Home / MAQOLALAR / TURKISTON MAʼRIFATPARVARLARINING AYANCHLI QISMATI

TURKISTON MAʼRIFATPARVARLARINING AYANCHLI QISMATI

Ona Vatanga muhabbat, el-yurtga beminnat xizmat qilib, ozod, erkin va farovon jamiyat barpo etish taraqqiyparvarlarning eng ulugʻ orzusi boʻlgan. Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Alixontoʻra Sogʻuniy, Abdulla Qodiriy, Ismoil Obidov, Ubaydulla Xoʻjayev, Ahmadjon Bektemirov, Polvonniyoz Hoji Yusupov, Tavallo, Choʻlpon kabi jadid namoyandalarning ilm-maʼrifat yoyish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Ular shaxs, jamiyat va davlat istiqboli yoʻlida doimo jonini xavfga qoʻyib, eski taʼlim tizimini yangi, zamonaviy sinf-dars uslubiga almashtirish asnosida mamlakat kelajagini qurish uchun kurashgan.

Vatanni taraqqiy topgan davlatlar safiga qoʻshishning yoʻli – maorifni isloh qilishda, deb bilgan jadidlar bu yoʻlda astoydil bel bogʻlab xizmat qilgan. Taraqqiyparvarlar xalqni zamona ilm-fanini oʻzlashtirish uchun yangi usulda taʼlim olishga daʼvat etgan. Jadid maʼrifatparvar Alixontoʻra Sogʻuniy “Turkiston xalqini “oʻlim uyqusidan uygʻotish”ning yoʻli – uni zamonaviy ilm-fan, milliy gʻurur bilan qurollantirish, ona tilini jon oʻrnida asrashda”,[1] deb, yoshlarni maʼrifatga chorlagan. Yangi usulda dars berish[2] eng qulay va maʼqul tartib boʻlib, amaliy sinovda isbotlangan edi. Ayni zamonda taraqqiyparvarlar barcha yoshlarni bilimli qilib, siyosiy boshqaruv sohasida ilmiy salohiyatga erishtirmaguncha mustamlakaga qarshi kurashib, suveren davlat qurib boʻlmasligini anglagan. Shuning uchun 4-6 yillik yangi usuldagi taʼlimni joriy etib, til, oʻqish-yozish, arifmetika, Qurʼon va hadisdan saboq bergan.

Tarixdan maʼlumki, kitob varaqlab, ilm oʻrganish eng maʼqul usul sifatida qadrlab kelingan. Turkistonda jadidlik harakatining bayroqdori Mahmudxoʻja Behbudiy 1908 yil Samarqandda birinchi bepul oʻquv kutubxona[3] tashkil etgan. Koʻplab adabiy kitob, jurnal, oʻquv kitob va darsliklarni jamlab, uning fondini boyitgan. Yangi usul maktablarining ochilishi mahalliy tilda kitob va adabiyotlarning koʻpayishiga xizmat qilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy Turkistonda birinchilar qatorida yangi usul maktabini tashkil qilib, ular uchun darsliklar[4] yozgan maʼrifatparvar ham boʻlgan. U “Risolai asbobi savod” (“Savod chiqarish kitobi”, 1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (“Demografik geografiyaga kirish”, 1905), “Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”, 1906), “Kitobatul atfol» (“Bolalar xati”, 1908), “Amaliyoti islom” (“Islom ruknlari”, 1908-1909) kabi kitoblar chop ettiradi.

Teatrni ibratxona deb bilgan Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzbek teatrining asoschisi hisoblanadi. 1911 yil Behbudiy oʻzbek tilida “Otasini oʻldirgan” (forschada “Padarkush”) nomli birinchi pyesasini yozgan. Ammo siyosiy vaziyat va aktyor tanlash kabi muammolar pyesaning faqat 1913 yilda sahnalashtirilishiga sabab boʻlgan. Jadidlar teatr yordamida yoshlar qalbida ilmga ishtiyoq uygʻotib, kelajakda bunyodkor, vatanparvar qilib tarbiyalash bilan birga, ularni erkin va suveren yashashga daʼvat etgan.

Hayotini xalqimiz ozodligi va hurriyati uchun baxshida etgan yana bir maʼrifat xodimi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpondir. U shoir, sanʼatshunos va dramaturg sifatida nom qozongan. Mutafakkirdan 1 ta roman, 1 ta qissa, 20 dan ziyod hikoya va ocherk, 300 dan ziyod sheʼr, 60 dan ziyod publitsistik va adabiy-tanqidiy maqola[5] meros qolgan. Oʻzbek ziyolilaridan Shokir Sulaymon: “Choʻlpon va boshqalarga tahdid soya solmoqda. Butun oʻzbek madaniyati yoʻq boʻlib ketishi mumkin”,[6] degan boʻlsa, sovet hukumati vakillari: “Choʻlpon millatchi-vatanparvarlar gʻoyasi bilan zaharlangan, ularning mafkurasidan ilhomlanadi, utopistdan shovinistga aylangan. Hammasi uchun begonalar, shu jumladan, ruslarni ayblaydi. Uning fikricha barcha ruslar – kolonizator. Inqilobdan mamnun, ammo ruslar uning ona Vatanida qolganidan norozi. Choʻlpon maktab yoshlariga oʻzining shovinistik qarashi bilan taʼsir oʻtkazadi”, deb uni taʼqib ostiga olgan.

Buxoro jadidlik harakati vakili Fayzulla Xoʻjayev ham yosh avlodni maʼrifatli qilish yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirgan. 13 yil Oʻzbekiston SSR hukumatiga rahbarlik davomida mohir diplomat ekanini koʻrsatgan. Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Mukammil Burhonovning tashabbusi[7] bilan 100 ga yaqin turkistonlik talaba Buxoro XSR hisobidan Germaniyaga, oʻnlab talabalar Turkiyaga oʻqishga yuborilgan. Yoshlarni xorijda oʻqitishdan maqsad – xalqaro tajriba orttirish, dunyoqarashni boyitish va siyosiy ongni oʻstirish, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Jadidlar aholi umumiy saviyasini oshirish maqsadida gazeta va jurnallar ham nashr etgan. Jumladan, “Turon”, “Ulugʻ Turkiston”, “Turk eli”, “Samarqand”, “Sadoi Fargʻona”, “El bayrogʻi”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Najot”, “Kengash”, “Shuhrat”, “Osiyo”, “Sadoi Turkiston” nomli gazetalar hamda “Oyna”(1913 y), “Al-isloh” (1915 y) kabi jurnallar chop etilgan.

Maorif tizimida milliy ozodlik, oʻzlikni anglashga qaratilgan harakatlar imperiya davrida “zararsizlantirilib” kelingani kabi sovet davrida ham doimo taʼqib ostiga boʻlgan. Hatto matbuotda: “Proletariat oʻzining sinfiy dushmanlariga jamiyat parazitlariga qarshi kurashganda, faqatgina jismonan olishish bilan qanoatlanib qoʻya qolmaydi. U mafkura maydonida ham tizginini qoʻldan bermasdan taraqqiyotni, tarix gʻildiragini orqaga surmoqchi boʻlgan qora kuchlar reaksion unsurlari bilan oʻzining soʻnggi gʻolibiyotigacha olishadi”,[8] deb berilgan maʼlumot shoʻro hukumatining asl qiyofasini ochib beradi.

Maʼlumki, imperiya davrida podpolkovnik Nikolay Vasilyev va politsiya maslahatchisi Leonid Kvitsinskiy “markaz”ning maxfiy koʻrsatmasi asosida ozodlik harakatini taʼqib ostiga olish rejasini ishlab chiqqan edi. Mustabid hukumat vakillari esa barcha maʼrifat va siyosiy muxolifat vakillarini davlat dushmani tamgʻasi ostida jismonan yoʻq qilgan. Misol uchun, 1923 yili SSSR siyosiy-iqtisodiy qurilishi holati koʻrib chiqilganda, Munavvar Qori Abdurashidxonovni millatchi[9] deb ayblashgan. Turkiston maʼrifatparvarlari oʻz oldiga Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash va birlashtirish vazifasini qoʻyganidan qattiq ranjilgani taʼkidlanadi. Rasman kommunistlar nazoratidagi “Nashri maorif” (“Maʼrifat tarqatuvchi”) jamiyati Munavvar Qori tashabbusi bilan tuzilgani uchun shubha ostiga olinib, millatchilar deb ayblangan. Bu Xalq taʼlimi xodimlarining aksar qismi qamrab olingani bilan izohlangan.

Sovet hukumatining bu eʼtirofi jamiyatdagi ziddiyatlarga qaramasdan maʼrifatparvarlar doimo xalq manfaatini koʻzlab ish tutganini tasdiqlaydi. Shuning uchun oʻz Vatani, oʻzligi va xalqi uchun jon kuydirgan Munavvar Qori kabi maʼrifatparvar bobolarimizga tuhmat va boʻhtonlar yogʻilgan.

1928 yil 31 mayda OGPUning Butunittifoq Bolsheviklar Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi Oʻzbekistondagi siyosiy kayfiyat[10] toʻgʻrisidagi maʼruzani eʼlon qilgan. Unda Munavvar Qori Abdurashidxonov: “Inqilob maktablarni bergan boʻlsa-da, bunday tarbiya biz uchun maʼqul emas”, degani qayd etilgan. Bosh vaqf boshqarmasi ilmiy boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan Munavvar Qori Abdurashidxonov oʻz ilmiy tajribasidan kelib chiqib bildirgan xulosasi sovet hukumatining bolalarga bergan “beminnat, bepul taʼlimi” qanchalik mavhum va befoyda boʻlganini aniq tasvirlaydi. Qadimdan oʻz bilim va tafakkuriga ega xalqlar shu tariqa XX asrning ikkinchi oʻn yilligida yangicha gʻoyaga “ixtiyoriy” tarzda daʼvat etila boshlagan. Sotsialistik gʻoyaga qarshi boʻlgan shaxs, guruhlar esa davlatning siyosiy dushmani sifatida turli taʼqib va qatagʻonlarga uchragan. 1938 yili SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi qarori bilan maʼrifatparvarlardan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Rahim Inogʻomov, Usmon Eshonxoʻjayev, Rustam Islomov, Fayzulla Rahimboyev, Akbar Islomov, Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayevlarning otuvga hukm qilinishi va shafqatsizlarcha qatl etilishi Oʻzbekiston tarixiga eng qaygʻuli kun boʻlib muhrlandi.

Zero, “Faqat bilimli, maʼrifatli jamiyatgina demokratik taraqqiyotning barcha afzalliklarini qadrlay olishini va aksincha, bilimi kam, omi odamlar avtoritarizmni va totalitar tizimni maʼqul koʻrishini hayotning oʻzi ishonarli tarzda isbotlamoqda”,[11] deb bejiz munosabat bildirilmagan.

Xullas, maʼrifatparvarlar tarixiy davr sinovlarini yengib oʻtmagan, ilm-fanni taraqqiy ettirmagan oʻlkada erkin va farovon jamiyat qurib boʻlmasligini tushuntirishga uringan. Xalqaro tajriba asosida ilm oʻrganib, siyosiy jihatdan birlashgach, suveren davlat tuzish taraqqiyparvarlarning eng katta orzusi edi. Maʼrifatparvarlar maorif jonkuyari sifatida Turkiston oʻlka xalq taʼlimini rivojlantirish yoʻlida maktablar ochib, kitob va darsliklar yaratdi. Ammo shoʻro hukumati yozuv va taʼlimni oʻz manfaatlari yoʻlida oʻzgartirib, har qanday inqilob yoxud ozodlik talablarini “zararsizlantirish” yoʻlidan bordi.

 FOYDALANGAN ADABIYOTLAR
[1] Qurbonov M. Milliy tarbiya. Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi. – T.: Maʼnaviyat, 2007.
[2] Bobrovnikov I.I. Russko-tuzemnыye uchiliщa, mektebы i medresы Sredney Azii. S. -Peterburg-1913. Str.181.
[3] Nauka i prosveщyeniye. Yejemesyachnыy jurnal Narodnogo komissariata prosveщyeniya Turkrespubliki. Avgust-sentyabr №1. T. 1922. Str.23
[4] https://t.me/turkiston_kutubxonasi
[5] Abdulhamid Choʻlpon. Asarlar. 4 jildlik J. 1/ Choʻlpon – qayta nashr; . –T.: Akademnashr, 2016. B.9
[6] Doklad OGPU v SK VKP(b) o politicheskix nastroyeniyax v Uzbekistane. [31 maya 1928 g.] // RGASPI. F. 81. Op. 3. D. 127. L. 206-233. http://docs.historyrussia.org/ru/nodes/38591#mode/inspect/page/19/zoom/4 Istochnik dokumenta SK RKP(b)-VKP(b) i natsionalnыy vopros. Kn. 1. 1918-1933 gg. – M.: ROSSPEN, 2005. St.588
[7] Rajabov Q.K. Fayzulla Xoʻjayev (tarixiy esse). -T.: Abu matbuot konsalt, 2011.
[8] “Maorif va oʻqitgʻuvchi” ijtimoiy-siyosiy, taʼlim-tarbiyaviy, adabiy, fanniy, ilmiy jurnal. 7-8 – son. Samarqand shahri. 1929 yil iyul-avgust. 35-bet.
[9] Obzor politiko-ekonomicheskogo sostoyaniya SSSR za aprel-may 1923 g. 16 iyulya 1923 g. // SA FSB RF. F. 2. Op. 1. D. 794. L. 86-112. http://docs.historyrussia.org/ru/nodes/87560#mode/inspect/page/18/zoom/4. St.878
[10] Qarang: Doklad OGPU v SK VKP(b) o politicheskix nastroyeniyax v Uzbekistane. [31 maya 1928 g.] // RGASPI. F. 81. Op. 3. D. 127. L. 206-233. http://docs.historyrussia.org/ru/nodes/38591#mode/inspect/page /19/zoom/4 Istochnik dokumenta SK RKP(b)—VKP(b) i natsionalnыy vopros. Kn. 1. 1918—1933 gg. — M.: ROSSPEN, 2005.
[11] Islom Karimov. Oʻzbekiston buyuk kelajak sari. –T.: Oʻzbekiston, 1998. B.534-535.
Suxrob Ergashev,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …