, yaʼni obyektivlik gʻoyasini ilgari suradi. Bu borliq insonga taʼsiri boʻlmaydi, u bor boʻlgan va bor boʻladi. Nisbiy borliqni esa olim borliqqa qaram deb koʻradi. Mutlaq borliq taʼsirida nisbiy borliq bor boʻladi, yoki, aksincha yoʻq boʻlishi mumkin. Lekin nisbiy borliq mutlaq borliqqa hech qanday taʼsir oʻtkazolmaydi:
Mutlaq borliq yagonadir, va ushbu mutlaq borliq haqida Navoiy shunday deydi:
Navoiyning qarashlarida borliqning paydo boʻlishi mutlaq borliq harakati bilan bogʻliq deb koʻrsatilgan:
Dunyoda hech qaysi narsa oʻzidan oʻzi paydo boʻlmaydi va yoʻq boʻlmaydi. Koinotda qancha cheksiz boʻlsa ham, unda boʻshliq boʻlmaydi. Koinotda barcha narsa bir biriga bogʻliqdir, har biri biriga vosita:
Koinotdagi bor narsalar turli-tuman narsalardan iboratdir. Mavjudotlar esa zamon va makon bilan cheklanib qoʻyilgan. Koinotdagi bor narsalar avvali va oxiri mavjud. Hamma narsa bor boʻladi va belgilangan vaqtdan keyin yoʻq boʻladi. Lekin borning yoʻq boʻlishi nisbiydir. Navoiy “Hayrot ul-abror” asarida koinotning vujudga kelishini shunday koʻrsatib beradi:
Koinotning eng oliy mavjudoti sifatida Alisher Navoiy insonni ifoda etadi. Inson mutlaq borliqning ijodi natijasida paydo boʻlib, unda mutlaq borliq oʻz ifodasini topadi. Faqatgina inson soʻzlash, fikrlash, mutlaq borliqni anglash qobiliyatiga ega boʻlib, koʻnglida haqiqat xazinasi mujassam etgan:
Navoiy insonning oʻz maʼnaviy va ruhiy tabiati bilan boshqa mavjudotlardan ajralishi, har bir insonning insoniylik darajasi uning maʼnaviy yuksalish darajasi bilan belgilaydi. Kishining qiymati uning odamiyligi bilan belgilanadi. Uning odamiyligi esa mol-dunyosi koʻpligi yoki martabasi balandligi bilan emas, balki ushbu molu dunyosini xalq xizmatiga sarflashi bilan belgilanishi afzalroqdir. Boylik orttirish, ushbu yoʻlda insonlarga jabr qilish, mansabga intilish, va ushbu yoʻlda kishilarga zulm oʻtkazish bilan ovora boʻlgan insonlardan koʻra, shoir oddiy va kambagʻal bir komilni yoki dehqonni ming karra afzal koʻradi. Chunki birinchisi borliq qonunlardan bexabar va qimmatbaho insoniylikni oʻtkinchi molu dunyoga almashtirib, hayotini maqsadsiz oʻtkazadi. Ikkinchi inson esa oʻz mehnati bilan oʻziga va jamiyatga bebaho naf qiladi. Hodisalarga toʻgʻri koʻz bilan qaragan insonlarni Navoiy “maʼno ahli” deb biladi, yuzaki qarashlarga ega odamlarni esa “suvrat ahli” deb ataydi.
Shoir inson mohiyatini uning ijtimoiy faoliyatida – jamiyatga foydali kasb bilan shugʻullanishi, xalqqa manfaati tegishi, odamlarning ogʻirini yengil qilishida, deb biladi. Uning xalq gʻamini oʻz gʻami deb bilmaydigan odamni odam qatoriga qoʻshmasligi bejiz emas:
Alisher Navoiy nafsoniyatiga berilib ketgan insonlarni tanqid ostiga oladi. Bunday dardga chalingan insonlarni birovning tushgan kulfatga parvo qilmaydi, birovga yaxshilikni ravo koʻrmaydi, har doim yolgʻiz oʻzi haqida qaygʻuradi. Bunday odamlar “barchaga oʻzgadan oʻzi azizroq va oʻzgalar soʻzidan oʻz soʻzi azizroq” deb taqiqlaydi[1:149]. Navoiy odamlarni yomon xislatlardan holi koʻrishni xohlaydi.
“Mahbub ul-qulub” asarida Alisher Navoiy odam va odamiylik haqida, chin insoniy fazilatlar toʻgʻrisida asrlar mobaynida xalq tajribasi va bilimi haqida yigʻilgan fikrlarni bayon etadi. Ushbu asarda shoir oʻzining ijtimoiy gʻoyalarini ilgari suradi, chuqurlashtiradi, yangi dalillar bilan isbotlaydi.
Navoiy inson maʼnaviy dunyosini boyitish uchun, eng avvalo, oʻzini anglashi zarur deb hisoblaydi. Ushbu yoʻlda quyidagi amallarga boʻysinishi lozim: birinchidan, nafsiy quvvatlarni maʼnaviy quvvatlarga boʻysindirishi; ikkinchidan, ilm olishi va hunar egallashi; uchinchidan, ilm, hunar, mol-dunyosini ezgulikka yoʻnaltirishi; toʻrtinchidan, koʻnglini insondagi goʻzallik bilan boy ettirishi.
Navoiy oʻz davrining mashhur davlat arbobi boʻlishi bilan bir vaqtda u buyuk mutafakkir ham edi. Shoir siyosat, davlat qonunlariga oid maxsus asarlar yozib, Turonda siyosiy-huquqiy taʼlimotlarning rivojlanishini yangi pogʻonaga koʻtargan shaxsdir.
Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” (“Arab boʻlmagan shohlar tarixi”) asari oʻz davri nuqtai nazaridan ilmiy dalillarga asoslangan risola hisoblanadi. Asarda Eron va Turon mulkida hukmronlik qilgan toʻrt sulola: peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar tarixi batafsil hikoya qilinadi.
Anʼanaga muvofiq tarix Odam Ato (a.s.) davriga bogʻliq ravishda talqin qilinadi. Alisher Navoiy mazkur asarda “Nizomu-t-tavorix”, “Jomeu-t-tavorixi Jaloliy”, “Nasihatu-l-muluk”, “Jovidon xirad”, “Odobu-l-arab va a-l-furus”, “Guzida”, “Muntahab”, “Devonu-n-nasab” kabi manbalardan foydalanadi va Banokatiy, imom Muhammad Gʻazzoliy, Tabariy, Ali Miskavayh, Qozi Barzoviy kabi tarixchi olimlarning nomlarini keltirib, maʼlumotlarni ularning asarlaridan olganini aytib oʻtadi. Shoirlardan Abulqosim Firdavsiy va uning “Shohnoma”siga koʻproq murojaat qiladi. Iskandar haqidagi qissada esa xamsanavislar Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviylarning qarashlarini keltirib oʻtadi.
Alisher Navoiy masalaga nuktadon muarrix – tarixchi olim sifatida yondashar ekan, har bir maʼlumotning aniq va asosli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratadi. Alisher Navoiy peshdodiylar sulolasiga mansub 11, kayoniylar sulolasidan 9, ashkoniy sulolasidan 15, sosoniylar sulolasidan 28, jami toʻrt suloladan 63 hukmdorning nomlari, ularning tarjimai holi, hayoti va yuritgan siyosatiga doir maʼlumotlarni taqdim etadi. Kayumars birinchi shoh ekanligi, Hushang, Bahrom, Afrosiyob, Jamshid kabi shohlarning, Rustamdek harbiy sarkardalarning faoliyatlariga yuksak baho beradi.
Alisher Navoiy mazkur asarida tarixga oid juda qiziqarli va ahamiyatli koʻplab maʼlumotlarni beradi. Balx, Bobil, Nishopur, Marv, Samarqand va yana oʻnlab shaharlarni bunyod qilgan shohlar, Navroʻz bayramining kelib chiqishi, roʻzaning paydo boʻlishi, butparastlikning sabablari bilan bogʻliq voqealar shular jumlasidandir.
Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asari orqali tarix bilimdoni qiyofasida namoyon boʻladi. Asardagi yuzlab geografik nomlar, yuzlab shaxslarning ismi-sharifi hamda yuzlab voqealar muallifning kuchli xotirasidan ham darak beradi.
Navoiyining dunyoqarashida kelajakda ideal davlat orzusi katta oʻrin olgan edi. Gap uning butun bir xayoliy davlati — “Saddi Iskandariy” dostonidagi Iskandar davlati haqida bormoqda. Mutafakkir siyosiy qarashlarida mavjud feodal davlatlarni tanqid qilib taraqqiyparvar ahamiyatga ega ishlarni amalga oshirish bilan cheklanmasdan yanada ilgarilab, Iskandar davlatidek ideal davlatni oʻz dostonida yaratdi. Unda shoir boʻlajak ideal davlatni siyosat, davlat, davlatni idora qilish shakli, davlatni boshqarishda fan va texnikaning ahamiyati, xalqaro huquqqa oid masalalar, urush va tinchlik kabi murakkab siyosiy vaziyatlarni taʼriflaydi. Ana shu qoʻyilgan masalalar boʻyicha oʻzining aniq pozitsiyasini belgilaydi. Eng muhimi, Alisher Navoiy jamiyatni davlatsiz, qonunsiz, shohsiz tasavvur qilolmaydi. U jamiyatda intizom qonun-qoida boʻlishini eʼtirof etadi.
Navoiy katta siyosiy kurash yoʻlini bosib oʻtib, boy tajribaga ega boʻlganidan keyin uning ijtimoiy-siyosiy qarashlarida yanada ilgarilash yuz beradi. Mutafakkir feodal davlati va huquqining tor doiralarida cheklanib qolmasdan, oʻzining vatanida markazlashgan adolatli davlatni barpo etish gʻoyasida qolib ketmasdan, yanada ilgarilab, butun dunyoda yagona markazlashgan adolatli davlat boʻlishi, uning tepasida esa adolatli shoh turishi kerak, degan gʻoyagaga yetib boradi.
Alisher Navoiyning merosi koʻp olimlar tadqiqotlarining katta va muhim obyekti boʻlib qoldi. Alisher Navoiyning olijanob gʻoyalari va ilhombaxsh asarlari tinchlik va insoniyat taraqqiyotida hamkorlikni mustahkamlashga yordam bermoqda. Navoiyning ijtimoiy-falsafiy gʻoyalari bugungi kun bilan hamohangligi hozirgi globallashuv zamonida maʼnaviy merosi madaniy transformatsiya jarayonini takomillashtirish, umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish uchun kuchli gumanistik ahamiyatga ega.
-
Alisher Navoiy. Hayrot ul-abror. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 7 tom. –T. Fan. 1991.
-
Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 8 tom. –T. Fan. 1991.
-
Alisher Navoiy. Layli va Majnun. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 9 tom. –T. Fan. 1992.
-
Alisher Navoiy. Sabʼai sayyor. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 10 tom. –T. Fan. 1992.
-
Alisher Navoiy. Saddi Iskandari. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 11 tom –T. Fan. 1993.
-
Alisher Navoiy. Lisonut-tayr. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 12 tom. –T. Fan. 1996.
-
Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 14 tom. –T. Fan. 1998.
-
Alisher Navoiy. Tarixi muluki ajam. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. 16 tom. –T. Fan. 2020.
-
Komilov N. Tasavvuf. –T. Movarounnaxr – Oʻzbekiston. 2009.
-
Choriyev A. Inson falsafasi. Inson toʻgʻrisidagi falsafiy fikrlar taraqqiyoti. Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti. –T. 2007.
-
Yusupova D. Oʻzbek mumtoz adabiyoti tarixi (Alisher Navoiy davri). –T. Akademnashr. 2013.