Home / ALLOMALAR / Samarqand ziyoratgohlari turkumidan / SHAYX XUDOYDOD VALIY – OSHIQLAR SARDORI

SHAYX XUDOYDOD VALIY – OSHIQLAR SARDORI

Subhidam har kimki Haqqa aylar roz,
Haq Subhon qutlugʻ yoʻl aylar sarafroz.
Shayx Xudoydod Valiy

Movarounnahr tasavvuf taʼlimotida yassaviya tariqati muhim oʻrin tutadi. Uning markazi Turkistonda shakllangan boʻlsa, keyinchalik taʼlimot Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf, Hirot kabi shaharlar boʻylab tarqaldi.

Yassaviya tariqatining taraqqiy etishida Samarqandda faoliyat olib borgan tasavvuf allomalari alohida oʻrin tutgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqand shahri, Kumushkent, Sheroz (Jomboy) tumanidagi Gʻazira va Aliobod (Payariq) hududlarida tariqat maktablari vujudga kelgan. Ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va madaniy hayotda, hatto bunyodkorlik ishlarida tariqat vakillarining munosib oʻrni tarixiy manbalarda aks etgan.

Samarqandda faoliyat olib borgan yassaviya tariqati vakili shayx Xudoydod Valiy bu mintaqada mazkur taʼlimotning peshqadam namoyandalaridan boʻlgan.

Ushbu yetuk mutasavvif va uning ilmiy merosini oʻrganish borasida N.Komilov, K.Kattayev, S.Razzoqov, D.Salohiy, S.Sayfulloh, N.Hasan, A.Qandahorov muvaffaqiyatli tadqiqotlar oʻtkazgan. Ular manbalar asosida alloma biografiyasi, ilmiy merosi, ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga doir qimmatli maʼlumotlarni taqdim etgan.

Xudoydod Valiyning ismi Xudoyberdi boʻlib, otasi Ortiq shayxdir. U Xorazmdan dastlab Buxoroga, keyinroq Miyonkolning Karmanasiga yaqin hududga kelib, istiqomat qilgan. 1461 yilda Ortiq shayx xonadonida oʻgʻil farzand dunyoga keladi. Chaqaloqqa Xudoyberdi deb, ism qoʻyishadi.

Dastlabki taʼlimni oilasida olgan Xudoyberdi ota-onasidan juda yosh payti judo boʻladi. Lekin qiyinchiliklar bilan boʻlsa-da, ilm olishni davom ettiradi. Maktab taʼlimidan soʻng Samarqandga kelib, Javzoniya madrasasida shariat ilmlaridan saboq oladi.

Xudoyberdining talabalik yillari haqida Olim shayxning “Lamahot” kitobida bunday yozilgan: “Bir kuni Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida tolibi ilmlarning falakiyot sohasidagi munozaralarini havas bilan kuzatdim. Ularni bir-biriga muxolif topdim va oʻzim uchun riyozatchiligim tufayli samoviy sirlarni kashf etdim”. Bunga koʻra, soʻfiylik tarbiyasini olgan shayx Xudoydodning falakiyot sohasidagi munozaralarga qiziqishi hanuzgacha bizga tasavvuf ahli bu ilmga zid boʻlib kelgan, degan qarashlarni qayta koʻrib chiqishga chorlaydi. “Lamahot”dagi satrlar Xudoydodning Samarqanddagi talabalik yillarida Mirzo Ulugʻbek madrasasida ilohiyot ilmidan dars berilganini tasdiqlaydi.

Ilm va riyozat bilan yuqori martabalarga erishgan Xudoyberdi oʻziga maʼnaviy pir axtarib, yassaviya tariqatining mashhur arbobi shayx Jamoliddin huzuriga boradi. Manbalarda qayd etilishicha, shayx Jamoliddin undan: “Ismingiz nima?” deb soʻraganida, u: “Xudoyberdi”, deb javob beradi. Shunda shayx Jamoliddin: “Sizni menga Xudo berdi, endi ismingiz Xudoydod boʻlsin”[1], degan. Shu voqeadan soʻng Xudoyberdi shayx Xudoydod nomi bilan tasavvuf murshidi sifatida mashhur boʻladi. Shuningdek, havoyi nafsdan parhezda boʻlgan eng taqvodor tabaqa namoyandalaridan biri oʻlaroq tanilib, sabr, qanoat va riyozatda fano darajasiga yetadi hamda “Valiy” degan ulugʻ nomga sazovor boʻladi.

Shayx Xudoydod Valiy “Tariqat sultoni”, “haqiqat qilichi”, “qutblar qutbi”, “zamonasining yagonasi”, “komillar peshqadami”, “oriflar ulugʻi”, “shariat va haqiqat ilmlarini jamlovchi”[2] deb eʼtirof etilgan.

Yassaviya silsilasiga koʻra, shayx Xudoydod Valiyning ustozi shayx Jamoliddin, uning ustozi Xodim shayx, uning ustozi shayx Mavdud, uning ustozi shayx Ali, uning ustozi Yamin (Elamin) bobo, uning ustozi Sadr Ota, uning ustozi Zangi Ota, uning ustozi Hakim Ota, uning ustozi Sultonul orifin Xoja Ahmad Yassaviydir.

Ahmad Yassaviyga silsila ikki tarmoq orqali yetib kelgan. Birinchi tarmoq: Yassaviy ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy ® shayx Abu Ali Farmadiy ® shayx Abul Qosim Gurgoniy-Tusiy ® Abul Hasan Haraqoniy ® Boyazid Bastomiy ® Imom Jaʼfari Sodiq (shu yerdan yana bir tarmoq bilan davom etgan: ® Qosim ibn Muhammad ® Salmoniy Forsiy ® Abu Bakr Siddiq orqali Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yetgan) ® Imom Muhammad Boqir ® Imom Zaynulobidin ® Ali ® Hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam.

Ikkinchi tarmoq: silsila Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan xalifa-oʻrinbosarlariga, soʻng Imom Hasanga, keyin Shoh Abul Muhsinga, soʻng Shoh Musoga, soʻng Dovud Murosga, soʻng Yahyo Zohidga, soʻng Sayyid Abdullohga, soʻng Muso Changiyga, soʻng Muhammad Solihga, soʻng shayx Abdulqodir Giloniyga, soʻng Shahobiddin Suhravardiyga, soʻng Sulton Xoja Ahmad Yassaviyga, soʻng Hakim Otaga, soʻng 3angi Otaga, soʻng Sadr Otaga, soʻng Yamin (Elamin) boboga, soʻng shayx Aliga, soʻng shayx Mavdudga, soʻng Xodim shayxga, soʻng shayx Jamoliddinga[3], undan shayx Xudoydod Valiyga yetib kelgan.

Shayx Xudoydod Valiy Samarqand yassaviya maktabining rivojlanishiga va silsilaning Markaziy Osiyo boʻylab yoyilishiga katta hissa qoʻshgan. Uning tariqatdagi faoliyati sabab XVI asr boshlarida aynan Samarqandning Gʻazira mavzesi yassaviya tariqatining markaziga aylanadi. Ungacha bu markaz Hirotda edi. Shayx Jamoliddin ushbu silsilani Samarqanddan Hirotga olib ketgan boʻlsa, shogirdi shayx Xudoydod Valiy Hirotdan yana Samarqandga olib keladi.

Silsila tarixiga nazar tashlasak, yassaviya tariqati vujudga kelishi ham aynan Samarqand bilan bogʻliq ekanini koʻramiz. Tariqat asoschisi Ahmad Yassaviy tasavvuf sir-asrorlarini ustozi Xoja Yusuf Hamadoniydan shu shaharda oladi. Bu voqea “Qandiya” asarida batafsil bayon qilingan. Xoja Yusuf Hamadoniy Samarqandga oʻn bir nafar shogirdi – Abu Muso Xodim, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Imom Yahyo Gʻotfariy, Xoja Isʼhoq, Xoja Rabot, Xoja Zakariyo, Xoja Odam Shovdariy, Xoja Muhammad Hakim Sarpuliy Balxiy, Xoja Muhammad Chilla, Xoja Quraysh, Bobo Sulaymon Orifi Turkiy bilan kelgan. Bu vaqtda Abdulxoliq Gʻijduvoniy 22-23 yoshlarda boʻlgani inobatga olinsa, voqea 1125-1126 yillarga toʻgʻri kelishi ayonlashadi. Manbada aytilganidek, Xoja Yusuf Hamadoniy Samarqandda 9 oy istiqomat qilgan[4]. Shu vaqtda Ahmad Yassaviy ham Samarqandda tasavvuf taʼlimoti, uning mazmun-mohiyati, murshid va murid munosabatlari, zikr masalasi, tariqat odoblarini qunt bilan oʻrganadi va keyinchalik yassaviya tariqatiga asos soladi.

Abdulxoliq Gʻijduvoniy tariqat taʼlimini Samarqandda olganini hisobga olsak, xufiya (xojagon) va jahriya (yassaviya) tariqatlarining vujudga kelishi Samarqand bilan bevosita bogʻliq ekani oydinlashadi. Albatta, bu mavzu alohida tadqiqot talab qiladi. Shu vajdan yuqoridagi maʼlumotlar bilan cheklanamiz.

Shu tariqa shayx Xudoydod Valiy Samarqandda faoliyat koʻrsatgan Yassaviya silsilasining oʻzigacha boʻlgan pirlar zanjirida beshinchi murshid boʻladi. U ijtimoiy-siyosiy hayotda ham katta mavqega[5] ega boʻlgan[6].

Samarqandning muhim oʻrnini shundan ham bilish mumkinki, yassaviya taʼlimoti silsilaning Gʻazira maktabida tarbiya topgan Darvesh shayx, Xoja Mavlono Valiy, Qanbar shayx, Bobo Tirkash, Orif Soʻfi, Pirim shayx, Qosim shayx, Moʻmin shayx, Tohir shayx, Olim shayx orqali Aliobod, Karmana, Buxoro, Turkiston, Oʻtror, Hirot va Hindiston hududlarigacha yetib borgan.

Sharafiddin Roqimiy shayx Xudoydod Valiyning vafot tarixini abjad hisobida “ziynat oshiqo” soʻzlaridan hosil boʻlishini aytadi. Bu 939/1532 yilga toʻgʻri keladi. Hisob-kitoblar, allomaning 1532 yil muharram[7] oyida vafot etganini koʻrsatadi.

Shayx Xudoydod Valiyning shogirdlaridan biri boʻlgan Darvesh shayx (XV asrning oxirlarida Toshkentda tavallud topgan. Samarqandga kelib, shayx Xudoydod Valiy xonaqohida taʼlim-tarbiya olib, yassaviya silsilasi peshqadam soʻfiylaridan bir boʻlib kamolga yetadi) ustozini shu qadar hurmat qilganki, oʻz uyidan shayx Xudoydod Valiyning honaqohigacha boʻlgan yoʻl (Aliobod (hozirgi Payariq tumani Aylavot mahallasi)dan Gʻaziragacha boʻlgan yoʻl)ni tasavvufona tarzda “Oshiqlar yoʻli” deb atagan. Ustozi xonaqohida hovuz qazdirib[8], bogʻ barpo qilgan[9].

Abu Tohirxojaning maʼlumotiga koʻra, Abdulhayxoja sudur[10] 1232/1816 yilda[11] bobokaloni shayx Xudoydod Valiy qabri tepasiga xonaqoh qurdirgan. Keyinchalik ushbu avlod vakillaridan biri – Xoja Ismatulloh ham xonaqoh, masjid, ayvon qurdirgani[12] manbalarda taʼkidlangan.

Abdumalikxoja Gʻaziragiy (vaf. 1931 yil) ham shu avlod vakili sanaladi. U naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya silsilasi namoyandalaridan boʻlgan.

Allomaning Solih, Bibi Soliha, Bibi Hadiya, Bibi Mahzuna ismli farzandlaridan tarqalgan avlodlar bugungi kunda turli sohalarda xizmat qilib kelmoqda.

Elamin bobo, Ali shayx, Mavdud shayx, Xodim shayx, shayx Xudoydod Valiy, Darvesh shayx, Pirim shayx, Moʻmin shayx, Tohir shayx, Olim shayx kabi murshidlar Samarqandda faoliyat koʻrsatgan yassaviya silsilasining ulugʻlaridandir. Ushbu allomalar ziyoratgohlari hozirgi Oqdaryo, Payariq, Pastdargʻom va Jomboy tumanlari hududlarida joylashgan.

Bugungi kunda yurtimizda ziyorat turizmining yangi yoʻnalishlari shakllanayotganini inobatga olsak, aytish mumkinki, yassaviya tariqati pirlarining xoki abadiy qoʻnim topgan qadamjolar mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun muqaddas ziyoratgohlarga, albatta borib koʻrish zarur boʻlgan maʼnaviyat maskanlariga aylanishiga shubha yoʻq.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar roʻyxati
[1] Muhammad Olim shayx. Lamahot min nafahotul quds. Tarj. Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020. – B. 198.
[2] Said Aʼlam Sharofiddin Roqimiy. Tarixi tomm. Qoʻlyozma, nastaʼliq, fors tilida. Muallif shaxsiy kutubxonasida. 164a-b varaq.; Muhammad Olim shayx. Lamahot min nafahotul quds. Tarj. Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020. – B. 196
[3] Kattayev K. Shayx Xudoydodi Vali tarixi. – Samarqand: SamDU nashriyoti, 2015. – B. 32.
[4] Abu Hafs Umar Najmiddin Nasafiy Samarqandiy. Al-qand fi tarixi Samarqand (Qandiya). Tarj. Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020. – B. 16-22.
[5] Qandaharov A. Buxoro xonligi va va unda karmanalik shayxlar faoliyati. – T.: Tafakkur qanoti, 2018. – 203 b.; Karmananing ikki buyuk allomasi. – T.: Fan va texnologiya, 2016. – 76 b.
[6] Muhammad Olim shayx. Lamahot min nafahotul quds. Tarj. Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020. – B.289.
[7] Said Aʼlam Sharofiddin Roqimiy. Tarixi tomm. Qoʻlyozma, nastaʼliq, fors tilida. Muallif shaxsiy kutubxonasida. 165b-166a varaq.
[8] Muhammad Olim shayx. Lamahot min nafahotul quds. Tarj. Kattayev K. – T.: Qaqnus, 2020. – B: 99, 111.
[9] HasanovN., Sultonov Oʻ. Muhammad Olim Siddiqiy va uning “Lamʼahot min nafohotul quds” asari haqida // Imom Buxoriy saboqlari jurnali // 2006 yil 3-son. – B. 194-197.
[10] Abdulhayxoja Samarqand viloyati ulamolaridan biri boʻlib, viloyat suduri (sudur – katta diniy va ilmiy mansab boʻlib, uning ega madrasalar va vaqf mulklarini nazorat qilgan) darajasiga yetishgan. 1256/1839 yilda vafot etgan. U naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya silsilasi murshidi Muhammad Amin Dahbediyning shogirdi hisoblanadi. Oʻgʻillari Abdullohxoja, Abduxoliqxoja va Abdunabixojadir. Qarang: Bahodirov I.A. Sayyid Bahodirxon va Safoxoʻja qishlogʻi. – T.: Nurfayz nashriyoti, 2019. – B. 330-331.
[11] Abu Tohirxoja. Samariya. / Tahrir hayʼati. B.Ahmedov va boshq./ – T.: Kamalak, 1991. – B. 59-60.
[12] Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiy. Tazkirai olimoni Samarqand. Qoʻlyozma. Tojikcha. Samarqand Davlat muzeyi qoʻlyozmalar fondi inv № 5653/2. 62a varaq.
Mehrojiddin AMONOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

SUGʻDLIK FAQIH – IMOM ALI SUGʻDIY

Islom fiqhiga oid kitoblarda Qoraxoniylar davrida Samarqandda ilmiy faoliyat olib borgan mashhur allomalardan biri Imom …