Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARIDA KЕLGAN SULOSIYOT RIVOYATLARI TAHLILI

IMOM BUXORIYNING “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARIDA KЕLGAN SULOSIYOT RIVOYATLARI TAHLILI

Sulosiyot deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan musannifgacha uchta roviy vositasida yetib kelgan rivoyatlar toʻplamiga aytiladi.

Imom Buxoriy (194-256/810-870) oʻzining “Sahihul Buxoriy” toʻplamida yigirma ikkita sulosiy rivoyatni naql qilib keltirgan. Ulardan oʻn bittasini Abu Hanifaning xos shogirdi Makkiy ibn Ibrohimdan, oltitasini Abu Hanifaning boshqa shogirdi Abu Osim Nabiyl Zahhok ibn Mixladdan, uchtasini Imom Abu Yusuf va Imom Zufarning shogirdi Muhammad ibn Abdulloh Ansoriydan naql qilgan. Bu 22 rivoyatdan yigirmatasi hanafiy mazhabi shayxlariga tegishlidir. Qolgan ikkidan bittasi Xallod ibn Yahyo Kufiydan, yana biri Isom ibn Xolid Himsiydan  rivoyat qilingan. Isom ibn Xolidning qaysi mazhabda boʻlgani noaniq. Ushbu yigirma ikki rivoyat sanadi eʼtiboridan yigirma ikkita boʻlishiga qaramay[1], matni oʻn yettitadir.

Imom Buxoriy sulosiy rivoyatlar bilan juda faxrlanar edi. Chunki, sulosiyotlarning sanadi eng oliydir.

Yahyo ibn Maʼiyn vafot etayotganida bir kishi: “Nima xohlaysiz”, deb soʻradi. Shunda u: “Xoli uy va oliy sanadni”, degan ekan[2].

Imom Ahmad ibn Hanbal oliy sanad haqida bunday degan: “Peshqadamlar oliy sanadni sinchkovlik bilan qidirar edi”[3]. Imom Abu Hanifaning aksariyat rivoyatlari sulosiy va koʻpi sunoiy (ikki roviy orqali yetib kelgan hadislar) edi. Jumladan, Abu Hanifaning “Musnad” va “Kitobul osor” nomli asarlari bunga dalil boʻladi. U kishi Anas roziyallohu anhuni ziyorat qilib, ixtilofli boʻlsa-da, rivoyat jihatidan u kishiga tobein boʻlgan[4].

Imom Abu Hanifaning sunoiyot va sulosiyotlariga koʻp ham eʼtibor berilmasligi achinarli holdir.

Ibn Mojaning toʻplamida beshta sulosiyot mavjud[5]. Imom Termiziyning “Jomiʼut Termiziy” asarida bitta rivoyat sulosiyot hisoblanadi[6]. Imom Muslim, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiyning toʻplamlarida birorta sulosiyot zikr qilinmagan.

Mulla Ali Qori “Mirqot”ning muqaddimasida “Sunani Termiziy”ning “Fitnalar kitobi” 73-bob, 2260-raqam ostida kelgan hadisni vahm bilan sunoiy deb aytgan[7]. Lekin Mulla Ali Qori “Mishkot”ni sharh qilib, ayni oʻsha hadisning izohiga yetib kelganida, uni sulosiy, deb yozgan[8]. Mulla Ali Qorining mana shu soʻzlari sahihdir. “Sunani Termiziy”da kelgan sulosiy rivoyat matni quyidagichadir:

عن أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْتِي عَلَى النَّاسِ زَمَانٌ الصَّابِرُ فِيهِمْ عَلَى دِينِهِ كَالْقَابِضِ عَلَى الْجَمْرِ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarga shunday zamon keladiki, ulardan diniga sabr qiluvchi kishi choʻgʻni ushlab turuvchi kabi boʻladi”, dedilar (Termiziy rivoyati).

Mulla Ali Qori “Mirqot”da yanglishib, Imom Muslim va Abu Dovudning toʻplamlarida sulosiyot borligiga ishora qilgan[9]. Lekin ularda sulosiy rivoyatlar mavjud emas. Faqat Imom Abu Dovud toʻplamida bitta toʻrt isnodli rivoyat sulosiyot hukmidadir[10], yaʼni muhaddisdan Rasululloh alayhissalomgacha toʻrtta roviy mavjud boʻlib, ulardan ikki roviy bir tabaqadan, yaʼni tobeinlardan boʻlgani uchun sulosiyot hukmida, deyiladi. Bunga hadis istilohida “رباعي في حكم الثلاثي”, deyiladi.

