Muhaddis, faqih, usuliy, mantiqiy, mutakallim, tarixchi, tadqiqotchi, tanqidchi olim shayx Abulhasanot Muhammad Abdulhay Ansoriy Laknaviy Hindiy 1848 yil oktyabr oyining 23 kuni Hindistonning Bonda shaharchasida ziyoli oilasida dunyoga kelgan.
Allomani bu ism bilan otasi nomlagan. U bu haqda bunday degan: “Ismim Abdulhay. Otam tugʻilganimning yettinchi kunida, shu ismning barakasidan umri uzoq va amali chiroyli boʻlsin, deb menga Abdulhay ismini bergan”.
Allomaning kunyasi – Abul Hasanot. Allomaning oʻzi: “Mening kunyam Abul Hasanot boʻlib, otam meni yigitlik yoshiga yetganimda shunday kunyalagan”, deb xabar bergan.
Allomaga Laknaviy, Hanafiy, Ansoriy, Ayyubiy va Farangi Mahalliy kabi nisbalar berilgan.
Laknaviy nisbasi ota-bobosi yashab kelgan va oʻzi tugʻilib oʻsgan Lakna shahri bilan bogʻliq. Bu shahar Hindiston shimolida joylashgan boʻlib, xozirgi kunda Uttar Pradesh shtatining poytaxti hisoblanadi. Lakna qadimdan hunarmandlik va savdogarlik markazi boʻlib kelgan.
Ansoriy deb, madinalik ansorlarga nisba berilgan.
Ayyubiy nisbasi mashhur sahobiy Abu Ayyub bilan bogʻliq boʻlib, unga qirq uch tabaqa bilan yetib boradi.
Farangi Mahalliy deb, Laknav shahridagi mahallaning nomiga nisba berilgan. Bu mahallani fransiyalik savdogarlar oʻzlari uchun barpo qilgan. Ular yurtiga qaytib ketgach, Abdulhay Laknaviyning bobosi Qutbiddin Shahidning farzandlari Siholiy qishlogʻidan Laknav shahridagi Farangi Mahalliyga koʻchib oʻtib yashagan. Keyingi davrda bu mahalla ilm-maʼrifat oʻchogʻiga aylanib, u yerdan fiqh, hadis, tafsir, lugʻat, mantiq va riyoziyot fanlari boʻyicha ikki yuz ellikdan ziyod olim yetishib chiqqan.
Bu mahallaga nisbat berilgan ulamolarning mashhurlaridan biri Nizomiddin ibn Qutbiddin Shahiddir. U 1090/1679 yili Siholiyda tugʻilib, otasining vafotidan keyin shu mahallaga koʻchib oʻtgan. U “Hindning ustozi” degan yuksak unvonga sazovor boʻlgan. 1191/1777 yili vafot etgan. Bu alloma haqida Gʻulom Ali Ozod bunday degan: “U iqtidor va fazilat sohibi, oʻta bilimdon inson edi. Alloma tuzgan yangi darsliklar nizomi hozirgi kungacha Hindiston madrasalarida oʻqitilib kelmoqda”[1].
Hanafiy deb, Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobitga nisba berilgan. Odatda imomlarning imomi va ummatning chirogʻi boʻlgan Abu Hanifaning mazhabi va yoʻlini tutgan kishi “Hanafiy” deb nisbalanadi.
Alloma ota-bobolarining Hindistonga kelib qolish tarixini bunday izohlaydi: “Bobolarimning baʼzisi Madinadan Hirotga koʻchib kelgan. Keyin u yerdan Dehliga, undan Siholiyga koʻchib oʻtgan. U yerda bobom Qutbiddin Shahidning qabri bor”.
Abdulhay Laknaviy ilm va taqvo asosiga qurilgan mashhur oilada tavallud topgan. Allomaning ota-bobolari orasida islom olamiga dongʻi ketgan ulamolar boʻlgan. Xususan, otasi Shayx Abduhalim Hind diyoridagi katta olimlardan boʻlib, fiqh, hadis va mantiq ilmlari boʻyicha koʻplab risolalar yozgan.
Alloma ilmli, diyonatli va taqvodor ona bagʻrida tarbiya topib ulgʻaygan. Onasining nasabi ham Qutbiddin Shahidga yetib boradi. U Nurulloh ibn Muhammad Valiy ibn Gʻulom Mustafo ibn Muhammad Asʼad ibn Qutbiddin Shahidning qizidir.
Abdulhay Laknaviy, oʻz sulolasidagi ulamo va muhaddislar kabi, ilm olishni bolaligidan boshlagan. Zehni oʻtkir va xotirasi kuchli boʻlgan. Shu bois besh yoshligidayoq taʼlim olishni boshlab yuborgan. Alloma bu jarayonni oʻz tilidan quyidagicha bayon qilgan: “Besh yoshga yetganimda, Hofiz Qosimning huzurida Qurʼon yodlashni boshladim. “Amma” porasini yodlab tugatmasimdan biz oilamiz bilan Junfur shahriga koʻchib ketdik. U yerda Hofiz Ibrohimga shogird tushib, Qurʼon yodlashni davom ettirdim. Otam to Qurʼonni toʻliq yodlab boʻlgunimcha darslarimni nazorat qilib turdi. Oʻn yoshimda Qurʼonni toʻliq yod oldim”. Allomaning otasi oʻgʻlining ilm olishiga qattiq eʼtibor berib, Qurʼon yodlash davomida unga ayrim zaruriy ilmiy kitoblar va husni xatdan dars bergan.
Abdulhay Laknaviy oʻn bir yoshidan ilm tahsiliga astoydil kirishib, sarf, nahv, maoniy, balogʻat, mantiq, hikmat, tib, fiqh, usulul fiqh, kalom ilmi, hadis va tafsir kabi darslik sifatida oʻtiladigan rasmiy fanlarni oʻn yetti yoshigacha oʻqib tamomlaydi. Alloma bu haqda bunday xotirlaydi: “Oʻn yetti yoshimda darslik sifatida oʻqitiladigan aqliy va naqliy kitoblarning barchasini otamning qoʻlida oʻrganib chiqqanman. Ammo riyoziyotga tegishli ayrim kitoblarni hali oʻqiganim yoʻq edi. Ularni otamning togʻasi va ustozi Mavlono Muhammad Neʼmatullohning huzurida toʻliq oʻzlashtirdim”.
Abdulhay Laknaviy safdoshlari orasida barcha fanlar boʻyicha peshqadam boʻlib, bilimi bilan ulardan ajralib, dong taratdi. Alloma bunday yutuqqa oʻzining oʻtkir zehni, kuchli xotirasi va tirishqoqligi bilan erishdi. Bundan tashqari, qaysi kitobni oʻqib chiqmasin, undan talabalarga dars berishga harakat qilar edi. Natijada oʻqib chiqqan kitobi toʻgʻrisida kuchli bilim, isteʼdod, iqtidor va koʻnikma hosil boʻlardi. Alloma oʻspirinlik chogʻidayoq mazkur fanlarni toʻliq oʻzlashtirishining sababini quyidagicha bayon qiladi: “Men qaysi bir kitobni oʻqib tugatsam, darhol oʻsha kitobdan talabalarga dars berishga kirishar edim. Buning natijasida menda shu asar haqida oʻz-oʻzidan toʻliq koʻnikma hosil boʻlib, kitobning hech bir qismi boʻyicha ishtiboh qolmas edi. Men kitob qaysi fanga tegishli boʻlsa ham shu uslubni qoʻllaganman”.
Haqiqatan, bu uslub ilm olish yoʻllarining eng foydalilaridan hisoblanadi. Ulamolar ham kitobni anglash va darsda oʻtilgan narsalarni eslab qolishda talaba uchun bu yoʻlning juda foydali ekanini taʼkidlab oʻtgan. Shuningdek, Imom Laknaviy aruz ilmi, tib qonunlari va ustozlaridan emas, oʻzi mustaqil oʻqigan boshqa kitoblardan ham dars bergan.
Yosh allomaning ilmiy hayot yoʻli mana shu tarzda boshlanib, umrining oxirigacha ilm olish va ilm berish bilan davom etdi.
[1] Gʻulom Ali Ozod Balkaromiy. Subhatul marjon fi asari Hindiston. – Bayrut: 2015. – B. 2/49.