Home / MAQOLALAR / SAMARQANDDA HADIS ILMI TARAQQIYOTI VA IMOM BUXORIY

SAMARQANDDA HADIS ILMI TARAQQIYOTI VA IMOM BUXORIY

Samarqand dunyo madaniyati rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan eng qadimiy sivilizatsiya markazlaridan biridir. Xitoy bilan Yevropani, Hindiston bilan Shimoliy mamlakatlarni qadimiy savdo yoʻllari bilan bogʻlab turgan Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Markaziy Osiyo shaharlari orasida oʻz madaniyatining qadimiyligi bilan Samarqand eng oldingi oʻrinlarda turadi [3: 6].

Samarqandga hadis ilmining kirib kelishi islom dinining bu mintaqada tarqalishi bilan bogʻliq, albatta. Muhaddislar islom maʼrifatining Samarqandda rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi [4: 48].

Samarqand ilmiy muhiti tarixi bilan shugʻullangan Abu Hafs Nasafiy (1068-1142) oʻzining “Kitobul qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand ulamolari toʻgʻrisida qanddek shirin kitob”) asarida [1: 622] Movarounnahrga birinchilardan boʻlib kirgan musulmonlar rivoyat qilgan bir qator hadislarni keltirgan. Samarqandda ilk davrda arab sarkardalari marfuʼ hadislar, yaʼni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam   aytgan soʻzlardan koʻra koʻproq sahoba, tobein, xalifa va hokimlarning aytganlarini xabar sifatida rivoyat qiladi. Baʼzan tarixiy shaxslarning soʻzlari hikmatli maqollar sifatida rivoyat qilinadi. Bu esa islom dinining vaqt oʻtgani sayin mahalliy xalqlar hayotiga yanada chuqur kirib borganini koʻrsatadi.

Zaif va ishonchsiz hadislarni tanqid qilish bilan bir qatorda, sahihlarini toʻplamga jamlash jarayoni ham boshlanib ketdi. Bu borada olimlar turli yoʻnalishlarda ish olib bordi. Sahih hadislarni jamlab, soʻng butun islom olamida shuhrat qozongan samarqandlik muhaddislarning  birinchisi Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Bahrom ibn Abdussamad Dorimiy Hofiz Samarqandiydir (v. 869 y.).

Imom Dorimiy islom olamida eng ishonchli sanalgan toʻqqiz hadis toʻplami orasida eʼtirof etilgan “Musnad” majmuini taʼlif qildi. 798 yili Samarqandda dunyoga kelgan bu olimga shu yili Abdulloh ibn Humayd Samarqandga voliy boʻlib kelgani sharafiga “Abdulloh” deb ism qoʻyildi. Unga berilgan “Dorimiy” nisbasi bobosi Banu Dorim qabilasining mavlosi boʻlganidan darak beradi [1: II, 441-442]. Imom Dorimiy mehnatining Samarqand hadis maktabi uchun ahamiyatini Abu Hafs Nasafiy oʻz asarining 52 joyida zikr etgan.

Bir kuni Yahyo ibn Aksam huzurida Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy haqida soʻz ketganida, u soʻradi: “Qaysi biri hofizlikda ustunroq deb oʻylaysizlar?”. Bir kishi dedi: “Muhammad Buxoriy”. Yahyo dedi: “Koʻpchilik Muhammad va Abdulloh haqida sukut saqlagan, siz Abdullohni bilmaysiz, u ustunroqdir”.

Imom Buxoriyning hadis ilmida benazir ekaniga shak-shubha yoʻq. Ammo shu bilan birga, oʻsha davrda Imom Buxoriy bilan bir qatorda, Samarqandda hadis ilmi taraqqiyoti uchun jonbozlik koʻrsatgan ulamolarning ham islom ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi katta edi.

Imom Dorimiy hijriy 255 yil zulhijja oyining ikkinchi payshanbasida (milodiy 869 yil 16 noyabr) asr namozidan soʻng vafot etgan. Juma kuni, hayit arafasida dafn etilgan.

Muhaddislar nomiga bazzoz (boʻzchi), tojir (tijoratchi), varroq (qogʻozfurush), favokihiy (mevafurush), farro (terichi), abbor (ninafurush), qatton (paxtafurush), xaffof (maxsidoʻz), najjor (duradgor), gʻazzol (ip yigiruvchi) kabi nomlarning qoʻshilib kelishi ularni mazkur kasblar bilan shugʻullanganini koʻrsatadi. “Al-Ansob” asarida “gʻazzol” (ipfurush) rutbasi bilan olti muhaddisning nomi keltiriladi [1: IV, 289-290]. Ular orasida Abu Masʼud Said ibn Xushnom Gʻazzol Samarqandiy va Muhammad ibn Sahl Gʻazzol Samarqandiy (IX asr) kabi muhaddislar bor [2: 74-75, 133].

Ilm ahlining halol kasb-kor bilan shugʻullanish anʼanasi Bahouddin Naqshband (vaf. 1389 y.) ilgari surgan “Dilba yoru dastba kor” (“Koʻngling Xudoda, qoʻling mehnatda boʻlsin”) degan tamoyil bilan yanada mustahkamlandi.

Mintaqaga hadislarning kirib kelishi islom dinining tarqalishi bilan sodir boʻlgan boʻlsa, keyinchalik bu sohaning rivojlanishida mahalliy olimlarning xizmati katta boʻldi. Moʻtabar hadis toʻplamlarining paydo boʻlishi, tarqalishi muhaddislarning mavqe va nufuzini mustahkamladi. Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy umrining oxirida aynan Samarqandga yoʻl olishi ham oʻsha davrda bu shahar hadis ilmining markazi boʻlganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Samʼoniy. Al-Ansob: T. II, IV / Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. – Bayrut: Dor al-fikr, 1419/1998.
Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Nazar Muhammad al-Foryobiy tahriri ostida. – Saudiya Arabistoni: Maktabat al-Kavsar, 1991.
Kattayev K. Tarjimondan // Abul Hakimi Samarqandiy. Qandiya / Soʻzboshi, izoh hamda fors-tojik tilidan tarjima muallifi – Komilxon Kattayev. – Samarqand: Soʻgʻdiyon, 1994.
Markaziy Osiyo madaniyati va sanʼati: Ilm-fan // Moziydan taralgan ziyo. – Toshkent, Sharq, 1998.
Durbek Rahimjonov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi  

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …