Musulmon odam avvalo ahli sunnat val jamoat olimlari bildirganidek ishonishi lozim. Jahannamning abadiy azobidan qutuluvchilar eʼtiqodi ahli sunnat boʻlgan kishilardir.
“Ahli sunnat” atamasi koʻproq izofat holida, yaʼni “Ahli sunnat eʼtiqodi yoki aqidasi”, “Ahli sunnat mazhabi”, “Ahli sunnat yoʻli”, “Ahli sunnat firqasi”, “Ahli sunnat va jamoat firqasi” shaklida ishlatiladi.
Eng ulugʻ olim va avliyolardan imomi Rabboniy Mujaddidi Alfi Soniy Ahmad Foruqiy Sarhandiy (quddisa sirruh) aytdiki:
“Aqlli va balogʻatga yetgan har erkak va ayolning birinchi vazifasi ahli sunnat olimlari yozgan aqoid bilimlarini, ishoniladigan narsalarni oʻrganish va bularga mos eʼtiqod qilishdir. Qiyomatda, yaʼni oʻlganidan keyin jahannam azobidan qutulish, ularning bildirganlariga ishonishga bogʻliq” [Maktuboti Rabboniya].
“Musulmonlarning birinchi vazifalari eʼtiqodini toʻgʻrilab, ahli sunnat val jamoat olimlarining bildirganlariga mos ishonishdir. Ikkinchi vazifasi fiqh (islomiyatning amr va taqiqlariga oid) ilmlarni oʻrganib, har ishini bularga moslab bajarishdir” [Mavlono Holid-i Bagʻdodiy, Eʼtiqodnoma/al-iymon val-islom].
Qiymatli Usmoniy olimlaridan Toshkoʻprikzodaning aytganidek:
“Ahli sunnatning aqoidda ikkita tarmogʻi bor. 1. Moturidiya mazhabi. Uning imomi Abu Mansur Moturidiy (rahimahulloh). 2. Ashʼoriya mazhabi. Buning imomi esa Abul-Hasan Ashʼoriydir (rahimahulloh). Ikkalasi ham targʻib qilgan iymon asoslari birday. Oralarida faqat baʼzi kichik xususlarga tegishli izoh, ifoda va uslub tarzidan kelib chiqqan juzʼiy farqlar bor”.
“Allohu taolo yuborgan har bir din ikki qismdan tashkil topgan. Biri qalb bilan ishonilishi lozim boʻlgan ilmlar, ikkinchisi badan yoki qalb bilan bajariladigan ibodat ilmlari. Bulardan eʼtiqod asoslari har bir dinda bir xil boʻlib dinning asli va asosidir. Eʼtiqod din daraxtining tanasidir. Amal esa, shu daraxtning shoxlari va barglari kabidir. Har bir musulmonning avvalo eʼtiqodini tuzatishi, ahli sunnat val jamoat olimlari bildirganidek ishonishi lozim. Jahannamning abadiy azobidan qutuladiganlar faqat mana shu eʼtiqodda boʻlganlardir” [Imomi Rabboniy, Maktuboti Rabboniya].
“Qalbga keladigan butun maʼnaviy ahvol/hollarni, kashflarni bizga bersalar, lekin qalbimizni ahli sunnat eʼtiqodi bilan bezatmasalar, oʻzimni xarob boʻlgan deb bilaman. Butun falokatlarni ustimga toʻplasa-yu, lekin qalbimni ahli sunnat eʼtiqodi bilan sharaflantirsa, hech qaygʻurmayman” [Xoja Ubaydulloh Ahror].