Bir mayizni qirq boʻlib yegan xalqmiz. Bagʻrikenglik, insonparvarlik qon-qonimizga singib ketgan. Ayniqsa, el uchun ogʻir, mashaqqatli va sinovli kunlarda xalqning saxovatpeshaligi, insonparvarligi, mehr-oqibati yanada yaqqol namoyon boʻladi. Tarix bunday voqeliklarga koʻp guvoh boʻlgan.
Yaqin oʻtmishga murojaat qilsak ham, oʻtgan asr oʻttizinchi yillaridagi mudhish ocharchilik yillarida Toshkent, demakki butun Oʻzbekiston yurtimiz xorijdagi ming-minglab och odamlar uchun non shahriga aylanganini eslasak boʻladi. Yoxud Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz turli millatlarga mansub minglab bolalarni oʻz qanotiga oldi. Otalik, onalik muhabbatini ulardan darigʻ tutmadi. Silai rahm, shafqat, himmat, eʼzozu eʼtibor, bagʻrikenglikning namunasi edi bu.
Inson bor ekan, hayot bor ekan, sinovlar bilan yashaydi. “Oyning oʻn beshi yorugʻ, oʻn beshi qorongʻu” deganlaridek, hayot bizni turli kuylarga soladi, sinovlardan oʻtkazadi, toblaydi. Ana shu sinovlarda kimning kimligi darrov ayon boʻladi, qoladi.
Kuni-kecha Markaziy Osiyo yagona energiya tizimidagi avariya tufayli bir necha soatlarga “svet” boʻlmasligi koʻpchiligimizni sinovdan oʻtkazdi. Koʻrdik, millatning boshiga tashvish tushsa, faqat nafsini oʻylaydiganlarni. Qildan qiyiq axtaradigan ayrim kimsalarning “endi bir necha kun chiroq boʻlmaydi”, qabilida ijtimoiy tarmoqlarda boʻhton axborot, mish-mishlarni tarqatishi sal boʻlmasa aholi oʻrtasida sarosima, vahimalarni keltirib chiqarishi mumkinligiga ham guvoh boʻldik.
Taassufki, odamlarning ilojsiz holatidan moddiy manfaat topishni koʻzlaydiganlar, pul desa, iymonini, vijdonini sotadiganlar asl yuzini koʻrsatdi.
Eskilarning gapi bor: kim nimadan foydalanib, pul qilsa, oʻsha topgan pulini shunga sarflaydi, deyiladi. Agar odamlarning musibatidan pul qilsa, topgan pulini bir kuni oʻz musibatiga sarflaydi. Bundan ehtiyot boʻlish kerak. Bu gaplar, yillar davomida tajribadan oʻtgan gaplar. Islomda “ihtikor” degan narsa bor, bu monopoliya qilib olish degani. Ayrim mahsulotlarning narxini sunʼiylik bilan koʻtarish. Toʻplab olib, bir balo kelganida uni qimmat narxda chiqarib sotish harom. Aksincha, arzonlashtirib sotsa, Alloh moliga, davlatiga baraka beradi. Baraka insofda, afsuski, ichimizda shunday insonlar ham bor ekan. Oʻz nafsi yoʻlida xiyonat qiladi. Ularni xiyonatchi deyish xato boʻlmaydi. Kim vatanparvar, kim dinparvar, kim fidoyi ekanini musibatda, qiyinchilikda bilinadi.
Yana qaysidir yurtdoshimiz ijtimoiy tarmoqlarda “biroq butun boshli mamlakatning elektr energiyasiz qolishi yaqin yillarda kuzatilmagan”ligini ham aytishayapti. Ammo energiya hosil qilish, uni bir maromda ushlab turish, millionlab odamlarni elektr quvvati bilan uzluksiz taʼminlash mashaqqat ekanligini, avariya sodir boʻlishida biz, isteʼmolchilarning ham aybimiz borligi, undan tejab-tergab foydalanmasligimiz, isteʼmol madaniyatiga rioya etmasligimiz ham sabab boʻlganini hayolimizga ham keltirmadik… Xullas, zimiston tun ortda qoldi. Hayot yana oʻz maromida davom etmoqda. Bunday kutilmagan hodisalar hamma joyda, hamma yurtda uchraydi. Shularni koʻra bila turib, insondan, davlatdan qiyiq axtaramiz.
Bizni inson qudratiga bogʻliq boʻlmagan bunday avariyalar emas, balki inson ruhiyatidagi buzilishlar, imon, mehr-oqibat tushunchalarining hayotimizdan uzoqlashishi tashvishga solishi kerak. Nega moddiyatni maʼnaviyatdan ustun qoʻyishga odatlandik? Nega, el boshiga ish tushgan vaqtinchalik tashvishlar qarshisida talmovsirab qolayapmiz?
Odamlarning chiroq boʻlmagan kuni bozor va doʻkonlarda toʻlib-toshib yotgan obi-hayotni litrlab sarosima va vahimada uylariga tashigan holatlarni eslash biroz gʻalati. Goʻyoki ochkoʻzlik xuruji avj olgandek. Bu misollar orqali “sochlar oqaradi, tishlar toʻkiladi, koʻzlar koʻrmay va quloqlar eshitmay qoladi — faqat ochkoʻzlikkina qarimaydi” degan soʻzlarning maʼnosini yana bir karra anglagandek boʻlasan kishi.
Odamlar orasida vahima uygʻotish shaytonning vasvasasi. Shayton vasvasasi bilan odamlar bir-birida vahima uygʻotadi. Qolaversa, bir-birlariga asoslanmagan xabarlar, yolgʻon tarqatish – bu katta gunoh. Asos yoʻq. Chunki Paygʻambar alayhissalom insonlar orasida, hatto hazillashib ham qoʻrquv uygʻotishdan qaytarganlar. Sahobalardan birlari, jang oʻrtasidagi dam olish vaqtida ozgina uxlab turganlarida, safdoshlari kamon oʻqlarini yashirib qoʻyishdi. Uygʻonib qarasa, oʻqlari yoʻq, qoʻrqib ketdilar. Ular kulishdi. Paygʻambar alayhissalom bu holni koʻrib, hazillashib qoʻrqitish ham durust emasligini aytdilar. Vahima qilish ham qoʻrqitish-da. Ijtimoiy tarmoqlarda u-bu deb yozib, qoʻrquv uygʻotish oʻrniga, odamlarni osoyishtalikka chaqirishi, “Alloh taologa duo qilaylik, uning qadariga rozi boʻlaylik, oʻzimizni ehtiyot qilaylik”, deyish chin musulmonning vazifasi. Keling, shunday paytlarda ozgina aqlimizni ishlataylik, «bu xabar toʻgʻrimi oʻzi, buni birovlarga tarqatishimdan menga qanday foyda, shuni hovliqib boshqalarga tarqatmasam bir joyim kamayib qolmaydiku, yolgʻon narsani tarqatib, gunohga botib qolmay” deb oʻylab olaylik. Biz insonmizku axir, ongli mavjudotmiz, hayvonlardan farqimiz ham aynan ongimiz, aqlimiz borligida. Iltimos, oʻzimizni tarbiyalashga oʻrganaylik, ayniqsa hozirgi sharoitda.
Toʻgʻri, bu bilan xalqimiz orasida mehr-oqibat, silai rahm koʻtarilgan, demoqchi emasmiz. Koʻpchilik odamiylikni unutmagan. Koronavirus pandemiyasi ogʻir kunda ham oxirgi nonini yordamga muhtojlar bilan baham koʻrishga oʻrgangan xalq ekanligimizni namoyish etdi. Mehridaryo odamlar oʻzlari yordamga, madadga muhtoj boʻlsa ham, oʻzgalarga qoʻldan kelgancha madadkor boʻlishni farz deb bildi. Bu qadriyatlarimiz hali ham millatimizning shaʼni kabi ulugʻ ekanligidan dalolatdir. Mehribonlik oʻshanday ogʻir kunlarda yana bir karra sinovdan oʻtdi.
Azal-azaldan bir-birini koʻrmasa turolmaydigan, sal betob boʻlib qolsa qoʻshnisini tansiq taom bilan kirib koʻrmaguncha koʻngli tinchimaydigan, Xudo koʻrsatmasin, birovning boshiga ogʻir musibat yoki judolik tushib qolgudek boʻlsa, tunlarni birga bedor oʻtkazadigan, taskin, tasalli uchun soʻz topolmaydigan olijanob xalqimiz bor. Yiqilganni suyash bizga ota-bobomizdan meros qolgan.
Biz nega bugun mehr-oqibat, halollik, ezgulikdan gap ochdik? Gap shundaki, oramizda birovlar tashvishidan, qaygʻusidan pul ishlamoqchi, manfaat koʻrmoqchi boʻlganlar uchrab turibdi. Maqsad ularni yaxshilikka, ezgulikka daʼvat etish. Agar jamiyatdagi shunday kamchiliklarni davolamasak, yara yanada kattalashadi. Bu har qanday jamiyatni maʼnaviy tanazzulga olib boradi. Shunday ekan, odamlarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish, dinimizning talabi. Zero, dunyoni odamiylik va yaxshilik obod etadi.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi
2022 yil 29 yanvar, № 20-21 (8082-8083)