Imom Muslimning toʻplamida biror rivoyat sulosiy emas. Lekin boshqa kitoblarida sulosiyotlar mavjud.

Imom Buxoriy va Imom Muslim toʻplamlaridagi eng quyi (nozil) sanad toʻqqiztalik, yaʼni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan musannif oʻrtasida toʻqqizta roviy mavjud boʻlgan sanaddir. Istilohda bunga “tusoiy” deyiladi. Imom Termiziy va Imom Nasoiyning toʻplamlaridagi eng quyi sanad oʻntalik[11], yaʼni musannif bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻrtasida oʻnta roviy boʻlgan sanaddir.

Imom Abu Dovud toʻplamidagi eng quyi sanad sakkiztalikdir. “Uqudul laaliy” muallifining soʻziga koʻra, Imom Ahmad ibn Hanbalning toʻplamida oʻttiz yetti hadis sulosiyotdir[12].

Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” asariga 7563 (yetti ming besh yuz oltmish uchta) hadis kiritilgan. Ularning sanadlariga qaraydigan boʻlsak, uch roviydan boshlab, to toʻqqiz nafar roviygacha rivoyatlar zanjirini koʻrishimiz mumkin. 7135-raqamli وَيْلٌ لِلْعَرَبِ مِنْ شَرٍّ قَدْ اقْتَرَبَ – “Yaqinlashgan yomonlikdan arablar holiga voy!” degan mazmundagi bittagina hadis toʻqqiz roviylidir. Lekin bu hadis “Sahihul Buxoriy”da toʻrt marta takrorlangan boʻlib, boshqalarida sanad 7 roviylik boʻlib keladi. Umuman esa, “al-Jomeʼ as-sahih”asarida aksar rivoyatlar 5-6 roviylik hisoblanadi.

“Sahihul Buxoriy”da atigi 22 (yigirma ikki) hadis uch roviylikdir. Sulosiyot roviylari sahoba → tobein → tabʼa tobein jamoasi boʻlib, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam maqtagan davrlarda yashagan zotlardir.

خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ

“Odamlarning yaxshisi mening davrimdagi (sahoba)lar, soʻng ularga ergashgan (tobein)lar, soʻng ularga ergashgan (tabʼa tobein)lardir!” (Buxoriy, 3/2651; Muslim, 4/2533; Termiziy, 4/2221).

“Sulosiyotul Buxoriy” asrlar davomida alohida oʻqitib-oʻrganib kelingan. Manbalarda olimlar uni ustozi oldida oʻqigani haqida alohida qayd qilingan, buning uchun alohida ijozatnomalar olingan. Binobarin, bugun ham ularni oʻrganish va hadis matnidagi hukmlarga amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

“Sulosiyotul Buxoriy” asrlar davomida olimlarning diqqat-eʼtiborida boʻlib kelgan. Bu sulosiy hadislarni “al-Jomeʼ as-sahih”ga sharh yozgan jami hadisshunos shorihlar sharhlagan. Ularni alohida izohlagan olimlar oʻndan ortiq sharh yozgani maʼlum. Bu sulosiylardan ayrimlarini keltiramiz:

1) “Sharh Sulosiyotul Buxoriy”. Abulxayr Muhammad ibn Abu Imron Muso Marvaziy Saffor (378-471 h./988-1078 m.) sharhi. U “al-Jomeʼ as-sahih”ning roviylaridan biri, mazkur shoh asarni oʻqitish asnosida “Sulosiyotul Buxoriy”ni alohida rivoyat qilib, izohlagan ilk olimdir.

2) “Sharh Sulosiyotul Buxoriy”. Shamsiddin Muhammad ibn Abduddoim ibn Muso Birmoviy Misriy Shofeʼiy (763-831 h./1362-1428 m.) sharhi. U Misrda muftiy boʻlgan, Baytulmuqaddasda vafot etgan. “Sulosiyotul Buxoriy”dan tashqari “Sahihul Buxoriy”ga “al-Lomeʼ as-sabih ala-l-Jomeʼ as-sahih” nomi bilan alohida sharh yozgan. Uning “Sharh Sulosiyotul Buxoriy” asari manzuma shaklidagi urjuza boʻlib, bir necha marta nashr qilingan. Manzuma arab diyorlarida hozirgacha oʻqib-oʻrganib kelinadi.

3) “Tajrid Sulosiyotul Buxoriy”. Ibn Hajar Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) asari. Uni alohida toʻplab, sharh qilgan. Shuningdek, bu olim “Sahih al-Buxoriy”ga bitgan koʻp jildlik “Fathul Boriy” nomli sharhi bilan ham shuhrat qozongan.

4) “Al-Faroid al-marviyyot fi favoid as-Sulosiyot”. Muhammad ibn Ibrohim Hazramiy (vaf. 777 h./) asari. Qadimgi andalusiyalik mazkur olimning ushbu sharhi 2014 yili Misrda nashr qilingan.

5) “Sharh Sulosiyotul Buxoriy”. Muhammadshoh ibn Hasan ibn Muhammad Rumiy Hanafiy (vaf. 939 h./1532 m.) sharhi. U Ibn Hojj Hasan Rumiy nomi bilan tanilgan boʻlib, “Tafsiri Qozi Bayzoviy” va “Muxtasarul Quduriy” kabi asarlarga ham sharh yozgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida “Sulosiyotul Buxoriy”ning 6 ta nusxasi saqlanadi. Ular “Sulosiyotul Buxoriy” va “al-Ahodis as-sulosiyot” nomlari bilan qayd qilingan:

1) OʻzR FA SHI-1, № 4079/II. Mazkur qoʻlyozma “Sulosiyotul Buxoriy”ning eng qadimiy nusxalaridan biri boʻlib, Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nasx xatida kitobat qilingan. Koʻchirilgan sanasi sifatida 998./1590-91 yil qayd etilgan, lekin xattot nomi koʻrsatilmagan. Asar nusxasi Ibn Hajar Asqaloniy muqaddimasi bilan boshlangan.

Mazkur qoʻlyozmaga Shamsiddin Jazariyning (751-833 h./1350-1429 m.) “al-Hisn al-hasin”, Muhyiddin Navaviyning (631-676 h./1233-1277) “Arbaʼin” hamda “Qasidai Burda” asarlari ham kiritilgan boʻlib, “Sulosiyotul Buxoriy” 111b-116a varaqlarida joylashtirilgan. Hadis tartib raqamlari va zaruriy deb topilgan ayrim qaydlar qirmizi rangda berilgan. Matn har sahifada 11 satrdan joylashtirilgan boʻlib, hoshiyada ayrim izohlar ham mavjud. Qoʻlyozma oʻlchami: 19×13 sm., umumiy hajmi: 116 varaq. Muqova yaxshi saqlangan.

2) OʻzR FA SHI-1, № 7131/IX. “Sulosiyotul Buxoriy”ning qadimiy nusxalaridan biri boʻlib, Samarqand qogʻoziga qora siyoh bilan nastaʼliq xatida kitobat qilingan. Koʻchirilgan sanasi va xattot nomi koʻrsatilmagan. Biroq undan oldingi asar 1026/1617 yili Samarqandda Muhammadquli ibn Oqmuhammad degan xattot tomonidan koʻchirilgani qayd qilingan. Husnixat uslubi va qogʻoz turidan ushbu shaxs shu sana chamasida buni ham kitobat qilgan, deb faraz mumkin. Mazkur nusxada ham Ibn Hajar Asqaloniy muqaddimasi mavjud. Qoʻlyozmaning 225a-226a varaqlarida, har sahifaga 27 satrdan iborat qilib koʻchirilgan. “Al-Hadis” soʻzi qirmizi rangda. Qoʻlyozma majmua boʻlib, oʻlchami:18×26 sm., jami 18 ta asar kitobat qilingan. Muqova keyingi davrlarda ishlangan.

3) OʻzR FA SHI-1, № 2439/V. Mazkur qoʻlyozma ham “Sulosiyotul Buxoriy”ning qadimiy nusxalaridan boʻlib, Samarqand qogʻoziga qora rangda nastaʼliq xatida kitobat qilingan. Asarni mashhur xattot Mavlaviy Soqiy ibn Muhammad Amin Balxiy 1093/1682 yili Shamsiddin Muhammad Koʻhistoniyning “Sulosiyotul Buxoriy”ga bitgan sharhi bilan birga koʻchirgan. Unda ham Ibn Hajar Asqaloniyning muqaddimasi mavjud. Xattot oʻz davrining taniqli olimi boʻlgani bois oʻzining izoh va sharhlarini ham qoʻshgan. Asar qoʻlyozmaning 113b-120b varaqlarida har sahifasiga 9 satrdan qilib joylashtirilgan. Hoshiya va matnosti izoh va sharhlar bilan boyitilgan noyob nusxa hisoblanadi.

Mazkur qoʻlyozmada Mavlaviy Soqiy hadis faniga oid 12 ta asarni majmua oʻlaroq kitobat qilgan. Oʻlchami: 13×20 sm., umumiy hajmi: 237 varaq.

4) OʻzR FA SHI-1, № 6591/V. Bu qoʻlyozma Nafis Qoʻqon qogʻoziga nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Unda ham Ibn Hajar Asqaloniyning muqaddimasi mavjud. 1127./1715 sanada kitobat qilingan, xattot nomi koʻrsatilmagan. Asar qoʻlyozmaning 59b-63a varaqlarida har sahifasiga 17 satrdan qilib koʻchirilgan. Ayrim soʻzlar lugʻati yoki izohi hoshiyada berib borilgan, lekin bular koʻp emas. Qoʻlyozma oʻlchami: 22,5×13 sm. boʻlib, bir qancha asarlarning majmuasidan iborat.

5) OʻzR FA SHI-1, № 6767/IV. Ushbu qoʻlyozma “Sulosiyotul Buxoriy”ning qadimiy nusxalaridan biri boʻlib, Samarqand qogʻoziga nasx xatida koʻchirilgan. Xattot nomi va kitobat sanasi koʻrsatilmagan. Unda ham Ibn Hajar Asqaloniyning muqaddimasi mavjud. Asar qoʻlyozmadagi 145b-149b varaqlarda har sahifasiga 13 satrdan iborat qilib joylashtirilgan. Hadis raqamlari qirmizi rangda. Hech qanday izoh va qaydlar uchramaydi. Qoʻlyozma Shamsiddin Jazariyning “al-Hisn al-hasin”, Abu Iso Termiziyning (209-279 h./824-892 m.) “Shamoilul Muhammadiya”si kabi asarlar bilan bir toʻplam qilingan. Oʻlchami: 25×19 sm., umumiy hajmi: 155 varaq. Muqova charmdan ishlangan.

6) OʻzR FA SHI-1, № 4876/XIV. Bu qoʻlyozma ham “Sulosiyotul Buxoriy”ning qadimiy nusxalaridan biri boʻlib, Samarqand qogʻoziga qora rangda, nastaʼliq xatida kitobat qilingan. Kitobat sanasi va xattot nomi koʻrsatilmagan. Hadis raqamlari qirmizi rangda ajratib koʻrsatilgan. Qoʻlyozmaning 134b-141a varaqlarida har bir sahifada 9 satrdan qilib joylashtirilgan bu nusxa izohlar, soʻzlarning lugʻatlari bilan boyitilib, satrlar orasi va hoshiyalariga qaydlar yozilgan nusxa hisoblanadi. Bu uning keng isteʼmolda boʻlganini bildiradi. Qoʻlyozma 20×12 sm. Oʻlchamli, 259 varaqdan iborat majmua boʻlib, unda 28 ta risola jamlangan. Muqovasi yaxshi saqlangan.

Imom Buxoriyning shoh asarini atroflicha oʻrganish bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki, u asar islom dinida Qurʼondan keyin ikkinchi manba hisoblanadi. “Sulosiyotul Buxoriy” mavzui doirasida olimlar tarixda oʻta koʻp ilmiy tadqiqot ishlarni amalga oshirgan. Ularni oʻrganish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

[1] Lomiud daroriy. J. I. – B. 63-64, 102, 187., Tazkiratul huffoz. J. I. – B. 365-366., Siyari aʼlom an-nubalo. J. 9. – B. 481., Javohirul muziya. J. I. – B. 263., Hadiyus soriy. – B. 479., Tahziybul kamol. J. 25. – B. 539., Tarixi Bagʻdod. J. V. – B. 408-412.
[2] Muqaddimatu ibn Saloh. – B. 130.
[3] Muqaddimatu ibn Saloh. – B. 130.
[4] Lomiud daroriy. J. I. – B. 103., Siyari aʼlom an-nubalo. J. VI. – B. 391., Tahzibut tahziy– B. J. 10. – B. 449., Tahzibul kamol. J. 29. – B. 418., Tazkiratul huffoz. J. I. – B. 168., Tarixi Bagʻdod. J. 13. – B. 323.
[5] Sunani ibn Moja. J. II. – B. 234, 240, 248, 317.
[6] Sunani Termiziy. J. II. – B. 52 (hadis raqami: 2260).
[7] Mirqot sharhi mishkot. J. I. – B. 23.
[8] Mirqot sharhi mishkot. J. I. – B. 98.
[9] Mirqot sharhi mishkot. J. I. – B. 23.
[10] Sunani Abu Dovud. J.2. – B. 297.
[11] Tadribur roviy. J. II. – B. 166., Sunani Termiziy. J. V. – B. 167. Sunani Nasoiy. J. I. – B. 155.
[12] Uqudul loiy fil asoniydil ʼavoliy. – B. 127.
Abdullatif ALLOQULOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi, PhD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …