Home / MAQOLALAR / “ZIJI XOQONIY” BOSHQA “ZIJ”LARNING KOʻCHIRMASIMI?

“ZIJI XOQONIY” BOSHQA “ZIJ”LARNING KOʻCHIRMASIMI?

Jamshid Koshiyning hayoti va ilmiy faoliyati Dehlidan Damashqqacha va Orol dengizidan Fors koʻrfazigacha boʻlgan ulkan hududda hukmronlik qilgan[1: 20] temuriylar saltanati davriga toʻgʻri kelgani uchun biz u yashagan Koshon (Iroqi ajam) va Movarounnahrning oʻsha davrdagi tarixiga nazar solamiz. Eronni Shohruh tasarruf etgani, Movarounnahrni esa Ulugʻbek boshqargani sababli olimning butun faoliyati toʻliq shu saltanat doirasida, ularning xizmatida boʻlgan.

Temur va temuriy shahzodalarning ilm-maʼrifatga munosabati ijobiy boʻlgani tufayli oʻsha zamonda ilm-fan eng yuqori pogʻonaga koʻtarildi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Buni oʻsha davrlarda va undan keyingi yuz yillikda tasnif etilgan asarlar, ular qurdirgan son-sanoqsiz ilm dargohlari va rasadxona misolida bilish mumkin. Mirzo Ulugʻbekning ilm-fan rivoji borasida olib borgan faoliyati natijasida fanning koʻp sohalarida, ayniqsa, falakiyot (astronomiya) ilmi sohasida ajoyib ishlar qilindi[1: 34]. U qurdirgan rasadxonaning oʻzida yuzlab olimlar ishlagani maʼlum.

Temuriylarning, xususan, Ulugʻbekning ilmu maʼrifat rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyosdir. Zero, ilm-fanga sharoit boʻlmagan joyda ahli ilmning katta jamoasi yigʻilmasligi va koʻplab olimlarning yetishib chiqmasligi ham tarixiy haqiqatdir.

Temuriylar davrida butun Movarounnahr va Xuroson madaniy maʼnaviy hayotidagi rivojlanish bu hududda IX-XII asrlarda kuzatilgan taraqqiyot singari boʻlib, oʻziga xos renessans hisoblanadi[2: 156-175].

Oʻsha renessansning samaralaridan biri Temuriylar davridagi ilk astronomik asar bu Jamshid Koshiyning “Ziji Xoqoniy”sidir.

 “Ziji Xoqoniy”ning tuzilishi

“Ziji Xoqoniy” umumiy kirish va 6 maqoladan iborat[3].

Birinchi maqola mashhur tarixlar haqida boʻlib, u muqaddima va 4 bobdan tashkil topgan. Unda 5 ta tarixiy (milodiy, yahudiy, hijriy, yazdigardiy, xitoy-uygʻur) taqvimlar haqida maʼlumot va ulardan foydalanish qoidalari mavjud.

Ikkinchi maqola muqaddima va 2 bobdan iborat. Unda trigonometrik va astronomik funksiyalar, sinus, oʻq, ogʻma va toʻgʻri chiqishlar haqida soʻz yuritilib, ularga doir qoidalar keltiriladi.

Uchinchi maqolada taqvimlar, yulduzlarning oʻrni va ularga taalluqli narsalar haqida, xususan, quyosh, oy, beshta sayyora harakatlari va ular uchun hisoblash yoʻllari bayon etiladi.

Toʻrtinchi maqola muqaddima va ikki bobdan iborat boʻlib, unda astronomiyaga oid ulkan muammolar, mashhur yoylar yechimi ustidagi amallar haqida soʻz yuritiladi.

Beshinchi maqola muqaddima va 2 bobdan tarkib topgan boʻlib, turli maʼlumotlar asosida toleʼlarni aniqlash, koʻproq astrologik masalalarga oid — shaxslar va umuman dunyodagi koʻp voqealar tahqiqiga bagʻishlangan.

Oltinchi maqola muqaddima va 2 bobdan iborat boʻlib, unda ilmi nujumga oid boshqa (qolgan) amallar haqida bahs yuritiladi.

 Gumon va yechim

Baʼzilarning “Ziji jadidi Goʻragoniy”ning asosini “Ziji Xoqoniy” tashkil etadi, degan yoki shunga oʻxshash boshqa barcha gumonlarini qanchalik toʻgʻri yo notoʻgʻriligini aniqlashga harakat qilaylik. Buning uchun Koshiyning “Ziji Xoqoniy” va Ulugʻbekning “Ziji jadidi Goʻragoniy” asarlarining oʻxshash va farqli jihatlariga bir nazar solaylik.

Ulugʻbekning “Zij”isi umumiy kirish va 4 ta maqoladan iborat. “Ziji Xoqoniy” esa, umumiy kirish va 6 ta maqoladan tashkil topgan.

“Ziji Goʻragoniy”ning nazariy qismi taxminan 17 foizni, jadval qismi esa 83 foizni tashkil etadi. “Ziji Xoqoniy”ning taqriban 45 foizi nazariyaga, qolgan 55 foizi esa jadvallarga bagʻishlangan.

Ikkala “Zij”ning birinchi, ikkinchi va uchinchi maqolalari mavzu jihatidan bir-biriga yaqin, lekin qamrov (hajm va mavzuni yoritish) jihatidan har xil.

“Ziji Xoqoniy”ning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi maqolalaridagi keng yoritilgan masalalar “Ziji Goʻragoniy”ning maqolalarida tarqoq koʻrinishda qisqaroq berilgan.

“Ziji Goʻragoniy”dagi turk-uygʻur vaqt oʻlchash uslubi “Ziji Xoqoniy”dan olingani maʼlum boʻlib turibdi. Oʻz navbatida Koshiy uni Nosiriddin Tusiyning “Ziji Elxoniy”sidan olgan[4: 234-237].

Ulugʻbek xitoy vaqt oʻlchovlari va hayvonlar nomlari bilan bogʻliq oltmish yillik davriy taqvimiga katta eʼtibor berib, koʻproq toʻxtaladi. Bu masalada ham Ulugʻbek koʻp maʼlumotlarni “Ziji Xoqoniy”dan olgani koʻrinadi. Koshiy esa uni “Ziji Elxoniy”dan olgan.

“Ziji Goʻragoniy”da muchal va xitoy “chogʻ”lari haqida keng maʼlumot berilgan. Muchal va xitoy “chogʻ”lari haqida “Ziji Xoqoniy”da esa birinchi maqolasida aytilgan.

Ulugʻbek “zij”ida 1018 yulduzning oʻrni oʻrganilib, aniqlangan. Koshiynikida esa 60 ta yulduzning koordinatasi berilgan.

“Ziji Goʻragoniy”da 699 ta shahar va aholi punktining kenglik va uzunligi aniqlangan boʻlsa, “Ziji Xoqoniy”da 513 tasiniki berilgan.

Ulugʻbek hisob-kitoblarda birlik aylana, yaʼni radiusi bir birlikka teng aylanadan foydalanadi. Koshiy esa R=60 dan foydalangan.

Ulugʻbek sinusning bir gradusining qiymatini 0r1I2II49III43IV11V14VI44VII16VIII26IX deb topadi. Koshiy esa uni 0r1I2II49III43IV11V14VI44VII16VIII12IX30deb hisoblaydi.

Toʻgʻri, baʼzi jumlalar, masalan yil va oyning taʼrifida bir xildagi soʻzlar ishlatilgan[5]. Buning hech ajablanarli joyi yoʻq. Chunki, bir narsaning taʼrifi ikki xil boʻlishi amri mahol, ayniqsa aniq fanlarda.

Kennedining aytishicha, Ulugʻbek Beruniy, Tusiy, Sheroziy va Koshiyning “Zij”idan foydalanish bilan birga, ulardagi maʼlumotlarni tekshirib koʻrib, yanada aniqroq qiymatlarni topib olgan. Jumladan, u: “Koshiyning jadvalidan koʻra Ulugʻbekniki aniqroq”, deydi[6: 2].

Mashhur toʻrtta “Zij”ni maqolalar (boʻlimlar) boʻyicha jadvalga solib qiyoslab koʻraylik:

Maqo-lalar-ning soni

“Ziji Shohjaho- niy”

“Ziji Elxoniy”

“Ziji Goʻragoniy”

 

“Ziji Xoqoniy”

 

1

Tarixlar, yaʼni eralar haqida

Tarixlar, yaʼni eralar haqida

Tarixlar, yaʼni eralar haqida

Tarixlar, yaʼni eralar haqida

2

Vaqtni aniqlash haqida.

 

Sayyoralarning harakatini aniqlash haqida.

 

Vaqtni aniqlash haqida.

 

Geometriyaga oid tushuncha, qoidalar haqida.

 

3

Sayyoralar- ning harakati haqida.

 

Vaqtni aniqlash haqida.

 

Sayyoralarning harakatini aniqlash haqida.

 

Sayyoralarning harakatini aniqlash haqida.

 

4

Astronomiyaning boshqa masalalari haqida

Astronomiyaning boshqa masalalari haqida.

 

Astronomiyaning boshqa masalalari haqida.

 

Mashhur yoylarni aniqlash haqida.

 

5

 

 

 

Vaqtni aniqlash hamda qisman

astrologiya masalasi haqida.

 

6

 

 

 

Astronomiya va astrologiyaga oid masalalar haqida.

 

 

Koʻrinib turibdiki, “Ziji Xoqoniy” boshqalaridan mavzulari boʻyicha ham keskin farq qiladi. Garchi “Ziji Xoqoniy”dan boshqalarining maqolalari mavzulari bir-biriga yaqin esa-da, ichidagi maʼlumotlar, albatta, bir xil emas.

Baʼzilar “Zij”lar nuqul bir-birini takrorlab keladi, deb daʼvo qiladi. Bu fikr toʻgʻri emas. Quyidagi jadvallardan buni bilib olish mumkin. Ularda misol tariqasida 11 ta shaharning uzunlama va kenglamasini keltiramiz:

 

Shahar nomi

“Qonuni Masʼudiy”

“Ziji Elxoniy”

“Ziji jadidi Goʻragoniy”

Hozirgi zamon hisobida

“Ziji Xoqoniy”

 

λ

φ

λ

φ

λ

φ

λ

φ

λ

φ

Misr

   

63°20ʼ

30°20ʼ

63°20ʼ

30°20ʼ

67°23ʼ

30°24ʼ

63°00ʼ

30°20ʼ

Madina

77°30ʼ

24°00ʼ

75°20ʼ

25°00ʼ

75°20ʼ

25°00ʼ

75°36ʼ

24°28ʼ

75°20ʼ

24°50ʼ

Adan

76°00ʼ

11°00ʼ

76°00ʼ

11°00ʼ

76°00ʼ

11°00ʼ

81°01ʼ

12°46ʼ

76°00ʼ

11°00ʼ

Makka

77°00ʼ

21°20ʼ

77°00ʼ

21°40ʼ

77°00ʼ

21°40ʼ

75°49ʼ

21°25ʼ

77°10ʼ

21°40ʼ

Madoin

80°30ʼ

20°00ʼ

82°00ʼ

33°10ʼ

72°00ʼ

33°10ʼ

82°13ʼ

31°36ʼ

80°20ʼ

33°00ʼ

Bagʻdod

80°00ʼ

33°25ʼ

82°00ʼ

33°25ʼ

80°00ʼ

33°25ʼ

80°38ʼ

33°06ʼ

80°15ʼ

33°20ʼ

Vosit

81°32ʼ

32°20ʼ

81°30ʼ

42°50ʼ

81°30ʼ

32°20ʼ

81°68ʼ

32°41ʼ

81°30ʼ

34°20ʼ

Basra

84°00ʼ

31°00ʼ

84°00ʼ

30°00ʼ

84°00ʼ

30°00ʼ

83°80ʼ

30°29ʼ

84°00ʼ

30°00ʼ

Hazorasf

°ʼ

°ʼ

95°00ʼ

41°00ʼ

95°00ʼ

41°00ʼ

97°06ʼ

41°19ʼ

95°20ʼ

41°10ʼ

Koshon

87°20ʼ

34°00ʼ

86°00ʼ

34°00ʼ

86°00ʼ

34°00ʼ

87°44ʼ

33°59ʼ

101°35ʼ

42°00ʼ

Shosh

99°10ʼ

42°30ʼ

109°00ʼ

42°30ʼ

109°00ʼ

42°30ʼ

105°27ʼ

41°18ʼ

109°00ʼ

42°30ʼ

 

 

“Qonuni Masʼudiy”, “Ziji Elxoniy” va “Ziji Xoqoniy”da bu 11 ta shahar uzunlama va kenglamasi ichida faqat bitta shahar – Adanniki bir xil, xolos.

“Qonuni Masʼudiy” va “Ziji jadidi Goʻragoniy”da ikkitagina shaharniki bir xil.

“Ziji Elxoniy” va “Ziji jadidi Goʻragoniy”da sakkiztasiniki bir xil. Bu ikkalasining hisob-kitobini bir-birinikiga yaqin va boshqa “Zij”larga nisbatan aniqroq, deyish mumkin. Chunki, bulardagi oʻlchash uskunalari va sharoitlari deyarli bir xil.

“Ziji Elxoniy” va “Ziji Xoqoniy”da uchtasiniki bir xil.

“Ziji jadidi Goʻragoniy” va “Ziji Xoqoniy”da esa uchtasiniki bir xil.

Bu jadvallardan yuqorida aytilgan nooʻrin daʼvolar mutlaqo haqiqatga toʻgʻri kelmasligi ochiq-oydin koʻrinib turibdi.

Bundan tashqari, “Ziji Goʻragoniy”da 699 ta shahar va aholi punktining kenglik va uzunliklari aniqlangan boʻlsa, “Ziji Xoqoniy”da 513 tasiniki berilgan. Beruniy 605 ta shahar koordinatasini aniqlab keltirgan.

Xulosa shuki, baʼzilar daʼvo qilganidek, “Ziji Goʻragoniy” “Ziji Xoqoniy”ning yoki boshqa “zij”larning koʻchirmasi emas, balki Ulugʻbek “Ziji Xoqoniy”dan ilhomlanib, uni takomillashtirib va mukammal kuzatish asboblari va uslublari bilan oʻz davrigacha boʻlgan barcha “zij”lar maʼlumotlarini eng aniq darajada oʻlchab, tartibga solib, bir asar yaratgan. Undagi aniqliklar hozirgi zamon hisob-kitoblari bilan bellasha oladigan darajada boʻldi. Oʻz navbatida “Ziji Xoqoniy” ham Temuriylar davridagi ilk astronomik asar boʻlishi bilan birga ham nazariy, ham amaliy jihatdan mukammal va mustaqil asardir. Chunonchi muallifning oʻzi “Miftoh al-hussab” asarida bu kitobi haqida: “Men “Ziji Xoqoniy fi takmili ziji Elxoniy” nomlik “zij” tuzdim va unda boshqa “zij”larda topilmaydigan handasa (geometriya) dalillari bilan munajjimlar amallarining hammasini istinbot (isbotlab, barqaror) qildim”, deb yozadi[7: 262-267]. Shuning uchun Koshiy “Zij”i mustaqil “Zij” hisoblanadi.

Islom olimlari yozgan har bir “zij” alohida bir mustaqil asardir. Agar shunday boʻlmaganida, bu avvalambor buyuk sivilizatsiya vakillarining shaʼniga toʻgʻri kelmas edi, yoki biror munaqqid qattiq tanqid ostiga olgan boʻlar edi. Vaholanki bunaqa holat boʻlmagan. Toʻgʻri, baʼzi oʻrinlarda baʼzi maʼlumotlar keyingi asarlarda avvalgilaridan olingan joylari bor. Voqelikda haqiqati bir xil narsalarda oʻz-oʻzidan shunday boʻlishi turgan gap.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. T.N.Karы-Niyazov. Astronomicheskaya shkola Ulugbeka. –M.: 1950.
  2. Baxadirov R.M. Iz istorii klassifikatsii nauk na srednevekovom musulmanskom Vostoke. – T.: Akademiya, 2000.
  3. Jamshid Koshiy. “Ziji Xoqoniy dar takmili Ziji Elxoniy”. –London, Indiya offis, № 2232.
  4. Mamedbeyli G.D. Osnovatel Maraginskoy observatorii Nasireddin Tusi. Izdatelstvo Akademii Nauk Azerbaydjanskoy SSR. –Baku., 1961.
  5. Jamshid Koshiy. –Istanbul. Ayo Soʻfiya, №2692,
  6. David A.King and Julio Samso, with a contribution by Bernard R. Goldstein. Astronomical Handbooks and Tables from the Islamic World (750-1900): an Interim Report. Internation Journal for the History of the Exact and Natural Sciences in Islamic Civilisation/ 2001. Vol. 2, p.
  7. Hoji Xalifa. “Kashfuz-zunun”. 2 jild. –Istanbul.: Maorif, 1941.
Botirjon ABDULLAYEV,
OʻzR FI SHI kichik ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …