Home / MAQOLALAR / XOJAGON-NAQSHBANDIYA TARIQATINING VUJUDGA KЕLISHI, YOYILISHI VA XORIJIY OʻLKALARGA TARQALISHI

XOJAGON-NAQSHBANDIYA TARIQATINING VUJUDGA KЕLISHI, YOYILISHI VA XORIJIY OʻLKALARGA TARQALISHI

Xojagon-naqshbandiya tariqati uzoq tarixga ega boʻlgan Markaziy Osiyo tasavvuf maktabi anʼanalari davomchisi sifatida mahalliy ildizlarga ega boʻlib, jumladan, Hakim Termiziy (205/820 – 320/932), Abu Bakr Kalobodiy (305/917 – 385/995), Mustamliy Buxoriy (vaf. 434/1043) kabi soʻfiylar va tasavvuf nazariyotchilari gʻoyalaridan taʼsir olgan. Shunday boʻlsa-da, xojagon-naqshbandiya tariqatining bevosita muayyan tashkilot sifatida vujudga kelishi Xoja Yusuf Hamadoniyning (440/1048 – 535/1140) oʻz taʼlimotini yoyish va shogirdlar tarbiyalash maqsadida Oʻrta Osiyoga kelishi, Buxoro shahrida xonaqoh ochib, bu yerda oʻz soʻfiylik maktabiga asos solishi bilan bogʻliqdir [5: 13-15; 16: 19; 13: 7-10; 9: 8-16]. Garchi Hamadoniy koʻplab muridlar tarbiyalagan, jumladan, ulardan toʻrttasi – mazkur silsilaga ketma-ket rahbarlik qilgan Xoja Hasan Andaqiy (vaf. 552/1157), Xoja Abdulloh Barraqiy (vaf. VI/XII a.), Xoja Ahmad Yassaviy (vaf. 562/1166) va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy (taxm. 496/1103 – 575/1179) uning asosiy shogirdlari hisoblangan boʻlsalar-da, ilk ikki shogirddan keyin silsila rahbarligini oʻz zimmasiga olgan Yassaviy va Gʻijduvoniylargina xojagon taʼlimotini rivojlantirib, mazkur silsilani soʻfiylik tariqatiga aylantirishga, yaʼni oʻz mustaqil tariqatlariga – xojagoniya hamda asli xojagon silsilasidan ildiz olgan yassaviya tariqatlariga asos solishga muvaffaq boʻldilar. Xojagon-naqshbandiya manbalari ham aynan Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyning ushbu tariqat asoschisi ekanligini taʼkidlaydilar. Jumladan, “Rashahot ayn al-hayot” muallifi Gʻijduvoniyni “xojagon zanjirining bosh halqasi”, “xojagon tabaqasining asoschisi va azizon silsilasining boshlovchisi” deb tanishtirar ekan, uning hayot tarzi barchaga oʻrnak va barcha guruhlar uchun maqbul ekanligini maʼlum qiladi [5: 11, 34-35].

Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy, umuman, xojagon-naqshbandiya tariqati, jumladan, uning xojagoniya bosqichi asoschisi sifatida ushbu tariqatning shariat va sunnatga qattiq rioya qilish, tavba va irodat bilan boshlanuvchi sayru suluk maqomlarini bosib oʻtish, zikri xafiy hamda sakkiz rashha (hush dar dam, nazar bar qadam, safar dar vatan, xilvat dar anjuman, yodkard, bozgasht, nigohdosht, yoddosht)dan iborat boʻlgan ilk asoslarini shakllantirib berdi [4: 97-98; 2: 112–121; 5: 11,38]. Undan keyin tariqat rahbarligini oʻz zimmasiga olgan Xoja Muhammad Orif Revgariy (taxm. 560/1165 – 660/1262), Xoja Mahmud Anjirfagʻnaviy (taxm. VII/XIII a. bosh. – 685/1286), Xoja Ali Romitaniy (taxm. 591/1195 – 721/1321), Xoja Muhammad Bobo Samosiy (taxm. VII/XIII a. oʻrt. – 736/1335) va Sayyid Amir Kulollar (taxm. 680/1281 – 772/1370) ham Gʻijduvoniy taʼlimotining asosiy qismini davom ettirgan boʻlsalar-da, Xoja Mahmud Anjirfagʻnaviy davridan boshlab zikri xafiy oʻrnini zikri jahriy egalladi. Xojagon-naqshbandiya tariqatidagi bu amaliyot Xoja Bahouddin Naqshband davriga qadar davom etdi [1: 54]. Naqshband faoliyati bilan xojagon-naqshbandiya tariqatining xojagoniya bosqichi poyoniga yetib, naqshbandiya bosqichi boshlandi.

Xoja Bahouddin Naqshband birinchi navbatda zikri xafiyni qaytadan joriy etdi [1: 54; 5: 97-98], Yusuf Hamadoniy va Abdulxoliq Gʻijduvoniy tomonidan ishlab chiqilgan sakkiz rashhaga uchta yangi rashha (vuqufi zamoniy, vuqufi adadiy, vuqufi qalbiy) qoʻshib, ularning sonini oʻn bittaga yetkazdi [1: 84-86; 5: 47-50]. Bahouddin Naqshband tarkidunyochilik va goʻshanishinlikni inkor etarkan, odamlar bilan faol munosabatda boʻlish va kasb-kor bilan shugʻullanish, shu bilan bir paytda bir lahza boʻlsa-da xudoni esdan chiqarmaslikni targʻib etdi [1: 77; 6: 391; 3: 27].

Xoja Bahouddin Naqshband vafotidan keyin uning xalifalari Xoja Alouddin Attor (vaf. 802/1400) va Xoja Muhammad Porso (749/1348 – 822/1420) xojagon-naqshbandiya tariqatining jipslashuvi, tashkiliy tuzilmasining mustahkamlanishi hamda ushbu tariqat taʼsirining keng yoyilishida katta rol oʻynashdi. Ular davrida Movarounnahrning deyarli barcha yirik va oʻrtacha shaharlarida xojagon-naqshbandiya tariqatining xonaqohlari paydo boʻldi. Xoja Ubaydulloh Ahror (806/1404 – 895/1490) rahbarligi davrida esa ushbu tariqat katta iqtisodiy va siyosiy nufuzga ega boʻldi. Ubaydulloh Ahrorning temuriy hukmdorlar bilan yaqin munosabatlari xojagon-naqshbandiya tariqatining keyingi ijtimoiy-siyosiy faolligini belgilab berdi [11: 187].

Temuriylar sulolasi inqirozidan soʻng bir muncha sustlashib qolgan xojagon-naqshbandiya tariqatining faoliyati X/XVI asrning birinchi yarmida Maxdumi Aʼzam nomi bilan mashhur boʻlgan Sayyid Ahmad ibn Jaloliddin Kosoniy (868/1464 – 956/1549), X/XVI asrning ikkinchi yarmi-XI/XVII asrda esa Buxorodagi Joʻybor xojalari tomonidan davom ettirildi [11: 187; 7: 34-35; 8: 10-15; 10: 94-96; 14: 4-25]. XI/XVII asrning oxirlaridan xojagon-naqshbandiya tariqatining xorijiy mamlakatlarda keng yoyilgan naqshbandiya-mujaddidiya tarmogʻi Oʻrta Osiyoga kirib keldi va XII/XVIII asrning ikkinchi yarmida – Buxoro amirligining 1785-1800 yillari hukmronlik qilgan hukmdori, ushbu tariqat aʼzosi Amir Shohmurod (1785-1800) zamonida chuqur ildiz otdi [12: 277].

Xojagon-naqshbandiya tariqati nafaqat islom dunyosida vujudga kelgan ilk soʻfiylik taʼlimotlaridan biri, balki paydo boʻlgan vatani – Oʻrta Osiyodan boshqa koʻpgina oʻlkalarga ham tarqalib, mazkur oʻlkalar xalqlari madaniyatiga katta taʼsir oʻtkazgan eng nufuzli tasavvuf tariqatlaridan biri ham hisoblanadi. Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifalari, jumladan, Xoja Alouddin Attor (vaf. 802/1400), Xoja Muhammad Porso (749/1348 – 822/1420) va Xoja Yaʼqub Charxiy (vaf. 851/1447) davrida butun Markaziy Osiyoga yoyilib ulgurgan, navbatdagi avlod pirlaridan Xoja Ubaydulloh Ahror davrida esa sezilarli iqtisodiy va siyosiy qudratga erishgan xojagon-naqshbandiya tariqati shu davrdan boshlab boshqa yurtlarga ham tarqala boshladi.

Movarounnahrda vujudga kelib, taraqqiy topgan mazkur tariqat xorijiy oʻlkalardan birinchi boʻlib oʻsha paytlar Temuriylar davlati tarkibiga kirganligi sababli Markaziy Osiyo bilan yagona madaniy makonda joylashgan Xuroson oʻlkasiga kirib bordi. Buxoroga kelib, Xoja Alouddin Attorning xalifalaridan boʻlmish Mavlono Nizomiddin Xomush (vaf. 860/1456) huzurida soʻfiylik taʼlimini olib ketgan Saʼdiddin Koshgʻariy (vaf. 860/1456) xojagon-naqshbandiya tariqatining Xurosonning Hirot va boshqa shaharlarida keng tarqalib, mustahkam oʻrin egallashida katta rol oʻynadi. Uning xalifasi Abdurahmon Jomiy (817/1414 – 898/1492) davrida esa nafaqat Xuroson diniy, ilmiy va madaniy doiralari vakillari, balki davlat amaldorlari ham ushbu tariqatga kirishdi [5: 205-286].

Xojagon-naqshbandiya tariqati kirib borgan ikkinchi xorijiy mamlakat Turkiya boʻldi. Mullo Abdulloh Ilohiy Simaviy (vaf. 896/1491) Istambul madrasasidagi tahsilini tugatgach, Samarqandga borib, Xoja Ubaydulloh Ahrorga murid tushadi va uning huzurida bir yil taʼlim olgach, uning xalifasi sifatida oʻz yurtiga qaytadi. Dastlab Sima shahrida xojagon-naqshbandiya taʼlimotini targʻib qilish bilan shugʻullanadi, keyinroq Istambulda ushbu tariqatning takyasini ochadi. Buxorodan kelgan boshqa bir shayx – Amir Ahmad Buxoriy (vaf. 922/1516) uning ishini davom ettiradi [11: 187; 15: 226; 18: 270-278].

IX/XV asrning ikkinchi yarmida xojagon-naqshbandiya jamoalari Eronning Isfahon, Qazvin va Tabriz shaharlarida paydo boʻldi. Qazvinda Xoja Ubaydulloh Ahror xalifasi Ali Kurd (IX/XV a.) alohida faollik koʻrsatib, koʻpgina mahalliy ulamolarni shu tariqatga kirgizadi. X/XVI-XI/XVIII asrlarda Eronda xojagon-naqshbandiya tariqati faoliyat koʻrsatmaydi. Faqatgina XIII/XIX asr oxirlarida Eron sharqida xojagon-naqshbandiyaning shialikka asoslangan guruhlari paydo boʻladi [11: 188].

Xojagon-naqshbandiya tariqatining Hindistondagi birinchi jamoasi X/XVI asr oʻrtalarida Kashmirda Shayx Bobo Valiy (X/XVI a.) tomonidan asos solingan boʻlsa-da, bu yurtda ushbu tariqat taʼlimotini uyushgan tarzda targʻib qila boshlash Xoja Boqibilloh (971/1564 – 1012/1603) chekiga tushdi. Movarounnahrga borib, xojagon-naqshbandiya tariqati pirlaridan boʻlmish Xoja Imkanagiy Samarqandiy (vaf. 1008/1600) huzurida soʻfiylik taʼlimini olgan Xoja Boqibilloh Dehlida xojagon-naqshbandiya xonaqohini ochadi. Uning huzurida xojagon-naqshbandiya tariqatiga kirib, irshod ijozatini olgan boshqa bir hind soʻfiysi Shayx Ahmad Foruqiy Sirhindiy (971/1564 – 1034/1624) esa ushbu tariqatning Hindistonda keng tarqalishiga katta hissa qoʻshdi. Sunniylikning hanafiy mazhabini qattiq turib himoya qilgan Sirhindiy Akbarning (1556-1605) diniy sinkretizmi va Jahongirning (1605-1627) shiaparastlik kayfiyatlariga faol qarshi chiqdi. Shariatni qattiq turib himoya qilgani sababli “mujaddidi alfi soniy” (“ikkinchi ming yillik yangilovchisi”) laqabini oldi. U Ibn Arabiyning (560/1165 – 638/1240) «vahdat al-vujud»[1] gʻoyasini inkor qilgan Alouddavla Simnoniy (659/1261 – 736/1336) tomonidan oʻrtaga tashlangan «vahdat ash-shuhud»[2] gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi va takomillashtirdi. Xojagon-naqshbandiya tariqatining Ahmad Sirhindiy tomonidan asos solingan tarmogʻi naqshbandiya-mujaddidiya deb nom oldi [11: 187; 17: 284-285; 15: 226].

X/XVI asrda xojagon-naqshbandiya tariqati Sayyid Ahmad ibn Jaloliddin Kosoniy (868/1464 – 956/1549) vositasida Sharqiy Turkistonning Koshgʻar, Yorkent, Xoʻtan, Oqsuv va Koʻcha diyorlariga, u yerdan esa Xitoyning Guansi, Sinxay, Minxia va Shensi viloyatlarining turli shaharlariga ham kirib bordi va ushbu oʻlkalarda yashovchi musulmonlar tomonidan turli tarmoqlarga asos solinishiga sabab boʻldi. Bu tariqat Xitoyda eshonlik nomi bilan mashhur boʻlib, uning xafiya va jahriya deb nomlanadigan ikki tarmogʻi ham vujudga kelgan [20: 27-30].

X/XVI asrdan keyin Movarounnahr shaharlari, xususan Buxoroga kelib tahsil olgan Volgaboʻyi musulmonlari vakillari oʻz yurtlariga xojagon-naqshbandiya taʼlimotini ham olib borishadi. Bu oʻlkada XI/XVII – XII/XVIII asrlarda, umuman, xojagon-naqshbandiya tariqati, XII/XVIII – XIII/XIX asrlarda esa uning naqshbandiya-mujaddidiya tarmogʻi keng yoyiladi.  

XI/XVII asr boshlarida naqshbandiya-mujaddidiya Yaman va Hijozga kirib boradi va u yerdan Misrga yoyiladi. Xoja Muhammad Maʼsum (1007/1599 – 1079/1668) va Muhammad Murod Buxoriy (vaf. 1729) naqshbandiya-mujaddidiya gʻoyalarini HijozMisrSuriya va Turkiyada yoyishadi. Uning vafotidan soʻng Istambulda murodiya takyasiga asos solinadi va u naqshbandiya-mujaddidiya markaziga aylanadi. U yerdan Husayn Bobo Zukich (XII/XVIII a.) saʼy-harakatlari bilan bu tarmoq Bosniyagacha yetib boradi [11: 187-188]. Keyinchalik xojagon-naqshbandiya taʼlimoti Makedoniyaga ham yoyiladi [21: 225].

Suriyadan esa Muhammad Murod Buxoriy izdoshlari naqshbandiya-mujaddidiya gʻoyalarini Falastinga olib kirishadi. U yerda bir necha zoviya, jumladan Quddusda 1973 yilgacha faoliyat koʻrsatgan zoviyat al-uzbakiya (oʻzbeklar zoviyasi)ga asos solinadi. XIII/XIX asr boshlarida IroqSuriya va Kurdistonda xojagon-naqshbandiyaning keng tarqalishi Sulaymoniya kurdlaridan boʻlgan Mavlono Xolid al-Bagʻdodiy (1193/1779 – 1242/1827) faoliyati bilan bogʻliqdir. U 1809 yili Hindistonga borib, Dehlida Shayx Abdulloh Gʻulomalishoh Sohib Dehlaviyga (1158/1745 – 1240/1824) murid tushadi, 1811 yili vataniga qaytib, oʻzining xolidiya deb ataluvchi mustaqil tarmogʻiga asos soladi. Naqshbandiya-xolidiya XIII/XIX asrda TurkiyaKurdiston va arab mamlakatlariga keng tarqaladi. Xuddi shu davrda ushbu tarmoq Hijoz orqali IndoneziyaMalayziyaSeylonFilippin va Mozambikka, shimoliy Turkiya orqali esa Kavkazga kirib boradi [11: 187-188].

Bundan tashqari ushbu tariqatning tarmoqlaridan biri Afrika qitʼasidagi Kongo mamlakati musulmonlari orasida ham mavjud [21: 225]. Bugungi kunda xojagon-naqshbandiya tariqatining naqshbandiya-mujaddidiya tarmogʻi vakillari Hindiston va Pokiston mamlakatlarida koʻplab topiladi [19: 68].

XII asrda Abdulxoliq Gʻijduvoniy tomonidan Buxoroda asos solingan xojagon-naqshbandiya tariqatining oradan ikki asrdan koʻproq vaqt oʻtib – Xoja Bahouddin Naqshband vafotidan keyin butun Markaziy Osiyoga yoyilishi hamda bu oʻlkada sezilarli iqtisodiy va siyosiy qudratga erishishi, XV asrdan boshlab esa xorijiy oʻlkalarga ham tarqala boshlashi mazkur tariqat taʼlimotining maʼlum darajada oʻzi yoyilgan oʻlkalar xalqlarining orzu-armonlari va maʼnaviy ehtiyojlariga javob berganligini koʻrsatadi. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida tarqalgan ushbu tariqatning bizning davrimizgacha saqlanib qolganligi va oʻz hayotida davom etayotganligi esa uning taʼlimotida maʼlum davr bilan chegaralanib qolmaydigan abadiy va oʻlmas gʻoyalar targʻib etilishidan dalolat beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali. Bahouddin Balogardon (Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband) / Tahrir hayʼati: A. Rustam va boshq.; Forsiydan tarjima, soʻzboshi va lugʻat muallifi Mahmudxon Maxdum Hasanxon Maxdum oʻgʻli. –T.: Yozuvchi, 1993.
  2. Az guftori Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy (asar boblaridan parchalar) / Fors tilidan Mahmud Hasaniy va G. Muzaffar qizi tarjimasi // Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy [Soʻzboshi, tarjima, lugʻat va izohlar muallifi: Mahmud Hasaniy]. – T.: Oʻzbekiston, 2003.
  3. Navoiy, Alisher. Nasoyim ul-muhabbat. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik. Oʻn yettinchi tom /Nashrga tayyorovchilar: S. Gʻaniyeva, M. Mirzaahmedova. Arabcha va forscha matnlarni tarjima qilib, nashrga tayyorlovchi va masʼul muharrir: S. Rafiddinov. – T.: Fan, 2001.
  4. Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy. Odobi tariqat / Fors tilidan Mahmud Hasaniy va G. Muzaffar qizi tarjimasi // Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy [Soʻzboshi, tarjima, lugʻat va izohlar muallifi: Mahmud Hasaniy]. – T.: Oʻzbekiston, 2003.
  5. مولانا فخرالدین علی بن حسین واعظ کاشفی. رشحات عین الحیات / با مقدمه و تصحیحات و حواشی و تعلیقات دکتر علی اصغر معینیان. در 2 جلد. جلد اول. – تهران: بنیاد نیکوکاری نورانی، 2536. – 361 ص.
  6. Mavlono Faxriddin Ali bin Husayn Voiz Koshifiy. Rashahotu ayn al-hayot [Muqaddima, tahrir, izohlar va ilovalar muallifi doktor Ali Asgʻar Maʼiniyon]. 2 jildlik.1-jild. – Tehron: “Nuroniy” xayriya jamgʻarmasi nashriyoti, 2536/1977. – 361 b.]
  7. جامي، نورالدين عبدالرحمن، نفحات الانس / با مقدمه و تصحيح: محمود عابدي، تهران، اطلاعات، چاپ چهارم، 1382. 1214 ص.
  8. Jomiy, Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad. Nafahot ul-uns min hazarot al-quds [Tahrir va soʻzboshi muallifi Mahmud Obidiy]. Toʻrtinchi nashr. – Tehron: “Etteloot”, 1382/2003. – 1215 b.]
  9. Zoirov E. X. Maxdumi Aʼzamning ijtimoiy-siyosiy qarashlari // Jamiyat va boshqaruv. 2003. №1.
  10. Zoirov E. X. Maxdumi Aʼzamning falsafiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari: Falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyaning avtoreferati. – Toshkent – 2007.
  11. Orif Usmon. Buxoroi sharifning yetti piri. – T.: ToshDSHI nashriyoti, 2003.
  12. Toʻrayev H. Nashbandiya va Joʻybor shayxlari // Jahon mulkining igohboni. – Buxoro: “Buxoro”, 1993.
  13. Akimushkin O. Nakshbandiya // Islam. Ensiklopedicheskiy slovar. – Moskva: Nauka, 1991.
  14. 12. Anke fon Kyugelgen. Rassvet Nakshbandiya-Mudjaddidiya v Sredney Transoksanii s XVIII — do nachala XIX vv.: opыt detektivnogo rassledovaniya [Perevod s nemeskogo yazыka: Skoroduma] // Sufizm v Sentralnoy Azii (zarubejnыye issledovaniya): Sb. st. pamyati Fritsa Mayera (1912-1998) / Sost. i otv. redaktor A. A. Xismatullin. – SPb.: Filologicheskiy fakultet SPbGU, 2001.
  15. 13. Arif Usman. Krupneyshiye sufiyskiye bratstva Sentralnoy Azii. – Samarkand: “Saraton-Xamar”, 1999.
  16. Turayev X. Rol Djuybarskix xodjey v obщyestvenno-politicheskoy i duxovno-kulturnoy jizni Buxarskogo xanstva XVI-XVII vekov: Aftoreferat dissertatsii na soiskaniye uchenoy stepeni doktora istoricheskix nauk. – Tashkent – 2007.
  17. Xasan Kamil Yыlmaz. Tasavvuf i tarikatы. Perevod s tureskogo A. Urmanova. –M.: OOO “Izdatelskaya gruppa «SAD”, 2007.
  18. 16. Xismatulin A. A. Sufiyskaya ritualnaya praktika: (Na primere bratstva Nakshbandiya). – SPb.: Sentr “Peterburgskoye Vostokovedeniye”, 1996.
  19. Shimmel, Annemari. Mir islamskogo mistitsizma / Per. s angl. N. I. Prigarinoy, A. S. Rappoport. 2-ye izd., ispr. i dop. – M: OOO “Sadra”, 2012.
  20. Necdet Tosun, Bahâeddin Nakşbend: Hayatı, Görüşleri, Tarikatı, İstanbul: İnsan Yayınları, 2007, 3. baskı.
  21. آریا، غلامعلی. طریقة چشتیه در هند و پاکستان. – تهران: زوار، 1365.
  22. 19. Oriyo, Gʻulomali. Hindiston va Pokistonda chishtiya tariqati. – Tehron: “Zuvvor”, 1365/1986.]
  23. امیدوارنیا، محمدجواد. نقشبندیه و نقش آن در حوزة آسیای مرکزی چین // فصلنامة مطالعات آسیای مرکزی و قفقاز. – تهران، پاییز سال 1373، شمارة 6. صص 27 – 52.
  24. Umidvorniyo, Muhammadjavod. Naqshbandiylik va uning Markaziy Osiyo va Xitoydagi taʼsiri // “Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari” uch oylik jurnali. – Tehron. 1373/1994 y. kuzi, №6.
  25. نفیسی، سعید. سرچشمة تصوف در ایران. – تهران: کتابفروشی فروغی، 1343. 275 ص.
  26. Nafisiy, Said. Eronda tasavvuf ildizlari. – Tehron: Furugʻiy, 1343/1964.
[1] vahdat al-vujud [arabcha وحدت الوجود borliqning bir butunligi] – borliq olamda abadiy yagona xudogina mavjud, modddiy olam va narsalar dunyosi esa aslida mavjud boʻlmasdan, xudoning tajalliysidir, deb hisoblovchi taʼlimot.
[2] vahdat ash-shuhud [arabcha وحدت الشهود guvohlikning bir butunligi] – inson xudoga qorishib yoʻq boʻlib ketmaydi, balki uning borligini his etib, uning yagonaligining guvohi boʻladi, deb hisoblovchi taʼlimot.
Komiljon RAHIMOV,
OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …