Dunyoda shunday boyliklar borki, ularning qiymatini hech bir narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi. Mamlakatimizni behisob qazilma boyliklar, tabiiy zaxiralar bilan siylagan ilohiy iroda, behisob ilmiy-maʼnaviy xazinani ham xalqimizga ravo koʻrgan. Ushbu xazinani birinchi va ikkinchi Uygʻonish davrlarida yashab, ijod qilgan buyuk alloma ajdodlarimizdan qolgan qadimiy, ilm-fanning turli yoʻnalishlarida bitilgan nodir qoʻlyozma va toshbosma asarlar tashkil etadi.
Qoʻlyozmalar haqida gap borar ekan, bu borada ham Oʻzbekiston dunyoning eng boy mamlakatlari qatoriga kiradi, deb baralla aytishga haqlimiz. Ayni kunlarda yurtimizning 80 dan ortiq ilmiy muassasasida 45 mingga yaqin qoʻlyozma va 70 mingdan ziyod toshbosma asarlar saqlanmoqda. Ushbu bebaho asarlar oʻz sahifalarida tariximiz, urf-odatlarimiz, aniq fanlar va tabarruk dinimizga oid biz bilmagan, eshitmagan, dolzarb va qiziqarli maʼlumotlarni saqlab kelmoqda.
Mustaqillik yillarida ushbu ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganishga maʼlum darajada eʼtibor qaratilgan boʻlsa-da, xalqimizni undan bahramand qilish, manbalarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, restavratsiya qilish va raqamlashtirish masalalari bilan jiddiy va maqsadli shugʻullanilmadi. Kataloglashtirish ishlari ham har bir muassasa tomonidan mustaqil olib borildi. Natijada masalaning ilmiy-maʼrifiy tomoni oqsadi, ikkinchi tomondan, jiddiy yoʻqotishlarga yoʻl qoʻyildi. Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bu borada uzoq yillar toʻplanib qolgan koʻplab muammolarning yechimi koʻrsatib oʻtilgan.
Qarorga muvofiq, endilikda jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan qadimiy yozma manbalar Davlat reyestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun masʼul davlat muassasasi etib belgilandi, davlat reyestrini yuritish uchun masʼul boʻlgan 10 ta ilmiy xodimdan iborat maxsus boʻlim tashkil etilmoqda.
Aytib oʻtganimizdek, Davlat reyestri butun respublika hududida amalda boʻladi. Reyestr xalqimizning bebaho mulki boʻlgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlar, shuningdek, tarixiy hujjatlar hisobini yuritadi, yaʼni ularning yoʻqolishi, mamlakatdan olib chiqib ketilishining oldini oladi.
Ayni paytda yozma manbalar va hujjatlarni raqamlashtirib, asl nusxalari bilan birga kelajak avlodga yetkazish imkoniyati paydo boʻladi. Raqamlashtirilgan nusxalar esa tadqiqotchilar va tarjimonlarning ixtiyoriga beriladi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida nodir tarixiy qoʻlyozma va toshbosma asarlar hamda arxiv hujjatlarini konservatsiya-restavratsiya qilish jarayoniga alohida eʼtibor qaratilgan. Yozma manbalarni talab darajasida saqlash, ehtiyoj tugʻilgan holatda ularni turli ziyon yetishidan asrash, restavratsiya ishlarini amalga oshirish maqsadida zamonaviy texnologiya vositalari hamda zarur reaktivlar bilan taʼminlangan zamonaviy laboratoriya tashkil qilinadi.
Soha uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham Prezident qarorida oʻz aksini topgan. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish belgilab berilgan.
Shuningdek, ushbu yoʻnalish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib borilishi koʻzda tutilgan.
Qarorda hozirgi kunda ushbu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning xorijda amaliyot va stajirovka oʻtishi borasida ham vazifalar belgilangan. Jumladan, 2022 yildan boshlab qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq etish bilan shugʻullanuvchi ilmiy xodim va restavratorlarning har yili xorijda amaliyot oʻtashi va stajirovkasini tashkil etish Markaz, Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ahamiyati juda katta. Birinchi oʻrinda, qaror va unda nazarda tutilgan Davlat reyestri milliy miqyosda Fargʻoniy, Xorazmiy, Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Ulugʻbek, Navoiy, Behzod kabi buyuk daho ajdodlarimizdan qolgan ilmiy-maʼnaviy meros hisobini yuritish, uni kelajak avlodlarga bezavol, benuqson yetkazishga imkon yaratadi. Qolaversa, raqamlashtirish orqali ilmiy-tadqiqotlar, tarjima jarayonlari vositasida xalqimizni ushbu bebaho xazinadan bahramand qilish imkoniyatini kengaytiradi.
Keyingi yillarda xalqimiz tomonidan eʼtirof etilayotgandek “Qilsa boʻlar ekanku” xitobi bu yerda ham oʻrinli, dolzarb ekanini alohida taʼkidlagan holda, Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur qaror bilan “Qadimiy yozma manbalar Davlat reyestri”ni tuzish va yuritishdek vazifaga masʼul davlat muassasasi etib belgilanganini jamoamiz katta sharaf, ishonch va masʼuliyat sifatida qabul qilganini taʼkidlamoqchiman.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Sharqshunoslik instituti kabi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qarorda belgilangan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga bor ilmiy salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.