Ibn Davlat devoni Sharq mumtoz devonchiligi anʼanalari doirasida tartib berilgan sheʼrlar toʻplami boʻlish bilan birga, u XX asrning 40-yillarida tuzilgani bilan ahamiyatlidir. Chunki, aynan shu davrda mumtoz merosga nisbatan bepisand qarash, uning juda koʻp jihatlarini rad etish tamoyillari sobiq sovet mustabid tuzumi adabiyotshunosligi va adabiyotida boʻy koʻrsatayotgan edi. Yuqorida taʼkidlanganidek, Ibn Davlatni biz adabiy davra va matbuotda koʻrmaymiz. U tom maʼnoda oʻzbek mumtoz adabiy anʼanalarini oʻziga xos ravishda davom ettirgan ijodkordir. Bu jihat uning devonida yaqqol koʻringan. Muallifning devoni tuzilishi, tarkibi va uning matniy xususiyatlari ham fikrimizni isbot etadi. Ibn Davlat devonining qoʻlyozmasi va uning matni haqida quyidagilarni aytish mumkin. Avvalo, devon muallifning oʻzi tarafidan koʻchirilgan (qoʻlyozma, avtograf, dastxat). Manba hozircha yagona nusxa boʻlib, boshqa nusxasi maʼlum emas. Xati – nastaʼliq.
Maʼlumki, Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼatida nastaʼliqning Buxoro turi alohida ajralib turadi. U asosan harflarning yirikligi, yoʻgʻonroq yozilishi va botiqligi bilan boshqa joylarda koʻchirilgan nastaʼliq xatidagi manbalardan farq qiladi.[1] Mazkur xattiy belgilar biz tadqiq etayotgan devon matniga xos boʻlib, unga koʻra Ibn Davlat devonidagi xat turini ham Buxoro nastaʼligʻi, deyish mumkin.
Bundan xulosa qilib aytish mumkinki, Ibn Davlat ham maʼlum maʼnoda xattotlik malakasi va tajribasiga ega muallifdir. Albatta, devon qoʻlyozmasi matnidan tez va shoshilib yozilgan, bir xillikka amal qilinmagan oʻrinlar ham uchraydi. Lekin yaxlit olinganda shoir kotib sifatida maʼlum xattiy uslub va kitobat qilishdagi yozuv malakasiga ega xattot ekanligi, yaqqol sezilib turadi. Ushbu devon boshqa mumtoz devonlar kabi alohida jildga ega va Sharq qogʻozi (Qoʻqon qogʻozi)ga yozilgan emas. U oʻsha davr (oʻtgan asrning 30-40 yillar) maktablarida oʻquvchilarga yozuv uchun urfda boʻlgan bir chiziqli daftar qogʻozlariga yozilgan. Buni esa bizningcha, oʻsha davr holati va muallifning imkoniyatidan kelib chiqib baholansa toʻgʻriroq boʻladi.
Manbashunoslikda qoʻlyozmaning holatini tavsif etishda qoʻlyozmaning alohida va uning matnining alohida oʻlchamlari mavjud. Shulardan kelib chiqiladigan boʻlsa, Ibn Davlat devoni qoʻlyozmasining oʻlchami bir xil: 21×16 sm. Chunki, daftar standart oʻlchamda boʻladi. Biroq, matn oʻlchamlari esa bir xil shaklda emas. Ular: 17×12 sm, 18,5×13 sm, 16×10 sm hajmlaridadir. Ushbu jihatni ham shoirning devon qoʻlyozmasini kitobat etishda matnni tez va shoshilib yozilganidan, deyish mumkin.
Qoʻlyozmadagi varaqlarning soni esa 124 boʻlib, 248 sahifani tashkil etadi. Keyinchalik har bir sahifa raqamlanib chiqilgan. (Balki muallifning oʻzi amalga oshirgan boʻlishi ham ehtimol).
Qoʻlyozmaning zarar yetganini yana shundan ham bilish mumkinki, muallif har arab alifbosi harfi bilan boshlanadigan sheʼrlar boshlanadigan sahifaga alohida jumla bilan eskartishlar ilova qilgan. Masalan, “dol” harfi bilan tugallanadigan sheʼrlar boshiga “Bismillahir rohmanir-rohiym, radif “dol” (64-sahifa), “mim” harfi bilan tugallanadigan sheʼrlar boshlanmasiga “az radifu mim” (159-sahifa), “yo” harfi bilan tugallanadigan sheʼrlar boshiga esa “Bismillahir rohmanir-rohiym, radif “yo”” (186-sahifa). Lekin, bunday eskartish jumlalarni hamma harflar boshlanadigan sahifalarda ham koʻrmaymiz. Aksar qismi qoʻlyozma zararlangani, matn siyohlari oʻchib ketgani uchun oʻqib boʻlmaydi yoki oʻsha joy qaysidir boshqa sabablar bilan yoʻq boʻlgan. Koʻrinadiki, muallif qaysidir jihatlardan mumtoz anʼanani bardavom saqlashga intilgan. Lekin ayni oʻrinlarda harflar boshlanadigan jumlalarni bir xil emas, qaysi oʻrinlarda “Basmala”, qaysi oʻrinlarda oddiy harf taʼkidi bilan boshlamoqda. Bu ham shoirning oʻz sheʼrlarini maʼlum vaqtlar oraligʻida bitib borganiga dalil boʻladi. Chunki, Ibn Davlat eʼtiqodli shaxs va oʻz tasavvufiy maslagidan kelib chiqqan holda deyarli har sheʼrini Tangri nomi ila boshlashga kirishgan. Bu jihat ham devon matnida koʻrinadi. Qoʻlyozma ustida ishlashdagi maʼlum tanaffuslardan soʻng, shoir ishni davom ettirishga kirishar ekan, beixtiyor, albatta “Basmala”ni qayd etib oʻtadi. Garchand, “Basmala” devon tuzishda faqat bosh sahifada kelsa-da, Ibn Davlat yuqorida taʼkidlangan jihatdan kelib chiqib ushbu kiritmani qilgan, deyishimiz mumkin. Masalan, qoʻlyozmaning 119-sahifasining yuqori qismida shunday taʼkid uchraydi: “Ki bismillahir rohmanir-rohiym, Xudoni yod etay man, Yo Karim deb”. Xuddi shunday kiritmani 127-sahifada ham koʻrishimiz mumkin. Ibn Davlat devonidagi matniy xususiyatlardan, aniqrogʻi muallifga xos kiritmalardan, yana biri “Afu anhu” (U afv etsin) arabiy birikmasini bot-bot keltirilishidir (misol uchun, 147, 175, 191, 231-sahifalar). Devon quyidagi fard bilan nihoyasiga yetadi:
Nomi Alloh birla aylay bu damda bahri “qof”,
Yo Iloho, aylagʻil qulli isyonimmaof.
Fikrimizcha, bu oʻrinda “Alloh nomi bilan”, “bahri qof” soʻzlari bejizga keltirilmagan. Qurʼoni karimdagi “Qof” surasini olib, tajriba oʻtkazib koʻraylik. Bu surada nechta “qof” harfi borligini sanab chiqamiz. Maʼlum boʻlishicha, 57 ta ekan. Keyin shu harf bilan boshlangan “Shoʻro” surasini ham olib, undagi “qof” harflarini sanab chiqsak, bu ham 57 ta chiqdi. Endi ikkala raqamlarni qoʻshilsa: 57+57=114. Qurʼonda ham shuncha sura bor-ku![2] “Qof” suraning boshlanishida: “Qof! Ulugʻ Qurʼonga qasamki”, deyilsa, sura oxirida “Bas, ushbu Qurʼon bilan mening vahdamdan qoʻrqadiganlarga pand-nasihat qiling!” deyilgan. Goʻyoki, u bilan “qof” Qurʼonning ramziga aylanganga oʻxshaydi. Ikki suradagi “Qof” harflarning umumiy soni 114 ta – Qurʼondagi jami suralar soniga teng chiqdi! Ibn Davlat devonning tugashidagi fardda Ulugʻ Qurʼonga qasam va Alloh vahmidan qoʻrqadiganlarga pand-nasihat deya mohirlik bilan bahri “qof” soʻzi tugatadi. Keyin shu “qof” harfi bilan boshlangan Ibn Davlat devonidagi 201 ta gʻazal, 9 ta murabba, 32 ta muxammas, 2 ta musallas, 2 ta ruboiy va 2 ta fardga ham eʼtibor qilamiz.
Bunda biz shoirning diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan ilmu holu ilmu qol sohibi ekanligining guvohi boʻlamiz. Shoir oʻz ijodini mohiyatan inson qadri-sharafi va maʼnaviy kamolotini ulugʻlashga, ezgulik va goʻzallikni madh etishga bagʻishladi. Bunga doir qarashlarimizni devon qoʻlyozmasining xotimasi ham tasdiq etadi.
Devonning 247-sahifasida muallif shunday nasriy xotimani bayon qilgan: “Manki sayyid Xalifa Yoʻldoshdurman. Sanai bir ming oltmish uch boʻlgʻanda biradaron va yoron tolibulloh bir necha kunlar shab-roʻz alad-davom riyozalar oʻz tabʼimdin bir necha gʻazal va muxammaslar aydim. Boyadki, oʻqugʻan va eshitgan moʻmin va musulmon ahli iymon birodarlar amal qilsun. Zeroki, qutbi olam bir necha mashoyixlar faqirga irshod xalqga nasihat qil amr etgandur. Ul azizlarni amri sharifini vojib bilib Alloh taolo bizga tiloqot va fasohat zabon beribdur, lillahil hamd. Har kim masxara tutsa yuzi qaro boʻlsun”. Muallifning ushbu eʼtirofiga koʻra, 1363 (milodiy 1944) yilda ushbu devon tugallangan, undagi aytilgan sheʼrlar (gʻazal va muxammaslar) xalqqa nasihat qilish uchun bitilgan, ularning hammasi din yoʻlida, musulmonlarni toʻgʻri yoʻlga solish uchun yozilgan fasohat asarlaridir; agar kimki, bularni masxara qilsa yuzi qora boʻlsin.
Maʼlum boʻlishicha, Ibni Davlat tasavvufiy maslak doirasida ushbu devonni amalga oshirgan, oʻz qarashlarini sheʼriy yoʻlda ifoda etgan. Albatta, zamona taqozosi bilan ushbu bitiklar ustidan kulguvchi va ularni masxara etuvchilardan qattiq ranjishi ham bildirilgan.
Devonning eng soʻnggi 248-sahifasida esa bir qiziq jumla bor. Unda shunday yozilgan: “Alhamdullillahi rabbil olamin. Xat gʻalat, imlo gʻalat, insho gʻalat. Odamiyu oxiri dunyo gʻalat”. Xulosa qilib aytish mumkinki, Ibn Davlat devoni 1944 yil muallif tarafidan kitobat qilingan. U Sharq mumtoz adabiyotida mavjud boʻlgan devon tuzish qoidalari asnosida tartib berilgan oʻzbek devonchilik namunalaridan biridir. Muallif avtografi orqali yetib kelgan devon orqali biz uni yaratish jarayoni, sheʼrlarni joylashuvi, matniy xususiyatlari va oʻziga xos tartibiy tuzilishi haqida aniq tasavvurga ega boʻla olamiz.