Yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham afkor ommaning diqqat markazida boʻlib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala har qachongidan ham dolzarb boʻlib qolmoqda. “Tarbiya qancha mukammal boʻlsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal boʻlishi uchun esa yosh avlod ongida vakuum paydo boʻlishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik kerak. Barchaga ayonki, hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan eʼtiqodga, oilaviy va milliy-maʼnaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda. Mana shunday va boshqa koʻplab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ayni haqiqat va buni hech kim inkor etolmaydi”, deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirzyoyev.
Darhaqiqat, Vatanga sadoqat, xalq farovonligi va baxtu iqboli, yorugʻ kelajagi uchun har qanday sinov va mashaqqatlarga tayyor turish, shu ulugʻ maqsadlarga erishishni oliy saodat, oʻz hayotining mazmuni deb biladigan insonlarni tarbiyalash eng ustuvor vazifalardandir. Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir. Zero, har bir millatning saodati, davlatlarning tinchligi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻliqdir.
Insoniyat bugungi kunda globallashuv deb atalgan nihoyatda murakkab bir davrni boshdan kechirmoqda. Dunyoda yuz berayotgan turli voqea-hodisalar, axborotlarning shiddatli oqimi, yot gʻoya va “madaniyatlar” xuruji hammadan oʻta hushyorlikni talab qilmoqda, hayotga yangicha nigoh bilan qarashga undamoqda. Kelajak avlodning ruhiy-maʼnaviy qiyofasi qanday boʻlishini bugungi kun yoshlarining dunyoqarashi, axloq-odobi, ilmga boʻlgan intilishiga qarab tasavvur etish mumkin.
Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning tafakkuri, mafkurasi va dunyoqarashida paydo boʻlayotgan koʻplab boʻshliqlarni oʻtkinchi gʻoya va axborotlar toʻldirmasligi uchun ularga oila, taʼlim muassasalari, jamiyat toʻgʻri ijtimoiy tarbiya berishi lozim. Yosh avlod ongiga halollik, odillik, insonparvarlik, bagʻrikenglik, mehr-oqibatlilik, yaxshilik, muruvvat, saxovat kabi fazilatlarni singdirish, ularga yomonlik, yovuzlik, oʻgʻirlik, tekinxoʻrlik, poraxoʻrlik, shafqatsizlik kabi illatlar katta ijtimoiy tanazzul manbai ekanini tushuntirish sogʻlom tarbiya muhitini shakllantirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Buning uchun avvalo jamiyatda ijtimoiy nazorat yoʻlga qoʻyilishi, oilada ota-onalarning farzandlar bilan muloqot, soʻrov, tinglash, rejalarni konstruktiv maslahat-nasihat shaklida muhokama va tahlil qilish orqali ular dunyoqarashini shakllantirishda faol boʻlishi talab etiladi. Chunki “Yomonning, yomonlikning bittasi ham koʻp” mazmundagi xalq maqolidan yosh avlod tarbiyasida arzimas darajadagi eʼtiborsizlik va loqaydlik ham katta salbiy oqibatlarga sabab boʻlishi anglanadi.
Dunyoqarashga doir sinergetik (sinergetika – lotincha “hamkorlikdagi harakat” maʼnosini bildirib, murakkablik, murakkab sistemalarning hamkorlikdagi oʻzini oʻzi rivojlantirish haqidagi fan) gʻoyalar talqini olamni yaxlit va ochiq idrok etish uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Chunki sinergetika qonuniyatlari taraqqiyot faqat tashqi muhit bilan doimiy ravishda energiya, modda, axborot almashadigan ochiq sistemalarda boʻlishini ishonchli tarzda isbotladi. Inson ham ochiq, murakkab sistema sifatida turli bilim va axborotni qayta ishlash orqali oʻz-oʻzini tashkillashtirish va tartiblashning yangi shakllariga oʻtib, rivojlanadi.
Jonivorlardan farqli ravishda odamlar axborotni nafaqat genetik kod yordamida, balki oʻqish, oʻrganish orqali yaʼni, ilm vositasida oʻzlashtiradi. Shuning uchun ham kishilik madaniyati taʼlim-tarbiyaga, milliy qadriyatlarga, ulugʻ ajdodlarning ilmiy-maʼnaviy merosiga avlodlararo axborot uzatishning samarali usuli sifatida tayanadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy shaxsi va maʼnaviy merosi attraktor (attractor – inglizchada oʻziga jalb qiluvchi, oʻziga tortuvchi maʼnolarini anglatadi) sifatida kishini oʻz-oʻzini tashkillashtirishga, takomillikka yoʻnaltiruvchi kuch boʻlib xizmat qiladi. Mutafakkir “Mahbubul qulub” asarini yozishdan asosiy maqsad boshqalarni oʻz hayot tajribasidan, jamiyat aʼzolari feʼl-atvoriga xos murakkab jihatlardan ogoh etish orqali ularni toʻgʻri yoʻlga boshlashdan iboratligini bayon qiladi.
Obyektiv reallikning ideal normativlariga mos ravishda yangilash qadriyat tushunchasi bilan bogʻliq boʻlib, qadriyat – bu idealning pragmatik aspektining moddiy timsolidir. Istalgan konkret bir jamiyatning qadriyatlar tizimi oʻsha jamiyatning madaniy saviyasiga, darajasiga bogʻliq boʻladi. Madaniyatning ijodiy ravnaqi va gullab yashnashi oddiy attraktorga tortilish (xaosdan tartibga oʻtish) bilan, madaniyatning tushkunligi va degradatsiyasi esa gʻalati attraktorga tomon harakatlanish orqali tushuntiriladi.
Alisher Navoiy buyuk attraktor sifatida oʻzining butun hayoti, faoliyati va ijodining mazmun-mohiyatini xalqqa, insoniyatga xizmat qilishdan iborat deb biladi va asarlarida buni keng targʻib etadi, jumladan, “Hayratul abror” dostonida bunday yozadi:
Odamiy ersang, demagil odamiy
Oniki yoʻq xalq gʻamidin gʻami.
Mutafakkir ijodiyotida maʼrifat targʻibi, jaholatga barham beruvchi kuch sifatida ilmni ulugʻlash yoʻnalishi yetakchilik qiladi. Navoiy badiiy qahramonlarini yoshlikdan ilmga chanqoq, hunarga ishtiyoqmand kishilar sifatida tavsiflaydi. Ularning ayrimlari mashhur allomalar qoʻlida tarbiya koʻradi. Shu buyuk zotlardan fan sirlarini oʻrganib, maʼnaviy kamolot yoʻllarini kashf etadi. Shoir “Farhod va Shirin” dostoni qahramoni Farhodning yoshligidayoq mavjud ilmlarning barchasini oʻzlashtirganini qayd etib, uni kelajak avlodga ibrat qilib koʻrsatadi:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.
Farhodning katta jismoniy qudrat, favqulodda zoʻr harbiy qobiliyat, betakror isteʼdod egasigina emas, balki yuksak maʼnaviyat sohibi sifatida tasvirlanganidan komillikka intilish odamni har jihatdan yuksaltirishi anglanadi.
Alisher Navoiy “Gʻaroyibus sigʻar” asarida insoniylikning, hayotning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritar ekan, umrning muvaqqatligini taʼkidlab, bu yoʻlni ziyraklik bilan bosib oʻtmoq lozimligini, uning xayrli oqibati uchun qaygʻurmoq kerakligini bayon etadi:
Kamol et kasbkim, olam uyidin
Sanga farz oʻlmagʻay gʻamnok chiqmoq.
Jahondin notamom oʻtmak biaynih
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
Ilm olishdan koʻzlangan asosiy maqsad mushkullik va muammolarni bartaraf etishda undan foydalanish, oʻrganganiga hayotda amal qilishdan iboratligi taʼkidlanadi. Navoiy kishining maʼnaviy komilligi negizida bilim va tajriba yotishini aytadi. Uning fikricha, ilm diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligida namoyon boʻladi. Kishilik sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan aksariyat ulugʻ ajdodlar ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni chuqur oʻrganib, ikki yoʻnalishda birdek samarali ijod qilgan. Ayni bu holat bugungi globallashuv davrida ham barkamol avlodni tarbiyalashda insoniyat yaratgan barcha axloqiy va diniy qadriyatlarning uygʻunligiga erishish lozimligini taqozo etadi.
Har qanday murakkab reallikning oʻz tuzilmasi, rivojlanish qonuniyatlari va sistemasi mavjud boʻlib, sinergetik metodologiya tartibsizlikdagi tartibni, murakkablikdagi oddiylikni koʻrish imkonini yaratadi. Buni Navoiy hikmatlari misolida aytamiz:
Jahl ahli birla kimki ulfat boʻlgʻay,
Ul ulfati ichra yuz ming ofat boʻlgʻay.
Bu yerda mutafakkir insonlarni jahldor, gʻazabkor johil kishilar bilan doʻst va ulfat boʻlish yaxshi emasligidan ogoh etib, ulardan yuz ming ofat yetishi mumkinligini va bunga chora sifatida shundaylardan uzoqroq yurishni maslahat qilib, tartibsizlikda tartib oʻrnatishning sodda yoʻllarini koʻrsatib beradi. Yaʼni, qayta aloqa tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy attraktordagi gʻazab, jahl, zoʻravonlikning unga javoban yanada kuchliroq, tajovvuzkorroq zoʻravonlikni keltirib chiqarishiga ishora qilinmoqda. Sistemaning maksimal darajada barqarorlikka (muvozanatlikka) erishishi tartib va erkinlik sintezi asosida roʻy berishi koʻrsatilmoqda. Tabiat va jamiyatda hamisha komillikka intilish kuzatiladi, chunki aynan barkamol strukturalar nisbatan barqaror hisoblanadi.
Bugungi kunda yoshlar axloqiy inqirozining oldini olishda Alisher Navoiy maʼnaviy merosining oʻrni va ahamiyati nihoyatda katta. Mutafakkir attraktor sifatida har qanday muammoning yechimi maʼrifatda va aksincha, barcha muammo va inqirozlarning sababi jaholatda ekanini aytib, yosh avlodni ilm olishga, kasb-hunar egallashga, vaqtdan, umrdan unumli foydalanishga, insoniyatga xizmat qilishga chaqiradi.