Imom Buxoriy oʻziga xos ijtihodi bilan fiqh ilmining ham peshvosi boʻlgan. Ammo ulamolar nazdida fiqh ilmidagi oʻrni hadisshunoslikdagidek, ochiq-ravshan namoyon boʻlmagan. Bunga sabab fiqhdagi ijtihodining barchasi maxfiy hisoblanadi. Shu sababli fiqh borasidagi peshvoligi faqat ikkita ish bilan chegaralanib qolgan. Birinchisi, ulamolar haqqiga maqtovlar aytib, “Faqih” deb sifatlagan boʻlsa, ikkinchisi, Imom Buxoriy oʻz “Sahihi”da tuzgan boblarning sarlavhalari fiqhda peshvo boʻlganiga ishora qilgan.
Demak, ulamolarning Imom Buxoriyni olqishlab, “Faqihlarning sayyidi”, deb sifatlashi uning hadis ilmidan tashqari fiqhda ham peshvo boʻlganiga dalil boʻladi.
Imom Buxoriyning kotibi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq aytadi: “Hoshad ibn Ismoilning bunday deganini eshitdim: “Men Basra shahrida boʻlganimda, Muhammad ibn Ismoilning bu shaharga kelayotganini eshitib qolib, uni kutib olish uchun chiqdim. U kelgan vaqtda Muhammad ibn Yosar : “Bugun bu shaharga faqihlarning sayyidi kirib keldi”, deb olqishlab kutib oldi” [3.2/6].
Ahmad ibn Yosar aytadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻira Juʼfiy ilm tolibi, odamlarning suhbatdoshi va hadis yoʻlida safar qilib, unda mohir edi. Hadisdagi bilimi va yodlash qobiliyati juda kuchli boʻlib, shu bilan birga, fiqh ilmini ham oʻrganar edi” [3.2/6].
Imom Buxoriyni fiqh ilmida Imom Ahmaddan afzal koʻrganlar ham topiladi. Abu Musʼab Ahmad ibn Abu Bakr Madaniy bir davrada: “Muhammad ibn Ismoil bizning nazdimizda Imom Ahmaddan koʻra faqihroq edi”, dedi. Bu paytda unga shu yerda oʻtirganlardan biri eʼtiroz bildirib: “Chegaradan oshirib yubording”, dedi. Abu Musʼab unga javoban aytdi: “Agar Imom Molikni hayotlik chogʻida topib, uning yuziga nazar qilib, keyin Muhammad ibn Ismoilning yuziga qaraganingda edi, albatta, ikkalasi fiqh va hadis ilmida barobar ekan, deb aytar eding” [3.2/19].
Yaʼqub ibn Ibrohim Davroqiy aytadi: “Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir” [3.2/22]. Shunga oʻxshash gapni Naim ibn Hammod ham Imom Buxoriyni sifatlab aytgan [3.2/24]. Isʼhoq ibn Rohavayh bunday degan: “Ey yoshlar jamoasi! Bu yosh yigitga eʼtibor bering va undan hadis yozib oling. Agar u Hasan ibn Abu Hasan (Hasan Basriy) zamonida yashaganida edi, hadis va fiqh ilmini oʻrganishda, albatta, unga odamlarning ehtiyoji tushar edi” [3.2/27].
Shunga oʻxshash Imom Buxoriyning fiqhdagi mavqei haqida gapirib oʻtgan baʼzi ulamolar uning haqqiga mana shunday sifatlar bilan koʻp maqtovlar bitgan. Oʻz oʻrnida bu maqtovlar xuddi ulamolar tomonidan Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam ekaniga ijmoʼ qilganga oʻxshaydi. Biz fiqh borasida uning haqqiga aytilgan ochiq va maʼnoli maqtovlarni keltirishni lozim topdik. Qolaversa, uni “Faqihlarning sayyidi”, deb sifatlab, hatto Imom Ahmaddan afzal qilib, Imom Molikka tengladik. Bularning barchasi shak-shubhasiz Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam boʻlganidan dalolatdir.
Imom Navaviy “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhi choʻzilib ketganidan uzrlanib, bunday degan: “Agar odamlarning gʻayrati va intilishi zaiflashmaganda va keng hadis kitoblarga qiziqishi kamaymaganda edi, albatta, “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhimni takror kelgan hadislarni kiritmasdan 100 mujalladga yetkazgan boʻlar edim. Chunki bu kitobning foydasi koʻp va u islom qonunshunosligidagi maxfiy va zohir uslublarni qamrab olgan asardir” [4.18].
Imom Buxoriyning fiqh borasida peshvoligiga sabab boʻlgan omil, yaʼni oʻz “Sahihi”da tuzgan boblarning sarlavhalari uning fiqhda peshvo boʻlganini koʻrsatishi borasida Hofiz ibn Hajar bunday degan: “Imom Buxoriy oʻzi yozgan “Sahihul Buxoriy” kitobi fiqhiy foydalar va chuqur maʼnoli gaplardan xoli boʻlmasligini bilgach, oʻzining aqlu farosati bilan hadis matnlaridan koʻpgina foydalarni chiqarib olib, ularni hadisning maʼnosiga munosib boʻlishiga qarab, kitobning boblarida sarlavha oʻrnida keltirdi. Yana u yerda hukm oyatlariga eʼtibor berib, ulardan fiqh borasida asosli dalillarni chiqarib oldi va ularni tafsir qilishga ishora qilib, keng yoʻlni ochib berdi” [6.10].
Yana ulamolarning ijmosi shuni koʻrsatadiki, Imom Buxoriyning sahih hadislarni ajratib, saralagandan keyingi maqsadi hadis matnlaridan koʻpgina maʼnolarni chiqarib olish boʻlgan. Aynan shu yoʻl u kishining fiqhi hisoblanadi [7.1/19].
Imom Buxoriyning fiqhda peshqadam boʻlganini bildiradigan sabablardan yana biri “Sahihul Buxoriy”ni sharhlagan ulamolarning shariat ilmida oʻz oʻrni boʻlganiga qaramay, uning maqsadini bayon qilishda har xil qarashlar bildirganidir. Kimki sharhlovchilarning “Sahihul Buxoriy”da boblar uchun tuzilgan mavzulardagi maqsadni yoritib berishdagi soʻzlarini va oʻsha mavzudagi dalillarni oʻqisa, Imom Buxoriyning fiqh borasida peshqadamligiga yana bir bor ishonch hosil qiladi.
Imom Buxoriy hadis kitob yozish bilan birga shariat qonunlarini chiqarib olishda quyidagi dalillarga suyangan:
- Qurʼoni karim. Imom Buxoriy Alloh taolo kalomidan koʻpgina oyatlarni boblarning sarlavhalariga qoʻyib, oʻsha oyatlardan ajoyib dalillarni chiqarib olgan. Bunga misol, Imom Buxoriy “Savdo kitobi”da “Unda yana (suvni) yorib ketayotgan kemalarni koʻrasiz. Uning fazli (rizqi)dan talab etishingiz va (neʼmatlariga) shukr qilishingiz uchun (shunday qildi)”[1], degan oyatni Matordan kelgan rivoyatga koʻra, dengizdagi kemaga tijorat qilish uchun minishning joizligiga dalil qilib keltiradi. Bu bilan Imom Buxoriy xuddi Abu Dovudning “Jihod kitobi”da Abdulloh ibn Amr ibn Osdan: “Dengizdagi kemaga faqat haj yo umra yoki Alloh yoʻlida dushmanga qarshi urush uchun chiqiladi” [5.5/145], deb rivoyat qilingan hadisga raddiya bergandek boʻladi. Chunki, Abu Dovud oʻzi bu hadisga izoh berib, bunday degan: “Bu hadis juda zaifdir. Uni rivoyat qilgan Abu Abdulloh va Bashir noaniq roviylardir” [7.145].
- Sunnat. Imom Buxoriyning sunnatdan dalil olishda puxta bilimga va sahih hadislar toʻgʻrisida juda koʻp maʼlumotga ega boʻlgan.U hatto koʻpgina masalalarni shartiga toʻgʻri kelmaydigan hadisni sabab qilish bilan sarlavha tuzish orqali chiqarib oladi va oʻsha sarlavha ostida shartiga mos keladigan hadislarni keltiradi.
- Ijmo. Ulamolar ijmosi ham Imom Buxoriy nazdida dalil sifatida qabul qilingan. Shu sababli uning fikriga koʻra, agar ulamolar ijmosi qozining hukmiga qarshi chiqsa, unda qozining hukmi bekor boʻladi. Imom Buxoriy mana shu soʻzini quvvatlash uchun “Hukmlar kitobi”dagi bobga “Hokim shafqatsizlik qilishni yoki ilm ahliga xilof ish tutishni buyursa, rad qilinadi”, deb sarlavha qoʻygan [2.551]. Bu bobda Solim otasidan rivoyat qilgan hadisni keltirgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Validni askarlarga boshliq qilib, Bani Juzayma qabilasiga yubordilar. Ular: “Islomni qabul qildik!” deyish oʻrniga, bilmay: “Dindan qaytdik!” deb yubordi (yaʼni, “Avvalgi dinimizdan qaytib islomga kirdik!” deb aytmoqchi boʻlgan). Shunda Xolid Ibn Valid ularga qarshi askarlarni jangga tashladi va koʻpchiligini oʻldirib, qolganlarini asir oldi. Keyin har birimizga oʻzimiz qoʻlga tushirgan asirimizni oʻldirishni amr qildi. Men bundan bosh tortdim, sheriklarim ham shunday qildi. Qaytib borgach, bu haqda Janob Rasulullohga aytgan edik, u zot: “Ey Parvardigoro, Xolid ibn Validning qilmishida qoʻlim yoʻqdir!” dedilar, yaʼni Xolid ibn Validning surishtirmay-netmay ularni oʻldirganini nazarda tutdilar”. Imom Buxoriy bu bobda Xolid ibn Valid boshliq boʻlishiga qaramay, sahobalar uning hukmiga oʻz ijmoʼsi bilan qarshi chiqqanini eʼtiborga olgan.
Buyuk muhaddis “Kitob va sunnatni mahkam ushlash kitobi”da “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ilm ahlining ittifoqi haqida soʻz yuritganlari va undaganlari; Ikki haram – Makka va Madina (ulamolari) ijmo qilgan narsalar haqidagi bob”, deb sarlavha qoʻyib, bu bobda ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisni keltirgan [8.8/507].
Bundan tashqari, Imom Buxoriy sukutiy (jim turish) ijmo bilan aka-ukalar uchun boʻlgan merosdagi haqdan boboning man qilinishiga qarshi Abu Bakrning soʻzini hujjat qilib keltirib, boboning meros olishini joiz deb koʻrsatgan va bu haqda “(Mayyitning) otasi va aka-ukalari bilan birga bobosining ham meros olishi haqida” [1.1669], deb bob tuzgan. Unda avval sahobalarning soʻzini keltirgan, yaʼni “Abu Bakr, Ibn Abbos va Ibn Zubayr aytdi: “Bobo ota (oʻrnida)dir”. Ibn Abbos “Ey Odam bolalari”[2], “Otalarim Ibrohim, Isʼhoq va Yaʼqubning millatiga ergashdim”[3] oyatlarini qiroat qilardi. Bu masalada Abu Bakrga oʻz zamonasida biror kishining qarshi chiqqani aytilmagan, holbuki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari juda koʻp edi.
Ibn Abbos: “Mendan (keyin) aka-ukalarim qolib, oʻgʻlimning oʻgʻli meros oladi-yu men oʻgʻlimning oʻgʻlidan meros olmaymanmi?” degan. Bu borada Umar, Ali, Ibn Masʼud Zayddan boshqa qavllar ham rivoyat qilingan” [1.1670].
Izoh: Agar mayyitning otasi oʻlib ketgan boʻlsa, bobosi, yaʼni otasining otasi, ota oʻrnida meros oladi. Ibn Abbos bunga dalil sifatida mazkur oyatlarni esga olgan. Zero, Qurʼoni karimda insoniyatga “Odam bolalari” deyilgani, yaʼni Odam alayhissalom butun insoniyatning otasi deb qaralishi, shuningdek, Yusuf alayhissalom oʻz bobolarini ham “otalarim” deb aytgani boboning ota oʻrnida koʻrilishini taqozo etadi.
Imom Buxoriy Ibn Abbosdan boboning meros olishiga boshqa bir qiyosiy dalil keltiradi: nabira otasi boʻlmaganda bobodan meros oladimi, demak, bobo ham oʻrtada oʻz farzandi boʻlmaganda nabiradan meros oladi. Boboning meros olishi haqida ijmo sobit boʻlsa-da, qancha miqdorda olishi haqida turlicha fikrlar bor [8.8/153].
Demak, Abu Bakr boboni otaga tenglashtirib, boboni ota deb hukm chiqardilar, ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari koʻp boʻla turib, oʻsha vaqtda birortasi unga qarshi chiqmadi [2.485]. Yaʼni, Abu Bakrning soʻzlariga hech bir sahoba qarshi chiqmasdan sukut qildi. Ularning sukut qilishi shu hukmga rozi ekanligini bildiradi. Imom Buxoriy bu masalada sahobalarning mana shu ijmosini dalil qilib olgan.
- Qiyos. Imom Buxoriy qiyosni dalil oʻrnida qabul qilgan. Ammo baʼzi ahli ilmlar kabi qiyosni keng yoʻl qilib olmagan. Balki “Kitob va sunnatni mahkam ushlash” kitobida, “Raʼy (oʻz bilganicha fikr yuritmoq) va qiyosda takalluf qilish jumlasidan boʻlgan ishlar qoralab aytilgan narsalar haqidagi bob” [8.8/496] va “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning erkagu ayol ummatlariga raʼy va qiyos (oʻxshatish) bilan emas, Alloh u zotga oʻrgatgan narsadan oʻrgatganlari haqidagi bob” [8.8/499] deb sarlavha qoʻydi.
Birinchi bobda Urva Abdulloh ibn Amrdan: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Alloh ilmni ularga (odamlarga) bergandan keyin uni birdan sugʻurib olmaydi, balki oralaridan ulamolarni ilmlari bilan qabz qilib, uni sugʻurib oladi. Shunda johil odamlar qoladi. Ulardan fatvo soʻraladi, ular oʻz raʼylari bilan fatvo beraveradi. Natijada adashtiradi va adashadi”, deb aytganlarini keltirgan. Imom Buxoriy bu bobni Qurʼon va hadis ilmiga tayanmasdan oʻz fikri bilan fatvo chiqarishni qoralash maqsadida tuzgan.
Ikkinchi bobda Abu Saiddan rivoyat qilingan hadisni keltirgan, yaʼni: “Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Ey Allohning Rasuli! Erkaklar hadisingiz(ni oʻrganish)da ilgarilab ketdi. Bizga ham bir kunni tayin qilsangiz, shu kunida huzuringizga kelsak, Alloh sizga oʻrgatgan narsalardan bizga ham oʻrgatsangiz”, dedi. Shunda “Falon-falon kunlari falon-falon joyga toʻplaninglar”, dedilar. Ular toʻplandi. U zot kelib, Alloh oʻzlariga oʻrgatgan narsalardan ularga oʻrgatdilar…” [1.1806].
Imom Buxoriy bu bobni tuzish bilan xuddi yuqoridagi bobni taʼkidlagandek, yaʼni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatini oʻz raʼylari bilan fatvo berishdan qaytarishlaridan tashqari, u zot ham erkak, ham ayol ummatlariga raʼy va qiyos bilan emas, balki Alloh u zotga oʻrgatgan narsadan taʼlim berganlarini aytib oʻtayapti.
Imom Buxoriy qiyos bobini “Soʻrovchiga tushuntirish maqsadida Alloh hukmlarini bayon qilib qoʻygan maʼlum aslni bayon qilingan aslga oʻxshatish haqidagi bob” [1.1807] deb nomlagan. Bu bilan qiyosga ijobiy fikr bildirib, Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisni keltirgan: “Bir aʼrobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Ayolim qop-qora bola tugʻdi. Men esa uni tan olmadim”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Tuyalaring bormi?” dedilar. U “Ha”, dedi. “Ranglari qanaqa?” dedilar. “Qizil”, dedi. “Oralarida kulrangi ham bormi?” dedilar. “Ha, kulrangi ham bor”, dedi. “Bu ularga qayerdan kelgan deb oʻylaysan?” dedilar. “Ey Allohning Rasuli, nasliga torgandir-da”, dedi. Shunda u zot: “Ehtimol, bu ham nasliga tortgandir”, dedilar va undan tonishga ruxsat bermadilar” [8.8/502]. Bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soʻrovchiga qiyos bilan javob beryaptilar. Imom Buxoriy yuqoridagi sarlavhani shunga asosan qoʻygan.
Buyuk muhaddis qiyosga taalluqli toʻrtinchi sarlavhani ham shu kitobda tuzib, uni “Dalillar bilan bilinadigan hukmlar haqida. Dalolatning maʼnosi va uning izohi qanday boʻladi?” [1.1815] deb nomlagan. Bu bobda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ot va undan boshqa narsalarning zakotini berish hukmini aytib berganlar. Keyin eshak(dan zakot berish-bermaslik) haqida soʻrashgan edi, ularga Alloh taoloning “Bas, kim zarra ogʻirligicha yaxshilik qilsa ham, uni koʻradi”[4] degan soʻzini eslatganlar” [8.8/521], degan xabarni keltirgan. Yaʼni, ot haqidagi gaplarni eshitgan odamlar endi eshak boqish va undan zakot berish-bermaslik haqida soʻragan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam umumiy maʼnodagi oyatni keltirib, yaxshilik uchun boqqan odam savob olishini tushuntirganlar. Yaʼni, bu hadisdagi dalil bilan bilinadigan hukm shuki, yuqoridagi oyatga binoan eshak boqishda undan zakot berilmasa-da, ammo yaxshilik yoʻlida boqqani uchun savob olishi maʼlum boʻladi.
Natijada bu sarlavhalarning baʼzisi, boshqasi bilan jam qilinganda, avvalgi tuzilgan ikki bobda raʼy va qiyosning salbiy tomoni olingan boʻlsa, keyingi ikki bobda ularga ijobiy qaralgan, degan tushuncha hosil boʻladi. Bundan maʼlum boʻladiki, Imom Buxoriy oz oʻrinda boʻlsa ham qiyosni dalil sifatida olgan va qiyos uning nazdida dalil oʻrnida ishlatilgan, ammo keng qoʻllanilmagan.
Ulamolarning ijmosi shuni koʻrsatadiki, Imom Buxoriyning sahih hadislarni ajratib, saralagandan keyingi maqsadi hadis matnlaridan koʻpgina maʼnolarni chiqarib olish boʻlgan. Aynan mana shu yoʻl uning fiqhi hisoblanadi [7.1/19].
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Daru Ibn Kasir, 2002.
-
Abdulaziz Mansur. Sahihi Buxoriy. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008.
-
Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xotib Bagʻdodiy. Tarix Bagʻdod madinatus salam. – Bayrut: Darul fikr, 2004.
-
Imom Navaviy. Mo tamassu ilayhi hajatul Qori li-Sahhihil Imamil Buxoriyyi. – Bayrut: Darul kutubul ilmiyya , 2018.
-
Imom Abu Dovud Sijistoniy. Sunanu Abi Dovud. – Bayrut: Darul kutubil ilmiyya, 1996.
-
Ibn Hajar Asqaloniy. Hadyus soriy. – Bayrut: Darul maʼrifati, 2014.
-
Muhammad Zakariyo ibn Yahyo Kandehlaviy. Al-abvabu vat tarojimu li-Sahihil Buxoriyyi. – Bayrut: Darul bashairul islamiyyati, 2012.
-
Oltin silsila: 8-juz : Sahihul Buxoriy – Toshkent: Hilol-Nashr, 2018.