Home / MAQOLALAR / TABRIZDAGI XORAZMLIK KOTIBLAR SULOLASI (Turkiya diyonat vaqfi “Islom ensiklopediya”sidagi maʼlumotlar asosida)

TABRIZDAGI XORAZMLIK KOTIBLAR SULOLASI (Turkiya diyonat vaqfi “Islom ensiklopediya”sidagi maʼlumotlar asosida)

Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida Sheroz va Tabriz shaharlarini bejiz alohida taʼkidlab koʻrsatmagan koʻrinadi. Chunki, Eronning bu ikki qadimiy shahrida azaldan turkiyzabon adabiyot taraqqiy etgan, jumladan, bu shaharlarda Navoiy asarlari ham qayta koʻchirilgan. Bunda, albatta, kotiblar, xattotlarning xizmati katta boʻlgan[1]. XV asr oxirlarida bu yerda faoliyat koʻrsatgan eng mohir xattotlardan biri Abdurahmon Xorazmiy xorazmiylar sulolasidan boʻlgan. U koʻpgina asarlarni nafis sanʼat va yuksak mahorat bilan koʻchirgan, oʻsha davrdagi oʻquvchilar va asrlar osha bugungi kunimizga yetib kelishiga katta hissa qoʻshgan xattotdir.

Abdurahmon yoshlik yillarida Tabrizga koʻchib kelgan va shu yerda yashab qolgan. Nastaʼliq xatida ijod qilgan, saroy kotibi boʻlgan. Ikki oʻgʻli – Abdukarim va Abdurahim ota kasbini davom ettirib, shoh saroyida kotiblik bilan shugʻullangan va yetuk xattotlar sifatida dovrugʻ qozongan.

Abdukarim Xorazmiy mashhur xattot va shoir boʻlib, uning hayotiga doir maʼlumotlar manbalarda kam uchraydi. Tugʻilgan va vafot etgan yillari aniq emas. Sherozda tavallud topgan. Butun umr shu yerda ijod bilan shugʻullangan. Xattotlik uslublarini otasi Abdurahmon Xorazmiydan oʻrgangan. Bu ilm sir-asrorlarini shu qadar chuqur va mukammal oʻzlashtirib olganki, otasi bilan ikkisining xati bir xil boʻlgan.

Alloma Tabriz shahridagi oqqoʻyunlilar hukmdori Sulton Yoqub saroyida sultonning xos xattoti lavozimida ishlagan. Sulton qarorgohida ijod qilgani va hukmdorning xos kotibi boʻlgani uchun ayonlar uni “Yoqubiy” deb atashgan. Shundan bois koʻchirilgan asar yoki oʻz sheʼrlarining tagiga “Yoqubiy” imzosini qoʻygan.

Kunlardan bir kun ikki aka-uka Sulton Yoqubga muraqqaʼ xatida yozilgan sheʼrlarini taqdim etganida, ikkisining ham ishida “Yoqubiy” imzosi boʻladi. Xorazmiy shu paytdagina ukasi uning imzosini qoʻllab kelganini koʻradi. Ammo Abdukarim Xorazmiy “Yoqubiy” dan koʻra, “Xorazmiy” nisbasi bilan koʻproq mashhur boʻlgan. Aka-uka Xorazmiylar otasining nastaʼliq uslubi bilan ijod qilgan paytlar imzosiz yozgan. Ikkisining xati shu qadar bejirim, yuksak sanʼat darajasida boʻlganidan yozuvlarini bir-biridan ajratish juda qiyin boʻlgan.

Abdulkarim Xorazmiy xatning hamma turlarida yozishni bilsa-da, eng koʻp nastaʼliq xatidan foydalangan. Koʻchirgan asarlari bugungi kunda ham koʻplab kutubxona fondlarining eng goʻzal namunalaridan hisoblanadi. Ulardan Istanbulning qator kutubxona fondlarida, Tehron Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Holnomai Orifiy”, “Roʻshnoinoma” (“Saodatnoma”) 883/1478 yilga oid boʻlib, eng soʻnggi qoʻlyozmalar sifatida qabul qilingan. Shuningdek, Turkiya Turk va islom sanʼati muzeyida allomaning Amir Gʻayb, Shoh Tahmasb, Molik Daylamiy va Sulton Yoqubga atab yozgan muraqqaʼ sheʼrlaridan namunalar bor.

Abdulkarim Xorazmiy nazmda ijod qilgan boʻlsa-da, uning yaxlit bir devoni topilmagan. Alloma shaharma-shahar koʻchib yurib, ogʻir hayot kechirgani tufayli koʻp yillar xastalikdan aziyat chekib, vafot etgan.

Abdurahmon Xorazmiyning ikkinchi oʻgʻli ahloqli, fazilatli, bilimdon shoir va xattot Abdurahim Xorazmiy kotib boʻlib, tugʻilgan va vafot etgan sanalari maʼlum emas. U ham dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Afsuski, bu mashhur sulola vakillarining hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi maʼlumotlar manbalarda juda kam uchraydi. Alloma dastavval, oqqoʻyunlilar hukmdori Uzun Hasanning oʻgʻli Sulton Xalil saroyida kotiblik qilgan. Uning vafotidan soʻng, akasi bilan Tabriz hukmdori Sulton Yoqub saroyiga borgan. Alloma sahifaga zarhal naqsh solish sanʼatini kashf qilgan xattotlardan sanaladi. Uning naqshlar bilan mujassamlangan nastaʼliq xatidagi mahorati tufayli tez orada Sulton Yoqubning yaqin doʻsti va xos kotibga aylanadi. Hukmdor unga “Anisiy” (“Jon doʻstim”) degan taxallus beradi.

Abdurahim Xorazmiy akasi va otasi singari kotiblik bilan birga “Yoqubiy” taxallusi bilan sheʼrlar ham bitgan. Sulton Yoqubning vafotidan soʻng, oʻgʻli Sulton Rustamning xos kotibi boʻlgan. Otasining xat uslubini yanada rivojlantirib, sheʼriyatda “Rustamiy” imzosi bilan ijod qilgan. Shoir oqqoʻyunlilar hukmdorlarining xos kotibi boʻlgani bois “Oqqoʻyunli xattoti” sifatida mashhur boʻlgan. 1494 yilgacha saroyda xizmat qilgan.

Abdurahim Xorazmiy otasining xat uslubini Eronga keng yoygan yetuk xattotlardan boʻlgan. Allomaning Mir Azuzi Buxoriy, Mullo Ali Sulton, Asadulloh Kirmoniy, Muhammad Kirmoniy kabi mashhur shogirdlari boʻlgan. Xorazmiylarning xat yozish uslublari chizigʻi koʻproq, yumshoq va oddiyroq sanalgani bois, ular hatto zamondoshi Sulton Ali Mashhadiydan ham ustun sanalgan.

Hazrat Navoiyning “Majolisun nafois” asarini 1522 yilda forschaga tarjima qilgan Hakimshoh Muhammad Qazviniy (vaf. 1559 y.) oqqoʻyunlilar saroyida faoliyat koʻrsatgan bir qator shoir va kotiblar haqida maʼlumot berarkan, Mavlono Anisiy – Abdurahim Xorazmiy haqida ham toʻxtalib oʻtadi: “Mavlono Anisiy nastaʼliq xatida oʻz uslubi boʻyicha olam ahlining ustodidir. Akasidan boshqa hech kim uningdek yoza olmagan. Mavlono insoniy kamolot va fazilatlarni oʻzida mujassam etgan edi. Benazir inson edi. Mana bu matlaʼ unikidir:

Dil, sening koʻyingga yosh kelgan erdi, keksaydi.
Bas, koʻchang tuprogʻi undan yana ne istaydi?[2]

Safaviylar sulolasi vakili Som Mirzo (1517-1576) oʻzining “Tuhfai Somiy” tazkirasida mazkur qoʻlyozma kotibi Abdurahim Xorazmiyni Mavlono Anisiy nomli shoir sifatida tanishtirib, 30 yildan koʻproq vaqt davomida oqqoʻyunlilar hukmdori saroyida xizmat qilganini qayd etgan. U Navoiy devonidan tashqari, Abdurahmon Jomiy sheʼrlarini ham koʻchirgani taxmin qilinadi. Bizgacha yetib kelgan, bevosita Abdurahim Xorazmiy tomonidan 1481 yilda koʻchirilgan yana bir qoʻlyozma ham aynan oqqoʻyunlilar davriga tegishli[3].

Abdurahim Xorazmiy mohir shoir boʻlib, uning forsiydagi sheʼrlari devon shaklida jamlangan. Bu devon oʻzining xati bilan 1493-94 yillarda yozilgan va oqqoʻyunli amir Amir Muhammadga bagʻishlangan. Bugungi kunda shoirning “Sultoniy”, “Rustamiy”, “Anisiy” taxalluslari bilan yozilgan muraqqaʼ sheʼr namunalari va devoni Istanbul universiteti kutubxonasi Turkiya Turk va islom sanʼati muzeyi, Toʻpqopi saroyi muzeyi kutubxonasi, Eron shoʻroi islom kutubxonasi, “Dorul kutubi misriyya kutubxonasi, Vena Milliy kutubxonasi fondlarida saqlanib kelmoqda.

I.Daurbekova, D.Xalimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …