Home / YANGILIKLAR / NOYOB QOʻLYOZMALAR YANGIDAN DUNYO YUZINI KOʻRADI

NOYOB QOʻLYOZMALAR YANGIDAN DUNYO YUZINI KOʻRADI

MUNOSABAT

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori milliy-maʼnaviy merosimizni tiklash va xalqaro miqyosda targʻib etish, buyuk alloma va mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan bitilgan minglab noyob asarlarni toʻplash, oʻrganish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ular tadqiq etishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Keyingi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-­tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani va izchil faoliyat yuritayotgani tahsinga sazovor. Mamlakatimizdagi bunday xayrli tadbirlar xalqaro jamoatchilikning ham eʼtirofini qozonmoqda. Yangi qaror bilan esa bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengayadigan boʻldi.

Qarorda koʻzda tutilganidek, qadimiy yozma manbalarning davlat reestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzey, kutubxona va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinishi ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Shu paytgacha yurtimizdagi har bir ilmiy­-tadqiqot muassasasi muayyan maʼnoda mustaqil ish yuritib kelayotgan edi. Tadqiqotlar markazlashtirilgan tarzda yoʻlga qoʻyiladigan boʻlsa, parallel, takroriy ishlarga oʻrin qolmaydi, hamkorlik va tajriba almashuvi faollashadi, turli muassasalar bir-­birining yordami bilan oʻz qoʻlyozma fondlarini boyitadi.

Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish boʻyicha zamonaviy laboratoriya ana shu xayrli maqsadga xizmat qiladi, albatta. U qadimiy yozma manbalar kimyoviy, biologik va boshqa omillar taʼsirida zararlanishining oldini olish, preventiv va stabillashtiruvchi konservatsiya va restavratsiya qilish, jildlarni sahhoflik va muqovasozlik anʼanalari asosida tiklash va taʼmirlash bilan shugʻullanadi.

Mamlakatimizdagi boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari bu yerda malaka oshirishi, tajriba almashishi mumkin. Ayrim tashkilotlar, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan vatandoshlarimiz qoʻlida saqlanayotgan qoʻlyozmalarni toʻplash borasida ham faol ishlar qilmoqda. 

Tabiiyki, bu nodir manbalarning hammasi ham yaxshi holatda boʻlmaydi. Baʼzilari shoshilinch professional restavratsiyaga, keyinchalik ishonchli konservatsiyaga juda muhtoj boʻladi. Mana shunday manbalarni tom maʼnoda qutqarishda, kelajak avlodlar uchun saqlab qolishda mazkur laboratoriya bilan hamkorlik gʻoyat muhim oʻrin tutadi. 

Qarorda mana shu mulohazalarning oʻta zarur mantiqiy davomi oʻzining yorqin ifodasini topgan. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” yoʻnalishida (bakalavriat) kadrlar tayyorlanadigan boʻldi. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan laboratoriyaga beriladigan qoʻlyozmalar juda koʻp boʻlib, u kuchli bilim va kasb malakasiga ega kadrlar bilan doimiy ravishda taʼminlanishi lozim.

Yana bir jihat Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” hamda “Filologiya va tillarni oʻqitish (mumtoz tillar)” boʻyicha bakalavriat hamda magistratura bosqichlari talabalarining oʻquv jarayoni, amaliyoti, diplom ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari Sharqshunoslik instituti, Islom sivilizatsiyasi markazi, Davlat adabiyot muzeyi va boshqa qoʻlyozma fondlarida soha olimlari ishtirokida oʻtkazilishidir. Zero, matnshunoslik va manbashunoslik bevosita yozma manbalar bilan bogʻliq boʻlib, har qanday qoʻlyozmani tadqiq etish uchun arab, fors tillaridan, qadimiy xat turlaridan muayyan darajada boxabar boʻlishni taqozo qiladi. Yangi kadrlarning oʻquv va ilmiy ishini himoya qilish jarayoniga mutaxassis olimlar jalb etilishi ularning kasbiy tayyorlik darajasini oshirish imkonini beradi. Bitiruvchilar sohada faoliyat boshlashidan avval oʻz yoʻnalishi boʻyicha koʻnikma va tajriba toʻplab boradi. Aniqrogʻi qogʻoz turi va sifati, ularga yondashuv, yozuv va siyoh turlari boʻyicha muayyan tajribaga ega boʻlib, ishga professional yondashadi. Shu sababli Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mazkur yoʻnalish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi. 

Mazkur akademiya bitiruvchilari kelajakda oʻz kasbining mohir ustasi boʻlib yetishishi kerak. Chunki bundan buyon qoʻlyozmalarning taqdiri — restavratsiyasi, saqlanishi yoki konservatsiyasi, tadqiq qilinishi va targʻib etilishi koʻp jihatdan shu kadrlarning qanday faoliyat yuritishiga bogʻliq boʻladi. Shu bois, qarorda qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq etish bilan shugʻullanuvchi ilmiy xodim va restavratorlar uchun har yili nufuzli xorijiy muzey, laboratoriya va arxiv fondlarida stajirovkalar tashkil etish koʻzda tutilgan. Mohiyatan qaraganda, bu kasb egalari turli tarkibiy va sifat jihatlariga ega boʻlgan, turli davrlarga mansub qogʻoz, boʻyoq va muqovalar bilan ishlaydi. Ularning ayrimlari Markaziy Osiyoda keng tarqalgan boʻlsa, ayrimlari bu mintaqa uchun noyob hisoblanadi.

Demak, har bir qoʻlyozmani restavratsiya qilish, saqlash, konservatsiyalash, tadqiq etishga alohida yondashuv zarur boʻladi. Milliy kadrlarimizning bu boradagi bilim, tajriba va koʻnikmalarini oshirish uchun ularni xorijiy ilmiy muassasalarga yuborish ayni muddaodir.

Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali yurtimiz allomalari va mutafakkirlari ijodiga doir qadimiy yozma manbalar kataloglari va elektron nusxalarini aniqlab, ularni tarjima qilish va ilmiy muomalaga kiritish choralari koʻriladi. Qarorning bu bandi milliy fondlarimizni har tomonlama boyitishga xizmat qiladi. Albatta, hozirgi kunda xorijiy mamlakatlardan ayrim qoʻlyozmalarning katalog va elektron nusxalari keltirilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-­tadqiqot markaziga Misr, Buyuk Britaniya, Turkiya kabi davlatlardagi fondlardan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarimizning asarlariga doir qoʻlyozmalarning katalog va elektron nusxalari olib kelingan. Endilikda yurtimizdagi barcha ilmiy-tadqiqot muassasalarining bu boradagi faoliyat koʻlami yanada kengayadi.

Hujjatda taʼkidlanganidek, UNESCO, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini tadqiq etish markazi (IRCICA) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va ilmiy­tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda anʼanaviy tarzda qadimiy yozma manbalarni muhofaza qilish va tadqiq etishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi. Bu orqali Oʻzbekiston fondlarida mavjud boʻlmagan, lekin xorijdagi kutubxonalar xazinalarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalardan nusxa olish va milliy fondimizni boyitish, tegishli meʼyorlar asosida saqlanmagan qimmatli qoʻlyozmalarni chet ellik tadqiqotchi va restavratorlar bilan birgalikda tiklash, tadqiq qilish va keng jamoatchilikka taqdim etish, umuman, qoʻlyozmalar bilan ishlashda xalqaro tajribani oʻrganish va oʻzlashtirish mumkin boʻladi.

Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida qoʻshni davlatlar bilan qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish sohasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalasi ham gʻoyat dolzarbdir. Zero, mintaqamiz mamlakatlari xalqlari oʻz shaxsiy, oilaviy, sulolaviy fondlarida koʻplab qoʻlyozmalarni saqlab keladi. Ularni aniqlash, nusxa olish, oʻrganish butun Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy hamkorlikni faollashtiribgina qolmay, har bir mamlakatda ilm odamlari safini ham kengaytiradi. Shubha yoʻqki, qoʻshnimizda mavjud boʻlmagan manba bizda, Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagani qoʻshnimizda mavjud boʻlishi ehtimoli juda katta. Shuni inobatga oladigan boʻlsak, mintaqaviy hamkorlik oʻzaro bilim va tajriba almashishda, birgalikda koʻnikmalarimizni mustahkamlashda juda muhim oʻrin tutadi. 

Hujjatga binoan, internetda yurtimiz alloma va mutafakkirlarining hayoti, ilmiy­-maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-­maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Bu orqali yuzlab, minglab olimlarimizning tadqiqotlarini keng jamoatchilikka yetkazish osonlashadi, ilm­-fanga qiziquvchi hamyurtlarimiz va chet ellik ilm ixlosmandlari uchun koʻplab qimmatli maʼlumotlarga ega boʻlish imkoniyatlari yaratiladi.

Prezidentimizning mazkur qarori asrlar davomida turli siyosiy va ijtimoiy omillar sababli xalqimiz foydalana olmay kelayotgan manbalarni yana hamyurtlarimiz va xorijlik ilm shaydolari eʼtiboriga havola etish imkoniyatini yaratmoqda. Ushbu hujjat tufayli endilikda minglab noyob qoʻlyozmalar yangidan dunyo yuzini koʻrishiga shubha yoʻq.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba:“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 11-fevral, 31(553) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …