Home / MAQOLALAR / Bidʼat nima?

Bidʼat nima?

Soxta salafiylarning Hanafiy mazhabiga zid asosiy daʼvolariga koʻra har qanday yangilikni “bidʼat” deb hisoblab, uni rad etadilar.

“Bidʼat” soʻzi lugʻatda “oʻxshashi boʻlmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqidalarga kiritilgan oʻrinsiz isloh”, – degan maʼnoni bildiradi. Istilohda esa Alloma Izziddin ibn Abdussalom shunday taʼriflaganlar:

اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

“Bidʼat – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida boʻlmagan narsani amalga oshirishdir”.

Demak, ibodatlarda asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo boʻlgan amallar bidʼat hisoblanar ekan.

Binobarin, bidʼat deganda, asosan sharʼiy hukmlarga oid boʻlgan va shaʼriy manbalarda qayd etilmagan, keyin joriy etilgan yangi amallar tushunilgan. Bunda dunyoviy ishlar nazarda tutilmagan. Yaʼni ilm-fan taraqqiyoti, texnika va texnologiyalar yutuqlari kabi zamon yangiliklaridan foydalanish qaytarilgan ish hisoblanmaydi. Baʼzilar avto ulovdan foydalanish, elektr energiyasini ishlatish kabilarni ham bidʼat deb hisoblaydi va ularga “bidʼati hasana” deb nom qoʻyadilar. Yaʼni “yaxshi bidʼat deb nomlaydilar.

Shariatga yangilik kiritish bidʼat boʻladi. Masalan, namoz rakatlariga, roʻza hukmlariga, hajning ruknlariga oʻzgartirish kiritish mumkin emas. Chunki bu masalalar aniq belgilab qoʻyilgan. Masalan, namozning bir rakatida ikki marta sajda qilinadi. Kimki savobni koʻpaytiraman deb uch marta sajda qilsa bidʼatchi boʻladi.

Ulamolarimiz bidʼatni ikki qismga boʻlganlar: bidʼati hasana (yaxshi bidʼat) va bidʼati sayyia (yomon bidʼat).

Bidʼati hasana – shariatda asli boʻlgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qoʻshimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal boʻlgan Taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jamoat bilan oʻqimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan oʻqishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bidʼat boʻldi”, – dedilar.

Shunga binoan diniy ilmlar oʻrgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni goʻzal siyratlarini targʻib qilish uchun mavlid oʻqish singari din asoslariga zid boʻlmagan amallar bidʼati hasana boʻladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bidʼati sayyia esa – sharʼiy asosga ega boʻlmagan biror amal yoki eʼtiqodni joriy etishdir. Bunday bidʼat ayni zalolat boʻlib, uni shariatimizda rad etilgandir. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi. Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

“مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ” (رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ).

yaʼni: “Kim bizning dinimizda unda boʻlmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan boʻlib, muhim qoidani oʻz ichiga olgan. Yaʼni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof boʻlgan har qanday bidʼatni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid boʻlmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi” (“Fathul boriy sharhi sahihil Buxoriy” kitobi).

Hanafiy mazhabining muhaqqiq olimlaridan Mulla Ali Qori shunday deydilar:

ومعنى الحديث : أن من أحدث في الإسلام رأياً لم يكن له من الكتاب والسنة سند ظاهر أو خفي ، ملفوظ أو مستنبط ، فهو مردود عليه

yaʼni: “…Hadisning maʼnosi, kim Islomda bir “fikr” oʻylab topsa, unga Qurʼondan ham, sunnatdan ham, ochiq oydin yoki maxfiy, lafziy yoki mustanbat (ijtihod qilib topilgan) asos boʻlmasa, u (fikr yoki amal) rad qilingandir” (“Mirqotul mafotih” kitobi).

Ulamolarimiz bidʼati hasana va bidʼati sayyia oʻrtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Yaʼni, Paygʻambar alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bidʼat sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bidʼat sanaladi.

Demak, Paygʻambarimiz alayhissalom davrilarida boʻlmagan har bir amal ham yomon bidʼat boʻlavermaydi. Balki, shariatimizning umumiy qoidalariga zid boʻlgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki eʼtiqod zalolatga boshlovchi bidʼat sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bidʼatdan saqlanishi lozim boʻladi.

Avazbek Toʻrayev

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …