Koreya davlatchilik tarixi oʻziga xos xususiyat va mintaqa madaniyati umumiy manzarasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgan jihatlarga ega. Koreys manbalarida Koreya yarimoroli va musulmon dunyosi oʻrtasidagi aloqalar XI asrdan, arab manbalarida esa musulmonlarning ushbu yarimorol bilan munosabatlari Birlashgan Silla (661-935 yy.) podsholigi davridan boshlangani qayd etilgan. Savdo maqsadida Xitoyga kelgan koreys tijoratchilari ish yuzasidan musulmonlar bilan muomalada boʻlganlar. Oʻz navbatida, musulmon savdogarlari Xitoydagi koreys hamkasblari koʻmagida Koreya yarimoroliga oʻz savdo yoʻnalishlarini kengaytirishga erishganlar. Albatta, ikki tomon oʻrtasidagi aloqalarda tijorat asosiy omil boʻlsa-da, ayni paytda, islom madaniyati belgilaridan baʼzilari Koreya yarimoroliga kirib kelgan. Ushbu davrga oid maʼlumotlarni IX-XVI asrlarda hayot kechirgan musulmon olimlarining tarix va geografiyaga oid asarlarida uchratish mumkin. Ibn Xurdazbih, Abul Fazl va boshqa olimlar Sillaning geografik joylashuvi, madaniy muhiti haqida yozib qoldirganlar [6: 24].
Musulmon olimlari Koreya yarimorolining geografik oʻrni va tuzilishi haqida xabar berish bilan bir qatorda, koreys xalqining kelib chiqish tarixiga alohida eʼtibor qaratganlar. Koreys irqining kelib chiqishiga oid manbalar orasida 851 yilda Sulaymon al-Tojir tomonidan yozilgan “Xitoy va Hindistonga yoʻllanma” va Masʼudiyning “Bilim va umumiy kuzatuvlar” asarlari uchraydi. Ikki muallif ham Silla xalqini oq irqqa mansubligini taʼkidlagan: “Silla xalqi Xitoy va uning atrofidagi millatlar bilan birgalikda yettinchi jamoatga tegishlidir. Ular Nuhning oʻgʻli Yofas, Yofas oʻgʻli Amur avlodlaridandir. Ular bir podshohga boʻysungan holda yagona tildan foydalanadilar” [5: 24]. Masʼudiy esa oʻzidan avvalgi olimlar fikrlaridan taʼsirlangan holda koreys millatini Amur avlodlari sifatida qayd etadi. Amur Yevropa tillaridagi Gomer ismining ekvivalenti boʻlib, Eski Ahdga koʻra, u Nuh farzandi Yofasning toʻngʻich oʻgʻlidir. Masʼudiy dunyo xalqlarini yetti guruhga ajratib, shundan Silla xalqini xitoyliklar bilan birga yettinchi guruhga kiritadi.
Masʼudiy Sillada istiqomat qilgan baʼzi musulmon xorijliklar, xususan, iroqliklardan u yerni tavsifi haqida eshitganlarini batafsil va aniq yozib qoldirgan: “Xitoy sohillaridan oʻtilsa, Silla nomi bilan tanilgan orollar majmui koʻrinadi. U yerda iroqlik va boshqa xorijliklar muqim turib, oʻzlarining vatani sifatida qabul qilganlar. Ular Sillani toza havosi, musaffo suvi, serunum tuprogʻi, mineral va qimmatbaho toshlarga boyligi sababli tark etishni oʻylamay, baʼzilarni istisno etmaganda, u yerda koʻpchilik doimiy yashab qolganlar” [4: 155-156].
Islom dunyosida yetishib chiqqan olimlar tomonidan yozilgan asarlardan tashqari, Xitoy-Koreya tarixiy solnomalari ham musulmonlarning Koreya yarimoroliga kirishi haqida xabar beruvchi qadimgi manbalardan sanaladi. Koreya yarimorolida koreys va musulmonlar oʻrtasida kechgan aloqalarni aks ettiruvchi ilk rasmiy hujjatlar toʻplami, bu – Koryo sulolasi (936-1392) solnomasi “Koryosa” hisoblanadi. Unda musulmonlarning mamlakatga kelishi va ularning savdo faoliyati haqida quyidagi yillar kesimida maʼlumot berilgan: “1024 yil, Ar-Roziy va yuzga yaqin kishi Tashi (musulmon-arab xalifaligining oʻrta asr xitoy manbalarida nomlanishi) davlatidan Koreyaga tashrif buyurib, oʻzlari bilan keltirgan mahsulotlarni qirolga tortiq qilishdi. 1025 yilning sentyabrida Hasan va Roziy hamda yana yuz nafar kishi Tashi davlatidan kelib, oʻzlari bilan keltirgan mahsulotlarni qirolga tortiq qilishdi” [3].
1270 yilda moʻgʻullar Koreya ustidan toʻliq nazoratni oʻrnatgach, Xitoydagi Yuan-moʻgʻul imperiyasi hukumatiga xizmat qilib, maʼmuriy ishlarda oʻz salohiyati va mahoratini namoyon qilgan hamda bu borada yuqori lavozimlarga koʻtarilgan koʻplab musulmonlar moʻgʻullar bilan birgalikda Koreyaga kirib kelganlar. Mazkur musulmonlar tarkibida turli xalq vakillari, xususan, markaziy osiyoliklar ham boʻlishgan. Ulardan biri – Koryo qiroli Chungnyoolga tuhfa qilingan moʻgʻul malikasining yordamchisidir. Uning asl ismi Samga boʻlib, Koreyada muqim qolishga qaror qilgach, qirol unga koreyscha Jang Sunnyong ismini bergan. Jang koreyalik ayolga uylanib, Deoksu Jang urugʻining asoschisiga aylangan. Uning avlodlari koʻplab rasmiy davlat lavozimlarini egallab, asrlar davomida Koreyadagi konfutsiylik tarafdorlari hurmatiga sazovor boʻlganlar [1: 195].
XIII asr oʻrtalarida Koryo moʻgʻul imperiyasi tasarrufidagi avtonom davlatga aylanishi oqibatida Koreya yarimorolidagi musulmonlarga nisbatan Xitoyda boʻlgani singari “xuey” tushunchasi (Xitoyda “huihui” shaklida) ishlatilgan. Koʻp yillar mobaynida koreys va musulmonlar oʻrtasida aloqalarni mazkur atama misolida oʻzgartirishga urgʻu berilganligi Yuan-moʻgʻul imperiyasida musulmonlar maqomi barqaror va ahamiyatli boʻlgani hamda ular mahalliy hayotda faol ishtirok etganini koʻrsatadi. Demak, birinchi bosqichda musulmon va koreyslar oʻrtasidagi munosabatlar tijorat asosida boshlanib, musulmonlar shunga monand ravishda “daesik” deb atalgan. Keyingi bosqichda musulmonlarga nisbatan “hoehoe” atamasi ishlatilib, bu nom yagona geografik hududda yashab, shaxsiy taraqqiyot yoʻlida u yerning mahalliy aholisi bilan hamkorlik qiladigan va oʻz navbatida, raqobatga kirashadigan xorijiy xalqlarning umumiy mazmunini ifodalagan.
Moʻgʻul imperiyasi tomonidan turli oʻlkalarning bosib olinishi mahalliy bilim va madaniyat belgilari keng hududlarga tarqalishiga ham asos boʻlganligini koʻrsatadi. Koryo Yuan-moʻgʻul imperiyasining mustamlaka hududiga aylanganidan eʼtiboran, moʻgʻullarning istilo qilgan oʻlkalaridagi rasmiy vakili – “darugachi”[1] vazifasini Koreya yarimorolida baʼzi musulmonlar bajarishgan.
Koryo davrida musulmonlar jamiyat hayotida faol ishtirok etgani va mahalliy anʼanalarga moslashib ketgani qabrtoshlarida ham koʻzga tashlanadi. 1985 yilda Guanjoudagi nohiyalardan birida joylashgan musulmonlar qabristonlari ustida qurilish ishlari boshlanishi natijasida oʻziga xos konstruksiyaga ega qabrtoshlari topildi. Ularning shakli va tuzilishi Sharqiy Osiyo uslubini eslatsa-da, arab va xitoy tillaridagi kalligrafik yozuvlari bilan oʻzaro farqlanib turadi. Arab yozuvida qabr toshiga Qurʼoni karimning “Baqara” surasi 255-oyati yozilgan boʻlsa, xitoy yozuvi qabrtosh chetidagi naqsh chizigʻi vazifasini bajargan va unda Koryo davrida koreys musulmonlari orasida tarqalgan “Ramazon” ismi qayd etilgan. Shuningdek, qabrtoshida u Guansi provinsiyasida “darugachi” lavozimida ishlagani yozilgan[2].
Koryo davrida musulmonlarning turli ijtimoiy qatlam vakili sifatida faoliyat yuritganligi ikki madaniyat oʻrtasida oʻzaro taʼsir va tarixiy bogʻliqlik mavjud boʻlganidan dalolat qiladi. Ayni paytda, Choson sulolasi hukmronligining ilk yillariga qadar davom etgan mazkur birdamlik muhiti koreys musulmon identifikatsiyasi shakllanishi uchun dastlabki bosqichga aylandi. Ikkinchi bosqich esa nisbatan shiddatli kechib, Choson imperiyasi (1392-1910)[3]ning assimilyatsiya siyosati ostida Koreyada yuqori ijtimoiy va iqtisodiy mavqega ega boʻlgan musulmonlar muqaddam rioya qilingan milliy kiyimlar, urf-odatlar va marosimlaridan voz kechishga majbur boʻldilar.
Choson imperiyasi davrida konfutsiylik jamiyat uchun gʻoyaviy asos vazifasini oʻtagan boʻlib, koreys xalqi mazkur falsafiy taʼlimotga tegishli tushuncha va qarashlar orqali borliq va dinni anglashga harakat qilgan. Aslida, koreyslar IV asrdanoq konfutsiylik taʼlimoti haqida muayyan maʼlumotga ega boʻlganlar. Choson imperiyasi hukmronligi davriga kelib, ushbu taʼlimot qarashlari koreys jamiyatida hukmron mavqega ega boʻldi. Bunda ikki omil prinsipial oʻrin tutdi: birinchidan, konfutsiylik rasman davlat dini, deb eʼlon qilindi. Ikkinchidan, Sun sulolasi (960-1279) hukmronligi davrida Xitoyda shakllangan konfutsiylikning yangi shakli Choson davrining dastlabki yillari Koreyada ham keng tarqaldi [7]. “Neo-konfutsiylik”[4] deb nomlangan bu taʼlimot hukumat boshqaruvi boʻyicha axloqiy koʻrsatmalar va maslahatlar berish bilan bir qatorda, boshqa dinlarning faoliyat doirasini, jumladan, ulardagi bajarish mumkin boʻlgan marosimlar va marosimlarda ishtirok etish huquqiga ega shaxslarni belgilab bergan.
1427 yilda qirol Sejon (King Sejong, 1397-1450/1418-1450) Marosimlar vazirligi (Yejo) tomonidan ishlab chiqilgan “Choson hududidagi diniy ozchilik guruhlarning urf-odatlarini tartibga keltirish haqidagi” qarorni imzolashi Koreyadagi musulmonlar uchun yanada noqulay muhitni yuzaga keltirgan. Ushbu qarorda musulmonlarning kiyinish tarzi mahalliy aholinikidan ajralib turishi boshqa millat vakillari bilan oʻzaro nikoh aloqalarini bogʻlashga monelik qiluvchi omil sifatida qoralanib, ular anʼanaviy kiyinish tarziga oʻtish orqali mazkur farqni bartaraf etishlari va eʼtiqodlariga oid ibodatlarni bajarishni toʻxtatishlari lozimligi qayd etilgan [8]. Boshqa tomondan, diniy ozchilik haqida chiqarilgan mazkur qaror orqali mamlakatda musulmonlar oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlganini taxmin qilish mumkin. Chunki musulmonlarga mahalliy aholi bilan oʻzaro turmush qurish talabi qoʻyilishi, ular Koreya yarimorolida “vaqtincha jamoa” emas, “doimiy fuqaro” sifatida eʼtirof etilganligini bildiradi. Shuningdek, bu davrda islom dinining mintaqaga xos xususiyati – musulmonlarning tub yerlik xalq turmush tarziga moslashib ketishi natijasida, diniy tushunchalarning mahalliy tilga muvofiq atash anʼanasi tarqalgan. Masalan, musulmonlar orasida yetuk diniy bilimga ega olimlar “xuey-samun”, yaʼni, “musulmon imom” va ibodatlarni bajarishda bosh boʻluvchi maʼnosidagi “doro” tushunchalari bilan atalgan.
Madaniy oʻziga xoslikka qarshi qaratilgan siyosat[5] qarshisida musulmonlar konfutsiylik qarashlari va tub yerlik aholi orasida tarqalgan bilimlarni oʻzlashtirish, Choson turmush tarzi asosida hayot kechirish, ismlarini oʻzgartirish orqali assimilyatsiya jarayoniga kirishib ketib, koreys jamiyatining toʻlaqonli aʼzosiga aylanib bordilar. Sivilizatsiyalarni bir-biriga taʼsir qilib, oʻzgarishlarga yuz tutib turishi va madaniyatlarning oʻzaro sintezi tarixiy normal jarayondir. Shu maʼnoda, islom ham Sharq va Gʻarb sivilizitsiyalari oʻrtasidagi oʻziga xos koʻprik vazifasini bajargan. Masalan, ushbu davr davomida kashf qilingan astronomik harakatlar oʻlchovi (celestial globe), suv soati, quyosh oʻlchovi (sundial), astronomik soat va yogʻingarchilik miqdorini oʻlchovchi (rainfall gange) uskunalar hamda islomiy sanʼat, tibbiyot va adabiyotga doir yangiliklar Sharqiy Osiyo xalqlarini orasiga kirib bordi [2: 57-75].
Demak, ming yildan ortiq davrga borib taqaluvchi islom dunyosi va Koreya yarimoroli oʻrtasidagi madaniy aloqalarda, Choson imperiyasi hukmronlik vaqtidagi diniy akkulturatsiya siyosatini hisobga olmaganda, jiddiy qarama-qarshilik hamda urushlar uchramagan. Yarimorolga islom dinining tarqalishi jarayoni mahalliy aholi bilan oʻzaro tinch, ochiq va bagʻrikenglikka asoslangan muloqot sharoitida kechgan.
- Grayson, James Huntley. Korea: A Religious History. – USA, Routledge, 2002.
- Hee-Soo Lee. The Spread of Islamic Culture to the East Asia Before the Era of Modern European Hegemony // Islam araştirmalari dergisi, Sayi 7, 2002.
- Koryosa.5, ʼSe-gaʼ Vol. l5, 15-16 th reign of King Hyun-jong.
- Abul Hasan ibn Ali Masʼudiy. Muruj az-zahab va maʼodin al-javhar. – Bayrut: Al-maktabat al-asriyat, 2005.
- Abul Hasan Ali Masʼudiy. Kitab al-tanbiyh va al-ishraf. – Qohira: Maktabat al-sharq al-islamiyat, 1938.
- Abu Qosim Muhammad ibn Xurdazbih. Kitab al-masalik va mamalik. – Leyden, 1882.